Mavsum davomidagi 233ta o‘yinda 59ta gol zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar hisobiga yozildi. Bu chempionatda qayd etilgan jami gollarning 9,85 foiziga tengdir.
E’tiborli tarafi, «Paxtakor» zaxirasi 10-turga kelibgina samara bergan bo‘lsa, «Bunyodkor»ning o‘yinni o‘rindiqda boshlagan vakillari ilk golni yanada kechroq urishdi - 14-turda.
«Metallurg»da esa 26-turdagina ilk «joker» ko‘zga tashlandi. Umuman, chempionat davomida atigi bitta klub - «Qizilqum»ning zaxira futbolchilari gol ura olishmadi.
*** «Joker»lar tomonidan urilgan 59ta golning turlar bo‘yicha taqsimoti quyidagicha: 1-tur - 1ta; 2-tur - 4ta; 3-tur - 2ta; 4-tur - 5ta; 5-tur - 1ta; 6-tur - 4ta; 7-tur - 0; 8-tur - 5ta; 9-tur - 1ta; 10-tur - 2ta; 11-tur - 3ta; 12-tur - 2ta; 13-tur - 4ta; 14-tur - 2ta; 15-tur - 4ta; 16-tur - 3ta; 17-tur - 1ta; 18-tur - 0; 19-tur - 0; 20-tur - 2ta, 21-tur - 1ta; 22-tur - 0; 23-tur - 0; 24-tur - 3ta; 25-tur - 0; 26-tur - 4ta; 27-tur - 2ta; 28-tur - 1ta; 29-tur - 0; 30-tur - 2ta. Demak, zaxira futbolchilari birinchi davrada ko‘proq samara keltirishgan - 40ta gol.
*** «Dinamo»ning yosh hujumchisi Amirjon Safarov zaxiradan o‘yinga qo‘shilib naq 4ta gol urdi. Ha, u bir mavsum avval birinchi ligada to‘purarlik salohiyatini bejiz namoyish etmagan ekan.
*** «Obod»ning butun mavsum davomida urgan gollaridan 33 foizi zaxira o‘rindig‘i vakillariga to‘g‘ri keldi - 15tadan 5tasi.
*** Chempionatning bosh to‘purari Marat Bikmayev xuddi avvalgi mavsumda bo‘lgani kabi zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan paytlari ham yana effektli harakatlandi - 3ta gol.
*** «Buxoro» zaxirachilari hammadan ko‘p gol urishdi - 9ta. Qolaversa, jamoada 7 nafar futbolchi «joker»lik vazifasini qoyillatdi.
Fakt. «Qo‘qon-1912» oliy liga doirasidagi 370ta o‘yinda 134ta g‘alaba, 50ta durang va 186ta mag‘lubiyat qayd etgan. To‘plar nisbati: 504-701. Xullas, Qo‘qon klubi yakunlangan mavsum duranglar masalasida 50talik marraga yetdi.
Jamoa oliy ligada 21ta raqib bilan murosa ko‘chasini tanlagan. Ular orasida «Bunyodkor» yo‘q. Umuman, oliy ligada 12 mavsum qatnashgan «Qo‘qon-1912» (oldingi nomi «Temiryo‘lchi») faqat 2003 yili durang ko‘chasiga kirmagan.
Vodiy klubi duranglar soni bo‘yicha oliy ligada 18-o‘rinda turibdi. «Qo‘qon-1912»ning «Andijon» («Navro‘z») bilan o‘yinlarida kuchlar ko‘proq teng kelgan - 6 marta. Jamoaning duranglari 4 xil hisobda: 1:1 - 30ta, 0:0 - 10ta, 2:2 - 8ta, 3:3 - 2ta.
OLIY LIGA-2017 «JOKER»LARI
Klub |
Gol |
Mualliflar |
«Buxoro» |
9ta |
Azamat Allaniyozov, Bahriddin Vahobov - 2tadan; Ivor Veyser, Suhrob Ne’matov, Akobir To‘rayev, Nozim Umurov, Javohir Qahramonov - 1tadan |
«Dinamo» |
7ta |
Amirjon Safarov - 4ta; Abdumalik Abdullayev - 2ta; Radu Rogak - 1ta |
«Lokomotiv» |
7ta |
Marat Bikmayev - 3ta; Jaloliddin Masharipov, Sardor Mirzayev, Salamat Qutiboyev, Aziz Omonov - 1tadan |
«Obod» |
5ta |
Navro‘z Haipov, Sanjar Rixsiboyev - 2tadan; Islom Ismoilov - 1ta |
«Bunyodkor» |
4ta |
Vadim Chemirtan, Farrux Ikromov, Vohid Shodiyev, Shohruh Gadoyev - 1tadan |
«Nasaf» |
4ta |
Shahboz Erkinov - 2ta; Bobur Abduxoliqov, Sharof Muhiddinov -1tadan |
«Neftchi» |
4ta |
Mo‘ydin Mamazulunov - 2ta; Sherzod Hakimov, Rizo Ayvazov - 1tadan |
«Olmaliq» |
4ta |
Zabihillo O‘rinboyev, Shota Grigalashvili, Dilshod Jo‘rayev, G‘ulomhaydar G‘ulomov - 1tadan |
«Navbahor» |
3ta |
Hasanboy Ergashev, Ravshan Xursanov, Abbos Maxstaliyev - 1tadan |
«Paxtakor» |
3ta |
Suhrob Nurullayev, Behruz Sodillayev, Doston Ibrohimov - 1tadan |
«Sho‘rtan» |
3ta |
Yevgeniy Kochnev - 2ta; G‘ulom Rahmonov - 1ta |
«So‘g‘diyona |
2ta |
Shohruh Dostonov, Doston Abdurahmonov - 1tadan |
«Metallurg» |
2ta |
Islom Isoqjonov, Sirojiddin Allayev - 1tadan |
«Mash’al» |
1ta |
Kenja To‘rayev - 1ta |
«Qo‘qon-1912» |
1ta |
Nosir Otaqo‘ziyev - 1ta |
«Qizilqum» |
- |
|
Jami: |
59 |
|
Firdavs SAYFIY