Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes - Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas - Espanyol
23/12 00:45 Monsa - Yuventus
23/12 01:00 Betis - Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

O‘zbekiston Ashxobodda medallar jamg‘arish borasida o‘zining eng yaxshi natijasini qayd etdi

O‘zbekiston Ashxobodda medallar jamg‘arish borasida o‘zining eng yaxshi natijasini qayd etdi

Baho:
+ | -

Ashxobodda bo‘lib o‘tgan Jang san’ati va yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlari yakunlandi va barcha medallar o‘z egalarini topdi. Musobaqa yakuniga ko‘ra mezbonlar Turkmaniston terma jamoasi 89 ta oltin, 70 ta kumush, 86 ta bronza, umumiy 245 ta medal bilan birinchi o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston delegasiyasi esa 24 ta oltin, 33 ta kumush, 74 ta bronza medal qo‘lga kiritgan holda, medallarning soni bo‘yicha 64 mamlakat orasida mezbonlardan so‘ng ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Medallarning sifati bo‘yicha esa jadvalning beshinchi pog‘onasidan o‘rin oldik. Vakillarimiz umumiy hisobda 131 ta medal qo‘lga kiritdilar.

E’tiborli jihati shundaki, O‘zbekiston delegasiyasi Turkmaniston poytaxtida kompleks musobaqalarda medallar jamg‘arish borasida o‘z tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etdi. Bunga qadar o‘zbekistonlik sportchilar kompleks musobaqalar sanalgan - Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, Universiada, “Islom birdamligi o‘yinlari”, Jang san’ati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlarining hech birida 100 dan ziyod medal qo‘lga kirita olishmagandi.

Bu safar esa hamyurtlarimiz roppa rosa 131 ta medalga ega chiqishdi. Ashxobodda sportchilarimiz sharafiga 24 marta bayrog‘imiz sarbaland ko‘tarilib, madhiyamiz yangradi. Demak, hech ikkilanmay “Ashxobod 2017” musobaqasi delegasiyamiz uchun omadli keldi deb aytishimiz mumkin.
Musobaqada sportning 20 ta turida g‘oliblik uchun kurash olib borgan hamyurtlarimiz ularning 16 tasida sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘lishdi. Faqatgina bouling, velosport (trek), sport raqslari va konkur turlarida sportchilarimiz medallarga ega chiqishmadi.

Muhimi olimpiya sport turlari sanalgan yengil atletika, og‘ir atletika, suzish, taekvondo, erkin va yunon-rum kurashi, tennis kabi sport turlarida delegasiyamiz a’zolari o‘z mahoratlarini namoyish eta olishdi va natijalar ham shunga yarasha bo‘ldi. Ayniqsa og‘ir atletika, sport kurashlari, yengil atletika, milliy sportimiz sanalgan Kurash, belbog‘li kurash va sambo bo‘yicha terma jamoalarimiz qayd etgan natijalar tahsinga sazovor.

Delegasiyamiz hisobiga eng ko‘p oltin medalni kurashchilarimiz keltirishdi. Milliy sportimiz bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda to‘qqiz nafar sportchimiz shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi va tabiiyki sportning ushbu turi bo‘yicha vakillarimiz umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallashdi.

Belbog‘li kurashda bu ko‘rsatkich to‘rttani tashkil etdi. Sport kurashlari va sambo bo‘yicha terma jamoamiz a’zolari uchtadan oltin medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsalar, og‘ir atletika va an’anaviy kurashdagi polvonlarimiz sharafiga ikki martadan bayrog‘imiz ko‘tarilib, madhiyamiz yangradi. Yana bir oltin yengil yetletikachimiz Nadiya Dusanova hisobiga yozildi.

Musobaqaning e’tiborli jihatlaridan yana biri bu ilk marta sport o‘yinlari bo‘yicha bir yo‘la ikkita jamoamiz kompleks musobaqalarda finalga chiqishi bo‘ldi. 3X3 basketbol bo‘yicha qizlar jamoamiz va futzal bo‘yicha terma jamoamiz finalga qadar yetib kelishdi va yakunda kumush medali bilan taqdirlanishdi.

Agar o‘zbekistonlik sportchilarning kompleks musobaqalarda ishtirokini tahlil qilib ko‘radigan bo‘lsak 2016 yili Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlaridan boshlab natijalar faqat yuksalib borayotganligiga guvoh bo‘lamiz. Braziliyada delegasiyamiz a’zolari milliy sportimiz tarixida ilk marotaba Olimpiya o‘yinlarining 13 ta medaliga sazovor bo‘lishdi. Bundan tashqari, yozgi Olimpiya o‘yinlari tarixida birinchi marta O‘zbekiston sportchilari sharafiga to‘rt marta madhiyamiz yangradi. Birinchi marta o‘zbekistonlik polvon Olimpiya o‘yinlari rekordini yangiladi. Birinchi marta o‘zbek bokschisi Olimpiya o‘yinlarining eng yaxshi bokchisi sifatida tan olindi.

Keyinchalik sportchilarimiz zafarli yurishlarini Ozarbayjon poytaxtida tashkil etilgan IV “Islom birdamligi o‘yinlari”da davom ettirishdi va 54 mamlakat vakillari orasida musobaqani to‘rtinchi o‘rinda yakunlashdi. Bu safar ham hamyurtlarimiz sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘lish bilan birgalikda bir necha marta musobaqa rekordini yangilashga muvafffaq bo‘lishdi.

Ashxobodda bo‘lib o‘tgan Jang san’ati va yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlarida esa aytib o‘tganimizdek tarixda ilk marotaba o‘zbekistonlik atletlar yuzdan ziyod medallarni qo‘lga kiritdilar. Albatta bu natijalarga o‘z o‘zidan erishilgani yo‘q. Buning zamirida eng avvalo yurtimizda sportga davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor, shaxsan prezidentimiz va hukumatimizning g‘amho‘rligi yotibdi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shunday ekan, bundan buyog‘iga xalqaro maydonda, eng nufuzli musobaqalarda natijalarimiz bundan-da yaxshilanib borishiga shubha qilmasak ham bo‘ladi. “Ashxobod 2017” musobaqasi sportchilarimiz uchun kelasi yili Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan XVIII Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik vazifasini o‘tab berdi. Ko‘pgina sport turlarida qit’amizning eng nufuzli musobaqasi oldidan sportchilar imkoniyati chamalab olindi. Jakartadagi Osiyo o‘yinlariga qadar vakillarimiz hali yana jahon va Osiyo chempionatlarida, nufuzli xalqaro turnirlarda ishtirok etishadi va o‘z mahoratlarini toblab borishadi.

Turkmaniston poytaxti mezbonlik qilgan Jang san’ati va yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlari esa tarix sahifalaridan joy oldi. Ushbu musobaqani o‘zbekistonlik sportchilar ilk marotaba yuzdan ziyod medallarni qo‘lga kiritgan Osiyo o‘yinlari sifatida eslab yursak ajab emas. Zero bundan buyog‘iga marrani ancha baland olishimizga to‘g‘ri keladi.

Manba: olympic.uz
Kiritildi: 17:15, 29.09.2017.
O'qildi: 3637 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.