Pogbaning aql bovar qilmas transferidan bir yil o‘tib «Manchester Yunayted» yana bir bor yirik transferni amalga oshirdi. Bu yilgi transfer bozorida katta mablag‘lar evaziga olib kelingan Romelu Lukakuning transferi shuni ko‘rsatdiki «O‘zgacha» raqobatbardosh jamoa tuzish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Goal nashri esa Mourinyoning faoliyatiga nazar soldi.
Ushbu haftaning boshida Romelu Lukaku 85 million yevro evaziga «qizil iblis»ga aylandi. 2017 yilgi yozgi transfer bozori yarmiga yaqinlashgan bir paytda ushbu harid hozircha eng shov-shuvli transferlardan biriga aylandi. Albatta, undan oldin 53 million yevro evaziga Lakazett «Arsenal» a’zosiga aylangandi. Albatta «Manchester Yunayted»ning ushbu haridi transfer bozori yakunida o‘z o‘rnini boy berishi mumkin. Agarda, Kilian Mbappe yoki Aleksis Sancheslar o‘z klublarini o‘zgartirishga qaror qiladigan bo‘lishsa. Manchester shahri jamoasi esa o‘tgan yili Pol Pogbani yirik mablag‘ evaziga olib kelgandi. Mana bu yil ham jamoa o‘z an’anasini davom ettirmoqda. Bunday yirik transferlarning amalga oshirilishi jamoaning ko‘rsatayotgan natijalariga uzviy bog‘liqdir. Shu bilan birga, jamoa ustozi transferlarga ko‘p pul sarflaydigan Mourinyo bo‘lsa, bu yanada yirik ko‘rinish hosil qiladi.
Dunyoning eng yaxshi murabbiyi bo‘lish bilan birga Joze Mourinyo o‘z qo‘li ostidagi jamoalarda klub mablag‘larini yirik transferlarga ajratish bilan ham peshqadam bo‘lib chiqdi. Buni rasmiy statistika ham isbotlamoqda. 2004 yildan buyon Yevropa futbolida «javlon urayotgan» murabbiy yangi futbolchilarni jamoasiga olib kelishi uchun hozirgacha 1,38 milliard yevro ishlatgan. Qiyoslaydigan bo‘lsak, u bir necha marotaba to‘qnash kelgan Pep Gvardiola va Karlo Anchelotti mos ravishda 863 million va 978 million yevro sarf qilgan. Bunday raqam esa «O‘zgacha»ni ko‘p pul sarflaydigan murabbiyga aylantiradi.
«Manchester Yunayted»ga kelganiga endigina bir yarim yil to‘lgan bo‘lsada portugaliyalik murabbiy transferlar uchun 304 million yevroning bahridan o‘tdi. Sarflangan shu pullarning uchdan ikki qismi (189 million yevro) Pol Pogba va Romelu Lukaku transferlari uchun ishlatildi. Agarda Mourinyo jamoada uzoq qoladigan bo‘lsa bu raqamlar yana ortishi mumkinmi? Ehtimol. Biroq, u eng ko‘p mablag‘ sarflagan futbolchilarning hammasi ham «Manchester Yunayted» a’zolari emas. Manchester shahri jamoasi esa Premer Ligada televizion huquqlari evaziga ancha yirik mablag‘ ishlab oladi. Shuningdek, so‘nggi yillarda dunyo futbolida sodir bo‘layotgan moliyaviy o‘sish evaziga futbolchilarning ham narxi ko‘tarilib bormoqda.
Boshqa tarafdan olganda, Mourinyo klub rahbariyatining unga bo‘lgan ishonchidan unumli foydalanmoqda. Bunday vaziyat u «Chelsi»ni boshqargan davr bilan o‘xshash. «Aristokratlar» boshqaruviga birinchi marta kelganida ham murabbiy klub ho‘jayini Roman Abramovich tomonidan doimo qo‘llab-quvvatlangan. Londondagi birinchi mavsumida (2004) «O‘zgacha» murabbiy 163 million yevro sarflagan. Manchesterdagi ilk mavsumida ham anchagina yirik mablag‘, 185 million yevro ishlatgan. bu ikki mavsumni orasida esa qariyb 14 yillik farq bor va «Chelsi»da amalga oshirilgan transferlar o‘z davrining yirik haridlari bo‘lgan.
Pullar sovrin olib kelmaydi, biroq, inqirozdan saqlab qolishga yetadi
Portugaliyalik murabbiy o‘z faoliyati davomida nafaqat tumanli Albionda yirik haridlarni amalga oshirgan, shu bilan birga Ispaniya va Italiyada boshqargan jamoalarida ham bunday siyosatini davom ettirgan. «Inter»ni boshqargan murabbiy klub rahbariyatidan transferlarni amalga oshirish uchun 154 million yevro olgan bo‘lsa, «Real»da bu ko‘rsatkich 181,5 million yevroga yetgan. «Qirollik» klubida Mourinyo bir mavsum uchun o‘rtacha 60 million yevro sarf qilgan. Albatta, bu ikki jamoa rahbariyatida pulni ayab o‘tirmaydigan Massimo Moratti va Florentino Pereslar faoliyat yuritishardi. Klub prezidentlarining xohishi Mourinyoniki bilan mos tushsa, klub yirik transferlarni amalga oshirish uchun pulni ayab o‘tirishmagan. Mourinyo qo‘li ostida ko‘pincha kuchli tarkib va moliyaviy qudaratli prezidentlar bo‘lgan. Har qanday murabbiy unga havas qilishi aniq. Boz ustiga, «O‘zgacha» ikki mavsumda jamoaga hech bo‘lmaganda chempionlikni taqdim qila olgan. Uzoq muddatdan buyon Chempionlar Ligasidagi ishtiroki omadsiz yakunlanayotgan bo‘lsada, bu uning iqtidoriga zarracha ta’sir qilmaydi. Yilda o‘rtacha 60 million yevro sarflashi esa Gvardiolaning o‘tgan yilgi natijasidan ancha durust. Xabaringiz bor, Gvardiola o‘tgan mavsumda jamoasini kuchaytirish uchun 213 million yevroni sarf qilgan va oqibatda mavsumni quruq holatda yakunlagan edi.