FIFA Ispaniya futboliga nisbatan sanksiya qo‘llamoqchi - siyosat tufayli. Har holda, mamlakat futbol federasiyasi (RFEF) bu borada maxsus ogohlantiruvchi xat oldi.
Unda hukumat RFEF ishiga aralashishda davom etsa, FIFA nizomiga muvofiq, Ispaniya futboli oldiga to‘siq qo‘yilishi aytilgan.
Zero, milliy federasiyaning mustaqil faoliyat yuritishi ta’minlanmasa, xalqaro futbol uyushmasi uni ma’lum muddatga diskvalifikasiya qiladi.
Xullas, Ispaniyada ishlar tezda tartibga solinmasa, FIFA mamlakat futbol federasiyasini o‘z tarkibidan chiqarib yuborishi mumkin. Bunday holatda hattoki, milliy jamoa ham xalqaro musobaqalarga qo‘yilmaydi.
Muammoning asl mohiyati
Yozda RFEFning sobiq prezidenti Anxel Mariya Vilyar korrupsion harakatda ayblandi va iste’foga chiqarildi. Ayni payt bu lavozimda Xuan Luis Larrea (vaqtincha bajaruvchi maqomida) ishlamoqda.
Lekin FIFAda yangi prezident saylash jarayoniga hukumat bevosita ta’sir o‘tkazayotgani xususida ma’lumotlar bor. Tabiiyki, bu jahon futbolini boshqarayotgan tashkilot qoidalariga zid holat.
Vilyar masalasi
Shu yil Ispaniya futbolida katta mojaro yuzaga keldi: mahalliy federasiya rahbari Anxel Vilyarni korrupsiya - hujjatlarni qalbakilashtirish va mablag‘ kamomadida ayblab, hisbga olishdi. RFEF vise-prezidenti hamda bosh kotibi, shuningdek, Vilyarning o‘g‘li Gorkaga ham qamoq jazosi belgilandi. Katta Vilyar federasiyani deyarli 30 yildan buyon boshqarayotgandi.
Ya’ni 1988 yildan buyon ispan futboli rahbari sifatida ma’lum yutuqlarga erishgan Anxel Mariya hattoki, Mishel Platinidan so‘ng UYEFA prezidenti bo‘lishi mumkin edi.
Umuman, Ispaniyada qamoq haqidagi hukmga nisbatan achinish hissi sezilmadi. Zero, Vilyar futbol bobidagi muvaffaqiyatlar barobarida turli darajadagi ko‘plab mojarolarga ham aralashgandi.
Bu ilk ogohlantirish emas
Ispaniyada 2 yilcha oldin ham (Vilyar davrida) shunga o‘xshash holat yuzaga kelgandi. Aniqrog‘i, telehuquqlarga bog‘liq muammo ko‘tarilgandi - hukumat daromadni taqsimlash bo‘yicha qaror chiqargach, RFEF bunga qarshi chiqib, hattoki, chempionat o‘yinlarini to‘xtatib qo‘ygandi. FIFA va UYEFA sanksiyalar bilan tahdid qilganidan keyingina mojaro bir yoqli bo‘ldi.
FIFAning bu boradagi tajribasi