Bugun Toshkent shahridagi “Bunyodkor” stadionining zahira maydonida “Neftchi” hamda “Buxoro” jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik o‘yini bo‘lib o‘tdi. Mazkur o‘yin hisob bo‘yicha “Neftchi”ning uchinchi nazorat bahsi hisoblanadi. Bungacha Kovshov shogirdlari “Navbahor” (1:1) hamda “Metallurg” (0:1) bilan kuch sinashishdi. Toshkent shahrida kuchli qor yoqqani tufayli, bahs bir soat kech boshlandi.
“Neftchi” tarkibida o‘zgarishlar davom etadi. Jamoa safiga yangi legioner futbolchi qo‘shildi. Rossiyalik hujumchi Vyacheslav Sushkin “Neftchi” ko‘rigida bo‘lib turibdi. Kecha “Metallurg” bilan bahsda maydonga tushgan Aleksandr Derebchinskiy esa ko‘rikdan o‘ta olmadi va o‘z yurtiga qaytib ketdi. Darvozabon Vitaliy Mirniyga esa shu kuni xordiq berildi. Murabbiylar shtabi Farrux Turdaliyev va Abdumavlon Abdujalilov singari maxalliy darvozabonlarga imkoniyat berishdi.
Uchrashuvni “Neftchi” futbolchilari faol boshlashdi. Avvalgi o‘yinlarga nisbatan farg‘onaliklar bu o‘yinni hujumkor tarzda olib borishdi. Vyacheslav Sushkin ilk o‘yinida o‘zining faolligi bilan ajralib turdi. Umuman olganda, barcha futbolchilarimiz bahsni yuqori suratda o‘tkazishdi. Maydon qordan tozalangan bo‘lsada, baribir ob-havo o‘z ta’sirini o‘tkazdi. O‘yinchilar harakatlanishda bir qator qiyinchiliklarga duch kelishdi.
Birinchi bo‘limda Abdul Aziz Yusupov hamda Elyor Mamasoliyev o‘zining qanotdagi faolligi evaziga bir necha marta raqib jarima maydonchasiga yorib kirishdi. Shu kabi vaziyatlar Vyacheslav Sushkin va Yu Kubokida ham kuzatildi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib “Neftchi” jamoasi hisob ochdi. Elyor Mamasaliyev qanotda turgan Kubokiga to‘pni tashladi. Yu esa himoyachilarni aldab jarima maydonchasiga kirib borishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo uni qo‘pollik bilan to‘xtatishdi. Uchrashuv bosh hakami mazkur vaziyatda penalti belgiladi. Yaponiyalik futbolchi o‘zi ishlagan standartni o‘zi muvaffaqiyatli amalga oshirdi. 1:0. Ko‘p o‘tmay “Buxoro” javob golini urdi. Ochig‘ini aytish kerakki, bahsda juda qo‘polliklar kuzatildi. Birinchi bo‘limda “Buxoro” futbolchisi Robbim Hasanov “Neftchi” vakili Abdul Aziz Yusupovning oyoqlariga o‘ta qo‘pol tarzda tashlandi. Shu tufayli Yusupov o‘yinni boshqa davom ettira olmadi. Ko‘p o‘tmay, buxoroliklar hisobni tenglashtirishdi. Artyom Filiposyan jarima to‘pini qoyilmaqom tarzda amalga oshirdi va darvozaning yuqori nuqtasiga joylab qo‘ydi. Birinchi bo‘lim 1:1 hisobida tugadi.
Afsuski, ikkinchi bo‘lim to‘liq bo‘lib o‘tmadi. Ikkinchi taymning boshida “Buxoro” futbolchisi Ergash Ismoilov farg‘onaliklarning legioneri Yu Kuboki bilan to‘qnashib ketdi. Natijada buxorolik futbolchi xushini yo‘qotdi. O‘yinchining ahvoli jiddiy bo‘lgani sababli o‘yinni boshqa davom ettirishning xojati qolmadi. Unga darhol tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga olib ketildi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Ergash Ismoilovning ahvoli ancha yaxshi ekan.
“Neftchi” – “Buxoro” 1:1 (1:1)
Gollar: Yu Kuboki – 1:0, Artem Filiposyan – 1:1
“Neftchi”: Farruh Turdaliyev, Shukurali Po‘latov, Davron Mamatov, Iskandar Shoyqulov, Avaz Agaliyev, Sunatillo Ermatov, Abdujamol Isroilov, Elyor Mamasoliyev, Abdulaziz Yusupov, Yu Kuboki, Vyacheslav Sushkin
Zaxira: Abdumavlon Abdujalilov, Avazbek O‘lmasaliyev, Jalil Kimsanov, Abror Ismoilov, Otabek Ahmadjonov, Jamshid Qobilov
“Buxoro”: Asilbek Amonov, Qaxramonov Javoxir, Bobir Amonov, Shavkat Salomov, Salomat Qutiboyev, Sanat Shixov, Artem Filiposyan,Robbim Xasanov, Ergash Ismoilov, Akobir To‘rayev, Sergey Ruseskiy,
Zaxira: Akmal Tursunbayev, Nozim Umurov, Baxriddin Vaxobov, Amanov Arslanmurat, Toxir Shamshitdinov, Raxmatullo Berdimurodov, Aziz Ibragimov
“Neftchi” PFK matbuot xizmati