Kirish Ro'yxatdan o'tish
30/12 00:45 Milan 1-1 Roma
30/12 22:30 Komo 2-0 Lechche
31/12 00:45 Bolonya - Verona
31/12 00:45 Ipsvich - Chelsi
31/12 00:45 Aston Villa - Brayton
31/12 01:00 Man. Yunayted - Nyukasl

Davralar oralig‘ida: «Loko»dan «Obod»gacha…

Davralar oralig‘ida: «Loko»dan «Obod»gacha…

Baho:
+ | -

Oliy liga jamoalari ikkinchi davraga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Ularning tarkibida qanday o‘zgarishlar yuz bergani haqidagi ma’lumotlarni taqdim qilamiz.

"Lokomotiv"

O‘zbekiston kubogi chorakfinal bosqichi doirasida «Buxoro» mehmoni bo‘lib, 0:0 hisobini qayd etgan jamoa vakillariga qisqa ta’til e’lon qilingandi. Xullas, «temiryo‘lchilar» 5 kunlik hordiqdan kecha qaytishdi. Klub endi xorij yig‘ini uchun Belarus poytaxti - Minska yo‘l oladi. U yerda qaysi jamoalar bilan sinov-nazorat uchrashuvi tashkil etilishi xususida keyinroq ma’lumot beriladi. Aytgancha, «Lokomotiv» murabbiylar shtabida yana bir yangi mutaxassis ish boshladi. Osiyo o‘yinlari-94 g‘olibi, O‘zbekiston milliy jamoasi safida ko‘rsatgan ishonchli o‘yinlari bilan jamoatchilik mehrini qozongan Andrey Fyodorov endilikda «Lokomotiv» murabbiylar tizimida faoliyat olib boradi. Aniqrog‘i, 46 yoshli mutaxassis bosh murabbiyga bevosita yordam beradi. Minsk yig‘ini 11-21 iyul kunlariga mo‘ljallangan. Ma’lum bo‘lishicha, «Obod» safida harakatlangan yosh hujumchi Idris Bikmaykin «Lokomotiv» bilan Belarus poytaxtiga yo‘l oladi. Agar 21 yoshli futbolchi  ijobiy taassurot qoldirsa, u ikkinchi davrani mamlakat chempioni tarkibida boshlaydi.

«Qo‘qon-1912»

«Lokomotiv» yarim himoyachisi Quvondiq Ro‘ziyev ikkinchi davrani boshqa jamoada boshlashi haqida avvalroq xabar berilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, u faoliyatini aynan «Qo‘qon-1912»da davom ettirishi mumkin. Har holda, qo‘qonliklar birinchi davra davomida «Loko»ning asosiy tarkibida deyarli maydonga tushmagan Ro‘ziyevdan ijara kelishuvi bo‘yicha foydalanmoqchilar.

«Nasaf»

Qarshi jamoasi futbolchilariga bir haftalik ta’til berilgan, xususan, legionerlar ham o‘z yurtlariga jo‘nab ketishgandi. Futbolchilar bugundan jamoa qarorgohida yig‘iladilar. «Nasaf» iyul oyining oxirida O‘zbekiston kubogi chorak finali javob uchrashuvida maydonga tushadi. Ungacha nazorat o‘yin­lari tashkillanishi ehtimoli katta.

«Olmaliq»

