Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Oliy liga 20-turining to‘liq sharh va faktlari

Oliy liga 20-turining to‘liq sharh va faktlari

Baho:
+ | -

20-tur «Lokomotiv»ni chempionlik sari yana bir bekat yaqinlashtirdi.

Zero, «temiryo‘lchilar» navbatdagi 3 ochkoni qo‘lga kiritib, eng yaqin ta’qibchi bilan o‘rtadagi farqni saqlab qolishdi. Boz ustiga, farq yanada oshishi ham mumkin, chunki «Loko» zaxirasida bitta o‘yin bor.

Xullas, amaldagi chempion o‘tgan hafta «Sho‘rtan» darvozasini bir martagina nishonga oldi va bu oltin medal yo‘lidagi «intriga» yanada kamayishiga kifoya qildi.

Maratning 17-goli va yana 3 ochko

Turning ahamiyatli jihati shuki, kuchli uchlik o‘z holicha saqlanib qoldi. «Lokomotiv» o‘z maydonida «Sho‘rtan»ni yagona gol evaziga yenggan bo‘lsa, «Buxoro» safarda «Neftchi»dan 2:1 hisobida ustun keldi. «Temiryo‘lchilar»ga 3 ochko taqdim etgan gol yana Marat Bikmayev nomiga yozilganini aytish joiz. U ketma-ket 3ta o‘yindan buyon maydonni golsiz tark etmayapti. Xullas, ikkinchi yoshligini o‘tkazayotgan futbolchi to‘purarlar poygasida ishonch bilan peshqadamlik qilmoqda - 17ta gol.  Farg‘onadagi uchrashuvni esa qaysidir ma’noda ustoz va shogird to‘qnashuvi sifatida ta’riflash mumkin. Bilasiz, ayni payt «Buxoro»ni Ulug‘bek Baqoyev, «Neftchi»ni esa Vadim Abramov boshqaryapti. Mavsum boshida esa Vadim Karlenovichni «Buxoro»ga taklif etishgan, ammo u bosh murabbiy o‘rniga Ulug‘bek Baqoyevni tavsiya qilgandi. O‘shanda ko‘pchilik bu qarorni tanqid ostiga olgandi. Mana, oradan bir necha oy o‘tib, Baqoyev o‘z ustozidan 3 ochko tortib olish uddasidan chiqdi. 3-o‘rinda borayotgan «Qo‘qon-1912» garchi Samarqandda «Dinamo» darvozasini nishonga ololmay, 0:0 hisobiga ko‘ngan bo‘lsada, o‘rnida qoldi. To‘g‘ri, «Nasaf» o‘z maydonida «Olmaliq»ni 1:0 ko‘rinishida mag‘lubiyatga uchratib, ochkolar bo‘yicha No‘’mon Hasanov jamoasiga ancha yaqinlashdi. «Nasaf» hisobida ham bitta zaxira o‘yini bor. Demak, qarshiliklarda kuchli uchlikni o‘zgartirish imkoniyati yo‘q emas. Ammo o‘sha qoldirilgan o‘yin sanasi hozircha noma’lum. Qolaversa, Ro‘ziqul Berdiyev jamoasini oldinda «Lokomotiv»ga qarshi kechadigan murakkab bahs kutib turibdi.

Sergeevga qarang, Sergeevga...

Mana, 2 yildirki, «Paxtakor»ning musobaqa jadvali o‘rta qismida yurishiga ko‘nikib ham qoldik. Ammo «sherlar» tez orada o‘rtamiyonalik rutbasidan forig‘ bo‘lsalar, ajabmas. Shota Arveladze boshqaruvidagi jamoa 20-turda nihoyat, safarda ham g‘alaba nashidasini surdi. E’tibor qarating, yangilangan «Paxtakor» mehmondan biror marta 3 ochko bilan qaytmagandi. Gruziyalik mutaxassis ushbu noxush an’anaga ham barham berish yo‘lini topdi. Yana bir diqqatga sazovor tomoni, Bekobodda «Metallurg»ga qarshi kechgan o‘yinda ko‘p narsani Igor Sergeevning 2ta goli hal qildi. Aytgancha, milliy jamoa uchun rasmiy o‘yinlarda gol urishni go‘yoki, batamom unutib qo‘ygan hujumchi bunga qadar «Obod» va «Neftchi»ga qarshi bahslarda ham «dubl» qayd etgandi. Demak, mavsum boshidan buyon uchinchi qo‘sh gol, ammo, ammo... Eh, Igor shu gollaridan loaqal bittasini koreyslar darvozasiga yo‘llaganida nima qilardi...? «Bunyodkor» uchun esa 20-tur ancha omadsiz keldi. Axir «qaldirg‘ochlar» Navoiyda tayyor g‘alabani qo‘ldan chiqarishdi. Mirjalol Qosimov jamoasi birinchi bo‘limdayoq «Qizilqum» darvozasini ikki bora ishg‘ol qildi va 2:0 hisobi 80-daqiqaga qadar saqlanib turdi. Ammo oxirida mezbonlarning gol nafasi ochilib ketdi, yakuniy natija - 3:3. Ha, qandaydir 10 daqiqada 3ta gol qo‘yib yuborish alamli. Xullas, Navoiydagi durang «qaldirg‘ochlar» uchun mag‘lubiyatga teng bo‘lganini ta’kidlash mumkin. Mezbon jamoa tarafdorlari va ko‘p gol ko‘rishni yoqtiruvchilar esa chinakamiga bir yayrashgani aniq. Tur doirasidagi yana bir o‘yin - «Mash’al» - «Navbahor» qarama-qarshiligida 3ta gol qayd etildi (2:1). E’tiborli tomoni, «Mash’al» 14-turdan buyon mag‘lubiyatsiz odimlamoqda - 3ta durang, 3ta g‘alaba. Faqat ikkinchi davrani olsak, muborakliklar Toshkentda «Lokomotiv»dan ochko tortib olishgach (1:1), navbati bilan «Metallurg» (1:0), «Sho‘rtan»(4:0) va mana, «Navbahor» (2:1)ni mag‘lubiyatga uchratishdi. Xullas, Aleksandr Xomyakov jamoasi oxirgi marta 13-turda «Qizilqum»ga 0:2 hisobida yengilgani bo‘yicha mag‘lublik ko‘chasiga bosh suqqani yo‘q.

