Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Hafta o‘yinlari: Ispaniyada «El-klasiko», Angliyada «Arsenal» — «Liverpul», Italiyada «Yuve» — «Roma»

Hafta o‘yinlari: Ispaniyada «El-klasiko», Angliyada «Arsenal» — «Liverpul», Italiyada «Yuve» — «Roma»

Baho:
+ | -

“Erudit SPORT” nashri quyida tomoshabop o‘tishi kutilayotgan to‘rt to‘qnashuvni o‘tkazib yubormaslikni tavsiya qiladi:

№4-match: “Yuventus” – “Roma”

23 dekabr, shanba, soat: 00:45

TV-translyasiya: Sport TV

O‘zaro uchrashuvlar:

80 G‘ALABA 49 DURANG 39 G‘ALABA

So‘nggi uchrashuv: “Yuventus” – “Roma” 1:0 va 1:3

Imkoniyat: 35/30/35

Jamoalarning transfer qiymati:

“Yuventus” – “Roma”

540,30 million yevro VS 327,10 million yevro

O‘yin haqida ikki og‘iz:

Joriy mavsumda “Yuventus” jiddiy qarshilikka uchrayapti. Jamoalar bir chetda jim qarab turgani yo‘q. Bu “Yuve” ishtirokidagi 25 foiz matchda o‘z tasdig‘ini topdi (o‘n ochkoni qo‘ldan chiqardi). Ayni damda A Seriya karvonboshisidan ikki ochko kam jamg‘arib, uchinchi o‘ringa mixlangan. Tabiiyki, quvishga emas, qochishga o‘rgangan klubni buni hazm qila olmayapti. Uch grandni ta’qib qilayotgan “Roma” ham g‘alabani ko‘zlaydi. Har holda “Bo‘rilar” raqib maydonidagi so‘nggi 14 uchrashuvda yutqazmagan. Bir vaqtning o‘zida “Yuve” o‘z uyida o‘tgan 38 matchning bor-yo‘g‘i bittasida mag‘lubiyatga uchragan. “Lasio”ning sharofati ila seriyaga yakun yasagandi. Qiziq, “Burgutlar”dan keyin rimlik “Bo‘rilar” ham Turindan uch ochko bilan qaytarmikan? Agar buni uddalasa Di Franchesko jamoasi bir o‘q bilan ikki quyonni uradi. Ya’ni, birinchi navbatda, uchinchi o‘ringa ko‘tariladi. Ikkinchidan, yetti mavsumdan buyon davom etayotgan omadsizlikka chek qo‘yadi.

№3-match: “Everton” – “Chelsi”

23 dekabr, shanba, soat: 17:30

TV-translyasiya: Futbol TV

O‘zaro uchrashuvlar:

50 G‘ALABA 48 DURANG 59 G‘ALABA

So‘nggi uchrashuv: “Everton” – “Chelsi” 0:3 va 0:2

Imkoniyat: 30/30/40

Jamoalarning transfer qiymati:

“Everton” – “Chelsi”

335,25 million yevro VS 631,90 million yevro

O‘yin haqida ikki og‘iz:

Mutaxassis Sem Ellardaysning qadami qutlug‘ kelib, “Everton”ning ishlari yurishib ketdi. “Irislar” mavsumda ilk marotaba raqib maydonida g‘alabani nishonladi, ketma-ket to‘rt o‘yinda yuzi yorug‘ bo‘ldi. Qisqasi, “Big Sem” shogirdlari qayd etayotgan natijalar shu paytgacha “Everton”ga qarshi bashlarda muammoga uchramagan Konteni tashvishlantiryapti. Bunga sabablar yetarlicha: “Gudison Park”dagi so‘nggi uch o‘yin mezbonlar foydasiga hal bo‘ldi, to‘rt matchdir-ki raqib darvozasini kamida 2 marta ishg‘ol etadi. Bundan tashqari, “Chelsi” ustozi o‘z vaqtida Ellardaysga imkoniyatni boy bergan (Sem “Kristal Pelas”da bu natijaga erishgan). Uchinchi o‘ringa mustahkam o‘rnashgan “Aristokratlar” mehmondagi matchlarda ko‘proq ochko ishlashiga qaramay, aynan mehmonda autsayderlarga yengildi. Xullas, “Maestro” dastlabki davradagi kabi oson g‘alaba qozonaman desa chuchvarani xom sanaydi. Endilikda raqibining qarshiligini sindirishi uchun yaxshigina tayyorgarlik ko‘rishi zarur.

