Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Qahramon Aslanov maqolasi: "Babayan iste’foga chiqishi kerakmi?

Qahramon Aslanov maqolasi: "Babayan iste’foga chiqishi kerakmi?

Baho:
+3 | -

Bu maqolada hech qanday yangi fikr, yangi tahlil ko‘rmaysiz. Shunchaki, men ham sizlar bilan ekanligimni ko‘rsatish uchun yozildi.

“Barselona” chorak finalda “Yuventus”ga yutqazgach, Dani Alvesh masalasi ko‘p muhokama qilindi. Klub braziliyalik himoyachini ketkazib katta xato qilganini hamma aytdi. Chunki Alvesh Turinda hali ham yaxshi o‘ynayotgandi. Lekin aslida, “Barselona”ning xatosi Alveshni ketkazgani emasdi. Alveshning ketish payti allaqachon kelgan, klub u bilan xayrlashib to‘g‘ri qarorga kelgan. Ammo “Barselona”ning xatosi bu yerda jarayonni to‘liq boshqarmagani, ya’ni Alveshning o‘rniga yaxshiroq himoyachi olib kelmagani. Natijada Alveshning ketishi muammoga aylandi.

Bu holatni men ko‘proq, murabbiylarimizning iste’fosiga o‘xshataman. Biz doim bu jarayonni to‘liq boshqara olmaymiz, natijada, xuddiki, iste’fodan foyda yo‘q, degan xulosaga kelib qolinadi.

Bir necha oy oldin “Iste’fo” sarlavhasi ostida maqola taqdim etgandim. O‘shanda terma jamoamizning bosh murabbiyi Samvel Babayanning o‘sha paytda iste’foga chiqarish to‘g‘ri bo‘lmasligi haqida fikr yuritganman. Agar hozir ham fikrim qiziq bo‘lsa, boshqacha o‘ylayman – Samvel Babayan shu bugunoq, yoki ertaga iste’foga chiqarilishi shart. Fikrimning o‘zgarganiga bir nechta sabablar bor.

Birinchidan. O‘shanda “agar hozir Babayanni bo‘shatib yuborsak, u ham qutulib qoladi, undan keyin keladigan murabbiy ham bor mas’uliyatni bo‘yniga olmaydi, natijada, xatolarni tahlil qilishimiz, bu safargi turnirdan hech bo‘lmasa, tajriba sifatida foydalanishimiz ilojsiz bo‘lib qoladi” degan edim. Bu holat o‘zgardi – bemalol aytishim mumkinki, Samvel Babayan saralash o‘yinlaridagi bu bosqichda o‘z niyatiga yeta olmadi. Agar kecha, Babayanga umuman bog‘liq bo‘lmagan ikki jamoaning o‘yinida boshqacha natija qayd etilganda, biz deyarli JCH ga to‘g‘ridan to‘g‘ri borish imkoniyatini boy bergan bo‘lardik. To‘g‘ri, futbolda boshqa jamoaning natijasidan umid qilish uchrab turadi, ammo biz o‘z raqibimizni yutib, keyin Qatardan umid qilmadik, biz o‘z raqibimizni yuta olmay, eng yomoni, buni amalga oshirish uchun biror kichik narsa namoyish qila olmay, keyin Qatarga muxlis bo‘lib qoldik. Farqi bor.

Ikkinchidan. O‘sha paytda biz faqat Eron va Koreyaga yutqazgan, oldinda yana bir davra o‘yinlari kutib turgan edi. Hozir esa, ahvol yanada badtarroq, o‘sha taassurotga Suriyadan uchralgan mag‘lubiyat va Erondagi mazmunsiz, mazasiz o‘yin qo‘shildi.

Uchinchidan, yozilayotgan fikrlar o‘lchov yoki prinsip emas, vaziyatga qarab, ta’sir etuvchi omillarga qarab o‘zgarib turishi tabiiy va shart. Aytaveraman ham, qaytaveraman ham.

Va eng asosiysi, hozirda terma jamoamiz uchun juda ham qulay imkoniyat yuzaga keldi – biz o‘z o‘yinlarimizni yutib, va hatto o‘sha ikki o‘yindan birini yutib ham, jahon chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l olishimiz mumkin. Bu pallada imkoniyatlardan maksimal foydalanishimiz va har qanday noqulayliklarni chetga chiqarib, ayni paytda eng kerakli qarorlarni qabul qilishimiz kerak.

