Oliy liganing 22-turida “Sho‘rtan” o‘z maydonida “Navbahor” bilan o‘ynadi.
Uchrashuvning dastlabki 20 daqiqasi juda zerikarli va qiziqarsiz o‘tdi. To‘g‘ri, jamoamizda bu vaqt oralig‘ida hisobni ochish uchun ba’zi vaziyatlar yaratilgan edi, ammo Ubaydullayev va Taranlar ushbu vaziyatlarni mantiqiy yakuniga yetkaza bilishmadi. Ubaydullayevning zarbasiga aniqlik yetishmagan bo‘lsa, Taran tepgan to‘pni raqib darvozaboni qaytarishga erishdi. Oradan ko‘p o‘tmay mehmonlar tarkibida o‘zgarishni amalga oshirishdi. Jarohat olgan Sardor Azimov o‘rniga maydonga Doniyor Usmonov tushirildi. Ushbu o‘zgarish sababmi, yoki boshqami namanganliklar o‘yini ancha “jonlandi”. Natija o‘zini ko‘p kuttirmadi va “Navbahor” hisobni ochishga erishdi. 22-daqiqada, Jamol Otaqulovning qo‘pol harakatlari bois darvozamiz tomon jarima to‘pi belgilandi. Oybek Qilichevning 45 metrlardan belgilangan jarima nuqtasidan jamoadoshlariga xavodan oshirib bergan to‘piga Ro‘zimboy Ahmedov boshi bilan zarba berib, Turobovga imkon qoldirmadi - 0:1. O‘tkazib yuborilgan goldan so‘ng, jamoamiz o‘z maydonida o‘ynayotganini esga olishdi shekilli, o‘yin nazoratini o‘z qo‘llariga olishga harakat qilishdi va ko‘p o‘tmay bu o‘z samarasini ko‘rsatdi. Laziz Ubaydullayevning to‘p uzatishidan so‘ng, jarima maydonchasining markazidan yorib kirgan Igor Taran himoyachilarni aldab, uzoqdan zarba berib, chiroyli tarzda Asilbek Amonovni dog‘da qoldirdi - 1:1. Urilgan goldan ruhlangan jamoamiz futbolchilari, birin-ketin xavfli vaziyatlarni amalga oshira boshladi. Ammo jamoamizning urinishlari o‘zini oqlamadi. Biroq, bo‘lim yakunida, kutilmagan qiziqarli voqea sodir bo‘ldi. Sunnatilla Mamadaliyevni to‘xtatishga uringan raqib darvozaboni jarima chizig‘idan tashqarida to‘pga qo‘li bilan o‘ynab, bu harakatlari uchun ogohlantirish oldi. Natijada, belgilangan jarima to‘pini Laziz Ubaydullayev mehmonlar darvozasiga joylab jamoamizni oldinga olib chiqdi - 2:1.
Ikkinchi bo‘limni ham ko‘tarinki ruhda boshlagan “oq bo‘rilar” 54-daqiqa kelib hisobdagi farqni oshiridi. Tarandan to‘pni qabul qilib olgan Mamadaliyev, uni Jasur Xolto‘rayevga uzatdi. Jarima maydonchasi markazida ikki himoyachi o‘rtasida qolib ketgan bo‘lishiga qaramay, Jasur to‘pga zarba berdi va gol - 3:1. Uchinchi golimizdan so‘ng, “Navbahor” tarkibida o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Ko‘p o‘tmay, bu o‘zgarishlar o‘z samarsini berdi. Bosim o‘tkazishga uringan raqiblar ikkinchi golini ham standart vaziyatdan darvozamizga kiritishga erishdi. Uchrashuvning 63-daqiqasida darvozamiz tomon belgilangan burchak to‘pini Oybek Qilichev jamoadoshlariga yetkazib berdi. Bu vaziyatda, boshi bilan aniq o‘ynab qo‘ygan G‘iyos Komilov ajralib chiqdi – 3:2. Uchrashuvning 67-daqiqalarida, jamoamiz o‘yinini kuchaytirish maqsadida, maydoga Mamadaliyev o‘rniga G‘ulom Rahmonov tushirildi. Bu orada, raqiblarimizning birin-ketin uyushtirgan hujumlari juda xavfli chiqdi. Ro‘zimboy Ahmedov imkoniyatlarini bir necha bor sinovdan o‘tkazdi. Ba’zi vaziyatlarda uning zarbasini Turobov qaytargan bo‘lsa, yana ba’zilarida unga aniqlik yetishmadi. 86-daqiqalarda darvozamiz tomon 35 metrlar chamasi uzoqlikdan jarima to‘pi belgilangandi. Ushbu vaziyatda to‘pni qaytarishga harakat qilgan futbolchilarimiz hattoki darvozabonimiz jiddiy jarohatlar olishi mumkin edi. Shunday bo‘ldi ham. Obid Jo‘raboyevning yotgan holatiga ahamiyat bermagan bosh hakam o‘yinni davom ettirdi. Natijada ushbu tushunarsiz holatdan raqiblar samarali foydalanishni ep ko‘rishdi va yotgan futbolchining ustidan Ro‘zimboy Ahmedov boshi bilan to‘pni darvozamiz tomon yo‘llab qo‘ydi. Obid Jo‘raboyevga yordam ko‘rsatayotgan Turobov to‘pni ham qaytarib qolishga harakat qildi, ammo u kechikdi - 3:3. Tarkibimizda majburiy o‘zgarish amalga oshirildi. Jiddiy jarohat olgan Jo‘raboyev o‘rniga maydonga Ma’rufxon Murodov tushirildi. Ushbu adolatsiz vaziyatdan tushkunlikka tushgan jamoamiz, o‘yin so‘ngiga qadar e’tiborni yuqotganlari uchun qattiq jazolanishi mumkin ham edi. Bunday imkoniyatlar Doniyor Usmonovda hamda Nemanya Yovanovichlarda paydo bo‘lgandi. Uchrashuvga qo‘shib berilgan 3 daqiqa esa futbolchilarimizga vaziyatni o‘zgartirish uchun kamlik qildi.
