Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Ilkay Gyundogan: «Shon-shuhratdan ko‘ra pul muhimroq»

Ilkay Gyundogan: «Shon-shuhratdan ko‘ra pul muhimroq»

Baho:
+ | -

«Manchester Siti» yarimhimoyachisi Ilkay Gyundogan Adidas vakillari bilan Moskvada tashkil etilgan Tango League turniriga tashrif buyurdi. Bundan unumli foydalangan rossiyalik jurnalistlar u bilan suhbat uyushtirdilar.

- Siz ko‘rgan oxirgi serial?

- «Fors-majorlar». Shu serialni juda yaxshi ko‘raman. Barcha mavsumlarini ko‘rganman. Umuman olganda seriallarga qiziqaman. Agar bitta seriyasi yoqib qolsa, boshqa seriyalarini ham qidirishga tushaman.

- Sizning sevimli ichimligingiz?

- Alkogol ichimliklarini juda kam ichaman. Agar do‘stlar bilan jam bo‘lib qolsak, oz-moz ichishim mumkin. Chanqoqbosdi ichimliklardan fanta va kolaning aralashmasiga o‘xshash Mezzo Mixni yoqtiraman. Menimcha, Coca-Cola brendi bo‘lsa kerak. Ammo faqat Germaniyada sotiladi. Qachonlardir shunga o‘rganib qolgandim. Ammo shakar miqdori ko‘pligi bois hozir deyarli ichmayman. Pivo? Yoqtirmayman.

- Siz tanishishni istagan mashhur inson kim?

- Denzel Vashington. Uning film­larini sevib tomosha qilaman.

- Mashhurlik asablarni tarang qiladimi?

- Bir tomondan bundan rohatlanaman. Yoningizga fanatlar kelib dastxat so‘rashsa - bu ajoyib. Boshqa tarafdan siz ehtiyot bo‘lishingiz kerak. Chunki mashhur insonlarda ham boshqalar singari kayfiyat buzilib turadi.

- So‘nggi paytlarda nima haqida ko‘p o‘yladingiz?

- Yangi xonadon haqida. Unga yaqindagina ko‘chib o‘tdik. Angliyaga borganimda birinchi oy mehmonxonada yashaganman. Keyin qisqa vaqtga kvartira olgandim. Ikki-uch oy oldin esa yangisini sotib oldim.

- Har doim nimani o‘rganishni istagansiz?

- Pianino chalishni. Agar o‘rganib olsam ajoyib bo‘lardi.

- Oxirgi marta telefonga olgan suratingiz qaysi?

- Moskvaga kelayotganda samolyotda amakivachcham va fizioterapevtni suratga oldim. Moskvada esa hozircha rasm olmadim. Umuman olganda, sayohat qilishni yoqtiraman. Yozda do‘stlar bilan Los-Anjelesga bordik va «Gelaksi» bazasida shug‘ullandik. Afsuski, «Leykers» yoki «Klippers»ning o‘yiniga kira olmadim. Endi Braziliya, Kanada va Yangi Zelandiyaga borishni rejalashtirganman. Lekin bu kelajakda. Keyingi dam olish kunlari Stokgolmga, bundan oldin Skandinaviyaga boraman. Safar chog‘ida Zlatanning haykalini ko‘rmoqchiman!

- MBAdagi sevimli jamoangiz qaysi?

- Aniq yoqtiradigan jamoam yo‘q. Ammo uch-to‘rt oy oldin «Bruklin Nets»ning Nyu-Yorkdagi mashg‘ulot kompleksiga tashrif buyurdim. Ke­yin ushbu jamoaning o‘yinini tomosha qildim.

- Oxirgi marta nima sovg‘a qilgansiz?

- Ramziy ma’noda do‘stlarimga Los-Anjeles safarini hadya qildim. Lekin to‘g‘risini aytsam, bu o‘zim uchun sovg‘a edi. Agar do‘stlarim yonimda bo‘lsa o‘zimni baxtiyor his qilaman. Agar haqiqiy tuhfa haqida gapiradigan bo‘lsam, onamga tug‘ilgan kunlarida sumka sovg‘a qilgandim.

- Sizga berilgan eng yaxshi sov­g‘a?

- Umuman olganda, hadya olishni unchalik yoqtirmayman. Chunki o‘zimni noqulay his qilaman. O‘zim ishlab topaman. Mendan kam pul topayotgan insonlarning biror-bir sov­g‘a qilishlari g‘alati tuyuladi.

- Amalga oshirgan eng qimmat xaridingiz...

- O‘tgan yili Balikesirda yer sotib oldim. Bu Turkiyada, ota-onamning tug‘ilgan shahri. Qanchaga olganimni aytolmaymanu, lekin bu hayotimdagi eng qimmat xarid. Otam bilan bu yerni ikki sabab tufayli sotib oldik. Birinchidan, kelajagim uchun sarmoya. Pullarimni bekordan-bekorga sarflamoqchi emasman. Chunki faoliyatimni yakunlaganimdan so‘ng bunday ko‘p pul ishlab topolmayman. Ikkinchidan, Turkiyadagi jonajon shahrimga yordam bermoqchiman. Garchi yaxshi shahar bo‘lgani bilan zamonaviy emas. Buni tuzatmoqchiman. Shaharda biznes markazi qurmoqchimiz. Uning ichida ofislar, do‘konlar, mehmonxonalar va boshqa narsalar bo‘ladi.