Asosiy raqobatchiga bas kelolmagach...

20-tur natijalari ham «Obod» oliy ligadan tushib ketishga asosiy «da’vogar» ekanligini to‘la-to‘kis tasdiqladi. Davralar oralig‘ida Ukrainadan yangi murabbiy, shuningdek, futbolchilar yordamga chaqirilganiga qaramay, jamoa mag‘lubiyat ketidan mag‘lubiyatga uchramoqda. Toshkentliklar ikkinchi davrada g‘alaba qozonish tugul, birorta durang qayd etish uddasidan ham chiqa olishmayapti. Mana, autsayder jamoa o‘tgan hafta turnir jadvali bo‘yicha asosiy raqiblaridan biri «So‘g‘diyona»ga qarshi maydonga tushib, yana ochkosiz qoldi. 2:4 hisobida tugagan o‘yin bitta jihati bilan diqqatni tortdi - 6ta gol 3 nafar futbolchi tomonidan urildi, boshqacha aytganda, «dubl»lar yomg‘iri kuzatildi.

Tur qahramoni - Ulug‘bek Baqoyev

Mavsum boshida «Buxoro» boshqaruvi Ulug‘bek Baqoyevga topshirilgach, ko‘pchilik jamoaning yana o‘rtamiyonalik obraziga qaytishini taxmin qilgandi. Ammo Baqoyev 20-turga qadar bir emas, naq 3 marta hafta qahramoniga aylandi, «Buxoro» esa turnir jadvalining 2-qatorida bormoqda. Buxoroliklar avvalgi mavsum kattagina xarajat qilib ham, bu o‘ringa ko‘tarilolmagandilar. Yana bir tomoni, Baqoyev o‘tgan hafta «Buxoro» boshqaruvida o‘z ustozi - Vadim Abramov klubiga qarshi kurash olib bordi va undan ustun keldi. Xalqimizda «Ustozdan o‘zmagan shogird - shogird emas», degan naql bor. Baqoyev aynan shu ish uddasidan chiqdimi, u tur qahramoni maqomiga haqli.

Tur iqtiboslari

- Hozirgi holatda bitta g‘alaba bizni og‘ir vaziyatdan olib chiqib ketadi - bunga ishonaman. Vadim Abramov («Neftchi» bosh murabbiyi).

- Tarkibdagi futbolchilarni o‘zim taklif qilmaganman. Bu arz-dod yoki boshqa narsa emas, shunchaki, fakt. Igor Shkvirin («So‘g‘diyona» bosh murabbiyi).

- Maydonning quruq va qattiqligi sifatli futbol ko‘rsatishga yo‘l qo‘ymadi. Menimcha, uchrashuvdan avval uni sug‘orish kerak edi. Shota Arveladze («Paxtakor» bosh murabbiyi).

- Afsuski, bugun olingan sariq kartochkalar navbatdagi o‘yinda yetarlicha bosh og‘ritadi. Rustam Mirsodiqov («Metallurg» bosh murabbiyi).

- «Nasaf» agar 2 nafar tajribali o‘yinchini o‘z safiga qo‘shsami, yanada kuchayardi... Viktor Kumikov («Olmaliq» bosh murabbiyi).

- «Qizilqum» oxirgi daqiqalarda go‘yoki, Braziliyaga aylanib ketdi... Mirjalol QOSIMOV («Bunyodkor» bosh murabbiyi).

«MASH’AL» - «NAVBAHOR» - 2:1 (1:1)

7 sentyabr. Muborak. 1621 tomoshabin.

Hakamlar: Z.Qodirov (Navoiy) - 8,6; O.Jumayev (Navoiy) - 8,6; R.Samandarov (Navoiy) - 8,3; SH.Rajabov (Buxoro) - 8,0.

Gollar: SH.SHaymanov (24-pen.), Z.To‘rayev (59) - N.Yovanovich (28).

«Mash’al»: 35. J.Ilyosov , 6. S.Abduraimov, 10. H.Murtazoyev, 13. SH.SHaymanov, 18. A.SHodmonov, 19. Z.Qo‘ziboyev (77. A.Olimov, 46), 27. N.Pavlenko (2. I.SHoyqulov, 81), 31. I.Timanyuk, 44. A.Begimqulov, 55. A.Agaliyev, 90. Z.To‘rayev (23. K.To‘rayev, 88).

