Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Xayrulla Hamidov maqolasi: «Taktika»

Xayrulla Hamidov maqolasi: «Taktika»

Baho:
+ | -

Hozirgi kunlardagi eng muhokamabop mavzu nima? Albatta, Oliy Ligamizning keyingi mavsumidan kutilayotgan hodisa. 12ta jamoa ishtirok etishi haqidagi xabar.

Yoz o‘rtasida momaqaldiroq guldiragandek aks berdi bu xabar. Jurnalistlar o‘rtasida, murabbiylar o‘rtasida keskin tortishuvlarga sabab bo‘lib ketdi hatto.

Hatto o‘zim ham bu jarayonda ishtirok etdim boshida. “Oriat dono” radiokanalidagi dasturimiz orqali bir qator hamkasblarimiz bilan bu masalani tahlil qilishga urindik. Janjal chiqib ketishiga-da bir bahya qoldi. Tortishuvning mavzusi aslida boshqa tomondan kechishi kerak edi. Kelishib olgandik boshida: “12talik variant ma’qulmi yo hozirgi 16talik holida qolishi kerakmidi?”

Afsuski, jonli efirning ajoyib bir muammosi borki, undagi bahs-munozara butkul boshqa tomonga qarab ketib qolishi ham mumkin. Tabiiy yo‘nalishda kechadigan bo‘lsa, bu munozara turli-tuman kutilmagan fikrlarni-da yuzaga keltiradi.

Radiodasturda qatnashayotgan ishtirokchilarning barchasi oliy ligamizning bugungi ahvolidan butkul norizo holda ekanliklarini 12talik variantni ma’qullashganida payqadim. Tortishuvning mavzusi, boya ta’kidlab o‘tganimdek, boshqa tomonga burilib ketdi. Xabarning sanasi masalasiga…

Yangilik hozir e’lon qilingani to‘g‘ri emas, deb bong urdi hamkasblarimizdan biri. Joriy mavsumni reglament qoidalariga ko‘ra tugatib olib, keyingi yilni jamoalarga shu yangilikni e’lon qilgan holda boshlash kerak edi, ularni ushbu yangilikka tayyorlab turib, keyin 16tadan 5tasini birinchi ligaga tushirib yuborish adolatdan bo‘lardi, dedi u. Reglamentning hurmati qayoqda qoladi unda, deb yozg‘irdi u. Bunga misol o‘laroq FIFA, OFK, UYEFA tashkilotlarining reglamentga bo‘ysunishlarini, biror bir katta yangilikka hammani yillar davomida tayyorlab borishlarini misol o‘laroq keltirdi.

Men ham qatordan qolishmay, ularga qarshi fikrda qattiq turib oldim: “Hozir e’lon qilingani yaxshi bo‘ldi, bu bizning mentatiletimizga xos uslub, bir-ikki qurbon hisobiga yangi mavsumdanoq qabul qilaverishimiz kerak bu yangilikni”, dedim. Xullas, rosa tortishdik. Hamma o‘z fikrini tasdiqlash uchun turli argumentlarga murojaat qildi.

Bu tortishuv radioda tugab, keyin saytlarga, gazetalarga ko‘chdi. Hamkasblarimizning maqolalarida aksini topa boshladi. Turli futbol saytlarida murabbiylar ham chiqish qilib, bu xabardan karaxt ahvolga tushib qolganliklarini aytishdi. Qolgan to‘rt tur o‘yinidan qanday ma’no bor, degan savolni berishdi.

Tahliliy maqolalarda keyingi yili birdan 12ta jamoa bilan boshlanadigan ligamizda kimlar o‘ynaydi, qaysi o‘lchov bo‘yicha qabul qilinadi va kuyib qoladigan jamoalarning badali qanday bo‘ladi, degan savollar yog‘ilib ketdi. Ha, jurnalistlarning ta’siri futbolimiz mutasaddilariga-da yetib borayotgan ekan, nega adekvat fikrlar bilan ularga yordam bermasligimiz kerak, deb haligacha yozib yotishibdi hamkasblarimiz.

Mana shu taloto‘p ichida men bir narsani ilg‘ab qoldim. Tortishuv paytida inson turlicha uslubdan foydalanadi, bilasizmi? Agar bir masalada javobdan qiynalayotgan bo‘lsa, arzirli argumentlari qolmasa, mavzuni boshqa tomonga burib yuboradi va shu bilan boshqa mavzuda yengib chiqishi mumkin. Hech qursa, boshqa tomonda tug‘ilgan muammo natijasida boyagi yengilayotgan masalasi yoddan chiqadi.

Radiodagi mubohabamizda ham, telegram guruhlardagi suhbatlarimizda ham ushbu holat yaqqol ko‘zga tashlandi. Tajriba bu – hammaning nigohi bir masalaga qaratilganida, birdan boshqa muammo kelib chiqsa, tabiiyki, avvalgi masala unuttiriladi. Yozilmagan, ammo ajoyib qoida.

Endi bu qoidani kattaroq masshtabga ko‘chiramiz. Sal oldin futbolimizda nimalar bo‘layotgan edi, deb o‘ylab qoldim. O‘yladimu, darhol sergak tortdim. Terma jamoamizga chet eldan bosh murabbiy olib kelinishi haqida xo‘p va ko‘p gapirilgandi. Oxiri Ro‘ziqul Berdiyevning vaqtincha murabbiy bo‘lishi bilan tugadi bu mavzu.

Sal keyinroq hakamlar masalasi qalqib chiqdi o‘rtaga. Ha, hakamlar haqidagi gap-so‘zlarning ko‘payishi, bir necha hakamlarning jazolanishi, ba’zilari butunlayga futboldan chetlatilgani haqidagi xabarlar oldingi va’dani unuttirayozdi. Hamma hakamlarga bo‘layotgan hujumlardan zavqlana boshladi. E, bo‘lar ekanu, deb yuborishdi.

Biroq, hakamlar borasidagi qarorlar ham chegaraga kelib qoldi. “Paxtakor” hamda “Bunyodkor” ishtirokidagi derbida yomon baho olgan yon chiziq hakamiga jazo belgilanmadi. Bu ishlar faqat bir jamoaga oid bo‘lib qolayotgani tobora sezilib borayotgan bir paytda birdan mana shu, bugungi mavzuni ko‘tarib chiqdilar. Oliy ligamiz haqidagi ajobtovur, muxlisu jurnalistlarni o‘ziga qaratuvchi xabar uni-da unuttirdi.

Ro‘ziqul Berdiyevdan keyin keladigan murabbiy haqida ham, hakamlar haqida ham o‘ylamalaring, mana, senlarga ajoyib yangilik, deyishdi go‘yo.

… Shu narsani sezib qoldimu, tortishuvni, munozarani to‘xtatdim. Chunki endi meni boshqa savol qiziqtira boshladi –  keyingi mavzu nima bo‘larkan, a?!

Xayrulla HAMIDOV, «Erudit Sport» gazetasi.

Manba: erudit-sport.uz
Kiritildi: 17:45, 03.11.2017.
O'qildi: 7609 marta.
Fikrlar: 13 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.