Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Ronaldu qanday ovqatlanadi yoki yulduzning muvaffaqiyat sirlari

Ronaldu qanday ovqatlanadi yoki yulduzning muvaffaqiyat sirlari

Baho:
+ | -

Bir yildan sal ko‘proq vaqt ichida Krishtianu Ronaldu ikki marta YECHLda g‘olib bo‘ldi. Yevro-2016, Ispaniya La-ligasi va klublar o‘rtasidagi JCHning oltin medallarini qo‘lga kiritdi.

Oxir-oqibat «Oltin to‘p»ni o‘z kolleksiya­siga qo‘shib qo‘ydi. Ana shu muvaffaqiyat­larning barchasiga CR-7 o‘zining sport dasturiga tegishli o‘zgarishlar kiritish orqali erishdi.

Jumladan, ovqatlanishdagi zararli odatlardan voz kechib, qat’iy parhezga amal qiladigan bo‘ldi.

Hujumchi Madridga kelgan payt «Real» bosh direktori Xorxe Valdano shunday degandi: «Kimki mashg‘ulotlarda astoydil ter to‘kib, o‘z salomatligini nazorat qilmas ekan, hech qachon Ronaldunikidek tana tuzilishiga ega bo‘lolmaydi». Faoliyatidagi ikkinchi YECHL kubogini qo‘lga kiritgan mavsumda ustozlik qilgan Karlo Anchelottini esa shogirdining spirtli ichimliklarni umuman iste’mol qilmasligi lol qoldirgandi.

Ronaldu shuningdek, shokolad va gazli suvga ham toqat qila olmaydi. Odatda, ko‘pchilik futbolchilar o‘yindan keyin o‘zlariga biroz erk berishni yoqtirishadi. Masalan, «Valensiya» a’zosi Dani Parexo «Fanta»ning shaydosi. Ronaldu esa bunday lazzatlanishlarga yo‘l qo‘ymaydi. Aytishicha, ortiqcha vaznni yoqtirmaydi, ozg‘inlik uchun irsiy xususiyatlaridan minnatdor, oziq-ovqat mahsulotlarini tanlashda o‘ta talabchan.

Qat’iy parhezga rioya qilish portugaliyalik hujumchiga doimo talab darjasidagi sport formasida bo‘lish imkoniyatini beradi. Mushaklar salmog‘ini oshirish yoki aksincha, vaznni kamaytirish uchun mutaxassislar futbolchiga maxsus dasturlar tayyorlashadi: mashg‘ulotlar, zalda individual tarzda mashq qilish, dam olish va ovqatlanish rejimlariga qat’iy amal qilish. Krishtianu arzimas ikir-chikirlarga ham katta ahamiyat beradi.

2015 yili suratga olingan «Ronaldu» filmi hujumchining oilaviy nonushtasi bilan boshlanadi. Keng stol atrofidan joy olgan ota-bola qarshisida uch shisha suv turibdi. Otasi apelsin mevalarini maydalash bilan ovora, o‘g‘lining oldida ham sariq rangdagi sharbat. Maktab va mashg‘ulotlar tugagan oqshom paytida futbolchi o‘g‘liga sut taklif etadi, xuddi otasidek kuchli bo‘lish uchun.

Ronaldular oilasi bilan yaqindan tanishish imkonini beradigan kartinada Ronalduning qanday mahsulotlarni iste’mol qilishi haqida ma’lumotlar yo‘q. Stol ustida qandaydir likopchalar bor. Ammo ular ichidagi taomlarni ko‘rish ilojsiz. Internetda Ronalduning parhezlaridan foydalanishni tavsiya etishadi, ispaniyalik videoblogerlar sharhlarini yoritadilar.

Boisi, CR-7ga o‘xshashni istaydiganlarning son-sanog‘i yo‘q. 32ga chiqqan futbolchi mahoratining ochilmagan qirralarini kashf etishdan ko‘ra faoliyatini yakunlashga yaqinroq ekanligi o‘z-o‘zidan ma’lum. Shu sababli hujumchi iloji boricha uzoqroq to‘p surish yo‘llarini qidiradi, jismoniy tayyorgarlik jarayoniga tegishli o‘zgarishlar kiritadi.

Aynan shu izlanishlar evaziga Ronaldu 2016|2017 yillar mavsumining yakuniy bosqichini shidatli o‘tkazdi: YECHLning chorak finalidan so‘ng 10ta gol va Buffon darvozasiga yo‘llagan oltin «dubl».

30dan o‘tgach, Krishtianu vazn tashlash yo‘llarini izlay boshladi va har yili tug‘ilgan kunini bir kilogramm­ga yengilroq holda nishonlashga odatlandi. Tig‘iz davr ortda qolgach, mushaklar salmog‘ini pasaytirish zarurati paydo bo‘ldi. Aks holda, futboldagi keksayish jarayonini sekinlatish, asosiy ustunligi bo‘lgan tezlik va tezkorlikni saqlab qolishning iloji bo‘lmasdi.

To‘g‘ri ovqatlanish, aniq rejalarga asoslangan yuklamalar hamda tiklanish jarayoni va albatta, qat’iy parhezga to‘liq rioya qilish. «Sog‘lom parhezga amal qilish - futbol o‘yinining asosi! O‘ziga maqbul keladigan yonilg‘ini topa olmagan futbolchi hech qachon mahoratini 100 foiz namoyish etolmaydi», - deydi Ronaldu.