«Navbahor»: 30. A.Omonov, 5. G‘.Komilov, 7. O.Qilichev (22. R.Ahmedov, 60), 9. D.Jabborov, 18. D.Usmonov (24. S.Azimov, 90),

19. M.G‘ofurov, 21. A.Aliyev, 32. J.Mehmonov, 44. D.Stanoyevich (70. A.Maxstaliyev, 76), 77. A.Turg‘unboyev, 84. N.Yovanovich.

Ogohlantirishlar: A.SHodmonov (71) - J.Mehmonov (34), M.G‘ofurov (77).

Eng yaxshi o‘yinchilar: Z.To‘rayev - M.G‘ofurov.

Nazoratchi: X.Muxtorov (Samarqand).

Komissar: V.Lyotkin.

Ilhom Mo‘minjonov («Navbahor» bosh murabbiyi): - Mag‘lubiyatda murabbiy asosiy aybdor sanaladi. O‘ylaymanki, yigitlarimiz yaxshi o‘ynashdi. Biroq 2ta yaqqol vaziyatni golga aylantirolmadik. «Mash’al»ning 90-raqamli futbolchisi (Zafar To‘rayev) yaxshi taassurot qoldirdi. U imkoniyatdan foydalanib, darvozamizga gol urdi. O‘yin tugashiga 10 daqiqacha vaqt qolganida, muborakliklar o‘z jarima maydonlarida Sardor Azimovga nisbatan yaqqol qoida buzishdi va hakam penalti belgilashi kerak edi. Ammo u xato qildi. Shuningdek, darvozamizga ham noto‘g‘ri penalti belgilandi. O‘sha holatda to‘p futbolchimizning qo‘li emas, yuziga tekkandi. Hattoki, uning yuzi qonab ketdi. To‘g‘ri, «Mash’al» o‘yinida shiddat ko‘zga tashlandi. Lekin biz ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. Hayot davom etadi. Rahbariyat o‘tgan yilgi natijani yaxshilash vazifasini qo‘ygan. Maqsadimiz - yuqori oltitalikka kirish. Ikkinchi davradagi ilk mag‘lubiyatni 4-o‘yinda tan oldik. Qolgan turlarda yorqin g‘alabalar bilan muxlislarni stadionga chorlashga harakat qilamiz. Ro‘zimboy Ahmedov 3ta o‘yinda shuncha gol urgandi. Biroq yengil jarohati tufayli bugun uni zaxirada qoldirgandik. O‘ylaymanki, Ro‘zimboy 30 daqiqalik o‘yin vaqtida yaxshi taassurot qoldirdi. Ya’ni burni singan bo‘lishiga qaramay, oxirigacha tirishdi. Abbos Maxstaliyevda ham jarohat bor edi va endi asta-sekin jismoniy holatini tiklamoqda.

Aleksandr Xomyakov («Mash’al» bosh murabbiyi): - Milliy jamoaning JCH yo‘llanmasidan quruq qolgani ko‘pchilik kayfiyatini tushirib yubordi. Shu jihatdan ham, «Navbahor»ga qarshi bahsda sifatli futbol ko‘rsatishni o‘yladik. Ammo raqib yo‘l qo‘ymadi. Natija xursand qildi, albatta: 3 ochko oldik, jadvalda yuqoriladik. Shogirdlarim ko‘plab vaziyatlardan foydalanolmagan bo‘lsalarda, 2ta gol urishni uddalashdi. Oldimizga aniq vazifa qo‘yilmagan. Maydonga tushib, o‘z o‘yinimizni ko‘rsatsak, bas. Yaponiyalik legionerga kelsak, aslida uni maydonga tushirishni rejalashtirgandim, biroq asosan ikkinchi qavatda to‘p uchun kurash borganini ko‘rib, fikrimdan qaytdim. Uni hali maydonda ko‘rasizlar. Nikita Pavlenko esa vaziyatlardan birida jarohatlandi va zaxiraga olishimizni o‘zi so‘radi.

«DINAMO» - «QO‘QON-1912» - 0:0

7 sentyabr. Samarqand. 5532 tomoshabin.

Hakamlar: V.Seytlin (Toshkent) - 9,0; R.Serazetdinov (Toshkent) - 9,0; A.Kalinin (Toshkent) - 8,6; I.Xudoydotov (Toshkent) - 9,0.

«Dinamo»: 1. M.Naumov, 6. A.Bozorov, 8. J.Azimov, 9. S.Sulaymonov (50. F.Tojiyev, 46), 14. R.Rogak, 15. SH.Xolmatov, 17. A.Nikolayev, 19. O.Mamajonov, 20. A.Safarov (11. A.Abdullayev, 71), 28. A.Oraxovas, 90. D.Ismoilov. (26. S.Davlatjonov, 40).

«Qo‘qon-1912»: 12. A.Ashurov, 7. J.Hasanov, 9. N.Otaqo‘ziyev, 10. J.Siddiqov (4. B.Akramov, 72), 14. D.Hasanov (70. Q.Ro‘ziyev, 67), 19. S.Berdiyev, 26. A.Xolmurodov, 55. D.Goshkovich, 77. M.Xolmuhammedov, 98. X.Avilov, 99. F.Rayevas.

Ogohlantirishlar: D.Ismoilov (33) - S.Berdiyev (74), B.Akramov (o‘yindan keyin).

Eng yaxshi o‘yinchilar: A.Oraxovas - J.Siddiqov.

Nazoratchi: SH.Jumayev (Qarshi).

Komissar: N.Lutfulin.

