Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Real»-«Barselona» kim kuchli? Tarixga yana bir nazar

«Real»-«Barselona» kim kuchli? Tarixga yana bir nazar

Baho:
+1 | -

Jahon futbolidagi asosiy savollardan biri Ispaniya La-ligasining ikki buyuk ishtirokchisiga bog‘liq: «Real» kuchlimi yoki «Barselona»? So‘nggi mavsum yakunlariga qarasak, «Madrid» yaqqol ustun.

Xo‘sh, butun tarix bo‘yicha-chi? Soccer.ru saytining Tott Hot blogeri statistik hisob-kitoblar asnosida aynan Ispaniyaning eng muvaffaqiyatli jamoasini aniqlashga urindi. Tabiiyki, «Real» ham, «Barselona» ham futbol olamida behisob tarafkashlar barobarida o‘ziga xos «dushman»larga ega.

Umuman, ispan ligasi xususida ham shunday deyish mumkin. Bejiz bu birinchilikka nisbatan ba’zan «Ikki klub chempionati» ta’rifi ishlatilmaydi. Biroq boshqa tarafdan qarasak, primeroda doimo uchinchi kuch topilgan. Misol uchun, Ispaniya chempionatida hech qachon jamoalardan biri xuddi «Bavariya»ning Germaniya, «Lion» va «PSJ»ning Fransiya yoki zamonaviy «Yuventus»ning Italiyada chin hukmronlik qilgani kabi uzoq muddat taxtda mustahkam o‘tirgan emas!

Chunki La-ligada 2ta klubdan biri ozgina bo‘shashishdimi, estafeda bayroqchasi uning azaliy va ashaddiy raqibiga o‘tib ketadi. Tushunarliki, gap yillar emas, hattoki, asrlar o‘lchovi bo‘yicha ham buyuk hisoblangan «Barselona» va «Real Madrid» haqida ketmoqda.

Biroq shuning barobarida ispan futbolining boshqa nisbatan nomdor vakillarini ham unutmaslik lozim. Ular ham navbati bilan bosh rolga ko‘tarilish uchun jon olib, jon berishadi va bu primeroning eng qiziqarli ligalar qatorida zikr etilishini ta’minlaydi.

Tabiiyki, bitta tahliliy reyting Pireney yarim orolida qaysi klub balandroq va omadliroq ekanligi xususidagi abadiy savol-muhokamalarga chek qo‘ymaydi. Bu yakunsiz mavzudir.

Ammo Ispaniya chempionati va kubogi hamda halqaro musobaqalar yakunining umumiy hisob-kitobiga ko‘ra, tuzilgan reyting bu borada ma’lum tasavvur uyg‘otishi aniq. Demak, boshladik, birinchi hisob-kitob Ispaniya kubogi yuzasidan.

Ispaniya kubogi

Avvalo, reyting qanday shakllantirilgani xususida qisqacha tushuncha: har mavsum yakunida turnirning chorak finaliga chiqqan jamoalarga 1 ochkodan, yarim final ishtirokchilariga 2 ochkodan, finalchiga 3 ochko va kubok sohibiga 4 ochko berilgan. Shunday formula asosidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, jadvalda jami 70ta jamoa nomiga ochko yozildi. Boshqacha aytganda, Ispaniya kubogi tarixida shuncha jamoa kamida bir marta chorak finalgacha kurashni davom ettirgan. Alohida aytish kerak, oxirgi mavsumda «Alkorkon» (chorak finalchi), «Eybar» (chorak finalchi) va «Alaves» (finalchi) jamoalari ilk ochkolarni ishladi. Chorak finalda «Selta»ga imkoniyatni boy bergan «Real»ning 1tagina ochko bilan cheklanganini alohida ta’kidlash o‘rinli. Tarixda 29-marta billur sovrin sohibiga aylangan «Barselona»ning reyting ochkolari esa 189taga yetdi.

