Kirish Ro'yxatdan o'tish
14/11 05:00 Urugvay - Kolumbiya
14/11 05:00 Peru - Chili
14/11 14:10 Avstraliya 0-0 Saudiya Arabistoni
14/11 17:00 KXDR 2-3 Eron
14/11 19:00 Bahrayn 0-1 Xitoy
14/11 19:00 Kuvayt 1-3 Janubiy Koreya
14/11 21:00 Ummon 1-0 Falastin
14/11 21:15 Iroq 0-0 Iordaniya
14/11 21:15 Qatar 2-2 O‘zbekiston
14/11 21:15 BAA 3-0 Qirg‘iziston
15/11 02:00 Venesuela - Braziliya
15/11 04:30 Paragvay - Argentina
15/11 05:00 Ekvador - Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya - Yaponiya

«Bavariya» tarixidagi eng qimmat futbolchi

«Bavariya» tarixidagi eng qimmat futbolchi

Baho:
+ | -

Bir necha yil oldin «Manchester Yunayted» Antoni Martial uchun 50+30 mln. yevro to‘lab, barchani lol qoldirgandi. O‘shanda futbol jamoatchiligi yosh iqtidor haqida kam ma’lumotga ega edi.

Bugunga kelib, bu savdo o‘zini oqlamadi, desak ancha yumshoq aytilgandek tuyular. Ammo bir narsa aniq, Joze Mourinyu unga Martial kerak emasligini yashirmayapti.

Yaqinda yana bir hayratomuz transfer amalga oshirildi. «Bavariya» «Lion» yarim himoyachisi Korenten Tolissoni qo‘lga kiritish yo‘lida tinib-tinchimadi. Hattoki, Myunxen klubi rekord summa hisoblangan 41,5 mln. yevroni to‘lashdan ham qaytmadi.

Fransiya chempionatida to‘p surgan Tolisso - juda qiziq o‘yinchi, ammo kamdan-kam insonlargina aynan «Bavariya» va yuqoridagi miqdordagi mablag‘ (anchagina bonuslar haqida ham gap-so‘zlar yo‘q emas) evaziga lionlik iqtidor bilan kelishuvga erishishini kutishgandi.

Karl-Xayns Rummeniggening mas’uliyatni o‘zidan soqit qilayotganga o‘xshash so‘zlari esa, yanada hayratlanarli - uning aytishicha, aynan Anchelottini mazkur o‘yinchi qiziqtirgan. Matbuot anjumanida aytilgan har qanday so‘z ham bo‘lgan ishni ortga qaytara olmaydi - Tolisso shundoq ham nemis klubining yulduzlarga to‘lib-toshgan markazdagi raqobatiga olov purkaydi. Zero, «Bavariya»dagi nomlar shunchalik mashhurki, izohga hojat yo‘q.

Eng qizig‘i, nemislarning Bild nashri Korentenni o‘zining so‘ng­gi mavsumini o‘tkazib bo‘lgan Xabi Alonso vorisiga aylantirib qo‘ydi. Bundan kelib chiqadigan bo‘lsak: yo nemis jurnalistlari nimanidir bilishmaydi yoki Anchelotti «lionlik olmos» bilan jiddiy shug‘ullanishga ahd qilgan.

Gap shundaki, aynan Korenten - boks-tu-boks formatidagi markaziy yarim himoyachi hisoblanadi. Hujumga tez kirishib ketish, to‘p oshirishda sifatli o‘yin va markazdagi harakatchanlik futbolchi maydondaligida jamoaga hamisha qo‘l kelyapti.

O‘smirlik chog‘i futbochi «Shveysariya pichog‘i» yoki «universal» nomini olgandi. Turli davrlarda maydon markazida va himoya qanotlarida ham birday yaxshi to‘p surdi. Ustozlari Korenten yillar o‘tgani sari hujumga yaqin o‘ynashini takrorlashar, ayrimlari esa hatto uning uchun ideal hisoblangan o‘nlab pozisiyalarni aytishardi.