- Nimani cheksiz qilishingiz mumkin?

- Uyquni juda yaxshi ko‘raman. Bir sutka uxlashim mumkin.

- Xotirangizdagi eng jahldor Klopp?

- U ko‘pincha shunday bo‘lardi. Lekin bir vaziyat esimdan chiqmaydi. Bir kun ertalabki mashg‘ulotdan oldin mushaklarim og‘riyotganini his qildim. Bunday vaziyatlarda shifokor yoki fizioterapevtga murojaat qilishim, ular esa tekshirishi kerak edi. Men hech kimga qo‘ng‘iroq qilmay, mashg‘ulotga yo‘l oldim. Mashg‘ulot boshlanishidan yarim soat oldin yana og‘riq sezdim va doktorga bordim. U tekshirib ko‘rib, buni Kloppga aytishim kerakligini ta’kidladi. Xullas, mashg‘ulot boshlanishiga 10 daqiqa qolganida Klopp oldimga kelib baqirib ketdi. Unga mashq qila olishimni aytdim. Lekin ko‘nmadi. Baribir, butsalarimni kiyib maydonga tushdim. Kloppning battar jahli chiqib, buni birinchi bilishi kerakligini aytdi. O‘sha kuni shunchaki mashq qildim, xolos.

- Angliyaga ko‘chib o‘tganingizda Klopp qo‘ng‘iroq qilganmi?

- Albatta. Hozir ham gaplashib turamiz.

- Kloppni uchta so‘z bilan ta’riflab bering.

- Ehtirosli. Kuchli. Aqlli.

- Gvardiolani uchta so‘z bilan ta’riflab bering.

- Juda aqlli. Beriluvchan. Omadli.

- Beriluvchan?

- Ha. Bu qanchalik haqiqatligini bilmaymanu, lekin uning rafiqasi hamisha e’tiroz bildirarkan. Pep ertalab soat 6-7 larda uydan chiqib, kechgacha mashg‘ulotlar bazasida bo‘ladi. Keyin kechki soat 7da uyga qaytib, televizorda yana futbol ko‘rarkan. U futboldan umuman dam olmaydi. Shuning uchun ham futbolga berilib ketgan.

- «Borussiya»dan ketishga qachon va qayerda qaror qilgansiz?

- Gvardiola bilan birinchi uchrashganimdayoq ketishga qaror qilganman. Hamisha uning fanati bo‘lganman. Uchrashuvdan so‘ng «Manchester Siti»ga o‘tishimga o‘zim ishonganman. Do‘stlarim ham qarorimni qo‘llashgan.

- Yaqin do‘stlaringiz ko‘pmi?

- Besh nafar. Ularning uchtasi o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Biri bankda, yana biri esa telefon aloqasi bilan shug‘ullanadigan kompaniyada. Ularning uchtasi bilan professional futbolchi bo‘lgunimga qadar tanishganman.

- Oxirgi marta qaysi konsertga borgansiz?

- Bruno Mars Manchesterga tashrif buyurganida bordim. Bundan bir oy oldin Dreykning ham konsertiga tushgandim.

- Futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchi kim?

- Messi.

- «Manchester Siti»ning eng yaxshi futbolchsi kim?

- (10 soniya o‘ylab qoldi).

- Rosti, Agueroni aytasiz, deb o‘ylagandik.

- Aguero, albatta, yaxshi. Ammo FIFA ko‘rsatkichlari bo‘yicha Silva yoki De Bryuyneni aytgan bo‘lardim. Balki o‘zim ham yarim himoyachi ekanligim uchun shunday o‘ylagandirman.

- FIFA o‘yinini o‘ynaganingizda qaysi jamoani tanlaysiz?

- Odatda, biror-bir futbolchini tanlab olaman. Ammo hech qachon o‘zimni tanlamaganman.

- Siz uchratgan eng aqlli futbolchi?

- Vensan Kompani. U yaqinda o‘qishni tugatdi. Hamisha noutbuk bilan yuradi va esselar yozadi. Vensan - juda aqlli yigit.

- «Borussiya»ning Chempionlar Ligasi finalidagi mag‘lubiyatidan so‘ng Klopp futbolchilarga nima degan?

- Uning juda jahli chiqqandi. O‘zimizga kelganimizdan so‘ng Klopp bizdan faxrlanishini aytgan. Birinchi bo‘limda bunchalik yaxshi o‘ynashimizni hech kim kutmagandi.

- Sizga Aleksis Sanchesning Klaudio Bravoga atalgan «Sizning kimligingizni bilmayman» nomli videosini ko‘rsatishdimi?

