Poytaxtimizdagi muhtasham “O‘zbekiston” sport majmuasi mezbonlik qilgan dzyudo bo‘yicha Toshkent Gran-Prisi yakunlandi. Sovrin jamg‘armasi 100 000 AQSH dollaridan iborat musobaqada dunyoning 27 ta davlatidan jami 183 nafar sportchi ishtirok etdi. Yakunda O‘zbekiston terma jamoasi medallar jamg‘arish bo‘yicha umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Hamyurtlarimiz 1 ta oltin, 2 ta kumush, 9 ta bronza, jami 12 ta medalni qo‘lga kiritishdi. Jamoamizga yagona oltin medalni -70 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan Gulnoza Matniyozova taqdim etdi. U final jangida daniyalik Emilye Sookni mag‘lubiyatga uchratib, oltin medal sohibiga aylandi.
O‘z vazn toifalarida Dilshod Choriyev va G‘iyosjon Boboyev kumush medal bilan taqdirlanishdi. -90kg vazn toifasida turnirda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan sportchimiz Dilshod Choriyev finalda tojikistonlik Kamronshox Ustapiryonga qarshi jang qildi. Asosiy vaqtlarda g‘olib aniqlanmagach, sportchilar oltin ochko uchun bahs yuritishdi. Afsuski, 10 daqiqadan ortiq davom etgan "golden score"da vakilimiz ogohlantirish evaziga mag‘lubiyatga uchradi va yakunda turnirning kumush medali bilan kifoyalandi. -73kg vazn toifasidagi sportchimiz G‘iyosjon Boboyev esa finalda qozog‘istonlik Jansay Smagulovga imkoniyatni boy berib qo‘ydi va kumush medali bilan taqdirlandi.
Boltaboy Boltayev, Sharofiddin Boltaboyev, Yahyo Imomov, Sherali Jo‘rayev, Sharofiddin Lutfullayev, Sardor Nurullayev, Davronbek Sattorov, Hikmatilloh To‘rayev va Bekmurod Oltiboyev bronza medaliga sazovor bo‘lishdi.
Isroil terma jamoasi 3 ta oltin, bittadan kumush hamda bronza medali jamg‘argan holda umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Kuchli o‘ntalikka shuningdek, Mo‘g‘uliston, Polsha, Qozog‘iston, Sloveniya, Ozarbayjon, Belarus, Avstriya va Tojikiston terma jamoalari kirishdi. Yakunda jami 12 ta terma jamoa delegasiyalari hisobida bittadan oltin medal bo‘ldi.