Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Mirjalol Qosimov: «Rossiyada futbolchining chiroyli qosh-ko‘ziga qarashmaydi»

Mirjalol Qosimov: «Rossiyada futbolchining chiroyli qosh-ko‘ziga qarashmaydi»

Baho:
+ | -

Bugun «Bunyodkor» jamoasi O‘zbekiston kubogi 1|4 final doirasidagi ilk uchrashuvda «Neftchi»ga qarshi maydonga tushadi. Kecha esa davralar oralig‘ida «qaldirg‘ochlar» safiga kelib qo‘shilgan yangi futbolchilarni tanishtirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

«Bunyodkor» rahbariyati darvozabon Suhrob Sultonov, himoyachi Islom Qobilov (ikkisi ham «Metallurg»dan), yarim himoyachi Shohruh Gadoyev («Buxoro»), hujumchi Vohid Shodiyev («Qizilqum»), himoyachi Anvar G‘ofurov, hujumchi Shohruz Norxonov (ikkisi ham «Obod»), yarim himoyachi Sardor Sobirxo‘jayev («Sho‘rtan») bilan shartnoma imzoladi.

Tadbir doirasida nomlari tilga olingan yangi futbolchilarga libos topshirish marosimi ham o‘tkazildi. Unga ko‘ra, Suhrob Sultonov 32, Islom Qobilov 3, Shohruh Gadoyev 22, Vohid Shodiyev 14, Anvar G‘ofurov 6, Shohruz Norxonov 77, Sardor Sobirxo‘jayev esa 18-raqamli futbolkalarni qabul qilib olishdi.

Biz tanishtiruv marosimi oldidan jamoa bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovdan eksklyuziv intervyu oldik.

- Mirjalol aka, tog‘li hududda bir haftalik yig‘in o‘tkazildi. Unda jamoa tarkibiga qo‘shilgan yangi futbolchilar o‘zlarini qay darajada ko‘rsatishdi? Ularning bugungi jismoniy holati talab darajasidami?

- Afsuski, mashg‘ulotlarni to‘liq tarkibda o‘tkaza olmadik. Uch nafar futbolchimiz - Otabek Shukurov, Shohruz Norxonov va Davron Umirov terma jamoamizning Turkiyadagi yig‘inida qatnashishdi. Shukurov 2ta o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Norxonov bitta o‘yinda bir bo‘lim, ikkinchisida 10 daqiqa harakat qildi. Umirov esa jarohati sabab alohida mashg‘ulot o‘tkazish bilan cheklandi. Qolgan futbolchilarga to‘xtaladigan bo‘lsam, Shodiyevning hozirgi jismoniy holati talab darajasida emas. Vohidda o‘yin amaliyoti kam. Tog‘dagi yig‘inda asosiy e’tibor jismoniy tayyorgarlikka qaratilgani bois, yangi futbolchilarning to‘p bilan qanday muomala qilishini ko‘rishning imkoni bo‘lmadi. Lekin ularning deyarli barchasi men yaqindan tanigan futbolchilar, sinovdan o‘tishgan. Darvozabonimiz Murod Zuhurov bilan raqobatni yuzaga keltirish maqsadida «Metallurg»dan Suhrob Sultonovni taklif qildik. Anvar G‘ofurov va Islom Qobilov himoyani kuchaytirishlari kerak. Sir emaski, bugungi kunda eng zaif chizig‘imiz bu - himoya. Birinchi davrada aksariyat gollarni standart vaziyatlardan so‘ng o‘tkazib yubordik. «Navbahor» bilan o‘yinda g‘alaba qozona turib, yakunda ochko yo‘qotdik. O‘sha uchrashuvlarni tahlil qilganimizda shu narsa ayon bo‘ldiki, futbolchilar stabil, ya’ni bir maromda o‘ynay olishmagan. Bu eng katta kamchiligimiz. Shuning uchun ham, yangi futbolchilarni olayotganda ularning tajribasiga tayandik. G‘ofurov, Shodiyev shular jumlasidan. Chempionat va kubok bahslarida o‘z oldimizga aniq vazifalarni qo‘yganmiz. Buning uchun tajribali futbolchilarning ko‘magi kerak bo‘ladi...