- Ha. To‘g‘risini aytsam, bunga ishonmayman. U yerda hech nima eshitilmagan. Shunchaki, labdan o‘qishgan.

- Ota-onangiz nima bilan shug‘ullanishadi?

- Bolaligimda onam oshpaz bo‘lganlar. Hozir ishsiz. Otam esa, odamlarni turli ishlarga yo‘naltiradigan nemis kompaniyasida ishlardi. Turkiya­da yashashadi. Otam qurilish kompaniyasida ishlayapti.

- Nima uchun ular Turkiyada yashashadi?

- Hamisha u yerga qaytishni orzu qilishardi. Ayni paytda ukam Germaniyada dugonasi bilan yashayapti. Men esa Angliyaga ko‘chib o‘tdim. Natijada ota-onam farzandlarimiz o‘zini-o‘zi eplay oladi, deb ko‘ngillari xotirjam kindik qonlari to‘kilgan yurtga yo‘l olishdi.

- Turkiyani emas, Germaniya terma jamoasini tanlaganingizdan xafa bo‘lishganmi?

- Menimcha, ular mendan faxrlanishgan. Yoshlar jamoalarida o‘ynaganimda ham shunday edi. Axir qaysi mamlakat bo‘lmasin, milliy terma jamoa a’zosiga aylandim. Balki, Turkiyani tanlashimni istashgandir. Chunki ular aynan shu mamlakatda o‘sib ulg‘ayishgan. Ular mening ta’lim va faoliyatim uchun Germaniyadan minnatdor ekanimni yaxshi bilishadi.

- Ertalab ayfoningizda ochadigan birinchi ilova?

- Budilnik. Keyin yana budilnik. Yana, yana. Uyqudan turishim uchun kamida besh marta chaladi. Yangi xabarlarni o‘qish uchun WhatsAppga kiraman. Kechqurun uyqudan oldin hamisha aviarejimni yoqib qo‘yaman.

- «Tvitter» va «Instagram»ga suratlaringizni o‘zingiz joylaysizmi?

- Bu ishni bajaradigan kompaniya bilan hamkorlik qilaman. Lekin «Tvitter»dagi barchasi mening roziligim bilan amalga oshiriladi. Ba’zan ular, aytaylik, «Hozir Moskvadasan. Biror-bir surat jo‘nat. Joylab qo‘yamiz», deyishadi. Ba’zan esa o‘zim aytgan narsani qo‘yishadi. Umuman olganda, ijtimoiy tarmoqlar fanati emasman.

- «Bavariya» hamisha «Borussiya»­ning yulduz futbolchilarini sotib oladi. Bu Dortmund futbolchilarining jahlini chiqaradimi?

- Shunday vaziyatlarda og‘ir bo‘lgan. Ayniqsa, Mario Gyotse ketganida. Chunki buni hech kim kutmagandi. Shu kabi holatlarda jahlim chiqqan, deyolmayman.

- «Borussiya» futbolchilari «Bavariya»ni yomon ko‘rishadimi?

- Yo‘q. «Bavariya» Germaniyaning eng muvaffaqiyatli klubi ekanini unutmaslik lozim. Bir kishi bu jamoani yomon ko‘rishini aytdi. Unga «Bavariya»dan minnatdor bo‘lishing kerak. Hamma ulardek bo‘lishni istaydi. Nemislar Germaniyada shunday klub borligidan faxrlanishlari lozim», dedim.

- Ko‘pchilikning fikricha, «Manchester Siti» muvaffaqiyatini sotib olgan, deydi. Bunga javobingiz qanday?

- Futbolda pulning muhim rol o‘ynashi tayin. Lekin «Manchester Siti»ning ham o‘z tarixi bor. Jamoa 1894 yili tashkil etilgan. Aytaylik, «Borussiya» undan keyin tashkil etilgan.

- Hozir qanday mashinada yuryapsiz?

- O‘z avtomobilim yo‘q. Qarindoshim men bilan birga yashaydi. Qayerga borsam, u olib yuradi. Angliyaga ko‘chib o‘tishim bilan jarohat oldim. Natijada mashina minolmadim. Tiklanganimdan keyin esa amakivachchamning olib yurishiga ko‘nikib qoldim. Keyin yana jarohat. Yaqin kunlarda «Porsh» keladi. Uch-to‘rt oy oldin buyurtma bergandim.

- Gyundogan talqiniga ko‘ra, tarixdagi eng yaxshi film?

- «Gladiator».

- Siz buyurtma beradigan ideal pissa qanday bo‘lishi kerak?

- Ko‘pincha «Margarita»ga buyurtma beraman.

- Katta pul yaxshimi yoki shon-shuhratmi?

- Katta pul. Chunki mablag‘ bilan ko‘p narsani amalga oshirsa bo‘ladi.

- Mashhurligingiz qizlar bilan munosabatingizga xalaqit beradimi?

- Ha. Futbolda sizning pulingiz borligi uchun munosabat o‘rnatish ko‘p uchraydi. Umuman olganda, bu odatiy hol.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:54, 17.07.2017.
O'qildi: 6489 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.