No‘’mon Hasanov («Qo‘qon-1912» bosh murabbiyi): - Barchasini ko‘rdinglar, ikki jamoa ham shiddatli o‘yin ko‘rsatishga intildi. Har doimgidek g‘alabani ko‘zlagandik. Shunday ekan, bugun 2 ochko yo‘qotdik, menimcha. Umuman, natija o‘yinga mos bo‘ldi. Tomonlar 1tadan golga tortadigan yaqqol vaziyat sodir etishdi. Maqsadimiz darvozamiz daxlsizligini saqlagan holda, bitta gol urish edi. Ammo biroz o‘xshamadi. Futbolchilarimiz negadir o‘z maydonimizda boshqacha, mehmonda boshqacha o‘yin ko‘rsatishmoqda. Mana, «Dinamo» ham o‘z uyida yaxshi o‘ynamoqda. Moliyaviy tomondan kamchilik yo‘q. Bu borada klub rahbariyatidan minnatdorman. Mavsum boshida jamoa oldiga sifatli futbol ko‘rsatib, muxlislarni xursand qilish vazifasi qo‘yilgandi. Asosiy maqsadimiz hamon o‘sha-o‘sha. Ikkinchi davra oldidan tarkibga 4 nafar yangi futbolchi oldik. Ular ishonchimni oqlashmoqda. Ya’ni yangi o‘yinchilar oilamizga kirishib ketishdi. Vaqt o‘tgani sayin o‘yinimiz yanada kuchayishiga shubham yo‘q.

Oleg Tyulkin («Dinamo» bosh murabbiyi): - Faqat va faqat g‘alabani o‘ylagandik. Afsuski, vaziyatlardan samara chiqarolmadik. Raqibimiz esa bejiz peshqadamlar safida bormayotganini amalda ko‘rsatdi. Ikkinchi bo‘limda ham himoyada yaxshi harakatlanib, vaziyatlar yaratgan bo‘lsakda, biroz omad yetishmadi. O‘ylaymanki, teng kurashlar ostida o‘tgan uchrashuvda adolatli natija qayd etildi.

«NEFTCHI» - «BUXORO» - 1:2 (0:1)

7 sentyabr. Farg‘ona. 1652 tomoshabin.

Hakamlar: T.To‘xtasinov (Andijon) - 8,0; Z.Abdurahmonov (Andijon) - 7,3; A.Marajabov (Andijon) - 7,3; I.Garmashov (Toshkent) - 7,0.

Gollar: M.Muzaffarov (70) - V.Bayenko (38), A.Allaniyozov (90Q3).

«Neftchi»: 1. O‘.YUsupov, 3. D.Tursunov, 4. K.Kapadze (24. A.Isroilov, 46), 17. M.Muzaffarov, 19. J.Hasanov (10. M.Mamazulunov, 54), 20. D.Ermatov, 33. T.Hakimov, 34. I.Rahimov, 70. M.Saidov, 71. A.SHog‘ulomov (99. O.Haydarov, 67), 94. B.Yo‘ldoshev.

«Buxoro»: 12. A.Tursunboyev, 11. S.SHixov (28. A.Ismoilov, 72), 16. A.Filiposyan, 27. R.Hasanov, 29. V.Bayenko, 72. A.Samatov, 73. T.SHamsiddinov, 75. S.Qutiboyev, 77. I.Nagayev (55. A.Allaniyozov, 46), 87. A.Sanayev (8. I.Veyser, 77), 99. J.Qahramonov.

Ogohlantirishlar: D.Ermatov (32), D.Tursunov (37) - I.Nagayev (29), V.Bayenko (75), S.Qutiboyev (90).

Eng yaxshi o‘yinchilar: M.Muzaffarov - V.Bayenko.

Nazoratchi: A.Hotamov (Toshkent).

Komissar: R.CHernikov.

Ulug‘bek Baqoyev («Buxoro» bosh murabbiyi): - Albatta, «Neftchi»ning bir necha turdan buyon g‘alaba  qozonolmaganini bilardik. Yashirmayman, Farg‘onaga yaxshi  kayfiyatda faqat  g‘alaba uchun keldik. O‘yin qiziqarli tus olib, ikki jamoada  ham  gol urish uchun vaziyatlar tug‘ildi. Agar har bir xavfli hujum  samara beraversa, futbolning qizig‘i qolmaydi. Bugun omad biz tomonda edi va g‘alaba qozondik. Raqib o‘yini ham yoqdi. Yigitlarga maydonda shijoat ko‘rsatishgani uchun minnatdochilik bildiraman. Har bir uchrashuv muhim va ularga alohida tayyorgarlik ko‘ramiz. «Buxoro» g‘alabalarida hech qanday sir  yo‘q. Shunchaki, yigitlarimiz o‘yin vaqti maksimal darajada kuch sarflayaptilar. Agar futbolchi maydonda yugurmasa, hech qanday natija  bo‘lmaydi.

Vadim Abramov («Neftchi» bosh murabbiyi): - Birinchi bo‘limda bo‘sh ko‘rindik. Boz ustiga, vaziyatlarni golga aylantirolmadik. «Buxoro» aksincha, qarshi hujumda yaxshi o‘ynab, maqsadiga erishdi. Ikkinchi bo‘limda esa o‘yinimizni kuchaytirdik va hisobni tenglashtirdik. Biroq oxirida alamli gol qo‘yib yubordik. Afsuski, omadimiz chopmayapti. Yo‘q, bu bahona emas. Kamchiliklar bor va ular ustida ishlashda davom etamiz. Hozirgi holatda bitta g‘alaba bizni og‘ir vaziyatdan olib chiqib ketadi - bunga ishonaman.

