Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Qahramon Aslanov maqolasi: "Jimjitlik: «Paxtakor»ning chempionligi haqqoniymidi?"

Qahramon Aslanov maqolasi: "Jimjitlik: «Paxtakor»ning chempionligi haqqoniymidi?"

Baho:
+ | -

Endi futbolimiz o‘zgaradi. Majburlab pul yig‘ilmaydi, o‘yinlar kelishilmaydi, Babayan bo‘lmaydi, kal Geynrix terma jamoaga chaqirilmaydi, xullas juda ko‘p «muammolarimiz» bir nutq bilan yechilib ketgandek, nazarimda. Ammo...

2006 yilda bir jinoiy ish yuzasidan Italiyaning «Yuventus» klubi bosh direktori Luchiano Modjining telefon qo‘ng‘iroqlari «eshitilganda», boshqa haqiqatlar yuzaga chiqadi - Modji 2004/05 mavsumda jamoasi o‘yinlariga «o‘z hakamlarini tayinlash»da ba’zi funksionerlar bilan muloqotlar qilar ekan. Ish kattalashib ketadi va:

 

- Luchiano Modji umrbod futboldan chetlatiladi, kelishilgan o‘yinlar uyushtirgani uchun Neapol sudi uni besh yilga ozodlikdan mahrum qiladi.
- hakam Massimo de Santis 4.5 yilga futboldan chetlashtiriladi.
- Italiya futbol federasiyasi prezidenti va vise-prezidenti iste’foga chiqadi.
- «Rejjina» prezidenti Lilo Fonti 20 ming funt jarima to‘lab, 2.5 yilga futboldan chetlashtiriladi.
- Adriano Galiani 5 oyga futboldan chetlashtiriladi.
- «Yuventus» ijrochi direktori Antonio Jiraudo umrbod futboldan chetlashtiriladi.
- «Milan», «Lasio» va «Fiorentina» V seriyaga surgun qilinadi, ammo apellyasiyadan keyin jarima ochkolari bilan birga A Seriyada qolishadi.
- «Yuventus» V seriyaga surgun qilinadi va Chempionlar Ligasidagi o‘rnidan mahrum qilinadi. Ikki chempionlik tortib olinadi.

2015 yilgi chempionatda «Paxtakor» - «Metallurg» o‘yinida hisobda 0:2 hisobida orqada borayotib, ikki golni penaltidan urib, 3:2 hisobida g‘alaba qozongan, mazkur o‘yinning kelishilganlik alomatlari bo‘lganiga ishora qilingandi. Gap faqat ikkita penalti qo‘ygan hakamda emas, «Metallurg» bosh murabbiyin o‘sha o‘yindan keyin mavsum oxirigacha futboldan chetlatilganini ham eslaymiz. «Paxtakor» haqida esa, O‘FFning o‘sha paytdagi prezidenti Mirabror Usmonov achchiq gaplarni aytgan - «bunday g‘alaba bilan ertaga qaysi yuz bilan chempionlik medalini taqib yurisharkin?».

Usmonov bu masalaga o‘sha mavsum oxirida yana qaytilishini va yana kimdir qattiq jazolanishini va’da bergandi. Keyinchalik, «Paxtakor» chempionlik medalini taqdi, hech kim jazolanmadi, hammasi «unutildi». Aslida nima bo‘lgandi, kim kim bilan kelishgan, kim kimga qo‘ng‘iroq qilgan, hammasi mavhumligicha qolgandi.

 

Eslayotganimning sababi, bu mavzuga tunov kuni endi O‘FAning yangi prezidenti Ochilboy Ramatov ham qaytdi.
«O‘yinlarda ofsayddan urilgan gollar hisobga olinishi, yo‘q joydan penalti berilishi, bor penalti berilmasligi, , futbolchilar raqibga penalti ishlab yordam berishi kuzatiladi. Ikki yil oldin bo‘lgan «Metallurg» bilan «Paxtakor» o‘yinini bilasizlar-a? Kimlardir aralashgandi. Bu o‘zbek futbolidagi eng ahmoqgarchilik bo‘lgandi. G‘irrom bo‘lgan joyga muxlis kelmaydi-ku?», - deb kuyinib gapirdi O‘FA rahbari.

Hammasi tushunarli. G‘irrom deyilganda faqat hakamning harakatlari nazarda tutilmagani shubhasiz, chunki Ramatov ham «kimlardir aralashgandi» deyapti.

