Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

«Haddersfild» birinchisi emas yoxud yorqin debyutantlar haqida

«Haddersfild» birinchisi emas yoxud yorqin debyutantlar haqida

Baho:
+ | -

Uzoq tanaffusdan so‘ng Angliya futboli yuqori divizioniga qaytgan «Haddersfild» jamoasi APLda tetik start olib, ko‘pchilikni hayratga soldi.

Bir qarashda, kamtarindek ko‘rinadigan klub avvaliga Londonda «Kristall Pelas» darvozasiga 3ta javobsiz gol urdi. Keyin esa o‘z maydonida «Nyukasl»ni 1:0 hisobida yengib, «Sautgempton» bilan o‘yinda murosa ko‘chasini tanladi - 0:0. Xullas, debyutant 3-turdan so‘ng 3-o‘rinni egallab turgandi:

7 ochko va to‘plar nisbati 4:0. Tabiiyki, hech kim «Haddersfild»dan bunday dadil odimlashni kutmagan bo‘lsa kerak. APL tarixiga nazar solsak, ligaga yangi qo‘shilgan jamoaning start chizig‘ida yirik hisobli g‘alabaga erishishi atigi 3-marta kuzatildi.

Ya’ni bungacha chempionatning 1-turidayoq baquvvatgina o‘rtamiyona raqibni chinakamiga tor-mor etish 2tagina debyutantga nasib qilgandi, xolos. Demak, quyida shunday «betga choparlik» yakunda nimalarga olib kelganini ko‘rib chiqamiz.

«Bolton Uonderers» (mavsum-2001|2002). Tajribali Sem Ellardays tomonidan tuzilgan jamoa 1-turda «Lester Siti» mehmoni bo‘lib, ortga 5:0 (!) ko‘rinishidagi qoyilmaqom g‘alaba bilan qaytdi. Debyutantning o‘sha o‘yindagi tarkibi nafaqat «yo‘rtoqi otlar», balki butun prem-er-liga muxlislarini o‘tmishni biroz qo‘msashga majbur etsa, ajabmas.

Mana, o‘zingiz tarkib va gollar mualliflariga qarab, baho berishingiz mumkin: Yaaaskelaynen, Barness, Bergsson (Marshall, 76), Uitlou, Charlton, Nolan, Uarxerst (Sau-fell, 71), Frandsen, Gardner (Pedersen, 66), Xansen, Riketts. Gollar: Nolan, (15, 41), Riketts (33), Frandsen, (45, 83).

Mavsum davomida Yaaaskelaynen, Bergsson, Nolan va Gardner kabi faxriylar qatoriga «Milan», «PSJ», «Marsel» klublari hamda Fransiya milliy jamoasida o‘ynashga ulgurgan 30 yoshli Bruno N~Gotti ham qo‘shilgandi. Bunday ajoyib tarkib murabbiyi - Big Sam- (Sem Ellardays)ga esa ortiqcha ta’rif berish shart emas.

Diqqatga sazovor tomoni, o‘sha vaqt «Bolton»da bitta o‘ziga xos an’ana bor edi - jamoa qaysidir raqibni yirik hisobda yengsa, futbolchilar, murabbiylar va barcha xodimlarga alohida tushlik tayyorlanardi. Ehtimol, «otlar» shuning uchun ham raqiblarni tez-tez gollar shodasi bilan «siylash» uddasidan chiqishgandir.

Yakuniy natija. «Bolton» o‘sha mavsum 16-o‘rinni band etib, kuchlilar qatorida qolgan bo‘lsa, bechora «Lester» Angliya oliy divizioni bilan xayrlashgandi.

«Blekpul» (mavsum-2010|2011). «Bolton» jasoratining deyarli takrori. Ya’ni «Blekpul» ham startda mehmonda o‘ynadi va «Uigan Atletik» darvozasiga javobsiz 4ta gol yo‘lladi. O‘shanda «mandarinlar» muxlislari sevimli jamoalarini oldinda qanday dahshatli mavsum kutib turganini bilishmasdi.

Yana qandaydir 3 yildan so‘ng «Blekpul»ning umuman nochor ahvolga tushib qolishini esa xayollariga ham keltirishmagani aniq (faktlar asosida aytsak, mavsumlar oralig‘ida klub ixtiyorida atigi 8 nafar futbolchi qolgandi, xolos).

Endi jamoaning mavsum-2010|2011 doirasidagi ilk uchrashuvga tashlagan tarkibiga nazar solamiz: Gilks, Baptist, Kezkart, Evatt, Kreyni, Granden, Voan, Adam, Teylor-Fletcher (YUell, 79), Ormerod (Silvestr, 59), Xervud (Beshem, 60). Gollar: Teylor-Fletcher (16), Xervud (38, 43), Baptist (75). Shubha yo‘q, Charli Adam debyutantning bosh yulduzi sanalardi.

U chempionat yakuniga yetgach, «Liverpul» bilan bejiz shartnoma tuzmagandi. Charli keyinchalik «Stok Siti»da ancha samarali o‘ynadi. Umuman, o‘sha «Blekpul» APLning butun tarixidagi eng qiziqarli, tushunib bo‘lmas va «romantik» jamoalardan biri sanaladi. Axir chempionat davomida 55ta gol urgan holda, yakunda chempionshipga qulash - og‘ir qismat.

Taqqoslash uchun aytsak, 55ta gol «Tottenxem»ning 5-o‘rinni band etishiga kifoya qilgandi. Yana bir tomoni, «mandarinlar» «Liverpul» va «Nyukasl» kabi kuchli raqiblarni mehmonda, «Tottenhem»ni o‘z maydonlarida yengish barobarida «Everton»ga 3:5 ko‘rinishida yutqazishgan, juda ko‘p o‘yinlari gollar shousiga aylangandi.

Yakuniy natija. «Blekpul» 38ta o‘yinda o‘z darvozasidan naq 78ta gol qo‘yib yubordi. Xususan, oxirgi turda «MYU» oldida shunchaki, ojiz qoldi - 2:4. Natijada Ian Xellouey boshqargan ajabtovur jamoa birinchi mavsumdayoq premyer-liga bilan xayrlashdi.

Startda debyutant tomonidan «kaltaklangan» «Uigan»ga kelsak, bu jamoa chempionat finishiga 16-o‘rinda yetib keldi va yana 2  yildan so‘ng Angliya kubogini yutish barobarida chempionshipga tushib ketdi.

Aytgancha, ayni payt «Blekpul» ham, «Uigan» ham birinchi liga (Angliya futbolidagi uchinchi divizion)da o‘ynamoqda.

«Haddersfild»ga nima bo‘ladi? Hammasini oliy hakam - vaqt ko‘rsatadi, albatta. Dastlabki 3ta tur natijalarini nazarda tutib aytsak, David Vagner boshqaruvidagi klub tarkibida jamlangan ishtiyoqli yigitlar ijrosidagi o‘yinlarni kuzatish ancha qiziqarli. Ko‘rinishidan, ular «Blekpul» tushgan qismatga duch kelmaydilar, chog‘i.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:02, 15.09.2017.
O'qildi: 2867 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.