----------------------------------------------------------------------

«OBOD» - «SO‘G‘DIYONA» - 2:4 (1:1)

7 sentyabr. Toshkent. 174 tomoshabin.

Hakamlar: H.Ro‘ziyev (Toshkent) - 8,5; S.SHoyusupov (Toshkent) - 8,3; O.Abduvasilov (Toshkent) - 8,3; D.Klepikov (Toshkent) - 9,0.

Gollar: E.Ravshanov (8, 48) - I.Toshpo‘latov (6, 52), S.Rashidov (63, 85).

«Obod»: 47. SH.Eshbo‘tayev (45. T.G‘aniyev, 28), 44. T.Vasilyev, 53. A.Komilov, 55. A.Mirzayev, 57. B.Rahimov, 58. R.A’zamov, 73. B.Usmonov (9. P.Solomin, 46), 77. T.Tolipov, 83. D.Abdurahmonov (18. T.To‘raqulov, 62), 88. E.Ravshanov, 99. O.Hakimov.

«So‘g‘diyona»: 16. M.Abdullayev, 2. S.Qulmatov, 3. A.Isroilov, 4. E.Oripov (92. U.Qodirov, 46), 7. S.Rashidov, 11. SH.Dostonov (59. S.Jo‘rayev, 65), 17. I.Toshpo‘latov, 27. O.Valijonov, 55. S.Qahhorov, 77. S.Eminov (47. SH.Jalilov, 34), 91. J.Guseynov.

Eng yaxshi o‘yinchilar: T.Vasilyev - S.Rashidov.

Nazoratchi: A.Popov (Toshkent).

Komissar: G.Rtveladze.

Igor Shkvirin («So‘g‘diyona» bosh murabbiyi): - Raqib o‘yinlarini kuzatish asnosida har bir jihatni o‘rgandik va bo‘lajak bahsga alohida reja tuzdik. Muhimi, bu samara berdi. Ha, xatolar tufayli 2ta gol qo‘yib yubordik. Ikkinchi tomondan, futbolchilar «pressing» qo‘llab, yana 2ta gol urishga muvaffaq bo‘lishdi. Xullas, o‘yindan qoniqdim. Ammo sifat ustida hali ishlash kerak. Jamoani ikkinchi davra boshlanishidan 2 kun oldin qabul qilib olgandim. Tarkibdagi futbolchilarni o‘zim taklif qilmaganman. Bu arz-dod yoki boshqa narsa emas, shunchaki, fakt. Ishlashda davom etamiz. Jamoa oliy ligada qolishnigina emas, balki mazmunli o‘yin ko‘rsatishni o‘ylashi kerak. To‘xtash yo‘q, ishlash va izlanishda davom etib, muxlislarni quvontirishdan umidvorman.

---------------------------------------------------------------------

 «LOKOMOTIV» - «SHO‘RTAN» - 1:0 (0:0)

8 sentyabr. Toshkent. 453 tomoshabin.

Hakamlar: A.Risqullayev (Toshkent) - 8,2; A.Sidorov (Toshkent) - 8,6; D.Saylalov (Toshkent) - 8,6; D.Jalimov (Toshkent vil.) - 9,0.

Gol: M.Bikmayev (57).

«Lokomotiv»: 1. I.Nesterov, 5. K.Maxaradze, 9. I.Aliboyev, 10. M.Bikmayev, 11. S.Abdullayev (55. S.SHoahmedov, 68), 15. S.Mirzayev, 18. T.Kapadze, 20. I.To‘xtaxo‘jayev, 28. SH.Muhammadiyev, 33. O.Zoteev (17. S.Mustafoyev, 81), 78. A.Omonov (99. J.Masharipov, 55).

«Sho‘rtan»: 25. A.Turobov, 5. H.Ergashev, 7. O.Karimov, 9. I.Taran (20. SH.Xursanov, 83), 12. L.Ubaydullayev, 15. O.Jo‘raboyev, 18. E.Boymatov, 38. S.Mamadaliyev (17. G‘.Rahmonov, 61), 77. O.Narzullayev, 85. R.Melzitdinov, 99. M.Safarov (30. J.Xolto‘rayev, 73).

Ogohlantirishlar: O.Karimov (69), R.Melzit-dinov (90Q3, SH.).

Eng yaxshi o‘yinchilar: I.Nesterov - R.Melzitdinov.

Nazoratchi: R.Aytekov (Toshkent).

Komissar: F.Magometov.

Gennadiy Kochnev («Sho‘rtan» bosh murabbiyi): - Alamli mag‘lubiyat. Toshkentdan kamida bir ochko bilan qaytishimiz mumkin edi. Biroq qo‘pol xato yakunda qimmatga tushdi. Futbolchilarga hech qanday e’tirozim yo‘q. «Lokomotiv» - yetakchi jamoa. Shunga qaramay, bugun ochko olishimiz hech gap emasdi. Deylik, uchrashuv yakunida ham gol urish uchun vaziyat yuzaga keldi, ammo ajoyib imkoniyat qo‘ldan boy berildi. Hujumda muammolar bor. Nihoyatda kam gol uryapmiz. Bugun ikkinchi raqam ostida o‘ynab, «Loko»ni qarshi hujumda jazolashga urindik. Afsuski, rejamiz to‘liq ish bermadi. Endi «Paxtakor»ga qarshi o‘yinga yanada jiddiy tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak.