Davralar oralig‘ida yuzaga kelgan tanaffusdan unumli foydalanishga harakat qilayotgan klub o‘quv-mashg‘ulotlar jarayonini Belarusning Minsk shahrida davom ettiradi. Reja bo‘yicha «Olmaliq» 3 hafta davomida mamlakat futbol federasiyasiga tegishli «Futbol akademiyasi» qarorgohida istiqomat qiladi. Mashg‘ulotlar ham akademiya tarkibidagi maydonlarda olib boriladi. Viktor Kumikov yig‘in doirasida 4ta o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishni rejalashtirgan. Ulardan birinchisi kecha Novopoloskning «Naftan» jamoasiga qarshi kechdi. O‘zgarishlarga kelsak, Malayziya chempionatidan qaytishgan yarim himoyachi Lutfulla To‘rayev va hujumchi Farhod Tojiyev ikkinchi davrada «Olmaliq» sharafini himoya etishadi. Har ikkisi jamoaning Minsk yig‘inida ishtirok etmoqda. Umuman olganda, «Olmaliq» ikkinchi davra oldidan o‘z safiga 5 nafar futbolchi qo‘shib olishga ulgurdi. Oldinroq «Sho‘rtan» hujumchisi Zafar Polvonov, «Metallurg» himoyachisi Vusol Mageramov va «Obod» yarim himoyachisi Sanjar Rixsiboyev jamoa yig‘inida ko‘rinish bergandilar. «Bunyodkor»dan ijara kelishuvi asosida taklif qilingan Zabihillo O‘rinboyev va «Lokomotiv»dan shu shart bo‘yicha olingan Doniyor Usmonov esa o‘z klublariga qaytishdi. Shuningdek, Alibobo Rahmatullayev bilan hamkorlik ham to‘xtatildi.

«Paxtakor»

«Sherlar» ikkinchi davraga hozirlik ishlarini «Jar» stadionida boshlashdi. Mashg‘ulotlarda birinchi davrada asosiy tarkibda o‘ynagan deyarli barcha futbolchilar va jamoa safiga qo‘shilgan yangi o‘yinchilar ishtirok etishdi. Jamshid Iskanderov yakka tartibda shug‘ullangan bo‘lsa, Stanislav Andreev jarohati sabab, hozircha chetda. Dastlab Laslo Yambor boshchiligida yengil mashqlar asnosida qizishib olgan futbolchilar keyin o‘yin davomida e’tibor talab qiladigan holatlar ustida ter to‘kishdi. Darvozabonlar bilan turkiyalik mutaxassis Ibrohim Yilmaz ish olib bordi. Umuman, klub tarkibini kuchaytirish harakati davom ettirilmoqda. Jamoa rahbariyati braziliyalik Tyago Bezerra, isroillik Gidi Kanuk, shuningdek, Sherzod A’zamov hamda Eldor Suyunov bilan shartnoma tuzishga ulgurdi. Ular bugun «Paxtakor» stadioni anjumanlar zalida soat 11:00da rasman omma bilan tanishtiriladi. Tadbirda «Paxtakor» rahbariyati xodimlari va bosh murabbiy Shota Arveladze ham ishtirok etishadi.

Tyago Keyrush Bezerra 1987 yilning 17 fevralida Braziliya poytaxti - Braziliada tug‘ilgan. Ushbu hujumchi faoliyatining katta qismini Turkiya klublarida o‘tkazgan. So‘nggi klubi - «Adana Demirspor». Futbolchi «Paxtakor» safiga erkin agent maqomida qo‘shiladi. Bezerraning hozirgi transfer narxi 400 ming yevroga teng (transfermarkt. de sayti ma’lumoti bo‘yicha).

Shidi Kanyuk esa 1993 yilning 11 fevralida Isroilda tug‘ilgan. Ampluasi - markaziy yarim himoyachi. Bo‘yi  - 179 sm. Uning transferi 300 ming yevroga baholangan. Bugungi kunga kelib, «sherlar» 3 nafar legioner bilan kelishuvga erishishdi. Jamoa endi «3Q1» limitiga binoan, osiyolik futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatiga ega. Championat.asia xabariga ko‘ra, Shota Arveladze osiyolik legioner limitini eronlik hujumchi bilan to‘ldirmoqchi.

Shu o‘rinda aytish joiz, «Paxtakor» «Jar» stadionidan ijara asosida foydalanadi. Ya’ni klub asosiy stadion, mashg‘ulotlar maydoni va bino bo‘yicha 1,5 yillik ijara kelishuviga erishdi. Ushbu shartnoma 2018 yil oxirigacha mo‘ljallangan.

