Kirish Ro'yxatdan o'tish

«Ayaks» futbolchisining dahshatli jarohati barchani hayron qoldirdi

«Ayaks» futbolchisining dahshatli jarohati barchani hayron qoldirdi

Baho:
+ | -

«Ayaks» qayg‘uda. Klubning yosh yoqimtoyi - Abdulhaq Nuriy sal qolsa, futbol maydonida hayotdan ko‘z yumardi... Eng achinarlisi, bosh miya shikastlanishi oqibatida iqtidorli yigitning to‘laqonli hayotga qaytishi so‘roq ostida qolmoqda. Bombardir.ru saytining quyidagi maqolasi ayni shu fojia va unga munosabat xususida.

«Ayaks» klubi va Gollandiya yoshlar termasining 20 yoshli umidi. Amsterdam superklubidagi debyutini o‘tgan yilning sentyabrida nishonlagan Nuriy yevrokubok bahslarida ham qatnashishdan tashqari, Gollandiyaning U-19 termasi tarkibida 2ta yoshlar o‘rtasidagi Yevropa chempionatida o‘ynadi. «Ayaks» ixtiyoridagi aksariyat yigitlar kabi juda istiqbolli futbolchidek taassurot uyg‘otayotgandi.

Nuriy avvalgi mavsum Gollandiya kubogi doirasida «Villem»ga qarshi kechgan bahsda jarima zarbasidan gol urdi va uni barmoqlari bilan o‘yinchilik raqami - «34»ni ko‘rsatgancha nishonladi. Futbolchi bu bilan «Ayaks»ning navbatdagi chempionlik unvoniga ishora qilgan ekan. Hozirda klub hisobida 33ta oltin medal bor.

«Ayaks»ning yangi bosh murabbiyi Marsel Keyzer so‘zlaridan iqtibos: «Bu yigitcha hammaning yoqimtoyi». Zero, Nuriy xushchaqchaq va quvnoq futbolchi. «Ayaks» afsonasi Shak Svart shunday deydi: «Abdulhaq hammaga do‘stona munosabatda bo‘ladi. Deylik, men bilan doimo quchoqlashib ko‘rishadi. Qoyilmaqom yigit va ajoyib futbolchi». Nuriyning maydondagi pozisiya bo‘yicha raqobatchisi Hakim Ziyesh ham uni o‘z ukasidek ko‘radi. Deylik, yosh ampluadoshining «Villem» darvozasiga to‘p kiritganidan behad quvongandi.

«Ayaks» 8 iyul kuni «Verder» bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdi. Boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan Nuriy birinchi bo‘lim o‘rtalarida o‘zini noxush sezib, qo‘qqisdan maysaga quladi va hushini yo‘qotdi. Shifokorlar taxminan 15 daqiqa yordam ko‘rsatishdi va shundan so‘ng futbolchini vertolyotda shifoxonaga olib ketishdi. Kechasi jonlantirish bo‘limidan yigitchaning hayotiga hech narsa xavf solmayotgani haqida xabar berildi.

Xushxabarni tezda dahshatlisi «yuvib» yubordi: tashxisga asosan, Nuriyning bosh miyasi jiddiy shikastlangan va uning tiklanishi gumon. Aniqlanishicha, yurak to‘xtagan payt miyaga kislorod yetib bormagan va u tuzalmas darajada shikastlangan. Aytgancha, klub bayonotiga ko‘ra, gollandning yuragida qandaydir muammo yo‘q. U yurak aritmiyasi sabab, hushini yo‘qotgan. Ammo bu yomon oqibatlarga olib keldi. «Shifokorlarning aytishlaricha, uning holati og‘ir. Ya’ni Nuriy o‘ziga kelgach, gaplasholmasligi, yurolmasligi, mustaqil ovqatlanolmasligi va hattoki, hech kimni taniyolmasligi xavfi bor ekan. Nima bo‘lgan taqdirda ham, biz umidni yo‘qotmaymiz»,-dedi futbolchining akasi Abdurrahim.

«Bu ehtimoli bor yomon xabarlarning eng ayanchlisi. Shunchaki, dahshat», - deb bayonot berdi «Ayaks» bosh direktori Edvin van der Sar. «Nuriyning oila a’zolariga hamdardmiz. Ularning hozirgi holatlarini tasavvur qilish ham og‘ir». Umuman, klubda haligacha hamma og‘riqli «shok»da. Xususan, har yili fanatlar bilan bo‘ladigan uchrashuv qoldirildi. Muxlislar Nuriy bilan ro‘y bergan baxtsizlik haqida gapirar ekanlar, ko‘zlari yoshlanmoqda. Fojia xususan, Gollandiya Sog‘liqni saqlash vaziri Edit Sxippers e’tiboridan ham chetda qolmadi: «Nuriy va uning oilasi uchun mislsiz zarba. Ularga ushbu dahshatni yengib o‘tish uchun kuch va sabr tilayman».

Ko‘plab klublar «Ayaks» va Nuriy oilasini qo‘llab-quvvatlashga urinmoqda. Misol uchun, «Barselona» birinchilardan bo‘lib, chuqur qayg‘uda ekanligini bayon etib, maxsus maktub yo‘lladi. Futbolchilar ham yakka tartibda munosabat bildirmoqdalar. Xususan, Luis Suares ijtimoiy tarmoqqa Klaas-YAn Xuntelar va yosh Nuriy bilan tushgan suratini joylashtirdi.

Hammasi juda alamli. Vrachlarning aytishlaricha, Abdulhaq yashaydi, biroq miyaning bunday shikastlanishidan so‘ng to‘laqonli hayotga qaytish imkoniyati yo‘q, hisobi. Bu holatda bitta savol ochiq qolyapti: tibbiyot rivojlangan va klublarda doimiy jiddiy tekshiruvlar olib boriladigan hozirgi kunda nega bu qadar ayanchli fojia yuz berdi? Afsuski, endi Nuriy uchun bu savol ham ahamiyatsiz, chog‘i...

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:53, 22.07.2017.
O'qildi: 8277 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.