Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

«Xaddersfild» - ertak ichidagi ertak

«Xaddersfild» - ertak ichidagi ertak

Baho:
+ | -

1972 yildan beri ilk bor prem­er-liga yo‘llanmasiga ega bo‘lgan bu klub birinchilik oldidan autsayderlar qatorida tilga olingandi. Ammo endilikda aynan u mavsum kashfiyotlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

Aslida, «Xaddersfild» boy tarixga ega - ketma-ket uch marta Angliya oliy divizionida g‘olib chiqqan, ikkinchi jahon urushiga qadar Britaniya futboli yetakchilaridan sanalgan.

Klubda so‘nggi paytlarda ko‘zga ko‘rinmay qolgan ajoyib tashkilotchilik qo‘qqisdan chempionshipdagi «pley-off»da o‘zini namoyon qildi va shu tariqa APL yo‘llanmasi qo‘lga kiritildi.

So‘nggi bir asrdan buyon ilk bor jamoaga xorijlik murabbiy tayinlandi va bugunga kelib, bu tayinlovni muvaffaqiyatsiz deyishga til bormaydi.

Haqiqatan ham, Devid Vagner jamoa yuziga aylana oldi va Britaniya futboli ixlosmandlarining tiliga tushdi. U boshqarayotgan jamoaning APL jadvalida yetakchilar qatorida borayotgani ham fikrimizni isbotlaydi.

«Xaddersfild»ning uslubi qanday?

Nemis mutaxassisi boshqaruvidagi barcha jamoalarda bo‘lgani kabi, «Xaddersfild»ning o‘yin uslubi ham shu qadar puxta ishlab chiqilganki, bemalol bo‘laklarga ajratib, ularni kitlar deb atash mumkin.

«Teryerlar»da bunday kitlar uchta:

birinchi kit - yuqori pressing. Vagnerni bejizga Yurgen Kloppga solishtirishmaydi - har ikki yurtdosh maksimal agressiv darajadagi yuqori pressingni targ‘ib qilishlari natijasida, raqib jamoalar hujumlarini erkin boshlash va rivojlantirish imkonidan mahrum bo‘lishadi. Vagnerning uslubi nisbatan oddiy: yo‘qotdingmi, darrov olib qo‘y.

Bu haqda uning hujumkor yarim himoyachilari bergan intervyularda ham eshitish mumkin; futbolchilarning har biri Devid ularni to‘p bilan ishlashga bo‘lgan munosabatlarini butunlay qayta ko‘rib chiqishga majbur qilgani va yuqori pressing masalasini to‘liq o‘zlashtirishga mashg‘ulotlarda katta vaqt ajratilayotganini ta’kidlashadi.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, «Xaddersfild» bu yumushni ligadagi aksariyat jamoalardan yaxshiroq bajarayotir: ishga bo‘lgan yangicha yondashuv so‘nggi turdan so‘ng iste’foga chiqarilgan Frank de Bur boshchiligidagi «Kristal Pelas» ustidan ishonchli g‘alaba qozonilishiga sabab bo‘lganini ham unutmaslik lozim;

ikkinchi kit - qanotlardagi o‘yin. Ayni payt «teryerlar» 4 himoyachi bilan to‘p surish afzalligini ko‘rsata bilishyapti: qanotlarda son jihatidan ustunlik ta’minlanmoqda.

O‘yin shu tarzda tashkil qilinganda, vingerlar fulbeklar o‘rnini bosa olishmoqda va aksincha, fulbeklar imkon tug‘ilishi hamono hujumga otlanishmoqda. Qachonlardir fulbek bo‘lib, hozirda vingerga aylangan Rayiv van la Parra bunga yorqin misoldir.

Yana shuni e’tirof etish kerakki, «Xaddersfild» himoyachilari bo‘lgan Kris Lyov va Tommi Smitning maydondagi o‘rinlari barcha uchrashuvlarda markaziy chiziqda nihoyalanmoqda;

uchinchi kit - Devid Vagner. Ko‘pgina hollarda muxlislar murabbiyga haddan ortiq baho berib yuborishadi, ammo biz so‘z yuritayotgan jamoada buning iloji yo‘q. Vagnerning ortida o‘ta kuchli murabbiylar shtabi turgani shubhasiz, biroq aynan u - barcha fikr-o‘ylar ijobatiga javob berishini, «Xaddersfild»ning o‘yini uning yuzi ekanligini ham unutmaslik darkor.

