Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/11 16:00 Neftchi 2-0 Nasaf
22/11 18:15 Qizilqum 1-5 Navbahor
23/11 01:00 Xetafe 2-0 Valyadolid
23/11 15:00 Olimpik - Bunyodkor
23/11 17:15 Andijon - Dinamo
23/11 17:30 Lester - Chelsi
23/11 18:00 Valensiya - Betis
23/11 19:00 Verona - Inter
23/11 20:00 Bornmut - Brayton
23/11 20:00 Arsenal - Nottingem Forest
23/11 20:00 Aston Villa - Kristal Pelas
23/11 20:00 Everton - Brentford
23/11 20:00 Fulhem - Vulverhempton
23/11 20:15 Atletiko - Alaves
23/11 22:00 Milan - Yuventus
23/11 22:30 Manchester Siti - Tottenhem
23/11 22:30 Las-Palmas - Malyorka
23/11 22:30 Jirona - Espanyol
24/11 00:45 Parma - Atalanta
24/11 01:00 Selta - Barselona
24/11 15:00 Metallurg - Surxon
24/11 16:30 Jenoa - Kalyari
24/11 17:15 So‘g‘diyona - Lokomotiv
24/11 18:00 Osasuna - Vilyarreal
24/11 19:00 Sautgempton - Liverpul
24/11 19:00 Torino - Monsa
24/11 19:00 Komo - Fiorentina
24/11 20:15 Sevilya - Rayo Valyekano
24/11 21:30 Ipsvich - Man. Yunayted
24/11 22:00 Napoli - Roma
24/11 22:30 Leganes - Real Madrid

Yevropa futboli tarixidagi eng uzun g‘alabali seriyalar

Yevropa futboli tarixidagi eng uzun g‘alabali seriyalar

Baho:
+ | -

Futbolda g‘alaba qozonish deyarli har bir jamoaga nasib etadi. Har holda, butun mavsum davomida g‘alaba ko‘chasiga kirmaslik - kamdan-kam holatda uchraydigan hodisa.

Ammo shuning barobarida ketma-ket ravishda zafar quchib, bu borada ajoyib seriya qayd etish sanoqli klublar qo‘lidan kelishini aytish joiz.

«SE» nashrining rekordlar turkumidagi navbatdagi maqolasida Yevropa milliy chempionatlari tarixida kuzatilgan eng uzun 10ta g‘alabali seriya haqida so‘z boradi.

«BENFIKA» - qatorasiga 29ta g‘alaba
Turnir: Portugaliya chempionati
Seriya muddati: 1972 yil 9 aprel - 1973 yil 1 aprel
O‘tgan asrning 60-70-yillari «Benfika» ham eng dahshatli klublar qatorida tilga olinardi. Portugaliyaliklar o‘sha davr Yevropa Chempionlar kubogi finaliga naq 5 marta chiqishgan va 2ta urinishda bosh sovrin sohibiga aylanishgan. Umuman, «burgutlar» shu ikki 10 yillik muddat ichida Portugaliya milliy chempionati oltin medalini 14 marta (!) yutishgandi. O‘sha jamoa tarkibida Eysebio yorqin nur sochib, birin-ketin turli rekordlarni yangilagan. «Benfika» esa xususan, deyarli imkoni yo‘qdek ko‘rinadigan noyob natijani ham rasmiylashtirgan - Portugaliya chempionatida ketma-ket 29ta g‘alaba. Ushbu uzun zafarli yurish deyarli bir yil davom etgan: mavsum-1971|1972 oxirida 6ta o‘yinni o‘z foydasiga hal qilgan jamoa keyingi birinchilikda aqlga sig‘mas statistika qayd etgandi - 28ta g‘alaba va 2tagina durang. Shu duranglardan biri natijasida superseriya uziladi - 1973 yilning 1 aprel kuni «Portu» hujumchisi Flaviu Minuanu o‘yinning asosiy vaqti tugashiga atigi 4 daqiqa qolganida «Benfika» darvozasiga javob to‘pini kiritib, Lissabon klubining davomiylik olgan tetik marshiga nuqta qo‘yadi.

«DINAMO» (Zagreb) - qatorasiga 28ta g‘alaba
Turnir: Xorvatiya chempionati
Seriya muddati: 2006 yil 8 noyabr - 2007 yil 23 sentyabr
Manjukich, Modrich, Eduardu, Chorluka - 2000-yillar o‘rtalarida Zagreb «Dinamo»si yetakchilari rolida porlashgan yigitlar keyinchalik Yevropaning eng kuchli chempionatlarida omadli o‘ynashdi, o‘ynashmoqda. Bunchalik ko‘p iqtidorlarni o‘z safiga jamlagan jamoaning ichki birinchilikda duch kelgan raqibga dars berganida ajablanadigan tomoni yo‘q. Xullas, zagreblik shovvoz- lar g‘olibona yurishni mavsum-2006|2007ning birinchi qismida boshlab, keyingi chempionatgacha davom ettirishdi. Biroq «Dinamo»ning «Benfika» rekordiga yetishi uchun atigi bir qadam yetishmadi. Albatta, xorvatlar portugaliyaliklar qayd etgan natijani yaxshi bilishardi va ulardan o‘zib ketish niyatida ekanliklarini ham yashirishmaydi. Biroq kamtaringina «Varteks» barchasini buzadi-qo‘yadi. Varajdinda kechgan olovli o‘yin mahalliy grandning 3:4 hisobidagi mag‘lubiyati bilan xotima topgandi.

