Yoshlar ligasining 14-turida «Navbahor» «Olmaliq»ni qabul qildi.
Uchrashuvni mezbonlar hujumkor ruhda boshladi. Shunday bo‘lsa-da, raqib darvozasi oldida jiddiy xavf tug‘dirish imkoni bo‘lmadi. O‘z navbatida “Olmaliq” futbolchilari ham tezkor qarshi hujumlar bilan javob qaytarib turishdi.
11-daqiqada esa Omonullo Mirzayev hisobni ochish uchun qulay imkoniyatga ega bo‘lgandi. Ammo, futbolchining 14 metrlardan tepgan to‘pi darvoza ustuniga tegib qaytdi.
O‘yin boshidagi hujumkorlikdan foydalana olmagan mezbonlar birinchi bo‘lim teng yarmi ortda qolgan bir pallada ikkita gol o‘tkazib yuborishdi. Avvaliga burchak to‘pi amalga oshirilgach, Doniyor Usmanovning jarima maydonchasiga uzatgan to‘pidan keyin Mirjalol Miryusupov boshi bilan zarba yo‘llab, hisobni ochdi. Ikki daqiqadan so‘ng, Muhammad Isayev to‘pni darvozabon ustidan oshirib to‘rga tushirdi va hisobni 0:2 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi.
Birinchi bo‘limning qolgan vaqti davomida mezbonlar vaziyatni o‘nglash maqsadida bir nimalar qilib ko‘rishdi. Raqib darvozasi oldida ham bir-ikki vaziyat yaratgandek bo‘lishdi. Ammo, futbolchilarning urinishlaridan hech qanday naf chiqmadi. Olmaliqliklar esa ikki to‘p farqidagi ustunlikdan keyin xotirjamlikka berilib, erkinroq harakat qilishdi. Aynan shu jihatlar tanaffusga qadar hisobni o‘zgarishsiz qolishiga sabab bo‘ldi.
Tanaffusdan keyin mehmonlar xatti-harakatida faollik ko‘zga tashlandi. Mezbonlar hujumlar tashkil etishgan bo‘lsa-da, xuddi birinchi bo‘limdagi kabi xavfli vaziyat yaratishda oqsashdi. 54-daqiqada “Olmaliq” futbolchilari hisobni yirik ko‘rinishga keltirib qo‘yishdi. “Konchilar” uchinchi golni penaltidan amalga oshirishdi. 65-daqiqada ham darvozaga penalti belgilandi. Bu safar mezbonlar darvozaboni to‘pni qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘yinning keyingi qismida mezbonlar bir qator hujumlar tashkil etishdi. Gol urish uchun imkoniyatlar bo‘lsa-da, vaziyatlardan samarali foydalanishda aniqlik yetishmadi. O‘z navbatida “Olmaliq”da ham imkoniyatlar bo‘ldi. Mezbonlar posboni aksariyat vaziyatlarda xavfni bartaraf etishning uddasidan chiqdi. Ammo 75-daqiqada to‘rtinchi golning urilishiga to‘sqinlik qila olmadi. Aynan 0:4 hisobi hakamning final xushtagi chalingunga qadar o‘zgarishsiz qoldi va mezbonlar navbatdagi yirik mag‘lubiyatni tan olishdan o‘zga chora topa olishmadi.
Yoshlar ligasi, 14-tur
19 iyun. Namangan. “Markaziy” o‘yingoh.
“Navbahor” – “Olmaliq” - 0:4 (0:2)
Gollar: M.Miryusupov (20), M.Isayev (22), A.Suyunov (54-pen.), SH.Umarov (75).
Hakamlar: I.Xudaydatov, R.Odilov, M.Nexochin, I.Nosirov.
Nazoratchi – A.Hotamov.
“Navbahor”: 1. Dilmurod Muhiddinov, 9. Omonullo Mirzayev (44. Ismoil Abduraimov, 70), 14. Hojiakbar Yunusov, 21. Bilol Toshmirzayev (16. G‘olibbek Karimov, 11), 26. Javohir Olimjonov, 27. Abduvohid Sharipov (10. Shohruhmirzo Ahmadaliyev, 68), 28. Muzaffar Abdullayev (48. Abdulqodir Sobirov, 80), 35. Ahmad Mamadaliyev, 51. Akbarali Xoldorov (33. Muhammadsodiq Mamatxanov, 46), 63. Iskandar Siddiqjanov, 88. Abdulaziz Nishanbayev (99. Abdulaziz Jalilov, 59).
“Olmaliq”: 45. Akbar To‘rayev (99. Nizomiddin Ziyovutdinov, 46), 4. Azizbek Suyunov, 5. Shahzodbek Alaqulov (3. Abbos To‘lqinov, 82), 6. Muhammad Isayev (11. Shahboz Umarov, 46), 7. Dadajon Yusupov (14. Azamat Jumaboyev, 82), 8. Murod Rajabov (2. Farruh Sodiqov, 86), 9. Avaz Rahmatullayev, 10. Doniyor Nabiyev (15. Doston Rashidov, 80), 13. Doniyor Usmonov (18. Jasur Umarov, 46), 17. Mirjalol Miryusupov, 19. Quvondiq Mo‘minov.
Ogohlantirishlar: H.YUnusov (60) - A.Suyunov (13), D.YUsupov (57), D. Rashidov (90+2)