Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Laudrup vorisi va skandinaviyaning eng yaxshi murabbiyi

Laudrup vorisi va skandinaviyaning eng yaxshi murabbiyi

Baho:
+ | -

JCH-2018ning Yevropa vakillariga ajratilgan yo‘llanmalaridan oxirgisi Daniya terma jamoasiga nasib etdi. Ha, skandinaviyaliklarning Rossiya mundiali yo‘lida ancha ter to‘kishlariga to‘g‘ri keldi.

Faqat «pley-off»ning javob o‘yinida Kristian Eriksen barchasini o‘z nazoratiga oldi va Irlandiya termasi darvozasiga 3ta gol urib, 5:1 hisobini ta’minladi. Shu tariqa daniyaliklar o‘z tarixlarida 5-marta JCH yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.

Umuman, Daniya termasi aynan «Tottenxem» yetakchilaridan birining faolligi evaziga samaradorlik bobida JCH saralashlarida qayd etgan shaxsiy rekordini yangiladi. Skandinaviyaning ushbu jamoasi mundialga ilk marta 1985 yili yo‘l ochgandi.

Qizig‘i, daniyaliklar o‘shanda ham Irlandiya termasini tor-mor qilishgan - 4:1 (guruh bosqichida). Mamlakat futboli oltin davri shu tarzda boshlangan va keyinchalik milliy jamoa «Daniya dinamiti» nomini olgandi.

Mikael Laudrup, Allan Simonsen, Yesper Olsen va Preben Elkyer kabi futbolchilar esa jamoaning «yuzi»ga aylanishgandi. Mana, oradan 30 yil o‘tib, daniyaliklar Dublinda yana Irlandiya termasini mahv etish asnosida jahon futbol forumi ishtirokchilari qatoriga kirishdi.

Takror va takror aytish kerak, bu safargi muvaffaqiyatda yarim himoyachi Kristian Eriksenning xizmatlari beqiyos bo‘ldi.

10-raqamli afsona

Daniya termasining avvalgi eng yaxshi damlariga qarasak, har doim yorqin yarim himoyalar bosh rolni bajarishgan. Deylik, o‘tgan asrning 80-yillari o‘rtalarida o‘z yurishini boshlagan afsonaviy «Daniya dinamiti» markaziy zonasida Mikael Laudrup hukmronlik qilgandi.

1992 yilgi Yevropa chempionatida daniyaliklar asosan boshqa bir Laudrup - Brayanning ilhomlantiruvchi o‘yinlari hisobiga oltin medal sohibiga aylanishgan.

Ko‘rinishidan, mashhur aka-ukalarga nihoyat, munosib voris topildi - Kristian Eriksen. Har holda, 25 yoshli yarim himoyachi ayni payt faoliyatining eng yuqori cho‘qqisida turibdi.

Pleymeyker yakunlangan saralash bosqichida terma jamoasini chin yetakchilarga xos tarzda olg‘a boshladi. Ha, u bu borada «Tottenxem»dagi sherigi Garri Keyndan ibrat olmoqda, shekilli.

Alohida aytish kerak, Rossiya yo‘lidagi o‘yinlarda 11ta gol urgan yarim himoyachi Daniya termasi rekordchisiga aylandi. Vaqtida Ebbi Sand bitta saralash o‘yinlarida 9ta golga mualliflik qilgan va 16 yil davomida bu ko‘rsatkichni yangilaydigan qahramon topilmayotgandi.

Umuman, 11ta gol - yarim himoya vakili uchun fantastika. Bunga 3ta samarali uzatmani qo‘shsak, Daniya termasiga yo‘llanmani kim taqdim etgani shundoq oydinlashadi.

Do‘stlik o‘z yo‘liga

Har bir o‘yin o‘z mohiyati, natijasi, fojiasiyu, ta’sirli voqealari bilan kichik hayot demakdir. Daniya va irlandiyaliklar o‘rtasidagi «pley-off» bahslari murabbiylar - Oge Xareyde va Martin O~Nil qarama-qarshiligi belgisi ostida o‘tdi.

Gap shundaki, norvegiyalik va Shimoliy irlandiyalik mutaxassislar o‘tgan asrning 80-yillari boshida avvaliga «Manchester Siti», keyin esa «Norvich»da birga o‘ynashgandi. Qisqasi, ular o‘sha vaqtda o‘zaro do‘st tutinishgan, skandinaviyalik ma’lum muddat Martinning uyidan ham foydalangan ekan.

O~Nil «pley-off»ning Kopengagenda o‘tgan ilk o‘yini arafasida o‘sha damlarni yodga olib, biroz hazillashdi ham: «Ochig‘i, Oge uyimda yashagani uchun haligacha ijara haqini to‘lamagan...». Dublinda kechgan javob o‘yinidan keyin esa Martinning ko‘ngliga hazil sig‘magani tayin. Axir Xareyde uni mutlaqo mag‘lub etdi. Xullas, u endi qarz haqida og‘iz ham ochmasa kerak.

Skandinaviya qahramoni

Ayni hozir Skandinaviyaning eng yaxshi murabbiyi kimligi xususida savol ko‘tarilsa, ko‘pchilik o‘ylab o‘tirmay javob beradi - Oge Xareyde. Zero, 63 yoshli mutaxassis bu hudud uchun alohida shaxs hisoblanadi.

Qarang, u Shvesiyada «Xelsingborg» va «Malmyo», Daniyada «Brondbyu», jonajon yurti - Norvegiyada esa «Rusenborg» bilan chempionlik nash’asini surgan. Xullas, o‘ziga xos skandinavcha «katta dubulg‘a»ni naqd qilgan.

Qolaversa, Xareyde «Malme»ni Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga olib chiqdi, biroq shu onda klub bilan xayrlashishiga to‘g‘ri keldi. Ya’ni murabbiy daniyaliklar chorlovini qabul qilib, ilk marta milliy jamoada ishlab ko‘rishni ma’qul ko‘rdi.

Ha, barchasi birdaniga silliq kechgani yo‘q - Xerayde shogirdlari birinchi o‘yinda Armaniston termasini minimal hisobda zo‘rg‘a yengishganidan keyin polyaklar va chernogoriyaliklarga yutqazishdi.

Hozirgi Daniya termasining haqiqiy tug‘ilgan kuni sifatida esa 1 sentyabrni tilga olsak bo‘ladi. O‘shanda jamoa saralash guruhining mutlaq favoriti - Polsha termasi va uning golga to‘ymas to‘purari Robert Levandovskiga chinakam dars berishgandi - 4:0.

Bu vaqtda guruh peshqadamiga yetib olish imkoni qolmagandi, lekin skandinavlar «pley-off» yo‘llanmasini muddatidan oldin o‘z nomlariga rasmiylashtirishdi.

E’tiborlisi, Xerayde jamoasi finish marrasidan bir tur avval safarda asosiy raqib - Chernogoriya termasini Kristian Eriksenning yagona goli evaziga mag‘lubiyatga uchratdi.

«Bebosh» lordning qaytishi

DAVOMI

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 10:01, 04.01.2018.
O'qildi: 1845 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.