Shuni aytib o‘tish lozimki, uchrashuvdan so‘ng, ko‘plab noroziliklarni keltirib chiqargan bosh hakam Olim Tolibjonovning adolatsiz qarorlari va noto‘g‘ri harakatlari 2 baho bilan baholandi.
Bosh hakam Olim Tolibjonov va uning yordamchilari - Aleksandr Burov hamda Ruslan Serazitdinovlar butun o‘yin davomida birin-ketin qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yishdi. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda bosh hakam ikki bor “Navbahor” jamoasi darvozasiga ikki bor yaqqol penaltilarni belgilamadi. Bir gal o‘ng qanotdan amalga oshirilgan hujum davomida “Sho‘rtan” futbolchisi to‘pni jarima maydonchasi ichiga oshirdi. Lekin raqib futbolchisi to‘pni qo‘li bilan o‘ynasa-da, vaziyatga yaqin turgan bosh hakam bu holatga e’tibor bermadi. Keyingi holatda ham jarima maydonchasi ichiga kirib borgan Igor Taran qo‘pollik bilan to‘xtatib qolindi. Bu ham bosh hakam tomonidan e’tiborga olinmadi. Yon qanot hakamlari esa mos ravishda - Aleksandr Burov “Sho‘rtan” futbolchilarini aksariyat to‘g‘ri yurishlarini “ushlab” qolgan bo‘lsa, Ruslan Serazitdinov esa raqib jamoa futbolchilariga ko‘p vaziyatlarda, ya’ni o‘yindan tashqari holatlarda yo‘l “ochib” berdi. Uchrashuv yakunlangach, nazoratchi tomonidan Olim Tolibjonov salbiy bahoga loyiq ko‘rildi
Oliy liga. 22-tur. 21.09.2017y.
G‘uzor “Markaziy” o‘yingohi. 1711 tomoshabin.
“Sho‘rtan” - “Navbahor” - 3:3 (2:1)
Hakamlar: O.Tolibjonov - 4,0, R.Serezetdinov - 8,5, A.Burov - 8,4, A.SHukrullayev - 9.
Nazoratchi – A.Abdullayev.
O‘zPFL vakili – A.Inoyatov.
“Sho‘rtan”: 25. Alibek Turobov, 4. Jamol Otaqulov, 5. Hasanboy Ergashev, 7. Olimjon Karimov, 9. Igor Taran (S), 12. Laziz Ubaydullayev, 15. Obid Jo‘raboyev (19. Ma’ruf Murodov, 88), 18. Eldor Boymatov, 30. Jasur Xolto‘rayev (99. Maradona Safarov, 80), 38. Sunatilla Mamadaliyev (17. G‘ulom Rahmonov, 67), 85. Ruslan Melzeddinov.
“Navbahor”: 30. Asilbek Amanov, 5. G‘iyos Komilov, 7. Oybek Qilichev, 9. Dilshod Jabborov (70. Abbos Maxstaliyev, 55), 19. Mirzohid G‘ofurov, 21. A’zam Aliyev, 22. Ro‘zimboy Ahmedov, 24. Sardor Azimov (18. Doniyor Usmonov, 18), 32. Jahongir Mehmonov (84. Nemanya Yovanovich, 56), 44. Darko Stanoyevich, 77. Azizbek Turg‘unboyev.
Gollar: I.Taran (28), L.Ubaydullayev (45), J.Xolto‘rayev (54) – R.Ahmedov (22,87), G‘.Komilov (64).
Ogohlantirishlar: J.Xolto‘rayev (60) - A.Amonov (45).