- «Bunyodkor» uchun transfer bozori yopildi, deb hisoblasak bo‘ladimi yoki hali seleksiya jarayoni davom etadimi?

- Seleksiya yil bo‘yi davom etadi. Mening prinsimim shunday, asosiy transferlarni qishda amalga oshiraman. Hozir duch kelgan futbolchini ololmayman...

- Legionerlarni taklif qilish masalasini ko‘rib chiqmadingizmi?

- Xorijlik futbolchilarning aksariyati hech qanday ko‘riksiz shartnoma imzolanishini talab qilishdi. Menga bunday legionerlar kerak emas. O‘zim ko‘rib, o‘sha futbolchi haqida to‘liq ma’lumot va tasavvurga ega bo‘lmagunimcha, ko‘r-ko‘rona shartnoma tuzmayman. Qolaversa, hozir moliyaviy tomondan katta transferlarni amalga oshiradigan holatda emasmiz.

- Jamoani qiyin vaziyatda qabul qilib olgandingiz. O‘tgan davr mobaynida klubda qanchalik o‘zgarishlar amalga oshirildi?

- Sekin-asta futbolchilar ulardan nimani talab qilayotganimni tushunib yetishyapti. Bu esa o‘z samarasini bera boshladi. «Qo‘qon-1912», «Lokomotiv», «Neftchi» kabi jamoalarga qarshi kechgan o‘yinlarda g‘alabaga erishdik. «Nasaf» bilan bahsda himoyadagi xatolar ko‘zga tashlanib qoldi. Standart vaziyatlar payti pand yedik.

- Yil boshida Akmal Shorahmedovni o‘zingiz «Nasaf»ga tavsiya qilgan edingiz. Intervyularingizning birida «Akmalni ortga qaytarsak, yaxshi ish bo‘lardi», degan jumlani ishlatdingiz. Bu qaytish amalga oshmadimi?

- Darvozabon Eldor Suyunov va markaziy himoyachi Sherzod A’zamov «Paxtakor»ga o‘tgach, «Nasaf»ning himoya chizig‘ida kuchsizlanish ro‘y berdi. Shu sababli ham, qarshilik murabbiylar Akmalni qo‘yib yubormaslikni lozim topishdi. Qolaversa, uning klub bilan amalda shartnomasi bor edi.

- Eldor Shomurodovning transferi yuzasidan fikringiz qanday? U «Rostov»ni tanlab, to‘g‘ri qarorga keldimi?

- Buni vaqt ko‘rsatadi. Eng muhimi, hammasi uning o‘z qo‘lida. O‘zini ijobiy tomondan ko‘rsata olsa, zaxira o‘rindig‘ida qolib ketmaydi. Rossiya chempionatida futbolchining chiroyli qosh-ko‘ziga qarashmaydi. U yerda eng kuchlilargagina maydonga tushish imkoniyati beriladi. Eldorning o‘zi bilan bu mavzuda juda ko‘p gaplashdik. U mendan oxirigacha bu sirni yashirishga harakat qildi. Lekin bundan avvalroq xabar topgandim. Unga «Yana bir yil «Bunyodkor»da o‘zingni ko‘rsat, jamoa bilan hech bo‘lmasa bitta sovrinni qo‘lga kirit, keyin ketish qochmaydi», deb bir necha bor aytgandim. Adashmasam, u «Bunyodkor» safida hech qanday sovrin yutmagan, O‘zbekiston chempioni bo‘lmagan. Birinchi davrada uning xayoli joyida emasdi. Buni Shomurodovning o‘yinlaridan ham bilib olsa bo‘ladi. Yarim mavsumda bor-yo‘g‘i bitta gol urish - hujumchiga xos natija emas. Boz ustiga, gap milliy terma a’zosi haqida ketyapti. Shunday bo‘lsada, unga omad tiladim. «Rostov» o‘yiniga kirishib ketsa, bu bosh jamoamiz uchun ham foydali bo‘ladi. Zero, oldinda JCH-2018 saralash bosqichining ikkita muhim o‘yini kutib turibdi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 17:32, 27.07.2017.
O'qildi: 12135 marta.
Fikrlar: 8 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.