Devid - o‘z ishiga o‘zgacha yondashadigan mutaxassislardan. Masalan, fevralda ESPNga bergan intervyusida Vagner o‘tgan mavsum boshida tarkib to‘liq yangilanganidan so‘ng jamoani Shvesiyadagi bir orolga - mobil aloqa, internet va hatto elektr hamda oziq-ovqat muammo bo‘lgan joyga olib bordi.

Murabbiyning aytishicha, bu jamoani yanada jipslashtirgan. Hozirgacha bo‘lgan natijalarga ko‘z tashlaydigan bo‘lsak, u maqsadiga erishgan.

Bosh qahramonlar

Aaron Muy. Premyer-liga yo‘llanmasiga ega bo‘linganidan so‘ng Devid Vagner Muyni «Xaddersfild» o‘yinining yuragi» deb atadi. Darhaqiqat, Aaron, birinchidan, jamoaning asosiy pleymeykeri hisoblanadi.

Ikkinchidan, himoyaga katta yordam beradi va mehnatsevarligi bilan ajralib turadi. Uchinchidan esa, «Xaddersfild»­ga o‘xshash jamoalar o‘yinini o‘zida jo etadi.

Muy - «Bolton» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi, ammo qadrdon jamoasiga mustahkam o‘rnashib olishning uddasidan chiqolmadi: Shotlandiya va qadrdon Avstraliya bo‘ylab maqsadsiz yurishlardan so‘ng, uni «Manchester Siti» skautlari ko‘z ostilariga olib qo‘yishdi. Ko‘p o‘tmay, Muy «Melburn»ga ko‘chib o‘tdi.

Xullas, unga «Siti» futbolchisiga aylanish nasib qilmadi: o‘tgan yili «Xaddersfild» uni ijaraga olgach, keyingi barcha muvaffaqiyatlar «teryerlar» rahbariyatini yarim himoyachi bilan shart­noma tuzish uchun 10 mln. funt sarflashga undadi.

Natijada, aynan ushbu futbolchi jamoa yuragiga aylandi. Muy hisobida hozirda APL­ning 3 uchrashuvida qayd etilgan 1 gol va 2ta samarali uzatma bor.

Stiv MunYE. «Mening kumirim - Didye Drogba. Uning Angliyadagi gollari tasvirlangan videoyozuvlarni tez-tez ko‘rib turaman. O‘ylaymanki, biz o‘xshashmiz.

Drogbaning Angliya futbolidagi merosi meni ilhomlantiradi. Bundan tash­qari, hayot yo‘llarimiz ham o‘xshash», - dedi Stiv Munye «Kristal Pelas» ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng.

Munye «Xaddersfild»ning so‘nggi transferlar oynasida navbatdagi rekord miqdordagi xaridi bo‘ldi. «Teryerlar» uning uchun qariyb 11,5 mln. funt sarflashdi va ko‘rinib turibdiki, bu bejizga emas. Munye debyut o‘yinidayoq «dubl» muallifiga aylandi, «Xaddersfild» esa mazkur transferni amalga oshirganidan shodlandi.

Beninlik futbolchining jismoniy imkoniyatlariga APLning aksariyat futbolchilari havas qilishsa arziydi. «Ikkinchi qavat»dagi faolligi - alohida mavzu. Asosiy e’tiborni qanotdagi o‘yinga qaratadigan va buning uchun zarur futbolchilarga ega jamoa uchun bunday forvard xazinaning o‘zginasi.

Munyening havodagi kurash chog‘ida ko‘rsatadigan hayratlanarli natijalari (qariyb 80 foizi muvaffaqiyatli) va to‘p olib qo‘yishdagi intilishlar (har bir bahsda o‘rtacha 1,5 marta) - «Xaddersfild»ning hujumdagi ijobiy ko‘rsatkichlari hamda jamoaning butun o‘yin uslubiga poydevor bo‘lyapti.

Tom Ins. Yana bir yangi futbolchi - navbatdagi rekord xarid. «Xaddersfild» chindan ham joriy transfer oynasida xasislik qilmadi va urinishlar samarasi ko‘zga tashlanmoqda. Afsonaviy Pol Insning o‘g‘li 25 yoshga to‘lsa-da, hamon chempionshipdagi o‘yinini APL darajasiga ko‘tarolmayotgandi.

Endi unga yana bir imkon berildi. Ins Devid Vagner jamoasining o‘yiniga kutilmaganda tez kirishib ketdi: britaniyalik mutaxassislar so‘nggi uchrashuvlarda Tomning o‘yini ochilganini e’tirof etib adashishmagan ekan.

Ins o‘z yurtining iqtidorli futbolchilaridan biriga aylantirgan ijobiy xislatlariga tezlik, texnik mahorat, mobillik va universallikni ham qo‘shib qo‘ydi. Shu bilan birga,  ko‘plab zarbalarni o‘ziga qabul qilayotganining ham ajablanarli tomoni yo‘q: har bir bahsda o‘rtacha ikkita shunday holat kuzatiladi.

