«Milan» boshqaruv tizimida nihoyat, o‘zgarish yuz berdi - bosh murabbiy sifatida ishlab kelgan Vinchenso Montella o‘z o‘rnini «jahldor» Jennaro Gattuzoga bo‘shatib berdi.
Milanello bazasida shu munosabat bilan tashkillashtirilgan matbuot anjumanida «Milan» rahbarlari - Marko Fassone va Massimiliano Mirabelli hamda Jennaro Gattuzo hozir bo‘lishdi.
Yangi bosh murabbiy ancha ishonch bilan gapirib, ishlarni tezda o‘nglashga va’da berdi.
Fassone o‘zgarish haqida. «Ha, klubda qaysidir ishlar o‘xshamadi va buni Mirabelli bilan yaxshi bilamiz. Hammasi o‘zimizga bog‘liq, ya’ni vaziyatni o‘nglay olishimizga ishonamiz.
Jamoamizda katta salohiyat bor. Shu tarkib bilan oldimizga qo‘yilgan vazifalarni uddalashga qurbimiz yetadi. Gattuzoni tanlaganimiz klubda pul yo‘qligini anglatmaydi zinhor.
Hozirgi holatda eng to‘g‘ri tanlov shu. Birinchidan, Jennaro klub afsonasi va shu yerda ishlayapti. Ikkinchidan, u primavera jamoasi bilan yaxshi natijalarga erishdi».
Fassone yangi bosh murabbiy haqida. «Gattuzoni alohida tanishtirishga hojat yo‘q. Montella davrida «Milan» osmonini qora bulutlar qopladi. Ha, bu murakkab qaror, ammo endi yangi sahifani ochamiz».
Mirabelli yangi bosh murabbiy haqida. «Jennaro muhim sifatlarga ega. Ya’ni tomirlarida «Milan» qoni bor, qolaversa, u futbol masalasida shaxsiy qarashlarga egaki, buni nihoyatda qadrlayman.
Kimdir Gattuzoda tajriba yo‘qligini aytar, men esa uning jamoaga yangicha hayot bag‘ishlashiga ishonaman».
Gattuzo tayinlov haqida. «Bu muhim kun. Jiddiy ishlashimizga to‘g‘ri kelishi o‘z-o‘zidan tushunarli. Umuman, Milanelloda ishlash, shunday futbolchilarni shug‘ullantirish - rohatning o‘zi.
Ixtiyorimizda 16ta millat vakillari bor. O‘rtacha yosh esa juda past. Ha, yigitlar yaxshi holatda emaslar, ammo barchasini o‘zgartirish mumkin».
Gattuzo hozirgi «Milan» o‘yini haqida. «Biz 3 nafar himoyachi bilan o‘ynaymiz. Primaverada qo‘llagan konsepsiyamga sodiq qolaman. Demoqchimanki, metodologiya biroz o‘zgaradi.
Vinchenso uzatmalar asosida o‘yin tashkil etishni xush ko‘radi. Bu usul menga ham yoqadi, ammo raqib darvozasi yaqinida vertikal o‘yinni kuchaytirish zarur».
Gattuzo ehtiroslar haqida. «Hammasi o‘sha-o‘sha - futbolchi sifatida nimalarni his qilgan bo‘lsam, hozir ham shularni boshdan kechiryapman. Milanelloga kirganimda, jannatga tushgandek yengillikni sezaman.
Maydonga ko‘zim tushganida esa, vujudimni og‘riq qurshab oladi. Ochig‘i, haligacha qay birini tanlash masalasida qiynalaman. Bu yerdagi infratuzilmani ta’riflashga til ojiz. Maosh o‘z yo‘liga, asosiysi - ehtiros, ishtiyoq. Muhimi, o‘z ishimni yaxshi ko‘raman».
Mirabelli yangi xaridlar haqida. «Nafaqat yangi futbolchilar, balki barcha yigitlar kutilgan saviyada o‘ynay olishmayapti. Umid qilamizki, Rino jamoaning eng yaxshi sifatlarini yuzaga chiqarishni uddalaydi. Buning uchun 100 foiz imkoniyatni ishga solish talab etiladi».
Mirabelli tarkib haqida. «Hozirgi tarkib yetarli darajada raqobatbardosh ekanligini bilamiz. Transferlar bo‘yicha xulosa chiqarishga hali erta. Shaxsan men ajoyib jamoa tuzganimizga shubhalanmayman.
Zero, munosib futbolchilarni xarid qilganmiz, faqat ular biroz yoshroq. Qaysidir ma’noda tavakkal ish tutganimiz rost. Endi samarasini ko‘rish uchun ozgina sabr qilish kerak».
Gattuzo yozgi xaridlar haqida. DAVOMI