Murabbiylik maktabining yorqin vakillaridan biriga aylangan Antoni Konte ayrim jihatlari bilan graf Monte Kristoni eslatadi.
Ehtimol italiyalik murabbiy qachonlardir Aleksandr Dyumaning mashhur asarini mutolaa qilgan va bosh qahramonga o‘xshashni diliga tugib qo‘ygandir?
Nima bo‘lganda ham, qat’iyat, maqsadga erishish yo‘lida hech narsadan qaytmaslik va chapanicha tabiat - Montega ham, Kontega ham xos bo‘lgan fazilat.
«Chelsi» bosh murabbiyining hayotidan olingan qiziqarli lavhalar bilan tanishgach, siz ham bunga ishonch hosil qilasiz.
Janob «Parik»
Aytishlaricha, italiyaliklar oliftalikka tug‘ma moyillik bilan dunyoga kelisharkan. Tabiat barchaga yuz foizlik mukammallikni beravermaydi. Jumladan, Antonio Konte ham tashqi ko‘rinish borasida bir kamchilik - ko‘pchilik erkaklarga xos, lekin aslida xafa bo‘lishga arzimaydigan yetishmovchilikka duch keldi: uning sochlari barvaqt to‘kilib ketdi.
«Yuventus»ning 90-yillar oxiri va 2000-yillar boshlaridagi faoliyatidan yaxshi xabardor bo‘lgan muxlislar siyrak sochli yaltirbosh yarim himoyachini yaxshi eslashadi. Asta-sekin Konte o‘jar tabiatdan yengilganini tan olib, bu noxush holatga e’tibor bermay qo‘ydi. Murabbiylikning ilk bosqichida esa «Siyena» va «Aresso» klublariga umuman «bilyard shari» yordamida rahbarlik qildi. Ammo keyinchalik...
Kontening katta sahnaga qaytishi 2011 yili yuz berdi - «Yuventus» bosh murabbiyi sifatida maydonga tushganida «bilyard shari» quyuq soch ostida g‘oyib bo‘lgandi. Taajjubki, sho‘rlik Antonio yanada kuchliroq malomatga duch keldi - muxlislar unga «parik» laqabini hadya etishdi.
Masalan, «Fiorentina» fanatlari Konteni «Sochlari monopoliya pullari kabi qalbaki» degan banner bilan kutib olishdi. Aslida murabbiy bir necha murakkab operasiyalarga dosh bergan, ayniqsa, Kanadaning Hasson and Wong klinikasida amalga oshirilgan muolajadan so‘ng quyuq sochlar sohibiga aylandi. Bu tibbiyot maskani xizmatidan o‘z vaqtida Ueyn Runi, Rayan Giggz va Ditmar Xamann kabi bir qator yulduzlar foydalanishgan.
Suyukli dushman
Jamoani boshqarishi anchayin qo‘pol ko‘rinsada, yaxshi samara berardi. Bu murabbiydan mavqtov so‘zlarini eshitishning iloji yo‘q, u doimo «qirovi»da yuradi. Ayniqsa, tanaffuslar paytida g‘azab otidan tushmaydi. Kontening yechinish xonasiga tashrifi ham o‘ziga xos: undan avval suvli «baklajka» yoki shunga o‘xshash buyum yashin tezligida uchib kiradi. Andrea Pirlo hazil aralash ohangda «Turinning eng xavfli nuqtasi»da bir necha hayajonli daqiqalarni o‘tkazgani haqida hikoya qilgandi.
Axir badjahl Kontening qo‘lidan chiqqan buyumlar shundoqqina mashhur yarim himoyachining boshi ustida devorga urilardi. «Yuventus» a’zolari bilan ilk uchrashuvdayoq murabbiy ularni yettinchi o‘rindan ko‘tarila olmaydigan noshudlar deb atab, bunday sharmandalikka chek qo‘yishini aytgandi. Uning qahridan noligan Pirlo murabbiyning olmosdek o‘tkir va ilon zahridek ta’sirchan tilini ham unutmagandi.
Taajjubki, futbolchilarga ustozdan maqtov, hech bo‘lmaganda xayrixohlikni eshitish oliy mukofot bilan barobar bo‘lsada, ular maydonda Konte uchun jondan kechishga ham tayyor edilar.