Andrey Miklyayev («Lokomotiv» bosh murabbiyi): - Qiyin o‘yin. Raqib jiddiy kurash taklif etdi. Birinchi bo‘limda 2-3ta yaxshigina vaziyatdan foydalanolmadik. «Sho‘rtan»da ham imkoniyatlar bo‘ldi. Misol uchun, standart vaziyatdan so‘ng Ignatiy Nesterov jamoamizni muqarrar goldan qutqarib qoldi. Blessing nega ko‘rinmayapti? Vaqti kelsa, uni maydonda ko‘rasizlar. Hozircha bunga fursat yetmadi. Aslida uni bugun ham maydonga tushirmoqchi edik. Lekin kutilmagan o‘zgarishlarga qo‘l urishimizga to‘g‘ri keldi. Jamoamizni oldinda 2ta muhim uchrashuv kutmoqda. Dastlab «Nasaf» mehmoni bo‘lamiz, keyin «Paxtakor» bilan kuch sinashamiz. Hozir shu ikki raqib birdek bezovta qilmoqda. Ulardan qay biri kuchli ekanligini esa aytolmayman. Ha, bugun «Paxtakor» vakillari bizni o‘rganish uchun kelishdi. Ertaga esa klubimiz tasvirchisi Bekobodga borishi mumkin. Umuman, «Paxtakor»ni o‘rganish ishlarini allaqachon boshlab yuborganmiz.

Murod Bobojonov nega qaydnomaga kiritilmadi? U mashg‘ulotlar jarayonida jarohatlandi, shu bois, xizmatidan foydalanolmadik.

«NASAF» - «OLMALIQ» - 1:0 (1:0)

8 sentyabr. Qarshi. 3221 tomoshabin.

Hakamlar: O.Tolibjonov (Toshkent) - 8,6; N.Ro‘zimov (Toshkent) - 8,7; A.Burov (Buxoro) - 8,5; I.Ibragimov (Nukus) - 9,0.

Gol: B.Abduxoliqov (16).

«Nasaf»: 35. S.Quvvatov, 2. A.SHorahmedov, 7. O.Hamrobekov, 10. D.Rahmatullayev (6. A.G‘aniyev, 78), 18. B.Abdurahimov, 20. I.Kenjaboyev, 22. I.Golban, 34. F.Sayfiyev, 45. B.Abduxoliqov (77. J.Hasanov, 68), 69. D.CHeran, 92. U.Eshmurodov.

«Olmaliq»: 99. N.Ziyovuddinov, 2. A.Hojiakbarov, 8. SH.Grigalashvili (10. SH.Norbekov, 11; 94. X.Muxtorov, 20), 11. V.Klishin (5. D.Jo‘rayev, 58), 13. L.To‘rayev, 18. SH.Mullajonov, 19. I.Inomov, 23. Z.Polvonov, 55. R.Berdimurodov, 70. S.Rixsiboyev, 88. I.Yelich.

Eng yaxshi o‘yinchilar: B.Abduxoliqov - N.Ziyovuddinov.

Nazoratchi: A.Abdullayev (Toshkent).

Komissar: A.Frolov.

Viktor Kumikov («Olmaliq» bosh murabbiyi): - Gol urolmasang, hattoki, durangga erishishing ham qiyin. Bugun qator vaziyatlar yaratgan bo‘lsakda, ulardan samara chiqarish yo‘lini topolmadik. Himoyadagi bitta qo‘pol xato esa darvozamiz ishg‘ol qilinishiga olib keldi. Umuman olganda, o‘yinimiz ko‘ngildagidek chiqmadi. Albatta, tarkibdagi yo‘qotishlar ham o‘z ta’sirini o‘tkazyapti. Lekin yutqazmasligimiz kerak edi, baribir. Safar uchrashuvlarida qulay imkoniyatlar ko‘p yuzaga kelmaydi. Shunday ekan, vaziyatlarni qadriga yetish kerak. Ha, «Nasaf» shakllangan jamoa va safarda u bilan o‘ynash juda og‘ir. Qarshida ajoyib sharoitlar mavjud. Masalan, klub o‘z maktabi va tarbiyalanuvchilariga ega. Agar «Nasaf» o‘z safiga 2 nafar tajribali o‘yinchini qo‘shib olsa, yanada kuchaygan bo‘lardi.

Ro‘ziqul Berdiyev («Nasaf» bosh murabbiyi): - Tabiiyki, g‘alaba uchun maydonga tushgandik. Ya’ni oxirgi mag‘lubiyatlardan so‘ng ijobiy natija qayd etmasak bo‘lmasdi. «Olmaliq» himoyada tartibli o‘ynaydigan klublardan biri ekanligini bilasizlar. Jamoa o‘yini yaxshi himoyalanib, raqibni standart vaziyatlar orqali jazolash asosida tashkil etiladi. Buni yaxshi o‘rgangandik va yigitlarimiz diqqat bilan o‘ynab, xatoga yo‘l qo‘yishmadi. Umuman olganda, yanada faolroq o‘ynashimiz mumkin edi. Ammo oxirgi omadsizliklar sabab, jamoamizda ruhiy tushkunlik va bosim paydo bo‘lgandi. O‘ylaymanki, bugungi g‘alaba yigitlarning ushbu ruhiy holatdan chiqib ketishlariga yordam beradi.