Uzoq masofalardan aniq zarba bermoqda, standartlar Tomga begona emas. Eng qizig‘i, Vagner Ins va Palmer kabi nominal vingerlarni boshqa pozisiyalarda ham muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazyapti.

Kristofer Shindler va Mattias Yorgensen. Bu futbolchilarga alohida-alohida ta’rif berishning imkoni yo‘q: zero ularning bir-birlarini to‘ldira bilishlari «Xaddersfild» himoya qo‘rg‘onini mustahkamlayapti.

Yorgensen jismoniy tomondan mukammallikka ega bo‘lsa, Shind­ler pozisiyani to‘g‘ri tanlay bilishi va o‘z vaqtida yakkakurashlarga kirishishi bilan jamoadoshlari joniga oro kiryapti.

Mattias - jamoaning yozgi xaridlaridan biri. Dastlab, unga vaqtincha safdan chiqqan Yon Stankovichning o‘rnini bosuvchi futbolchi sifatida qarashdi, ammo bugunga kelib sloveniyalik himoyachining kelajagi so‘roq ostida turgan bir paytda Mattiasning harakatlari anchayin samarali ko‘rinyapti.

Yonas Lyossl. «Mayns»da o‘tkazilgan omadsiz mavsumdan keyin Lyossl asosiy tarkibdagi o‘rnini 23 yoshli Yannik Xutga bo‘shatib berdi-da, APLni mahv etishga yo‘l oldi. Aynan uning yordami bilan «Nyukasl» ustidan g‘alaba qozonildi.

Yonas to‘pga ishonch bilan egalik qilishdan tashqari, chaqqonligini ham namoyish etmoqda. Devid Vagner futbolchining aynan shu xislatlarini ko‘p tilga oladi.

Murabbiyning e’tirofida jon bor: Lyossl o‘yin mobaynida o‘rtacha 30ta to‘p oshirishini amalga oshiradi va ularning har uchinchisi uzoq masofalarga to‘g‘ri keladi. O‘rtacha aniqlik esa taxminan 60 foiz - yomon ko‘rsatkich emas.

Umumiy ro‘yxatga nazar tashlarkanmiz, yana bir narsani alohida ta’kidlab o‘tmoqchi edik: «Xaddersfild»ning o‘yini faqat yuqorida nomlari keltirilgan futbolchilarga bog‘liq emas.

Zero, Aaron Muyning maydon markazidagi sherigi - Filip Billingning xizmatlari ham alohida e’tirofga loyiq. Shuningdek, ajoyib jismoniy tayyorgarlikka ega Elias Kachungani ham maqtasa arziydi. Kris Lyov va Tom Smitlar esa jamoa fullbeklaridir.

Keysi Palmer va Rayiv van la Parra ham shular jumlasidan. Aksariyat klublarda bo‘lgani kabi, «Xaddersfild» alohida bir futbolchisi bilan emas, balki jamoaviy o‘yini evaziga kuchli.

Kelajakdan umid bormi?

Bu to‘g‘rida bir nima deyish qiyin. Voqealar rivojini 3 variantda ko‘rib chiqish mumkin: yo jamoa muvaffaqiyatlari ko‘payib boradi yoki o‘rtacha rivojlanish kuzatiladi.

Kuchli startdan so‘ng inqirozga yuz tutishi ham mumkin, zero so‘nggi turda jamoa «Vest Xem»ga imkoniyatni boy berdi. Hozircha biz bahamjihat jamoa o‘yinini ko‘rmoqdamiz, ertaga nima bo‘lishi esa ma’lummas.

Ammo bir narsa aniq, «teryerlar»ni og‘ir noyabr va dekabr kutyapti: aynan shu oylarda APLdagi top-klublarga qarshi bahs­lar bor.

Agar ungacha o‘yin uslubi maromiga yetkazib olinsa yoki yetarlicha ochko jamg‘arilsa, «Xaddersfild» liganing munosib a’zosiga aylandi, deyavering. Aks holda, premyer-ligada «jon» saqlash uchun kurashishi aniq.

Bu klub - ertak ichidagi ertak. «Lester» uning minimal darajadagi nusxasi, «Byornli»da ham shunga moyillik bor. Ammo «Xaddersfild» bu - «Xaddersfild». Chunki uni o‘ziga xos salohiyatga ega mutaxassis - Devid Vagner boshqarmoqda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 10:03, 23.09.2017.
O'qildi: 3762 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.