Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Davron Choriyev: «Mendezning o‘rni bilinyapti»

Davron Choriyev: «Mendezning o‘rni bilinyapti»

Baho:
+ | -

Futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 24-31 avgust kunlari Rossiyaning Yekaterinburg shahrida bir haftalik o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazib qaytdi.

Bahodir Ahmedov shogirdlari Rossiya klublari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarida kuch sinashishdi. Bu bahslar 16-26 sentyabr kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxobodda bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlari hamda futzal bo‘yicha 2018 yilgi qit’a chempionati saralashiga tayyorgarlik vazifasini o‘tab berdi.

Terma jamoamiz Yekaterinburgda Rossiya chempionatida kuchli uchlikda borayotgan «Viz-Sinara» klubiga qarshi ikkita o‘yinda maydonga tushdi.

Mezbonlar ilk uchrashuvda 5:2, ikkinchisida esa 7:0 hisobida zafar quchishdi. Biz yig‘in yakunida termamiz yetakchilaridan biri Davron Choriyevdan intervyu oldik.

- Davron, Rossiya yig‘ini qanday o‘tdi? O‘rtoqlik uchrashuvlaridan murabbiylar va shaxsan o‘zingizning ko‘nglingiz to‘ldimi?

- Hammasi ajoyib o‘tdi, deyish mumkin. Nazorat bahslaridagi raqibimiz Rossiyaning kuchli uchta jamoasidan biri hisoblanadi. Tarkibida mamlakat termasi a’zolari bor.

Oldimizga qo‘yilgan asosiy vazifa bu o‘yinlar orqali tajriba oshirish, hozirgi imkoniyatlarimizni sinab ko‘rishdan iborat edi. Qaysidir ma’noda bunga erishdik, deb o‘ylayman.

- Ikkala uchrashuvda ham yirik hisobda yutqazdinglar. Mag‘lubiyat sabablarini tahlil qildinglarmi?

- Eski kamchilik - o‘yin davomida yuzaga keltirgan xavfli vaziyatlarni golga aylantira olmaslik pand bermoqda. Bu bizga Kolumbiyadagi jahon chempionatida ham xalaqit qilgandi.

Qolaversa, himoyadagi xatolar mag‘lubiyatimizga sabab bo‘ldi. Shuningdek, jismoniy holatimizda muammolar borligi ko‘zga tashlanib qoldi. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda toliqish sezildi va buning oqibatida hujumlarni yakunlashda oqsadik.

- Rossiya klubi tarkibida legionerlar bormidi?

- Yo‘q.

- Mana shu ikki o‘yindan kelib chiqib, Rossiya futzaliga qanday ta’rif berasiz? Bizdan qaysi jihatlarda ustunlikka erishishdi?

- Ushbu mamlakat termasining qanday kuchga ekanligini hamma biladi. Bu jamoaga ortiqcha ta’rif berish shart bo‘lmasa kerak. Jahon reytingida hamisha yuqori o‘rinlarda yuradi. Ular jahon va Yevropa chempionatlarida muntazam ravishda ishtirok etib kelishyapti.

Eng muhimi, futzal bo‘yicha Rossiya chempionatidagi barcha o‘yinlarning toza vaqti 50 daqiqadan iborat. Ya’ni jamoalar 25 daqiqadan iborat ikki bo‘lim mobaynida maydonda harakat qilishadi. Bu o‘z o‘rnida futzalchilarning jismoniy holati yanada yaxshilanishiga olib keladi.

Boshqa davlatlarda, xususan, O‘zbekistonda 20 daqiqadan iborat ikki bo‘limli tizimga amal qilinadi. Balki bizda ham shunday yo‘ldan borilsa, maqsadga muvofiq bo‘larmidi.

Ishonchim komil, bu o‘zgarish tezda o‘zining ijobiy natijasini beradi. Zero, o‘yinlarni tahlil qilish asnosida aynan jismoniy tomondan raqiblarga yutqazayotganimiz ko‘zga tashlanyapti.

- Terma jamoamiz tarkibidagi yosh futzalchilar qanday taassurot qoldirishdi?

- Menimcha, yomon o‘ynashmadi. Xalqaro tajribaning yo‘qligini inobatga olmasa, ilk taassurot ijobiy. Ular o‘z ustilarida ishlashda davom etishsa, albatta, yuqori natijalarga erishishadi.

- Kuni kecha Ashxobodda o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga qur’a tashlandi. Guruhimiz haqida qanday fikrdasiz?

- Hisob bo‘yicha beshinchi Osiyo o‘yinlarining futzal musobaqasida ishtirok etamiz. Qur’a natijasiga ko‘ra, «B» guruhida Xitoy, Afg‘oniston, BAA va Maldiv termalariga qarshi to‘p suradigan bo‘ldik.

Turnirda 18ta jamoa 4ta guruhga bo‘lingan holda bahslarga kirishadi. Ikkita guruhda beshtadan, qolganida to‘rttadan jamoa o‘rin olgan. Bizning kvartetda 1|4 finalga beriladigan ikkita yo‘llanma uchun 5ta jamoa kurashadi. Oldimizda turgan birinchi vazifa - guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunlab, chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritish.

Keyin esa chempionlik uchun kurashamiz. Asosiy raqiblarimiz Xitoy va BAA bo‘lsa kerak. Lekin oxirgi qit’a chempionatida afg‘onistonliklar ham qanday kuchga ega ekanliklarini ko‘rsatib qo‘yishdi.

- Xose Mariya Mendez ketganidan keyin nimalar o‘zgardi? Uning o‘rni bilinyaptimi?

- Albatta, sezilyapti, lekin hayot davom etadi. Termamizning hozirgi uslubi Mendez joriy qilgan taktik sxema asosida davom ettirilyapti. Murabbiyimiz Bahodir Ahmedov bir necha yil davomida ispaniyalik mutaxassisning yonida ishlab, katta tajriba to‘pladi.

O‘ylaymanki, Ashxoboddagi Osiyo o‘yinlarida ijobiy natija qayd eta olamiz. Qolaversa, qit’a chempionati saralash bahslari ham bor. Avvalgi musobaqada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarimizni juda yaxshi bilamiz. Bundan to‘g‘ri xulosalarni chiqarib, ishlashda davom etamiz.

Ta’kidlash joizki, hozir termada avlodlar almashinuvi davri. Ke-yingi mundialga saralash vazifasini o‘tovchi Osiyo chempionatida jamoamizning anchagina yoshartirilgan tarkibi qatnashadi. Shuni inobatga olib, murabbiylarimiz tarkibga yosh futzalchilarni ham jalb etishyapti.

Albatta, reja to‘liq amalga oshishi uchun ozgina vaqt kerak. Umid qilamanki, mazkur jarayon xalqaro maydondagi natijalarimizga salbiy ta’sir o‘tkazmaydi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:41, 13.09.2017.
O'qildi: 3638 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.