«QIZILQUM» - «BUNYODKOR» - 3:3 (0:2)

8 sentyabr. Navoiy. 6000 tomoshabin.

Hakamlar: V.Serazetdinov (Toshkent) - 8,8; M.Saidqosimov (Toshkent) - 9,0; A.Sapenko (Toshkent) - 9,0; B.YUlcharayev (Guliston) - 9.

Gollar: O.Zokirov (79), F.Qambarov (82), A.Gevorkyan (90) - V.SHodiyev (29), D.Hamdamov (40), SH.Gadoyev (84).

«Qizilqum»: 55. E.Jabborov, 3. SH.Po‘latov, 4. E.Boydullayev, 6. N.Kamolov, 9. O.Zokirov, 14. F.Qambarov, 17. A.Gevorkyan, 20. G‘.Jumayev, 23. SH.Jo‘rayev (2. V.Grigoryev, 70), 27. I.YUnusov (92. A.Bahriddinov, 74), 86. O.Isroilov (18. S.SHodmonov, 46).

«Bunyodkor»: 32. S.Sultonov, 2. R.Ashurmatov, 3. I.Qobilov, 4. A.Komilov, 6. A.G‘ofurov, 8. J.Ibrohimov, 14. V.SHodiyev (77. SH.Norxonov, 71), 17. D.Hamdamov, 21. D.Ahmadaliyev, 22. SH.Gadoyev, 44. M.Qosimov (29. O.SHukurov, 54).

Ogohlantirishlar: SH.Po‘latov (70) -  A.Komilov (24), S.Sultonov (54),  R.Ashurmatov (59), A.G‘ofurov (62).

Eng yaxshi o‘yinchilar: A.Gevorkyan - S.Sultonov.

Nazoratchi: D.Roman (Toshkent).

Komissar: B.Haydarov.

Mirjalol Qosimov («Bunyodkor» bosh murabbiyi): - Bugun qiziqarli, shuning barobarida tushunarsiz o‘yin bo‘ldi. 2ta gol urib, hisobda oldinda borganimizga qaramay, ikkinchi bo‘limni juda sust o‘tkazdik. Umuman o‘ynay olmadik. Vaholanki, kiyinish xonasida yigitlarga 90 daqiqa o‘ynash kerakligini uqtirgandim. Biroq yigitlar to‘xtab qolishdi, «Qizilqum» esa harakat qilib, natijaga erishdi.  O‘ylaymanki, 2 ochko yo‘qotdik. Chamamda, yigitlar tanaffusdan so‘ng 3 ochko naqd qilinganini o‘ylashdi, chog‘i. Qaytaraman, yigitlarga birinchi bo‘limdagi xatolarini ko‘rsatib, ikkinchi 45 daqiqalikda ham faol o‘ynab, yana gol urish kerakligini ta’kidlagandim. Chunki to‘plar nisbatini ham yaxshilashimiz kerak edi. O‘yin oxirida «Qizilqum» Braziliyaga aylanib ketdi... Sababi - biz o‘ynamay qo‘ydik...

Hamidjon Aktamov («Qizilqum» bosh murabbiyi): - Ikki xil bo‘lim ko‘rdik.  Birinchisida himoyada pala-partishliklarga yo‘l qo‘yib, 2ta gol qabul qildik. Ikkinchi bo‘limda esa yigitlar aynan muxlislar kutgan o‘yinni namoyish etishdi. Ayniqsa, oxirgi daqiqalarda jangovar va ochiq futbol ko‘rsatildi. Agar biroz vaqt bo‘lganida, shubhasiz, yana gol urilardi. Umuman, bugun g‘alabani ko‘zlagandik. Birinchi bo‘limdan keyin Shodmonov va Bahriddinovni  maydonga tushirib, o‘rta chiziqni kuchaytirishga harakat qildik. Natijadan qoniqmadim, g‘alaba qozonishimiz lozim edi. Ammo o‘yindan xursandman. Tarkibdagi yosh futbolchilarga ham imkon berdik va ular ishonchni oqlashdi. Asosiy tarkibda harakatlangan Nodirxon Kamolov, zaxiradan maydonga tushgan Viktor Grigoryev harakatlari tahsinga loyiq. Umuman, bugungi o‘yin uchun barcha futbolchilarga rahmat. Muxlislar ham bunday futboldan xursand bo‘lishdi, menimcha.

«METALLURG» - «PAXTAKOR» - 1:3 (1:2)

9 sentyabr. Bekobod. 1876 tomoshabin.

Hakamlar: V.Agishev (Toshkent) - 8,5; T.Galeev (Toshkent) - 8,6; A.Po‘latov (Toshkent) - 8,5; R.Lutfulin (Toshkent) - 9,0.

Gollar: Z.Abdullayev (16) - I.Sergeev (18, 45+2), D.Ibrohimov (90+4).

«Metallurg»: 1. Z.Safoyev, 2. A.Husinov, 4. H.Hoshimov, 6. D.Karimov (38. M.Sultonov, 50), 7. D.Odilov, 8. A.No‘’monov, 13. S.Qodirqulov, 14. D.Karimqulov, 15. Z.Abdullayev, 22. I.Isoqjonov, 70. J.Abdumo‘minov.

«Paxtakor»: 12. A.Lobanov, 5. A.Ismatullayev (24. D.Hoshimov, 46), 7. A.Ahmedov, 11. I.Sergeev (20. J.Hakimov, 81), 17. S.Nurullayev, 21. K.Tojiyev, 29. V.Kozak, 52. G.Kanyuk, 55. M.Simich, 77. T.Bezerra (27. D.Ibrohimov, 72), 80. R.Griffits.

