“Nasaf” bugun o‘z maydonida juda muhim uchrashuvni o‘tkazdi. Yil o‘yini maqomiga ega bo‘lgan uchrashuvda qarshiliklar “Paxtakor”ni yirik hisobda dog‘da qoldirishdi.
Bu g‘alaba, “ajdarlar”ning oliy ligadagi 350-g‘alabasi bo‘ldi. Shuningdek “Nasaf”, o‘z tarixidagi ikkinchi kumush medalni va OCHL-2018 yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritdi.
Uchrashuvni mehmonlar katta tashabbus bilan boshlashdi. Uchrashuvdagi ilk xavfli vaziyat ham “Paxtakor” jamoasi tomonidan tashkil etildi. Bu holat stadionga tashrif buyurgan futbol ishqibozlarining xavotirini ikki hissa ortirgan bo‘lsa, ajab emas.
Ammo futbolchilarimiz o‘yin tizginini sekin asta qo‘lga kirita boshlashdi. Endi jamoamiz raqibini ko‘proq to‘psiz qoldira boshladi. Bu albatta “Paxtakor” o‘yinchilarining asabiylashishiga sabab bo‘ldi. Bu esa jamoamiz uchun juda qo‘lay edi. Ammo birinchi bo‘limning so‘nggi daqiqalarigacha tablodagi hisob 0:0ligicha o‘zgarmasdan qolaverdi.
44-daqiqada o‘ng qanotdan tashkil etilgan hujumda Bahrom Abdurahimov ikki himoyachi orasidan to‘pni Bobir Abduxoliqovga oshirib berdi. Abduxoliqovni himoyachilar bee’tibor qoldirishdi. U to‘pni bir zarba bilan Lobanov qo‘riqlayotgan darvozaga joylab qo‘ydi – 1:0.
Birinchi bo‘lim ana shu hisobda yakunlandi.
Ikkinchi bo‘limni mehmonlar negadir sustroq boshlashdi. Futbolchilarimizning esa g‘alabaga bo‘lgan katta ishtiyoqi tufayli yana hujumlarga zo‘r berildi.
Ikkinchi bo‘limning 15-daqiqasi o‘tib borayotganda tashkil etilgan hujum, samara berdi. Bu vaziyatda o‘ng qanotdan jarima maydoniga oshirilib bergan to‘pni himoyachi Hojiakbar Alijonov qo‘li bilan o‘ynadi. Uchrashuv hakami “Paxtakor” darvozasiga penalti belgiladi. Penaltini Dragan Cheran juda xotirjam tarzda golga aylantirdi – 2:0.
Bu hisob futbolchilarimizni ham, stadionga tashrif buyurgan muxlislarni ham kayfiyatini ancha ko‘tarib yubordi. Endi o‘yinchilarimizni to‘xtatishga “Paxtakor” o‘yinchilarining kuchi yetmay qolgan edi. O‘yin shunday tarzda davom etayotgan bir paytda, Aleksandr Lobanov qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. U jamoadoshidan to‘pni qabul qilib oldi va xotirjam tarzda to‘pni oyog‘iga o‘nglab olmoqchi bo‘ldi, vaziyatga yaqin turgan Abdurahimov to‘pga zarba berdi, to‘p esa darvoza to‘riga borib tushdi – 3:0.
Bu hisob o‘yin taqdirini hal qilgan edi. Ammo futbolchilarimiz bu hisob bilan ham qanoatlanishmadi. Ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan tezkor o‘yinchimiz Islom Kenjaboyevda gol urishga ayniqsa ishtiyoq kuchli bo‘ldi. U bir necha marta Lobanovni sarosimaga solishga ham ulgurdi.
Uchrashuvning asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan daqiqada bu tezkor va tirishqoq o‘yinchimiz jamoamizning 4-goliga hammualliflik qildi. U chap qanotdan katta tezlik bilan darvozaga yaqinlashib bordi va zarba berdi, ammo to‘pni Lobanov qaytardi, qaytgan to‘pni Cheran darvozaga joylab qo‘ydi – 4:0.
Uchrashuv ana shu hisobda yakunlandi.
Shunday qilib, muhim uchrashuvda “Nasaf” “Paxtakor”ni yirik, 4:0 hisobida dog‘da qoldirdi. Ofarin!
Bugungi uchrashuvda stadionga tashrif buyurgan jamoamiz muxlislarining ham hissalari katta bo‘ldi. Ular bugun haqiqiy 12-o‘yinchi rolini ado etishdi.
“Nasaf”ga shunday muxlislik qiling, “Nasaf” esa faqat SIZ uchun o‘ynaydi! Klubimiz shunday muxlislari bilan doimo faxrlanadi!
Chempionatning so‘nggi uchrashuvini jamoamiz safarda “Navbahor” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Uchrashuv 25 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
O‘zPFL 29-tur
“Nasaf” (Qarshi) - “Paxtakor” (Toshkent) 4:0 (1:0). 18574 tomoshabin
19.11.2017. “Markaziy” stadion. 14:00da
Bosh hakam: Zokir Qodirov (Navoiy)
Qanot hakamlari: Obid Jumayev, Ruslan Samandarov (Navoiy)
Zaxira hakami: Shuhrat Rajabov (Buxoro).
Nazoratchi: Alisher Abdullayev (Toshkent).
PFL vakili: Bobur Xaydarov.
Gollar: Bobir Abduxoliqov, 44’-1:0, Dragan Cheran (pen.), 60’-2:0, 90+1’-4:0, Bahrom Abdurahimov, 77’-3:0.
“Nasaf”: 35.Sanjar Quvvatov, 2.Akmal Shorahmedov (s), 6.Azizjon G‘aniyev (10.Dilshod Rahmatullayev 88), 7.Odil Hamrobekov, 18.Bahrom Abdurahimov, 22.Igor Golban, 34.Farruh Sayfiyev, 45.Bobir Abduxoliqov (20.Islom Kenjaboyev 64), 69.Dragan Cheran, 77.Jasur Hasanov (4.Maqsud Karimov 80), 92.Umarbek Eshmurodov.
Zaxira: 1.Umidjon Ergashev, 15.SHaxboz Erkinov, 27.Islom Rashidxonov, 31.Saydullo Rahmatov.
“Paxtakor”:12.Aleksandr Lobanov, 3.Hojiakbar Alijonov, 8.SHerzodbek Karimov (22.Jasur Yaxshiboyev 60), 10.Jamshid Iskandarov, 11.Igor Sergeev, 21.Kamoliddin Tojiyev (s), 29.Vladimir Kozak, 52.Gidi Konyuk (17.Suhrob Nurillayev 60), 55.Marko Simich (70.SHerzod A’zamov 77), 77. Tiago Bezerre, 80.Rostin Griffits.
Zaxira: 25.Eldorbek Suyuyunov, 7.Azimjon Axmedov, 24.Davron Hoshimov, 71.Zabihillo Urinboyev.
Ogohlantirish: Akmal Shorahmedov (27) – Marko Simich (27), Sherzodbek Karimov (31).