Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Sanjar Shoahmedov: «Kelasi yili yana xorijda o‘ynayman»

Sanjar Shoahmedov: «Kelasi yili yana xorijda o‘ynayman»

Baho:
+ | -

O‘tgan mavsumning ikkinchi yarmini Qatarning «As-Sayliya» klubida o‘tkazgan tajribali yarim himoyachi Sanjar Shoahmedov faoliyatini yana O‘zbekiston Oliy ligasida davom ettiryapti.

Futbolchi amaldagi mamlakat chempioni Toshkentning «Lokomotiv» klubi bilan mavsum oxirigacha shartnoma imzoladi. Aslida, Sanjar uchun «Lokomotiv» begona emas. O‘tgan yili u aynan «temiryo‘lchilar» tarkibida O‘zbekiston chempioni bo‘lgandi.

Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, Shoahmedov shunchaki ­«uyi»ga qaytdi. Yarim himoyachi 2015-2016 yillarda «Lokomotiv» safidagi mazmunli o‘yinlari, to‘purarlik mahorati bilan muxlislar qalbidan joy olgan edi.

Biz Sanjar bilan uchrashib, undan ikkinchi davraning ortda qolgan o‘yinlari, Qatar chempionatidagi ishtiroki hamda rejalari yuzasidan intervyu oldik.

- Sanjar, ko‘pchilik faoliyatingizni xorij klublarining birida davom ettirsangiz kerak, deb o‘ylagandi. Lekin kutilmaganda «Lokomotiv» bilan shartnoma imzoladingiz. Bu qarorni qabul qilishingizda yetarlicha asoslaringiz bormidi?

- Ha, o‘ziga yarasha sabablari bor edi. Yaqinda oilamda farzand dunyoga kelgandi. Uydagilar bilan maslahatlashganimda, ular oilang, farzanding oldida bo‘lganing afzalroq, deb aytishdi. O‘ylab qarasam, ota-onam noto‘g‘ri maslahat berishmabdi. Haqiqatan ham, hozirgi paytda oilam oldida bo‘lishim muhimroq ekan. Yana legioner maqomida o‘ynashga ulguraman. Chunki xorij klublaridan yetarlicha takliflar bor edi. Saudiya Arabistoni, Eron kabi davlatlar jamoalaridan chaqiruv olgandim. Bu klublar bilan ma’lum bir muddat muzokaralar ham davom etdi. Lekin yakunda yuqorida aytgan sabab tufayli O‘zbekiston chempionatida qolishga qaror qildim. «Lokomotiv»dan ham har tomonlama manfaatli taklif tushgandi. Qolaversa, bu jamoa menga begona emas. O‘tgan yili chempion va kubok sohibi bo‘lgandik. Nasib qilsa, bu mavsumda ham «oltin dubl»ga erishamiz.

- Legioner sifatida xorij klubida o‘ynash qanday ekanligini tushunib yetdingiz. Nahotki, siz sanab o‘tgan davlatlar klublaridan tushgan takliflar sizni qiziqtirib qo‘ymadi?

- Albatta, qiziqtirdi. Qatar chempionatida o‘ynab, buning mazasini totib ko‘rgandim. Legioner sifatida o‘ynash har bir futbolchining orzusi hisoblanadi. Ammo hozir vaziyat shuni taqozo qildi va qarorimdan aslo afsuslanmayman. Legioner sifatida o‘ynashga hali ulguraman. Muzokara olib borgan jamoalarning eshiklari men uchun ochiq.

- Sizga Qatar chempionatida ilk bor legioner sifatida o‘ynash baxti nasib etdi. Umumiy taassurotlaringiz qanday bo‘ldi?

- Hammasi ajoyib. Qatar yulduzlar ligasida o‘ynaganimdan juda ham xursandman. Dunyoga mashhur futbolchilar - Xavi, Keyta va boshqa yulduzlarga qarshi to‘p surish baxti nasib etdi. «Al-Jaish», «Al-Sadd», «Lahviya» kabi o‘z safiga mashhur futbolchilarni jamlagan klublarga qarshi o‘yinlarda maydonga tushdim. Bu jamoalarda barcha yo‘nalishlardagi ishlar professional tarzda yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, o‘zim o‘ynagan «Al-Sayliya»da ham futbolchilar uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan edi.

- Qatarda sizga nima yoqmadi?

- Noqulay holatga tushmadim. Faqat - Vatan, ota-ona sog‘inchi qiynadi.

- Yil oxirida sizga bo‘lgan takliflarga yana qaytasizmi?

- Shubhasiz. Yuqorida ta’kidlaganimdek, ular qishda yana aloqaga chiqishlarini aytishdi. Nasib qilsa, keyingi mavsumni xorij jamoalarining birida o‘tkazaman.

- Siz bilan bundan bir oylar avval suhbatlashganimizda, qaysi klublar qiziqish bildirayotganini sir tutgandingiz. Balki, endi aytish mumkindir?

- Keling, shu jamoalar sirligicha qolsin. Chunki buni oshkor qilishdan foyda yo‘q. Endi buni bilish hech kimga qiziq bo‘lmasa kerak.

- «Lokomotiv» safiga ikkinchi davradan qo‘shildingiz. Yarim yilda O‘zbekiston oliy ligasida nima o‘zgaribdi?

- Juda ko‘p narsa. Birinchi galda jamoalar ancha kuchaygan. Buning natijasida chempionatimiz saviyasi ham oshgan. Mavsum boshida «Qo‘qon-1912», «Buxoro» kabi jamoalarning hozirgi egallab turgan o‘rinlarda bo‘lishlarini hech kim o‘ylamagan edi. Oliy ligaga qaytgan «Dinamo» ham yomon taassurot qoldirmayapti. «Paxtakor», «Bunyodkor» va «Nasaf» jamoalaridan ochko tortib oldi. Hamma o‘yinlar juda qiziqarli kechmoqda.

- «Lokomotiv»dagi hozirgi holatingizdan ko‘nglingiz to‘qmi?

- O‘zimni juda yaxshi his qilyapman. «Lokomotiv»da avval ikki yil mobaynida to‘p surganim foydamga ishlayapti. Holatimdan ko‘nglim to‘q. O‘z ustimda ishlashga va murabbiylar ishonchini oqlashga harakat qilaman.

- «Lokomotiv» o‘z ta’qibchilaridan sezilarli darajada o‘zib ketdi. Ochig‘i, «temiryo‘lchilar»ning chempion bo‘lishlariga shubha qolmadi, hisob. Sizda ham shunday o‘y-fikrlar xayolingizdan o‘tyaptimi?

- Hali bu borada fikr bildirishga erta. Kutilmagan natijalar har bir turda qayd etilmoqda. Hech kim «Lokomotiv»ning ochko yo‘qotmasligiga kafolat bera olmaydi. To‘g‘ri, ikkinchi o‘rindagi jamoadan ancha o‘zib ketdik. Lekin oldinda hali o‘yinlar ko‘p va ularda har qanday natijani kutish mumkin.

- «Mash’al» bilan o‘z maydoningizda durang o‘ynadinglar. O‘sha kuni muborakliklar kuchli o‘yin namoyish etishdimi yoki raqibni biroz mensimay maydonga tushganmidinglar?

- «Mash’al»ni kuchsiz jamoa demagan bo‘lardim. Muborakliklar bir necha yildan beri deyarli bir xil tarkibda o‘ynab kelishyapti. Bu ularning ustun jihatlari hisoblanadi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:00, 10.09.2017.
O'qildi: 4971 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.