«FERENSVAROSH» - qatorasiga 28ta g‘alaba
Turnir: Vengriya chempionati
Seriya muddati: mavsum-1930|1931 - mavsum 1932|1933
Vengriyaning o‘sha vaqtdagi chempionatlaridan hattoki, sanalari yozilgan butunroq taqvim ham qolgan emas, shunga qaramay, «Ferensvarosh» qahramonligi xususida ma’lumotlar yetarli. Jamoaning chaqqon yigitlari mavsum-1931|1932da fantastik natija ko‘rsatishadi - 22ta o‘yinda 22ta g‘alaba, to‘plar nisbati - 105:18. Umuman, «Ferensvarosh»ning g‘olibona seriyasi naq 3ta mavsum o‘yinlarini o‘z ichiga olgandi.

PSV - qatorasiga 22ta g‘alaba
Turnir: Gollandiya chempionati
Seriya muddati: 1987 yil 26 aprel - 1988 yil 17 yanvar
Mashhur Gus Xiddink o‘zining ilk murabbiylik mo‘’jizasini Eyndxovenda namoyish etgandi. PSV boshqaruvini mavsum-1986|1987 tugashiga 10ta tur qolganida qo‘lga olgan yosh mutaxassis bir urinishda ketma-ket g‘alaba qozonish masalasida uzun superseriyaga asos soladi. Qolaversa, PSV o‘sha mavsum finish marrasida «Ayaks»dan o‘zib ketib, oltin medalni o‘ziniki qiladi. Oddiy aytganda, 1987 yil bahorda 6 marta zafar quchgan jamoa keyingi mavsumda qatorasiga 16ta o‘yinda 3 ochkodan ishlaydi va yana chempionat shohsupasiga ko‘tariladi - bu safar hech qanday muammosiz. Xiddink shogirdlari shuningdek, Gollandiya kubogi va Chempionlar kubogi turniri bosh sovrinini ham begona qilishmagandi.

«BAVARIYA» - qatorasiga 19ta g‘alaba
Turnir: Germaniya chempionati
Seriya muddati: 2013 yil 19 oktyabr - 2014 yil 29 mart
Xosep Gvardiola murabbiylik faoliyatining Bavariya o‘lkasidagi davrini bayramona boshlay olmadi - Germaniya superkubogi uchun Dortmund «Borussiya»siga qarshi kechgan bahsda mag‘lubiyat alamini tatib ko‘rdi. Biroq 2-3ta o‘rtoqlik-nazorat o‘yinidan keyin hammasi o‘z iziga tushdi. Xususan, myunxenliklar boshqa bir superkubok (Evropaniki) yo‘lida «Chelsi»ni mag‘lubiyatga uchratishdi va bundesliga ishtirokchilarini bir chetdan «qira» boshlashdi. Oktyabr oyi yakuniga borib, Robben, Myuller, Manjukich va ularning do‘stlari nafaqat mag‘lubiyat, balki durangni ham unutishdi. «Bavariya» shu tariqa mart oyi oxirida chempionlikni rasmiylashtirdi va ozgina bo‘shashdi, chog‘i. Qisqasi, «Xoffenxaym»ga qarshi uchrashuvdagi durang bilan g‘alabali seriyasi to‘xtadi. Lekin qatorasiga 19ta g‘alaba ham nemis elit divizioni uchun rekorddir.

«INTER» - qatorasiga 17ta g‘alaba
Turnir: Italiya chempionati
Seriya muddati: 2006 yil 25 oktyabr - 2007 yil 28 fevral
«Inter»ning ushbu seriyasi - «kalchopoli» mojarosining to‘g‘ridan-to‘g‘ri samarasi. 2006 yil yozda «A» seriyasi asosiy boyligi olingan konga o‘xshab qoldi - «Yuventus» quyi divizionga surgun qilindi, «Milan», «Lasio» va «Fiorentina» jamoalari esa mavsumni jarima ochkolari bilan boshladi. Boshqacha aytganda, ta’qibchilarga nisbatan ancha yaxshi holat hosil qilgan «Inter» butun chempionat masofasini bir nafasda bosib o‘tdi. Aniq ifoda etsak, «neradzurralar» 38ta tur davomida 1 martagina yutqazishdi va kuz-qish davrida 17ta o‘yindan iborat ajoyib g‘alabali seriya qayd etishdi.

