«Obod»ning oliy ligadan chetlatilishi turnir jadvalining quyi qismidagi kurashni yanada keskinlashtirdi.
Bunga qadar poytaxt jamoasining yaqqol autsayder maqomida bo‘lib turgani undan yuqoriroqdagilarni biroz xotirjam qilib qo‘ygandi.
Xavfli zonaga yaqin klublardan biri «So‘g‘diyona» ham endi bor e’tiborini kuchlilar safidagi o‘rnini saqlab qolishga qaratadi.
Igor Shkvirin shogirdlari hali elitadagi «propiska»larini rasman cho‘zdirishgani yo‘q. Biz navbatdagi tur oldidan Jizzax jamoasi hujumchisi Ixtiyor Toshpo‘latov bilan suhbat uyushtirdik.
Ushbu futbolchi klub rasmiy sayti va «Telegram» kanalida o‘tkazilgan so‘rov yakunlariga ko‘ra, «So‘g‘diyona»ning sentyabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi, deb topilgandi.
- Ixtiyor, avvalo, sentyabr oyining eng yaxshi futbolchisi bo‘lganingiz bilan tabriklaymiz. Bunday sharafga ilk marotaba erish-yapsizmi?
- Tabrik uchun rahmat. Ha, birinchi marta desa ham bo‘ladi.
- «So‘g‘diyona» mavsumni omadsiz o‘tkazyapti. Klubda buning sabablari muhokama qilinyaptimi?
- Haqiqatan ham, joriy yil jamoamiz ko‘ngildagidek o‘yin namo-yish eta olmayapti. Buning natijasida turnir jadvalidagi holatimiz havas qilmaydigan darajaga kelib qoldi. Har bir uchrashuvdan keyin siz aytgan muhokamalar bo‘ladi. Yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar tahlil qilinadi.
- O‘sha muhokamalarda mag‘lubiyat va duranglarning sabablari o‘rganilyaptimi?
- Albatta, murabbiylar har bir detalga to‘xtalishadi. Hamma ayb o‘zimizda. Yuzaga keltirilayotgan qulay vaziyatlarni golga aylantira olmayapmiz.
- Mavsumni Davron Fayziyev bilan boshlab, Igor Shkvirin boshchiligida davom ettiryapsizlar. Bu murabbiyning futbol falsafasi qanday ekan?
- Igor Anatolyevich ko‘proq paslar yordamida o‘yin tashkil etishga e’tibor qaratadi. Shuningdek, futbolchilardan to‘pni nazorat qilish va jamoadoshiga aniq yetkazib berishni talab qiladi.
- Futbolchilar qisqa fursatda yangi talablarga moslashib olishdimi?
- Ha, hammasi joyida, ko‘nikdik.
- Maosh masalasida muammo yo‘qmi?
- Vaqtida bo‘lmasa ham berib turishibdi.
- Shu jihat ham jamoaning o‘yiniga salbiy ta’sir o‘tkazmayaptimikan?
- Agar maoshlar vaqtida berib turilsa, futbolchilar maydonga yuqori kayfiyatda tushishadi. Shaxsan men o‘yinga unchalik ta’siri o‘tkazmasa kerak, deb o‘ylayman.
- «Obod»ning oliy ligadan chetlatilganiga munosabatingiz qanday?
- To‘g‘risi, bundan biroz ranjidim. Chunki jamoada iste’dodli yoshlar bor edi. Mavsum yakuniga yetayotgan bir pallada ular endi qayerda to‘p surishadi?
- PFLning qarori to‘g‘ri bo‘ldimi yoki jamoani istisno tariqasida mavsum oxirigacha oliy ligada qoldirish kerakmidi?
- Menimcha, shunday yo‘l tutishsa, ziyon qilmasdi. Lekin PFL qaror chiqarib bo‘ldi, endi uni hech kim o‘zgartira olmaydi.
- «So‘g‘diyona» hali xavfli zonani tark etib ulgurgani yo‘q. Jamoa kuchlilar safida qolishni uddalay oladimi?
- Nasib qilsa, albatta, qolamiz. Shunga intilyapmiz.
- Shartnomangiz muddati qachon yakunlanadi?
- Shu yilning dekabr oyida.
- Sizni kelasi mavsum boshqa jamoada ko‘rib qolsak, bundan ajablanmaymiz...
- Takliflar bo‘lsa, ularni ko‘rib chiqishga tayyorman. Lekin hozir bor e’tiborim «So‘g‘diyona»ning o‘yinlariga qaratilgan. Qolgan uchrashuvlarda ijobiy natijaga erishib, kuchlilar safidagi o‘rnimizni saqlashimiz lozim.
- Faoliyatingiz davomida sizga kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etish taklifini berishganmi?
- Yo‘q, bunday holatlar bo‘lmagan. Taklif tushsa ham, javobim tayin. Shuni ishonch bilan ayta olamanki, hozirgacha kelishilgan o‘yinlarda umuman ishtirok etmaganman.
- Oliy ligada siz to‘p suradigan ampluadagi eng kuchli futbolchilar sifatida kimlarni aytgan bo‘lardingiz?
- «Lokomotiv»dan Marat Bikmayev, «Nasaf»dan Dragan Cheran, o‘zimizdan esa Sanjar Rashidov.
ma’lumot uchun
IXTIYOR TOSHPO‘LATOV
Ampluasi: hujumchi
Klubi: «So‘g‘diyona»
Tahsil olgan joyi: Yangiyer futbol internati
Birinchi murabbiylari: Ergash Sheraliyev, Behzod Muhiddinov
Ilk professional klubi: «Mash’al»
Havas qiladigan futbolchisi: Krishtianu Ronaldu
Muxlislik qiladigan jamoasi: «Real Madrid»
Yaxshi ko‘rgan taomi: palov
Yoqtirgan avtomobil rusumi: «Kaptiva»