«Buxoro»

Buxoro klubi bir qator futbolchilar bilan xayrlashishga qaror qildi. Demak, birinchi davrada «Buxoro» sharafini himoya qilgan darvozabon Erkin Jabborov, yarim himoyachi Jasur Hasanov va hujumchi Alisher Shog‘ulomov endilikda o‘z omadlarini boshqa jamoadan izlashadi. Murabbiylar shtabi ikkinchi davra oldidan birinchi navbatda, himoya chizig‘ini mustahkamlash haqida o‘ylamoqda. Xususan, bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoyevning aytishicha, tarkibga 2 nafar himoyachi qo‘shib olingan. «Filiposyan jarohatini tekshirtirish uchun Mos­­-k­vaga ketdi. Bayenko esa kuni kecha uylandi. U to‘y sanasini ancha oldin belgilab qo‘ygandi. O‘sha payt kubok o‘yini rejada yo‘q edi. Har ikki futbolchi  ikkinchi davra arafasida qaytishi kerak. Kirill Pasichnik salomatligini tikladi va rasmiy o‘yinlar vaqtigacha to‘liq tayyor bo‘ladi. Hozircha 2 nafar himoyachi bilan shartnoma tuzdik. Ammo ular nomini oshkor qilmay turaman. Ivor Veyser ham ikkinchi davrada jamoamiz sharafini himoya qiladi - u bu borada va’da bergan»,-dedi Baqoyev.

Xabarlarga qaraganda, «Buxoro» Azamat Allaniyozov bilan ham kelishuvga erishdi. Asosan «Nasaf»dagi yorqin o‘yinlari orqali tanilgan hujumchi mavsumning dastlabki qismini «Qizilqum»da o‘tkazdi. U yaqinda navoiyliklar bilan xayrlashib, «Buxoro» taklifini qabul qildi.

«Bunyodkor»

Mirjalol Qosimov jamoasi safiga iqtidorli hujumchi qo‘shildi: bungacha «Obod»­da yetakchilik qilgan Shohruz Norxonov keyingi taqdirini «qaldirg‘ochlar» bilan bog‘ladi. «Bunyodkor» va Shohruz o‘rtasidagi shartnoma 3,5 yilga mo‘ljallandi. U 2016-2017 yillar mobaynida «Obod» safida oliy liga bahslarida 43 marta maydonga tushib, 17ta gol urganini alohida aytish o‘rinli.

«Mash’al»

Birinchi davrani 8-o‘rinda yakunlagan Muborak jamoasi bugunga qadar ta’tilda edi. Hozircha jamoani rasman bir futbolchi tark etdi - tojikistonlik legioner Umedjon Sharipov. Boshqa futbolchilar ayni payt «Mash’al» bilan birgalar. Lekin yaqin kunlar ichida tarkibda o‘zgarishlar bo‘lishi, yangi transferlar amalga oshishi kutilmoqda.

«Metallurg»

Bekobod jamoasi a’zolari 7 iyul kuni O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi qoshidagi tibbiyot markazida ko‘rikdan o‘tishdi va ikkinchi davraga tayyorgarlikni davom ettirish uchun poytaxt viloya­ti Bo‘stonliq tumaniga yo‘l olishdi. Bekobodliklar ikki hafta mobaynida Chorvoq suv ombori yonida joylashgan «Metallurg» sihatgohida jismoniy tiklanish mashqlariga zo‘r berishadi. Murabbiylarni qo‘shib hisoblaganda, klubning 50 nafardan ziyod a’zosi O‘zbekiston metallurgiya kombinatiga qarashli maskanda bo‘lib turibdi. Asosiy va o‘rinbosarlar tarkibi vakillariga yig‘in davomida jismoniy yuklamalar berish barobarida ular bilan nazariy hamda taktik mashg‘ulotlar olib boriladi. Yig‘inda «Metallurg»ga taklif etilgan yangi o‘yinchilar ham ishtirok etishyapti. O‘z navbatida, birinchi davrada bekobodliklar bilan birga bo‘lgan ba’zi futbolchilar boshqa klublar ko‘rigida qatnashish uchun ruxsat olishganini aytish kerak. Bu borada yaqin kunlarda aniq xabarlar chiqsa, ajabmas. «Obod» klubi yopilgach, mazkur jamoaning barcha o‘yinchilari qatori erkin agent maqomini olishgan Doni­yor Hasanov va Abror Husinov aynan «Metall­urg» safiga qo‘shilishni ma’qul ko‘rishdi.

