Bundan 60 yil avval Myunxen aeroportida yuz bergan aviahalokat «MYU» klubining bir nechta futbolchi va ishchi-xizmatchilarini hayotdan bevaqt olib ketdi. Ochilmay so‘lgan yulduzlar ruhi «Old Trafford»dan abadiy joy olgan.
«Ketishga chog‘lanar ekanman, jamoadoshlarimni qayerda ekanliklarini hamshiradan so‘radim. Uning yuzidagi ma’yuslikni ko‘rgach, savolni takrorladim: «Qolganlar qani?» Nigohini mendan olib qochgan hamshira bazo‘r javob qaytardi: «Qolganlarmi?
Hech qanaqa qolganlar yo‘q, ularning barchasi shu yerda». Faqat shundan keyin mudhish fojianing ko‘lamini aniq his etib, badanim titrab ketdi. «Basbi mittilari» o‘tmishga aylanishgandi».
Mazkur iboralar «MYU»ning sobiq himoyachisi Bill Foksga tegishli. Uning dahshatli falokatdan sog‘-omon chiqqanligining o‘zi chinakam mo‘’jiza. Billni nafaqat fojia, balki jiddiyroq jarohat ham chetlab o‘tgandi.
Eshushi joyida bo‘lgan himoyachi falokat ko‘lamini tezda anglab yetdi: uning do‘stlari Myunxendagi Rechts der Isar shifoxonasidan joy olishgandi: Bobbi Charltonning boshi bint bilan o‘rab tashlangan, Jeki Blanchflauerning qo‘li singan, yuzi yorilgan, Albert Skanlon ko‘zlarini ocholmay qolgan, Rey Vud esa kontuziyaga uchragan holda ko‘kka termulib yotishardi.
Dankan Edvards bilan Jonni Berrilar o‘ta og‘ir holatda edilar. Hamshira ularning sog‘ayib ketishlarini aytib, Folksni tinchlantirishga urindi. Ammo afsuski, umidlar tez orada puchga chiqdi.
Edvards buyuk futbolchiga aylanishi kerak edi. Bu shunchaki yupanch o‘rnida ishlatiladigan e’tirof. Mett Basbi o‘z shogirdi haqida shunday degandi: «U hech qachon yosh bola bo‘lgan emas. Dankan 16 yoshdayoq chinakam erkak edi. Shuning uchun uni ikkilanmay «MYU»ga qabul qilgandik».
Ha, qisqa vaqt ichida Edvards jamoaning noyob javohiriga aylandi. O‘zining universalligi va topshiriqni a’lo darajada bajarishi bilan muxlislar mehrini qozongandi. «Ishoning, hayotimda ko‘plab yulduzlarga duch keldim. Pele, Maradona, Best, Lou, Grivzni yaxshi bilaman.
Biroq Dankan men uchun chinakam qahramon hisoblangan Alfredo Di Stefanodan ham barcha jabhalarda bir boshga yuksakroq edi. Agar siz shu mavzuda Stenli Metyus yoki Tommi Finniga murojaat qilsangiz, ular ham shu paytgacha Dankandek yetuk mahorat sohibiga duch kelmaganliklarini tasdiqlashlariga shubha qilmayman», - degandi ser Bobbi Charlton mudhish fojianing 50 yilligida marhum jamoadoshlarini xotirlash chog‘ida.
Orzu bo‘lib qolgan jamoa
O‘sha mash’um halokat tufayli barbod bo‘lgan «MYU» ro‘yobga chiqmagan orzular jamoasi bo‘lib qoldi. Muxlislar klubning har bir a’zosini boshda ko‘tarib yurishga tayyor edilar. Chunki, «Basbi mittilari» klub akademiyasining tarbiyalanuvchilari bo‘lishgan.
Vaholanki, o‘sha davrda ingliz klublari futbolchilarni tez-tez almashtirib turishardi. 1956 va 1957 yillarda Basbining 20 yoshli yigitlari ikki marta Angliya chempionligini qo‘lga kiritishgandi. «Men o‘shanda xususiy bolalar bog‘chasini ochishni rejalashtirgandim», - deydi Basbi yarim hazil ohangida.
«Bolalar qanchalik barvaqt qabul qilinsa, ahil jamoani tarbiyalash shunchalik oson bo‘ladi, degan fikrda edim». To‘rt yil davomida «MYU» transferlar uchun bir funt ham sarflamadi, «Basbi mittilari» esa ichki musobaqalardagi muvaffaqiyatlardan tashqari YECHKda yarim finalgacha ko‘tarilishdi.
E’tiborli jihati shundaki, o‘sha paytdagi dimog‘dor inglizlar FIFA va UYEFA g‘oyalariga bepisandlik bilan qarashgan va nufuzli turnirning dastlabki ikki mavsumida qatnashishni o‘zlariga ep ko‘rishmagan.
Kim biladi deysiz, agar futbol ixtirochilarining o‘sha takabburligi bo‘lmaganida, «MYU» yarim finalga emas, balki so‘nggi marragacha yetib borarmidi...
Charltonning xotirlashicha, avvaliga ingliz va Yevropa jamoalari o‘rtasidagi tafovut uni biroz xavotirga solgan. Lekin bellashuvlar jarayonida «MYU»ning raqiblaridan ko‘ra kuchliroq ekanligiga amin bo‘lgan: «Fojia yuz bermaganida biz bemalol g‘olib chiqa olardik. Nazarimda, jamoamizga faqat «Real» qarshilik ko‘rsatishga qodir edi».
Taqdir alomati
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.