Xullas. Turnir davomidagi iste’fo ikki turli bo‘ladi. Birinchi holat – bosh murabbiy va futbolchilar o‘rtasidagi muloqotga putur yetgan bo‘lsa. Murabbiyning ko‘rsatmalari, g‘oyalarini maydonga ko‘chirish imkonsiz holga kelib qoladi. Murabbiy va futbolchilar bog‘lantisi mavjud bo‘lmay qoladi. Bu paytda iste’fo zarur. Bosh murabbiy o‘rniga keladigan har qanday nomzod o‘yin sifatini yaxshilay oladi, ijobiy turtki bera oladi. Bu sharoitda eng muhimi murabbiyni, muhitni boshqachasiga almashtirish xolos.

E’tibor bersak, bizning holatimiz bunday emas. Babayan terma jamoasida Babayan uchun qadrli bo‘lgan futbolchilar to‘p surmoqda. O‘sha futbolchilar ham Babayanni qadrlashadi. Ichki muhit, murabbiyga nisbatan ishonchsizlik haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Aytmoqchimanki, hozir Babayanni bo‘shatib, o‘rniga Shkvirin, Abramov, Qosimov, Berdiyev, Hasanov, Sarkisyan, Kabulov kabi har qanday yangi odamni qo‘ysak, vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmaydi. Bu murabbiylar saviya, ko‘lam, maqom, tajriba borasida Babayandan u qadar uzoqda emaslar. Keyin yuqorida aytganimdek, bizning muammoimiz bosh murabbiy va futbolchilar o‘rtasidagi muhitda emaski, Babayanni har qanday boshqaga almashtirib, vaziyatni o‘nglasak, yo‘q.

Bu holda, Babayanning yechim emas, shunchaki siyosat, muxlislarni yupatishga qaratilgan harakat bo‘lib qoladi xolos. Go‘yoki, ana, ohlarimiz yetib boribdi, Babayan bo‘shadi-ku, deb vaziyatga yangicha, umidvorroq qarashimizdan boshqa foyda bo‘lmaydi. Baribir ertaga, Koreyadan Toshkentda mag‘lub bo‘lib, ayb kimda, deb o‘tirishimiz aniq.

Yuqorida eslab o‘tilgan maqolamda ham yozganman, biz iste’fo degan voqeaning orqasidan keladigan “tayinlov” degan jarayonni ham qamrab ololmaganimiz tufayli, doim pand yeymiz, iste’folarimiz faqat vaqtincha foyda keltiradi xolos. Aslida, bosh murabbiy iste’foga chiqarilganda, uning o‘rniga keladigan nomzodni to‘g‘ri tanlashimiz, keyingi rejalarimizni to‘g‘ri belgilashimiz muhim.

Endi savolga javob beraman. Xo‘sh, bizning holatimiz qanday? Babayan nega iste’foga chiqishi kerak?

Hammasi ochiq ko‘rinib turibdi, Samvel Babayanning saviyasi, ambisiyasi, dunyoqarashi, rejalari, strategiyalari, taktikalari, uslubi ayni paytda terma jamoamiz oldida turgan vazifani bajarishga yetmaydi. Shunchaki, yetmaydi. Oldimizda g‘alaba qozonishimiz shart bo‘lgan ikki o‘yin va o‘ziga yarasha kuchli bo‘lgan ikki raqib turibdi. Biz bu o‘yinlarni yutishni istasak, albatta, murabbiyni almashtirishimiz kerak.

Almashtirganda ham, Babayandan o‘sha yuqoridagi omillar bo‘yicha ustun bo‘lgan, ustunligi ko‘zga shundoq tashlanib turgan shaxsiyatga muxtojmiz. Tariximizdagi iste’folar go‘yoki, bizga hech narsa bermagandek tuyulsa-da, biz doim, qachonki, vaziyatga aynan shunday qaraganimizda, ijobiy turtki bera olganmiz.

Birinchi holat, JCH-98 saralash bahslarida terma jamoamiz boshqaruviga braziliyalik Vega Da Silvaning kelishi. Saralash o‘yinlari muvaffaqiyatsiz yakunlanayotgani aniq bo‘lgan, biz ushbu mutaxassisga murojaat qildik. Aslida juda saviyali tarkibga ega ekanimiz va chiroyli o‘ynay olishimizni o‘shandagina payqadik.So‘nggi bosqichdagi ilk g‘alaba yirik hisobda Qozog‘iston ustidan qo‘lga kiritildi. Keyin esa, Arab Amirliklarida durang natija qayd eta oldik.