Demak, Ispaniya kubogining eng omadli jamoasi - «Barselona»! Biroq Kataloniya klubi va ta’qibchilar o‘rtasidagi farq u qadar katta emas. Umuman, agar XX asrning 80-yillari o‘rtalariga qarasak, Ispaniyada kubok turniri reytingi bo‘yicha Bilbaoning «Atletik» klubi oldiga tushadigani yo‘q edi. Keyinchalik «Real» o‘z kuboklari sonini oshirib, ochkolar bo‘yicha ham oldinga chiqib oldi, ammo oxirgi yillarda kataloniyaliklar bu borada ancha ildamlab ketishdi. Aslida reytingning umumiy ko‘rinishi hayratlanishga sabab bo‘ladi. Misol uchun, zamonaviy La-liganing mustahkam ishtirokchisi - «Vilyarreal»ni olaylik. Bu jamoa kubok reytingida atigi 6 ochkoga ega va 35-qatorda bormoqda. Gap shundaki, «sariq suvosti kemasi»ning elit ligadagi yurishi nisbatan keyinroq boshlangan va klub milliy kubokning ilk raundlarida aytarli karomat ko‘rsatmagan.

Ispaniya chempionati

Ma’lumot uchun aytish kerak, Ispaniya birinchiligi uzoq 1929 yili yo‘lga qo‘yilgan. Birinchi mavsumga nisbatan olsak, hozirgacha ishtirokchilar soni naq 2 baravarga ko‘paydi. Shuning uchun chempionat reytingini tuzishda alohida hisob-kitoblar talab qilindi. Ya’ni klublarga turli davrlar uchun ishtirokchilar soniga qarab, turlicha reyting ochkosi berildi. Xullas, reytingni shakllantirishda alohida-alohida formula asos qilib olindi.

10ta yoki 12ta jamoa ishtirok etgan mavsumlar uchun: 1-o‘rin - 6 ochko; 2-o‘rin - 4 ochko; 3-o‘rin - 3 ochko; 4-o‘rin - 2 ochko; 5-6-o‘rinlar - 1 ochko.

14ta jamoa ishtirok etgan mavsumlar uchun: 1-o‘rin - 6 ochko; 2-o‘rin - 4 ochko; 3-o‘rin - 3 ochko; 4-5-o‘rinlar - 2 ochko; 6-7-o‘rinlar - 1 ochko.

16ta jamoa ishtirok etgan mavsumlar uchun: 1-o‘rin - 7 ochko; 2-o‘rin - 5 ochko; 3-o‘rin - 4 ochko; 4-o‘rin - 3 ochko; 5-6-o‘rinlar - 2 ochko; 7-8-o‘rinlar - 1 ochko.

18ta yoki 20ta jamoa ishtirok etgan mavsumlar uchun: 1-o‘rin - 7 ochko; 2-o‘rin - 5 ochko; 3-4-o‘rinlar - 4 ochko; 5-6-o‘rinlar - 3 ochko; 7-8-o‘rinlar - 2 ochko; 9-10-o‘rinlar - 1 ochko.

Shu formula bo‘yicha tuzilgan ro‘yxatda 44ta jamoa joy oldi. Reytingga qo‘shilgan oxirgi jamoa - bu yakunlangan mavsum 10-o‘rinni band etgan «Eybar». Demakki, bu klub ilk marta kuchli o‘nlikka kirdi. Nihoyat, yana chempionlik nashidasini surgan «Real» esa «Barselona» bilan o‘rtadagi ochkolar farqini yana 1taga oshirdi. Umuman, 2ta grand jadvalda qolganlardan ancha ilgarilab ketgan va bu bejiz emas. Axir «Madrid» 33 marta, «Barselona» esa 24 marta taxtga ko‘tarilgan. Boshqa barcha jamoalar hisobidagi chempionlik medali soni 29ta. Boz ustiga, ulardan 18tasi «Atletiko» va «Atletik»ka tegishli. Xullas, Ispaniya chempionati bosh sovrinining oddiy taqsimoti quyidagicha: «Real» - 38,37 foiz; «Barselona» - 27,90 foiz; «Atletiko» - 11,62 foiz; «Atletik» -  9,30 foiz; «Valensiya» - 6,97 foiz; qolganlar («Real Sosyedad», «Deportivo», «Sevilya» va «Betis») - 5,81 foiz.

«Real» chempionat bo‘yicha mutlaq g‘olib! Bunda ham 1-2-o‘rinlarni ajratib turgan ochkolar miqdori ko‘p emas. Biroq «Barselona»ning ushbu jadvalda «Madrid»dan o‘zib ketishi oson emas. Misol uchun, kataloniyaliklar keyingi mavsum chempionlikni qaytarib olgan taqdirda ham, 2 yoki 4 ochko yaqinlashadilar, xolos. Axir «Qirollik klubi»ning 3-o‘rindan pastga tushishi aqlga sig‘maydi. 3-o‘rindan joy olgan «Atletiko»ning mavqesi xususida ham shu gaplarni takrorlash mumkin. Lekin nima bo‘lishidan qat’iy nazar, Ispaniya chempionati «intriga»dan xoli emas.