Eng maqbul «yonilg‘i» reseptiga ega bo‘lish uchun Krish uzoq izlandi. «MYU»dalik payti ayrim zararli illatlardan xoli emasdi. Oqibatda parhezga o‘tishga majbur bo‘ldi. Ayni damda qaysi taomdan qanday miqdorda iste’mol qilish kerakligini yaxshi biladi.

Ronalduning ovqatlanishdagi asosiy prinsiplari

U har kuni 3000 kaloriyali taom iste’mol qiladi. Asosan baliq, dengiz mahsulotlari va sabzavotlardan iborat. Taomlarni pishirish usuli - bug‘da yoki duxovkada tayyorlash. Krishtianu dorado, dengiz olabug‘asi va onasi tayyorlaydigan portugalcha bakalaoni yaxshi ko‘radi.

«Bakalao Ronalduning sevimli taomi. Uni har kuni yeyish mumkin emas. Chunki u 500 kaloriyaga ega. Bundan futbolchining onasi ham yaxshi xabardor», - deydi Portugaliya terma jamoasining oshpazi Elio Loureyro.

Baliq taomlarini odatda pomidor salati bilan iste’mol qiladi. U tug‘ilib o‘sgan Mazeyradagi tropik mevalar ham parhezbop. Uning taomnomasida quyuqlashtiruvchi qo‘shimchalar va garnirlar yo‘q.

Ronaldu mahsulotlarni sof holda yeyishni yoqtiradi. Sevimli kechki taomi - no‘xat qo‘shilgan sabzili guruch. Bu ozuqa uglevod, kaliy, fosfor, temir, selen moddalari va «A» vitaminiga boy. U mushaklar toliqishini bartaraf etadi, suyaklarni mustahkamlaydi. Brokkoli esa antioksidantlar va organizmdan zararli moddalarni chiqarib yuboradi. Tovuq go‘shtida oqsil mo‘l. Bananda magniy ko‘p bo‘lgani uchun tomir tortishishining oldini oladi.

Ronaldu suvni ko‘p ichadi, tushdan keyingi yengil ovqatlanish payti nok, apelsin, ananas, olma, hatto limondan tayyorlangan sharbatlar bilan oziqlanadi. Sharob kamdan-kam hollarda ichadigan ichimlik.

Boz ustiga, «Real» a’zolari o‘rtasida shunday hikmat bor: «Ko‘zalar (kuboklar) ichish uchun emas, yutib olish uchun tayyorlangan». Krishtianuning otasi ichkilik tufayli yorug‘ dunyoni 57 yoshida tark etgan. Akasi Ugo esa uzoq vaqt narkotik moddalar changalidan chiqish uchun kurashdi. «Agar Ronaldu futbolni tanlamaganida xuddi akasi kabi giyohvand bo‘lib qolardi.

Xayriyatki, u sportdan voz kechmadi. Shu sababli spirtli ichimliklarni og‘ziga olmaydi», - deydi onasi. Aytgancha, Madrid va Madeyra oralig‘ida qatnab yashayotgan Dolores xonim o‘g‘lining to‘g‘ri ovqatlanishida yaqindan yordam beradi.

Duch kelgan yerda ovqatlanishni yoqtirmaydi - uyida yoki «Real» bazasida tamaddi qiladi. Shu sababli uning restoranlardagi suratlarida likopchalar ko‘pincha bo‘sh yoki kamtarona taomlar bilan band.

Futbolchining ovqatlanish tartibida bir qator qoidalar mavjud: taom iste’mol qilish orasidagi vaqt bir necha soatdan iborat. Shunda tanovvul qilingan ovqatning quvvatidan mashg‘ulotlarda unumli foydalanish va metabolizm ta’sirini nazorat qilish imkoniya­ti paydo bo‘ladi.

Nonushta: «Odatda, boshoqli ekinlar, mevalar va non bilan cheklanaman. Ichimlik sifatida suv bilan sharbatlardan foydalanaman. Mevalar - banan, qulupnay, olma va mango sharbatini aralashtirib, tajriba o‘tkazishni yoqtiraman». Shuningdek, Ronaldu baliqni sevgani uchun ba’zan nonushtada ham iste’mol qiladi.

Britaniyalik yetakchi diyetolog Merilin Glenvil Ronalduning nonushtasiga quyidagicha baho berdi: «Donli ekinlar qayta ishlangan shirin uglevodlardan foydaliroq.

Masalan, non yoki shunga o‘xshash pishiriqlardan. Donda foydali to‘qimalar miqdori ko‘p. Meva sharbatini suv bilan bir xil nisbatda ichish foydali». Qo‘shimchalardan Ronaldu protein kokteyli va multivitaminlarni xush ko‘radi.

Irina Sheyk bilan ajrashib ketganligi portugaliya­lik futbolchining parhezga rioya qilishiga ijobiy ta’sir etdi - xonim fastfut, turli xamir taomlar, konfet va kremlarni yaxshi ko‘rardi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:26, 13.08.2017.
O'qildi: 14635 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.