Masalan, 10 yoshgacha Amplyoplyui shahrida unga ustozlik qilgan janob Vidikan futbolchining so‘nggi yillardagi harakatlarini shunday sharhlaydi: «Menimcha, u driblinglarga kam e’tibor qaratmoqda va ko‘proq to‘p oshiryapti. Buni statis­tikasi ham aytib turibdi.

Texnikasi ikkinchi o‘ringa tushib qolgani kishini afsuslantirsa-da, ikkinchi tomondan, oldingi chiziqda jamoaga foydasi ko‘proq tegmoqda». Klub faxriylari ham yigitchadan mamnun. «U - mas’uliyatli yarim himoyachi. Doimo jamoa foydasiga ishlaydigan o‘yinchilar sirasidan, - deb fikrini bildirdi o‘tgan asr­ning 90-yillarida «Lion» sharafini himoya qilgan David Linares.

Ko‘pchilik maydon markazida to‘p bilan ko‘proq muomala qilishga intiladi, bu futbolchi esa hujumni rivojlantirish maqsadida undan tezroq qutulish payida bo‘ladi».

Eng muhimi, uning universalligi «Lion»da asosiy tarkibdan muqim joy olishiga yordam berdi. Birinchi uchrashuvda u Muamad Daboni qanotda almashtirdi, keyin esa o‘yinni Yoan Gurkyuff va Geyd Fofanlar jarohat olganidan foydalanib, maydon markazidan boshladi. «Yoshlar darajasida to‘p surganimda yarim himoyachi edim.

Menga bu pozisiya yoqadi. Hujumga qo‘shilish, gol urish, to‘p oshirish. O‘yin uslubim ko‘proq boks-tu-boksga mos tushadi», - deydi o‘zi haqida Tolisso. Shunday ekan, nega uni sof tayanch futbolchisiga aylantirishmoqchi? Buning sababini bilish uchun Xabi Alonso harakatlariga bildirilgan sharhlarga nazar solishning o‘zi kifoya - u o‘yin maromiga ulgurolmayapti.

Tolisso esa bu kamchilikni tezligi hisobiga yo‘qqa chiqarishi hech gap emas, boz ustiga, aniq uzatmalari o‘yin sur’atini oshirishga hamda kuchaytirishga xizmat qiladi. Aniq to‘p oshirishlari esa o‘rtacha 83,6 foizga teng. Musobaqalar darajasini hisobga olganda, shuningdek, uzoqdan va aniq oshirilgan to‘plarning sonini qo‘shganda, bu juda yaxshi ko‘rsatkich.

Yarim himoyachi sifatidagi debyutidan so‘ng, uning ustozi Remi Gard Tolissoning harakatlarini ijobiy baholadi: «Yangi pozisiyaga juda tez moslasha oldi. Doimo yaxshi futbolchi bo‘lish uchun oddiy o‘ynash kerakligiga ishonganman. Bu holat Korentenga xos». Sharoitlarga shu darajada moslashuvchanlik ortdagi pleymeykerlik uchun eng yaxshi holatdir.

Muammo shundaki, Tolisso raqib hujumini buzish masalasida bunchalik yaxshi emas. To‘pni olib qo‘yish chog‘ida oddiy follarga yo‘l qo‘ymoqda. Psixologik nuqtai nazardan ayt­ganda, bu futbolchining ruhiyatini izdan chiqarish hech gap emas.

Masalan, Ronadagi derbida «Sent-Etyen» futbolchilari Korentenni «sindirish»ni shu darajada qoyilmaqom uddalashdiki, u maydonni «do‘zax»ga aylantirib yuboray dedi. O‘yindan ke­yin esa Tolisso nohaq bo‘lganini tan oldi: «Uchrashuv oxiriga borib asablarim dosh bermadi.

Nima bo‘lganini bilmayman. Bundan juda afsusdaman. Ushbu harakatlarim jamoamga qanchalik og‘ir oqibatlar olib kelishi mumkinligini tushunmagan ekanman. Bugun yoshlar uchun yomon namuna ko‘rsatdim».