Xalqaro kuboklar

Navbatdagi bo‘lim xalqaro maydondagi natijalarni o‘z ichiga olgan. Aniqrog‘i, yevroarena natijalarini. Bunda ham turnirlar saviyasiga qarab, turlicha ochko berilgan. Ya’ni Kubok egalari kubogi va Yarmarkalar kubogi bitta tarif bo‘yicha baholangan bo‘lsa, UYEFA kubogi va YELdagi natijalarga teng miqdorda ochko yozilgan. O‘z-o‘zidan tushunarliki, eng yuqori ball Yevropa Chempionlar kubogi hamda CHLdagi ishtirok uchun berilgan. Demak, avvalo, turnirlar tarifi bilan tanishib chiqamiz.

Kubok egalari kubogi va Yarmarkalar kubogi uchun: chorak final - 1 ochko; yarim final - 2 ochko; final - 3 ochko; g‘oliblik - 4 ochko.

UYEFA kubogi va YEL uchun: chorak final - 2 ochko; yarim final - 3 ochko; final - 4 ochko; g‘oliblik - 5 ochko.

Yevropa Chempionlar kubogi va CHL uchun: chorak final - 3 ochko; yarim final - 4 ochko; final - 6 ochko; g‘oliblik - 9 ochko.

Oxirgi mavsumda Ispaniya jamoalaridan 4tasi xalqaro kuboklar reytingida ochko ishladi. Xususan, CHLda ketma-ket g‘oliblikni tantana qilgan «Real» hisobiga 9 ochko qo‘shilgan bo‘lsa, yarim finalda aynan «Madrid»ga yo‘l bo‘shatgan «Atletiko» 4 ball ishladi. «Barselona» esa chorak finalda «Yuventus»ga bas kelolmay, 3 ochko bilan cheklandi. Shuningdek, Yevropa Ligasi finalchisi - «Selta» 4 ball olib, bu borada «Deportivo»dan o‘zib ketdi. Umuman, reytingga Ispaniyaning 21ta jamoasi kirdi. Ya’ni yevrokuboklarda kamida chorak finalga chiqish shuncha klubga nasib etgan.

Yana «Real Madrid», yana mutlaq peshqadamlik! Ammo turnirlarni alohida olsak, boshqacha manzara yuzaga keladi. Deylik, Chempionlar kubogi va CHLdagi natijalar e’tiborga olinmasa, «Barselona» asosiy raqibi - «Real»dan 40 ochko ko‘proq to‘plagan. Chunonchi, kataloniyaliklar Yevropaning ikkinchi va uchinchi darajali turnirlarida ancha faol ochko yig‘ishgan. Ammo fakt shuki, YECHK|CHL asosiy musobaqa sanaladi va uning sarhisobi barchasini o‘z o‘rniga qo‘ydi. Bu yerda «Real Madrid» muzeyidagi 12ta «shalpangquloq» kubokning ahamiyati katta, shuning barobarida madridliklar eng obro‘li turnirning final va yarim final raundlarida ham «Barsa»ga nisbatan ko‘proq o‘ynashgan.

Yakun

3ta yo‘nalishdagi ochkolar birlashtirilsa, «Real»ning peshqadamlik mavqei yanada mustahkamlanadi. Kuchli 20ta jamoa orasida anchadan buyon elitadan tashqarida yurgan «Ovyedo»ning borligiga qarang.

«Real Madrid» - reyting g‘olibi! Madridliklar azaliy va asosiy raqiblaridan 58 ochko oldinda! Bu binoyidek tarixga ega «Malyorka»ning butun faoliyati davomida to‘plagan ochkosidan ham ancha ko‘p. Madrid «Atletiko»si esa zamonaviy maqomi - «uchinchi kuch»ga mos ravishda 3-qatorda.

Manba: soccer.ru
Kiritildi: 01:21, 19.07.2017.
O'qildi: 23420 marta.
Fikrlar: 20 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.