«Qizilqum»

«Neftchi» yarim himoyachisi Akrom Bahriddinov ikkinchi davrani Navoiyda boshlasa, ajabmas. Yil boshida farg‘onaliklar bilan 2 yillik shartnoma tuzgan futbolchi ayni payt «Qizilqum» mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda. Agar Bahriddinovning harakatlari murabbiylarga ma’qul kelsa, uni ikkinchi davra oldidan qo‘shimcha «zayavka»ga kiritishadi.

«Dinamo»

4 iyul kuni O‘zbekiston kubogi chorak finali javob uchrashuvida Muborakda safar qilib, «Mash’al»ni mag‘lub etgan jamoa a’zolariga qisqa ta’til e’lon qilingandi. Kecha Samarqandda to‘plangan jamoa bugundan e’tiboran  Toshkent viloyatining tog‘li hududi - Chimyonda o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inini boshlaydi. Samarqandliklar u yerda 9 kun shug‘ullanib, 20 iyuldan Toshkentda nazorat uchrashuvlariga kirishishadi.

«Navbahor»

Birinchi davra yakuniga yetgach, bir necha kun hordiq chiqargan jamoa a’zolari ikkinchi davraga tayyorgarlikni boshlab yuborishdi. Dastlabki rejaga ko‘ra,  o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘ini Dukentda tashkillanishi lozim edi. Lekin reja o‘zgarib, futbolchilar mashg‘ulotlarga Namanganning o‘zida kirishishdi. Ushbu yig‘in 15 iyulga qadar davom etadi. Shundan so‘ng «Nav­bahor» tayyorgarlikning ikkinchi bosqichini 25-sanagacha Toshkentda davom ettiradi. Tabiiyki, Toshkentdagi mashg‘ulotlar chog‘i nazorat uchrashuvlariga ham katta e’tibor qaratiladi. Ayni payt murabbiylar 4ta o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushishni rejalashtirishgan. Namangandagi yig‘in davomida ham bitta nazorat o‘yini uyushtiriladi - 14 iyul kuni birinchi liga vakili «UzDongJu» bilan. Mazkur uchrashuvni Namangandagi «Markaziy» stadionida o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Tabiiyki, «Navbahor» mashg‘ulotlarida ham bir qator yangi futbolchilar ishtirok etishadi. Bir necha kun oldin ikkinchi davrani «Navbahor»da boshlashga rozilik bergan Abbos Maxstaliyev va Doniyor Usmonovdan tashqari, yana 2 nafar futbolchi jamoa safida shug‘ullanadi. Bular - joriy mavsumning birinchi yarmida «Olmaliq» ixtiyorida bo‘lgan Murod Rajabov (07.07.1995) va birinchi liga vakili - «Lokomotiv-BFK» a’zosi Sardor Rasulov (05.09.89). Rajabov birinchi davra davomida asosiy tarkibda maydonga tushmadi. Murodning o‘tgan mavsum ma’lum muddat Serbiyada faoliyat olib borganini qo‘shimcha qilish joiz. U bizga yaxshi tanish Darko Stanoyevichning sobiq klubi - «Novi Pazar» sharafini himoya qilgandi. Rasulov esa 2016 yilgi mavsumning birinchi yarmini «Sho‘rtan»da o‘tkazgach, «Metallurg» safini to‘ldirgandi. U umumiy hisobda oliy liga-2016da 10ta o‘yinda ishtirok etgan. Joriy mavsum boshida esa «Lokomotiv-BFK» ro‘yxatidan joy oldi. Har ikki futbolchi ko‘rik davomida ijobiy taassurot qoldirsa, «Nav­bahor» a’zosiga aylanishi mumkin.