Tolisso noqulay vaziyatlar va musht­lashuvlarga tez-tez kirishib ketadi. Joffre Jurdren bilan bo‘lgan holat bunga yaqqol misol. Vaholanki, Joffre bahsdan keyin «Monpelye»ni maydonda kamchilik bo‘lib qolishiga sabab bo‘lgan simulyasiya bilan bog‘liq vaziyatga oydinlik kiritib olmoqchi bo‘lgandi, xolos.

Bunday vaziyatlar doimiy tarzda Tolisso bilan yuz berib turishini inobatga olsak, intizom masalasida ham u o‘z ustida ishlashi kerakligi ma’lum bo‘ladi.

Bunda futbolchining xarakterini ham yoddan chiqarmaslik kerak. Zero, his-hayajonni jilovlay olmaslik xohlagan vaziyatda yuz berishi mumkin. Xuddi 2014|2015 yillar mavsumida Rona derbisida Korenten maydonni ko‘zlarida yosh bilan tark etganida bo‘lgani kabi - axir, aynan u o‘tkazib yuborilgan har ikki golda ham aybdor edi-da.

Shunga o‘xshash voqea «Lion» yoshlari safida to‘p surib yurganida ham qayd etilgandi - «Bordo» darvozasiga Gambardella kubogi 1|16 finalida «nuqta»dan to‘p kiritolmagandi.

Balki, bu kabi noxush voqea­lar unga tajriba maktabi bo‘lgandir?! Zero, Korentenning o‘sayotgani shundoq ko‘rinib turibdi. Fransiya termasi orzulardan reallikka aylanishi mumkin. Didye Desham ham shunday fikrda: «Tolisso? U milliy termadan joy oladigan kunlar unchalik ham uzoq emas».

Fransuzlar bir fikrga kelishni cho‘zib yuborishmasa bo‘lgani, boisi Koko dastlab rad javobini bergan bo‘lsada, otasining vatani bo‘lmish Togo termasi taklifini qabul qilishi ham hech gapmas.

Shunday qilib, «Bavariya»ga oddiy bo‘lmagan iste’dod egasi kelib qo‘shildi va futbolchi iqtidorini rivojlantira bilish lozim. Karlo Anchelotti u bilan mavsumoldi mash­g‘ulotlarida yaxshilab ishlashi, «Bavariya» o‘yiniga qo‘sha bilishi va tayanch yarim himoyachiga qanday talab qo‘yilishini tushuntirishi lozim.

Murabbiy qo‘lidagi ishlov berilmagan olmosning qadriga yetsin. Agar Myunxen uni tayanch futbolchisiga aylantira olsa, universallik darajasi jihatidan unga yetadigan futbolchi bo‘lmaydi. U Martial yo‘lini takrorlay olarmikan? Voqealarning bunday rivojini ham hisobdan chiqarib bo‘lmaydi, biroq Tolisso bundanda ko‘prog‘iga qodir.

Umumiy ma’lumot

To‘liq ismi: Korenten Tolisso

Tug‘ilgan yili: 1994 yil 3 avgust (23 yosh)

Fuqaroligi: Fransiya

Bo‘yi: 181 sm., Vazni: 79 kg.

Pozisiyasi: markaziy yarim himoyachi

Klubi: «Bavariya»

Klubdagi faoliyati:

2013-2017 «Lion» - 116 (21)

2017-... Bavariya 0 (0)*

Milliy terma jamoa:

2012 Fransiya (19 yoshgacha) 1 (2)

2013-2014 Fransiya (20 yoshgacha) 3 (0)

2014-2016 Fransiya (21 yoshgacha) 19 (6)

2017-... Fransiya 1 (0)**

Professional klub tarkibidagi o‘yin va gollari milliy chempionatlarning turli ligalaridagina hisobga olinadi (2017 yil 14 iyun holatiga).

* Rasmiy o‘yinlarda terma safidagi o‘yinlari va gollari (2017 yil 28 mart holatiga).

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 09:48, 25.07.2017.
O'qildi: 8434 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.