«REAL» - 16ta g‘alaba
Turnir: Ispaniya chempionati
Seriya muddati: 2016 yil 2 mart - 2016 yil 21 sentyabr
«Real» tomonidan o‘tgan yili o‘rnatilgan Ispaniya rekordini mutlaqo «Zidan nomidagi seriya» sifatida ta’riflash mumkin. Buyuk sobiq futbolchi o‘sha vaqt murabbiy rolida qandaydir karomat ko‘rsatgan emasdi. Shunga qaramay, yanvar oyida omadsizlikka yuz tutgan Rafael Benites o‘rnini egallagan Zizu «Qirollik klubi»ni bir harakatda, qandaydir 2 oy ichida g‘alaba terish mashinasiga aylantirdi, go‘yo. To‘g‘ri, mavsumning ikkinchi yarmida qo‘lga kiritilgan qatorasiga 12ta g‘alaba ham finishda «Barselona»dan o‘zib ketish uchun kamlik qildi. Keyin «Madrid» CHL finalida «Atletiko»ni yengib, o‘ziga xos kompensasiya oldi. Navbatdagi mavsumda esa barcha frontlarda hammasiga ulgurib, oxirgi 5 yil mobayniga ilk marta primero oltin medalini oldi, asosiy yevrokubok sohibiga aylandi.

«BARSELONA» - qatorasiga 16ta g‘alaba
Turnir: Ispaniya chempionati
Seriya muddati: 2010 yil 16 oktyabr - 2011 yil 12 fevral
Xosep Gvardiola imzosi ostidagi yana bir rekord. Mavsum-2010|2011da uning «Barselona»si o‘zi ishtirok etgan 3ta turnirda ham g‘alaba qozonishga yaqin keldi, biroq Ispaniya kubogi finalida «Real»ga imkoniyatni boy berdi. CHL bosh sovrini va primero oltin medali esa kataloniyaliklar mulkiga aylandi. Bilasiz, Ispaniya chempionatini ba’zan «2ta klub turniri» qabilida ta’riflashadi. Bu tavsif doim ham to‘g‘ri kelavermasada, o‘sha mavsum «Barselona» va «Real» chindan ham, boshqalardan bir bosh ustun ekanligini isbotlagandi. Mana, e’tibor qarating, Kataloniya jamoasi hattoki, 16ta o‘yindan iborat g‘alabali seriyaga qaramay, «Madrid»dan yaqqol o‘zib ketolmagandi. Ya’ni turnir jadvalining yakuniy holatida o‘rtadagi farq atigi 4 ochkoni tashkil qilgandi: 96ga 92ta.

«ARSENAL» - qatorasiga 14ta g‘alaba
Turnir: Angliya chempionati
Seriya muddati: 2002 yil 10 fevral - 2002 yil 24 avgust
«Arsenal» muxlislari naqadar o‘zgarishdi-ya... Ular oldinlari Arsen Vengerni boshlarida ko‘tarib yurishga tayyor turishardi, endi esa goho undan iste’fo talab qilishadi, ba’zan «4» raqamini ko‘rsatib, og‘riqli kulishadi. Ha, 2000-yillar boshida fransuz murabbiyi ham boshqacha edi - CHL yo‘llanmasi uchun qancha ochko olish kerakligi hisoblamasdi, balki mukofot va g‘alabalarni ko‘zlardi. Shunga yarasha hamma uni duo qilishdan charchamasdi. Demak, «kanorirlar» mavsum-2001|2002 finishida ketma-ket 13ta o‘yinda g‘alaba nashidasini surib, Venger qo‘l ostida ikkinchi marta Angliya chempioni maqomini olishadi. G‘alabali odim kelasi mavsum ham davom etadi, biroq atigi bitta o‘yinga cho‘ziladi, xolos.

SSKA - qatorasiga 13ta g‘alaba
Turnir: Rossiya chempionati
Seriya muddati: 2014 yil 15 mart - 2014 yil 17 avgust
G‘alabali odim masalasida Rossiya chempionati rekordi SSKAga tegishli. Leonid Sluskiy jamoasi 2014 yilning bahorida ketma-ket 10ta o‘yinni o‘z foydasiga hal qilish asnosida biroz toliqqan «Ze­nit»dan oltin medalni shunchaki, tortib oldi. E’tiborlisi, «harbiylar»ning uzun seriyalari aynan piterliklarga qarshi kechgan uchrashuv bilan boshlangan edi. SSKAning ushbu yurishiga 13ta o‘yindan keyin yana bir azaliy raqibi - «Spartak» chek qo‘ygandi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:45, 02.07.2017.
O'qildi: 8842 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.