Yana «Navbahor» bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov markaziy chiziqda raqobatni oshirish uchun bir nechta futbolchilar bilan aloqaga chiqqan. U xususan, «So‘g‘diyona»ni tark etgan yarim himoyachi Sunnatilla Mamadaliyevni o‘z jamoasida ko‘rishga qarshi emas. Ushbu futbolchi klubga begona emas, zero, 2010 va 2015 yilgi mavsumlarda aynan Namanganda to‘p surgandi.

«So‘g‘diyona»

Jizzax viloyati bosh jamoasi Zomin yig‘inini davom ettirmoqda. Mashg‘ulotlarda asosiy e’tibor futbolchilar jismoniy holatini yaxshilashga qaratilgan. Tarkibga «Obod»­ning 4 nafar futbolchisi qo‘shildi: Sardor Qahhorov, Shirinboy Abdullayev, Sherzod  Jalilov va G‘ayrat Umirov. Shuning barobarida jamoa G‘ulom O‘runov, Doston Abdurahmonov va Sunnatilla Mamadaliyev bilan rasman xayrlashdi. Hozirda «So‘g‘diyona» ikkinchi davraga bosh murabbiysiz tayyorgarlik ko‘rmoqda. Oxirgi xabarlarga ko‘ra, Ulug‘bek Xudoyberdiyev ham jizzaxliklar safini tark etdi. Kuni kecha esa yig‘inga Umid Qodirov («Neftchi») va Muzaffar Abdullayev («Qo‘qon-1912») qo‘shildilar. Aytish joiz, darvozabon Muzaffar Abdullayev o‘tgan mavsum aynan «So‘g‘diyona» sharafini himoya qilgandi.

«Sho‘rtan»

Klub rahbariyati jamoaga yangi mutaxassislarni jalb qila boshladi. Ayni payt jamoani ikkinchi davraga Vitaliy Aleksandrovich Legay hamda Gennadiy Gennadyevich Kochnev tayyorlashmoqda. Birinchi davra tugagach, jamoa qisqa muddatli ta’tilga chiqqan edi. Bu vaqt oralig‘ida «oq bo‘rilar» tarkibida birin-ketin o‘zgarishlar kuzatildi. Murabbiylar shtabidagi yangiliklar barobarida ba’zi futbolchilar jamoadan ketishdi. 5 iyul kuni esa «Sho‘rtan» vakillari klub qarorgohida mavsumning ikkinchi yarmiga qaratilgan tayyorgarlik ishlarini boshlashdi.

«Neftchi»

Farg‘onaliklar 7 iyul kuni klub qarorgohida mashg‘ulotlarga kirishishdi. Tarkibga Mansur Saidov hamda Otabek Haydarov qo‘shildilar. Umuman, yana bir qator yangi futbolchilar bor. Ayni payt ular Vadim Abramov ko‘rigida bo‘lib turishibdi. Aleksandr Kleskov va Temur Hakimov ham «Neftchi» mashg‘ulotlarida qatnashmoqdalar. Shuningdek, «Buxoro»da o‘ynagan Alisher Shog‘ulomov ayni payt farg‘onaliklar bilan birga. Qirgulidagi yig‘in 16 iyulgacha davom etadi. Shundan so‘ng tayyorgarlikning ikkinchi bosqichi Toshkentda olib boriladi. Abramov jamoasi 21 iyul sanasi poytaxtda «Qo‘qon-1912» bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishni rejalashtirgan.

«Obod»

Klub rahbariyati o‘tgan hafta futbolchilar bilan maxsus yig‘ilish o‘tkazdi. Qanchalik achinarli bo‘lmasin, unda klub faoliyati tugatilayotgani e’lon qilindi. Xullas, futbolchilar yangi jamoa qidirishni boshlab yuborishdi. Bilasiz, xususiy klub sanalgan «Obod» avvalgi mavsum ligada debyut qilgandi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:13, 11.07.2017.
O'qildi: 5557 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.