Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Sanjar Asqaraliyev: «Neftchi»dagi 10 yilni hech narsaga almashtirmayman»

Sanjar Asqaraliyev: «Neftchi»dagi 10 yilni hech narsaga almashtirmayman»

Baho:
+ | -

«Neftchi», «Navbahor» va «Andijon» klublarida muvaffaqiyatli to‘p surgan tajribali yarim himoyachi Sanjar Asqaraliyev o‘tgan mavsum birinchi liga vakili - «Istiqlol» sharafini himoya qildi.

Farg‘onaliklar yakunda turnir jadvali 2-pog‘onasini egallashdi. PFL yangi tizim joriy etmaganida, «Istiqlol» navbatdagi mavsumni kuchlilar safida boshlarmidi?

Nachora, elga kelgan to‘y farg‘onaliklarni chetlab o‘tmadi. Endi taqdirga tan bergan Usmon Asqaraliyev jamoasi Pro-liga bahslariga tayyorgarlik ko‘ryapti.

Biz navbatdagi mashg‘ulotlardan so‘ng «Istiqlol» sardori Sanjar Asqaraliyevni suhbatga tortdik.

- Sanjar, mavsum yakunlari va «Istiqlol»ning ishtiroki yuzasidan fikringiz qanday?

- Hech ikkilanishsiz aytishim mumkin, mavsumni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazdik. Deylik, jamoamiz birinchi davradan so‘ng 8-o‘rinni egallab turgandi.

Hal qiluvchi bosqichda namoyish etgan yorqin o‘yinlar evaziga yakunda 2-o‘ringa ko‘tarildik. Yagona oila sifatida ishlaganimiz o‘z mevasini berdi.

- Chempionat avvalida «Istiqlol» oldiga aniq vazifa qo‘yilganmidi?

- Har bir o‘yinda maksimal natija uchun kurashishni maqsad qilgandik. Tarkibda iste’dodli futbolchilar yig‘ilishganiga qaramay, birinchi davrada jipslasholmadik.

Murabbiylar bu vaziyatda yigitlardan o‘zlari emas, jamoa uchun o‘ynashni talab etishdi. Menimcha, shuning evaziga ikkinchi davrada vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirdik.

- PFLning kutilmagan qarori sizlarni oliy ligaga chiqish  umididan mahrum qildi...

- Ha, oxirigacha kurashib, oliy ligaga chiqmoqchi edik. Biroq yangi format...

- O‘zi jamoa oliy ligada o‘ynashga tayyormidi, sharoit bor edimi?

- Sharoitlar oliy liganing ayrim jamoalari havas qiladigan darajada. Biz - futbolchilar maydonga tushib, ishimizni professional tarzda bajarsak, bas. Qolganini rahbariyat hal qiladi. Xullas, elitani bejiz ko‘zlamagandik.

- Endigi rejalar qanday?

- 23 dekabr kuni yig‘ildik va mashg‘ulotlarni boshladik. Yangi yilgacha asosan yengil mashqlar bilan cheklanamiz. 3 yanvardan to‘laqonli o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘iniga kirishamiz. Xorijga chiqish ham ko‘zda tutilgan. Hozir PFLning yakuniy qarorini kutyapmiz. Shunga qarab reja tuziladi.

- Demak, jamoaning moliyaviy holati chakki emas.

- Klub rahbari Mo‘min Shokirjonovich yangi mavsum taqvimi rasman tasdiqlangach, xorijda yig‘in tashkillash masalasi ko‘rib chiqilishini aytdi. To‘g‘ri, o‘tgan yili shunga o‘xshash va’da bajarilmagandi.

- Shartnomangiz haqida ham ma’lumot bersangiz.

- «Istiqlol» bilan kelishuvimiz yakuniga yetdi. Lekin o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ygan jamoaga yana bir yil yordam bermoqchiman. Bu masalada rahbarlar bilan og‘zaki kelishuvimiz bor.

- Bosh murabbiy bilan-chi?

- Ha, gaplashib oldik (kuladi) .

- Umuman, otangiz qo‘l ostida o‘ynashning o‘ziga yarasha noqulay tomonlari yo‘qmi?

- Aslida juda qiyin. Boshqa yigitlarga qaraganda, mas’uliyat ikki baravar yuqori. Ko‘p ter to‘kish kerak.

- Kelasi yili aprel oyida 37 yoshga to‘lasiz. Ko‘rinishidan, hali futboldan ketishni o‘ylamayapsiz, shekilli.

- Menimcha, yana bir mavsum bemalol uynashga kuchim yetadi. Keyin sekin-asta murabbiylik faoliyatini boshlayman.

- Charchoq alomatlari sezilmayaptimi?

- Avvalgi mavsum bilinmadi. Endi nima bo‘ladi, ko‘ramiz. «Istiqlol»da yoshlar juda yaxshi o‘ynashyapti. Tajribamga suyanib, ularga bilganlarimni o‘rgatish asnosida murabbiylikni boshlayman.

- Jamoa tarkibi saqlab qolindimi?

- 90-95 foiz. 3 yanvardan boshlanadigan yig‘inda safimizga oliy ligada o‘ynagan 3-4 nafar futbolchining qo‘shilishi kutilmokda. Har holda, elitadagi o‘zgarishlardan so‘ng ko‘plab futbolchilar klubsiz qolishsa kerak.

- Sizni ko‘pincha qiziqqon, jahldor futbolchilar qatoriga qo‘shishadi. Aslida ham shundaymi?

- Faqat maydonda, uning tashqarisida esa quvnoq yigitman (kuladi). O‘tgan mavsumdagi statistikamga havas qilsa arziydi - atigi 2 marta sariq kartochka oldim. «Qizil» esa yo‘q.

- Faoliyatingizga nazar tashlab, umumiy holda nima deya olasiz?

- «Neftchi»da o‘tgan 10 yilni hech narsaga almashmayman. Yuriy Sarkisyandan bir umr minnatdorman. Futbolchi sifatida shakllanishim, yutuqlarimda Yuriy Vazgenovichning hissasi katta. Bu inson haqida uzoq va ko‘p gapirish mumkin.

Lekin bitta ta’rif uning qanday murabbiy ekanligiga dalolat bera oladi -  Yuriy Sarkisyan faqat mahalliy futbolchilar bilan butun stadionni muxlislarga to‘ldirardi. Hozirchi? Jamoaning ahvolini ko‘ryapsiz. Unga ergashib, g‘alabalar ham «Neftchi»dan ketdi.

- Birinchi ligada futbolchilar qancha maosh olishadi?

- Bilishimcha, ayrim jamoalarda umuman maosh yo‘q. O‘yinni «sotish» shundan boshlanadi-da!

- Masalan, «Istiqlol»da o‘rtacha maosh miqdori qancha?

 - O‘rtacha hisobda bir milliondan olamiz.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 14:30, 04.01.2018.
O'qildi: 2299 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.