Vaholanki, murabbiy o‘yinning boshidan oxirigacha ularni noshuddan olib noshudga solar, ta’na-dashnomlarga butun stadion guvoh bo‘lardi. Ana shu zaylda kechgan bahslarning aksariyatini Konte va uning shogirdlari xursandchilik va ko‘tarinki kayfiyatda yakunlashgan. Xullas, ustoz futbolchilarning birinchi raqamli suyukli «dushmani» maqomiga erishdi.
Qirqindi maqolalar
Gazetalardan qirqib olingan tanqidiy maqolalar Konte uchun muhim tarbiya vositasi hisoblanadi. Mutaxassis ularni yechinish xonasi devorlariga yopishtirib, shogirdlarining diqqat bilan o‘qib chiqishlarini nazorat qilardi. Bu uslubni Antonio «Lechche»dagi ilk professional faoliyatida ustozlik qilgan Eujenio Fashettidan meros qilib olgan.
Antonioning fikricha, g‘alabaga erishish uchun futbolchi talab darajasidagi quvvat, zaryadga ega bo‘lishi shart. Zaryadning musbat yoki manfiy bo‘lishi muhim emas. U qancha kuchli bo‘lsa, shuncha yaxshi. Aytgancha, mag‘lubiyat bilan yakunlangan o‘yinlardan keyin murabbiy har bir shogirdini alohida-alohida izzat-nafsiga tegadigan laqablar va haqoratlar bilan «mukofot»lardi.
Hech kim nasibasiz qolmasdi. Keyin har bir futbolchidan 20 funtdan pul talab etardi va norozi ohangda «nima uchun, mister?» savolini kutadi. Bor qahr-g‘azabini tiliga joylab, javob qaytaradi: «Hatto shunga ham aqlingiz yetmaydi, laqma to‘nkalar - yangi gazetalar sotib olish uchun!» tarbiyaviy raund shu tariqa yakun topadi. Biroq bu manzara har bir uchrashuvda davom etaveradi.
Bedor
Antonio qalbidan joy olgan suyukli uch xonimning 2 nafari jarangdor. «G‘alaba» nomining sohiblari. Rafiqasi - Elizabetta bundan mustasno, qizining ismi Vittoriya - omad ma’budiga hurmat belgisi.
Ikkinchi g‘alaba esa tabiiyki, futbol olamiga tegishli. Telefoni xotirasiga tushirilgan shior ham Kontening hayotiy aqidasini eslatib turadi: «Mag‘lubiyat o‘lim bilan barobar!» Futbolchilik davrida Antonio mag‘lubiyatdan keyingi tunni bedor o‘tkazardi.
Murabbiylikka o‘tganidan so‘ng har bir uchrashuvni xotirasida tiklab, tongga qadar tahlil qiladi, har qaysi xato-kamchilik, ikir-chikir, o‘yin tafsilotlari e’tibordan chetda qolmaydi. Bedorlik - Kontening ajralmas do‘sti!
Mehnat, mashaqqat va lazzat
Uning nazdida mashg‘ulotlar futbolchilar uchun dam olish manbai emas, balki bor kuch va diqqat-e’tiborni jalb etgan holda bajariladigan mashaqqatli mehnatdir. Hayot shodliklari va futboldan lazzat olish esa o‘yin paytida keladi. Aytishlaricha, Antonioda «xatolarga allergiya» bor. Shu sababli murabbiy har bir mashg‘ulotda avvalgi uchrashuvda yo‘l qo‘yilgan xatolar bartaraf etilishi shart, deb hisoblaydi.
Shogirdlarining jamoaviy harakatlarini avtomatik darajaga olib chiqish uchun nazariy mashg‘ulotlarni ham yashil maydonda o‘tkazadi. E’tiborlisi, 11 futbolchidan iborat jamoa yo‘q raqibni xayolan tasavvur etgan holda to‘p suradi. O‘yinchilar bitta harakat ustida soatlab mashq qilishadi.
Shu tariqa avtomatik tarzda harakatlanadigan hamjihat jamoa shakllanadi. Mashg‘ulot jarayoni borasida Kontega e’tiroz bildirishning umuman iloji yo‘q. Chunki murabbiy yuksak natijalarni qayd etmoqda, muxlislar «graf» unvoni bilan, mutasaddilar esa rekord shartnoma bilan siylash orqali undan mamnun ekanliklarini namoyish etishgan.
6 avgust oqshomi bo‘lib o‘tgan Angliya superkubogi uchrashuvi («Uembli», «Arsenal»-«Chelsi»-4:1) Antonio Kontega navbatdagi bedor kechani tuhfa etganiga shubha yo‘q.