Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Asian Fight chiptasini sotib olganlar o‘zini aldangan deb hisoblamoqda

Asian Fight chiptasini sotib olganlar o‘zini aldangan deb hisoblamoqda

Baho:
+ | -

Shu yilning 9 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Asian Fight musobaqasiga chipta xarid qilgan o‘zbekistonliklar o‘zini aldangan deb hisoblamoqda.

Bu haqda «Kommersant.uz» xabar berdi.

Boisi, turnirga avvaldan va’da qilingan mashhurlar kela olmagani yetmaganidek, Toshkentga kela turib, Stiven Sigal ham «Bunyodkor»ga tashrif buyurmagan. Tashkilotchilar esa Sigal stadionga kelishi borasida hech qanday va’da bermaganmiz, deb iddao qilgan.

Aziza Mambekova maqolasida qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda e’tiroz faqatgina mehmonlar yuzasidan emas, balki, tashkilotchilik borasida ham Asian Fight turnirida qator muammolarni ko‘rish mumkin edi.

Jang san’atlari bo‘yicha o‘tgan xalqaro turnir O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi, Sharqona yakkakurash va jang san’atlarini rivojlantirish markazi, O‘zbekiston penchak-silat federasiyasi hamda Uzmobile kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan. Unda mahalliy sportchilar bilan bir qatorda, Singapur, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Rossiya va Kiprdan sport ustalari qatnashdi.

«Tadbirning tashkiliy saviyasi tomoshabinlarda ko‘p e’tirozlar uyg‘otdi», deb yoziladi maqolada. Musobaqaga tayyorgarlik bosqichidayoq shubhalar tug‘ila boshladi. Tashkilotchilar turnirga Gollivud aktyori Jan Klod Van Damm, MMAda to‘rt karra chempion Fyodor Yemelyanenko, taniqli jangchi Jeff Monson, dunyoga mashhur didjey Armin Van Byuren kelishini e’lon qilgandilar.

Keyinroq Yemelyanenko ham, Van Byuren ham Toshkentga kelmasligi ma’lum bo‘ldi. Tadbirga ikki kun qolganida tashkilotchilar okean ortidan keladigan eng asosiy mehmon — Jan Klod Van Damm ham musobaqaga tashrif buyura olmasligini ma’lum qildi. Shu bilan birga, tashkiliy qo‘mita so‘zlariga ko‘ra, Monson bilan shartnoma ham bekor qilinibdi. Van Damm o‘rniga jangari filmlari bilan shuhrat qozongan boshqa yulduz — Stiven Sigal taklif qilindi. U Uzmobile aksiyasi g‘olibini taqdirlashi va unga «oltin raqam» topshirishi kerak edi.

Aktyor Toshkentga keldi, Toshkent davlat san’at institutiga, Babos ot klubiga, «O‘zbegim» an’anaviy madaniyat festivaliga tashrif buyurdi, lekin musobaqada ko‘rinmadi — yulduzni ko‘rish istagida bo‘lgan tomoshabinlar umidi puchga chiqdi.

Stiven Sigal bilan turkum savol-javoblar o‘tkazilishi kerak bo‘lgan matbuot anjumani bir soatga kechiktirilib, yulduzning o‘zisiz boshlandi. Penchak-silat federasiyasi vakillari oxirgi daqiqalargacha Sigal musobaqaga kelishini ta’kidlardi. Ko‘ngillilarning ba’zilari u allaqachon stadionda ekanligini, uning tansoqchilarini ko‘rganliklarini aytishdi. Biroq, keyinroq, «Kommersant.uz» federasiya matbuot kotibi Jamshid Hojiakbarovga murojaat qilib, nima sababdan mashhur aktyor Asian Fight’ga kelmaganligini so‘raganda, «Biz Sigal stadionga keladi, deb va’da bermagandik», degan javobni oldi.

Janglarning tashkil etilishi ham ko‘p savollar tug‘dirdi. Ba’zi kurashchilar qanday tartibda va kimga qarshi ringga chiqishi haqida ogohlantirilmagandi. Bundan tashqari, shouga O‘zbekiston vakillaridan biri — muay-tay bo‘yicha ko‘p karra jahon chempioni Anvar Boynazarov ham kelmadi.

Musobaqa vaqtida aksariyat jurnalist va fotograflar OAV uchun maxsus ajratilgan joyga kiritilmagan. Muallif voqealar kechishini eng chekka qatorda, zerikib o‘tirgan huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari bilan birga kuzatishga majbur bo‘lgan. Tashkilotchilar vaqtni cho‘zish maqsadida sahnaga mashhur qo‘shiqchini chiqarmoqchi bo‘lganida, «Artistlarni emas, sport musobaqasini ko‘rgani kelganmiz», — degan hayqiriqlar eshitilgan. Tadbir yakunida, ancha huvillab qolgan stadionda rossiyalik ijrochi Loc Dog bir nechta qo‘shiq kuylagan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarga ko‘ra, musobaqaga chipta xarid qilgan ko‘plab tomoshabinlar o‘zlarini aldangan sanamoqdalar. Tashkilotchilardan bu vaziyat bo‘yicha izoh olishning hozircha iloji bo‘lmadi. Tashkiliy qo‘mita vakillari aloqaga chiqmayapti, — deb maqolaga yakun yasalgan.

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 16:54, 11.09.2017.
O'qildi: 5308 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.