Ikkinchisi JCH-2006 saralash o‘yinlarida ro‘y bergandi. Bob Xougton aynan hal qiluvchi oldidan tashrif buyurgan va Quvayt ustidan g‘alaba qozogandik. Xougton jamoamiz uchun ayni kerak bo‘lgan jihatni bera olgan va balki, boshqa ishlar bo‘lib ketmaganda, Bahrayn va Trindad va Tobagodan o‘tishimiz ham mumkin edi.

Guruhimizdagi boshqa jamoalarning natijalari, bir-birlari ustidan qozonayotgan kutilmagan g‘alabalar shunki ko‘rsatmoqdaki, aslida, futbolchilarimiz saviyasi vazifani bajarishga yetadi, ammo buning uchun tashqaridan maksimal tarzda aralashish, har bir yo‘nalishda ijobiy turtki berishimiz shart. Vaziyatni o‘z holiga, ya’ni Babayanga tashlab qo‘ysak, ertaga Xitoyga yutqazamiz va Eronga muxlislik qilamiz. Imkoniyat esa, eng so‘nggi turgacha biz bilan bo‘lib, keyin ketadi. Biz so‘nggi turgacha kurashdik, degan gaplar aslida yolg‘on bo‘ladi, biz aslida kurashgan emas, kurashmagan, o‘z vaqtida kerakli qarorlarni chiqarmagan bo‘lib chiqamiz. Gap shu.

Endi yana bir masala. Odatda, aslida futbolimizdagi, bolalar futbolidagi, ichki chempionatimizdagi kamchiliklar, kelishilgan o‘yinlar, maydon sifati, muxlislar tashrifi, futbolchilarimizning vatanparvar emasliklari, bor muammoimiz bosh murabbiyni almashtirishdan iborat emasligi haqida ham fikrlar yangrab qoladi va yangramoqda. To‘g‘ridir. Futbolimizdagi hamma muammo Babayan emas, xo‘p.

Lekin bunday tanqidlar, tahlillar, har kuni, terma jamoamiz o‘ynaydimi, o‘ynamaydimi, yutadimi, yutmaydimi, yangrayverishi kerak. Qiziqda, agar Suriyani yutganimizda bizda 15 ochko bo‘lardi, mundialga borib qoladigan bo‘lsak, futbolimizdagi, bolalar futbolidagi, ichki chempionatimizdagi kamchiliklar, kelishilgan o‘yinlar, maydon sifati, muxlislar tashrifi, futbolchilarimizning vatanparvar emasliklari aytilmasligi kerakmidi? Futbolimiz rivojlanyapti, deyilishi kerak bo‘larmidi? Yo‘q albatta.

O‘sha muammolar mavjud, bu omillar bosh murabbiyga halaqit berishi ham shubhasiz, lekin biz hozir aynan terma jamoamiz haqida gaplashyapmiz. Hatto Angliya terma jamoasi murabbiyi ham muammolar bor – chempionatni legionerlar bosib ketgan, misol uchun. Lekin ma’lum jamoaga murabbiy tayinlanayotganda, aynan o‘sha muammolar mavjud konkret holatda ijobiy natija qayd etish vazifasi qo‘yiladi. Agar natija bo‘lmasa, bosh murabbiy iste’foga chiqadi. Hamma joyda xuddi shunaqa.


Xulosa qilib aytamanki, Babayanni iste’foga chiqarish ayni paytda to‘g‘ri qaror, Shu bilan birgalikda, uning o‘rniga Ali yoki Vali emas, saviyali, xalqaro futbolda o‘z o‘rniga, tajribasiga ega bo‘lgan, eng muhimi, oldimizga qo‘yilayotgan vazifani bajarishga qodir bo‘lgan bosh murabbiy zarur. Menimcha, bunday murabbiyni faqat uzoqroq xorijdan olib kelish mumkin.

Qahramon Aslanov

Manba: maydon.uz
Kiritildi: 14:23, 14.06.2017.
O'qildi: 18033 marta.
Fikrlar: 92 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.