№2-match: “Arsenal” – “Liverpul”

22 dekabr, juma, soat: 00:45

TV-translyasiya: Futbol TV

O‘zaro uchrashuvlar:

64 G‘ALABA 50 DURANG 69 G‘ALABA

So‘nggi uchrashuv: “Arsenal” – “Liverpul” 1:3 va 0:4

Imkoniyat: 35/30/35

Jamoalarning transfer qiymati:

“Arsenal” – “Liverpul”

508 million yevro VS 514,50 million yevro

O‘yin haqida ikki og‘iz:

 Negadir har ikki tomonning natijalari chappasidan ketyapti: Klopp klubi “Brayton”, Venger jamoasi “Xaddersfild” darvozasiga besh gol urganidan keyin durangga o‘ralashib , qimmatli ochkolarni yo‘qotyapti. O‘z-o‘zidan bu Tumanli o‘lka grandlarining turnir jadvalidagi o‘rniga ta’sir ko‘rsatmoqda (“Qizillar” beshinchi, “To‘pchilar” yettinchi (!) o‘rinda). Ayniqsa, Arsen og‘aning olmon murabbiyiga qarshi bahslarda omadsizlikka uchrashishi mahalliy muxlislarning tinkasini quritgan. So‘nggi to‘rt to‘qnashuvda “Liverpul” qarama-qarshilikni “gollar shousi”ga aylantirgan (o‘sha o‘yinlarda uchtadan kam gol urmagan). Boshqacha aytganda, “Arsenal” murabbiyi Yurgen Klopp shogirdlarini to‘xtatishga muvaffaq bo‘lmagan. Birinchi davrada ham “To‘pchilar” “o‘qqa” tutilgandi. Xo‘sh, o‘z maydonida, “Emireyts”da revansh olishni uddalaydimi? Ta’kidlash kerakki, maydon egalari asosiy ko‘rsatkichlarda (darvozaga zarba yo‘llash, uzatmalar aniqligi, to‘p nazorati) mehmonlardan ustun, ammo bu tabloda o‘z aksini toparmikan?

№1-match: “Real” Madrid – “Barselona”

23 dekabr, shanba, soat: 17:00

TV-translyasiya: UzReport TV

O‘zaro uchrashuvlar:

72 G‘ALABA 33 DURANG 69 G‘ALABA

So‘nggi uchrashuv: “Real” Madrid – “Barselona” 1:1 va 2:3

Imkoniyat: 35/30/35

Jamoalarning transfer qiymati:

“Real” Madrid – “Barselona”

743,80 million yevro VS 706,50 million yevro

O‘yin haqida ikki og‘iz:

        “Ishtahasi karnay” “Barselona” hamda “kuzgi depressiya”dan bir amallab xalos bo‘lgan “Real” Madrid o‘rtasidagi 198-o‘yin so‘zsiz haftaning markaziy matchidir. Bukmekerlar La liga doirasidagi 174-“El-klassiko”da Zidan qo‘l ostidagi futbolchilarning imkoniyatini yuqori baholayapti. Istaymizmi yo‘qmi “yulduzlar jangi”ga bo‘lgan munosabat, to‘qnashuvga ko‘rilayotgan hozirlik o‘zgacha. Har bir chiziqda o‘ziga xos kurashning guvohi bo‘ladi fanatlar: darvoza chizig‘idan boshlangan bu raqobat hujum chizig‘idan maydon tashqarisiga ko‘chadi hatto. O‘zini “dunyoning eng yaxshi futbolchisi” deb e’lon qilgan Ronaldu oyning o‘n beshi qorong‘u kunlar ortda qolganini isbotlashga urinsa, “o‘zga sayyoralik” Messi raqobatchisiga maydondagi harakatlari evaziga javob qaytarishga intiladi. Esingizda, o‘tgan mavsumda “Barsa” “Santyago Bernabeu”da “keldim, ko‘rdim, yutdim” qabilida ish tutib, g‘alabani ilib ketgandi. Tegirmon navbati bilanmi yoki..? Mavsum avvalida Zidan boshchiligidagi jamoa oz emas, ko‘p emas, 14 ochkoni boy berdi. “El-klassiko”dagi g‘alaba esa barcha aybni yuvib ketishi mumkin. Buning uchun faqat 22 matchdan beri yutqazmayotgan “Barsa” taslim etilishi kerak.

Ulug‘bek RAHMONQULOV, «Erudit SPORT» gazetasi. 

Manba: www.erudit-sport.uz
Kiritildi: 18:06, 22.12.2017.
O'qildi: 2842 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.