Ogohlantirishlar: D.Odilov (3), J.Abdumo‘minov (34), M.Sultonov (72) - K.Tojiyev (38), R.Griffits (40), A.Ahmedov (60).

Eng yaxshi o‘yinchilar: S.Qodirqulov - K.Tojiyev.

Nazoratchi: S.Najafaliyev (Toshkent).

Komissar: A.Inoyatov.

Shota Arveladze («Paxtakor» bosh murabbiyi): - Maydon holati ikki jamoaga ham yaxshiroq futbol ko‘rsatish imkonini bermadi. Menimcha, o‘yindan avval uni sug‘orish kerak edi. To‘p yetarli darajada tez harakatlanmagani tufayli maydonda kurash ko‘paydi. Deyarli har daqiqada to‘xtalishlar guvohi bo‘ldik. O‘yinga kelsak, jamoamning intilishi yoqdi. Deylik, gol qo‘yib yuborilganidan keyin tezda o‘yinga qaytdik. Safar uchrashuvida 3ta gol urish - bu yaxshi ko‘rsatkich. Mana, bugun mehmonda ilk g‘alabani nishonladim va buning uchun yigitlarga minnatdorchilik bildiraman. Umuman, har bir jamoa bizga qarshi o‘yinda bor kuchini ishga solmoqda va bu yaxshi holat.

Rustam Mirsodiqov («Metallurg» bosh murabbiyi): - Uchrashuv og‘ir kechishini bilardik. Buning ustiga, asosiy tarkibning 3 nafar yetakchi o‘yinchisi maydonga tushmasligi vazifamizni yanada qiyinlashtirdi. Afsuski, bugun olingan sariq kartochkalar navbatdagi o‘yinda ham yetarlicha bosh og‘ritadi. Ammo tan olish kerak, nomdor raqibga munosib qarshilik ko‘rsatdik. Agar futbolchilar yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishganida, ijobiy natijaga erishishimiz hech gap emasdi. Yosh Sanjar Qodirqulov uchrashuvning eng faol o‘yinchisi sifatida ko‘rsatilganidan xursandman. Keyingi uchrashuvlarda ham yoshlarga ishonishda davom etamiz.

Tur Statistikasi

O‘yin: 8, Gol: 24  (o‘rtacha: 3), Tomoshabin: 20529 (o‘rtacha: 2566...)

Mezbonlar g‘alabasi: 3, Mehmonlar g‘alabasi: 3, Durang: 2, Yirik hisobli g‘alaba: -

Eng  sermahsul o‘yinlar:  «Obod» - «So‘g‘diyona», «Qizilqum» - «Bunyodkor» (6ta gol)

Ogohlantirish: 24 (o‘rtacha: 3), Chetlatish: -

Eng «qo‘pol» o‘yin: «Metallurg» - «Paxtakor» (6ta «sariq»)

Eng ko‘p tomoshabin kirgan o‘yin: «Qizilqum» - «Bunyodkor» (6000)

Penalti: 1 (samarali)

«Dubl»: 4 (E.Ravshanov, «Obod»; I.Toshpo‘latov, S.Rashidov, «So‘g‘diyona»; I.Sergeev, «Paxtakor»)

«Xet-trik»: -, Avtogol: -

1          Lokomotiv     19        14        3          2          44-12  45

2          Buxoro            20        11        3          6          33-25  36

3          Qo‘qon-1912   20        9          7          4          28-23  34

4          Nasaf              19        10        2          7          28-16  32

5          Paxtakor        19        9          5          5          29-21  32

6          Bunyodkor        20        8          8          4          23-19  32

7          Mash’al          19        8          6          5          23-15  30

8          Navbahor        20        7          8          5          24-24  29

9          Olmaliq        19        7          7          5          15-15  28

10        Metallurg      20        8          2          10        26-25  26

11        Qizilqum       20        6          7          7          24-25  25

12        So‘g‘diyona       19        6          3          10        24-34  21

13        Dinamo          20        5          6          9          18-23  21

14        Sho‘rtan          20        6          1          13        16-28  19

15        Neftchi           20        2          7          11        16-38  13

16        Obod               20        2          3          15        14-42  9

 

To‘purarlar:

Marat Bikmayev («Lokomotiv») - 17ta  (5ta - pen.)

Doston Hamdamov («Bunyodkor») - 11ta

Sanjar Rashidov («So‘g‘diyona») - 11ta (3ta - pen.)

Dragan Cheran («Nasaf») - 10ta (2ta - pen.)

Zohid Abdullayev («Metallurg») - 8ta

Igor Sergeev («Paxtakor») - 8ta (1ta - pen.)

Ivan Nagayev («Buxoro») - 8ta (3ta - pen.)

Suhrob Berdiyev («Qo‘qon-1912») - 7ta

Mo‘ydin Mamazulunov  («Neftchi») - 6ta...

 

Kelgusi o‘yinlar:

15 sentyabr (juma)

Bunyodkor - Neftchi

16 sentyabr (shanba)

Paxtakor - Sho‘rtan

Qo‘qon-1912 - Mash’al

Navbahor - Metallurg

Buxoro - Dinamo

So‘g‘diyona - Qizilqum

Olmaliq - Obod

Nasaf – Lokomotiv

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 20:25, 11.09.2017.
O'qildi: 4457 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.