Bunday bayonotdan keyin qanday voqea sodir bo‘lishi kerak?
Birinchi variant,
O‘FA rahbarining so‘zlari juda qimmat turadi. Bir gap aytildimi, uning orqasida aniq isbot va dalil bo‘lishi kerak. Demak, keyingi harakat o‘sha voqea yuzasidan dalillarning taqdim etilishi va aslida nima voqea bo‘lgani ochiq oydin ommaga ma’lum qilinishi shart. Shuningdek, o‘sha voqeada ishtirok etgan «kimlardir» oshkor qilinib, ular jazolanishi, o‘sha o‘yin natijasi bekor qilinib, «Paxtakor»ni nafaqat o‘sha o‘yindagi uch ochkodan, umuman o‘sha mavsumdagi chempionlikdan mahrum qilish lozim.

Bir necha muxlisning so‘kinishi uchun klublar yuz millionlab jarima to‘layotgan bir paytda, bir klubning o‘sha «so‘kinish ma’nosidagi ish»ni o‘zbek futboliga nisbatan qilishiga nega ko‘z yumilishi kerak? Axir Turinning «Yuventus» klubining ham o‘tgan chempionatdagi ishlari kavlanib, oqibatda 2 chempionlik unvonidan mahrum qilinmaganmidi?

To‘g‘ri, o‘sha paytdagi «Paxtakor» rahbarlari hozir yo‘q, butunlay boshqa insonlar tomonidan amalga oshirilgan. Ammo, klub o‘sha, chempionlik unvoni muzeyda turibdi, axir o‘g‘rini ushlashgach, o‘g‘irlangan mol ortga qaytarilmaydimi?

 

Ikkinchi variant,
Ramatovda ham, ikki yil oldingi Usmonovda ham «Paxtakor»ni jazolashga yetarli asos ham dalil ham yo‘q. Usmonov o‘shanda o‘yin atrofida paydo bo‘lgan gap-so‘zlardan kelib chiqib, Ramatov esa, o‘sha paytdagi «Paxtakor»ning asosiy raqibi «Lokomotiv» rahbari bo‘lgani uchun, o‘sha voqea qattiq ta’sir qilib, haligacha esdan chiqmaganlikdan aytib yuborgan bo‘lishi mumkin.

Mumkin, divanda o‘tirganimizda, ya’ni hech qanday aniq ma’lumot bo‘lmaganda, hamma variantni hisobga olishga majburmiz.

U holda, «Paxtakor» o‘z sha’nini himoya qilishi, O‘FA rahbarini tuhmatda, klub sha’niga putur yetkazishda, asossiz ayb qo‘yishda ayblashi kerak. Jamoaning «Metallurg» bilan o‘yindagi halol irodali g‘alabasi va buning orqasidan o‘sha yilgi chempionligi shubha ostiga olinmoqda, buni butun O‘zbekiston eshitmoqda, o‘qimoqda. Klub uchun o‘z sha’ni, imiji muhim emasmi?

Agar men yoki boshqa jurnalist «Paxtakor»ni kelishilgan o‘yinlarda ayblab maqola yozsam, ertasigayoq klub rasmiy saytida shapaloqdek raddiya chiqishiga ishonaman. Bunday holatlar juda ko‘p kuzatilgan, klub matbuot xizmatining bu borada juda faolligi va klub sha’nini munosib himoya qila olishiga ko‘p bor guvoh bo‘lganman va boshqa klublar ham bundan o‘rnak olsa arziydi. Ammo nega klub hozir jim? Ramatovga, oddiy jurnalist emas, rasmiy shaxsga, aynan futbolimizning boshida turgan insonning bu aybloviga nega jim turibdi?

Yoki bu nutq balki yana ikki yilga unutilib ketishidan umidvormi? Voqeani yana kavlab, isbot talab qilinsa, vaziyat chigallashib ketishidan qo‘rqilmoqdami? Ya’ni O‘FA prezidenti qo‘lida rostan ham isbot borki, «Paxtakor» buni biladimi?

Har qanday holatda ham bunday bayonotlar shunchaki, jimjitlik bilan o‘tib ketmasligi, orqasidan, yo u yoki bu jarayonning boshlanishiga hizmat qilishi shart edi. Ammo hozircha o‘zgarish yo‘q.

Hech narsa o‘zgargani yo‘q.

Qahramon Aslanov

Manba: trbuna.uz
Kiritildi: 13:40, 29.01.2018.
O'qildi: 7509 marta.
Fikrlar: 22 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.