Kirish Ro'yxatdan o'tish

Noyob «tabletka» - Leon Beyli

Noyob «tabletka» - Leon Beyli

Baho:
+ | -

Taraqqiyotdan ortda qolishni istamagan bundesliga mojaroli tortishuvlar bilan bo‘lsada yorqin yulduzlarini pullashga kirishdi.

Mxitaryan, Obameyang va Dembele allaqachon xorijiy klublar mulkiga aylanishdi. Endi navbat Robert Levandovskiga keldi.

Lekin mutaxassislar «Bayer» yarim himoyachisi Leon Beyli ham yaqin kelajakda nemis futboliga binoyidek daromad keltirishini taxmin qilishmoqda.

Uchqurlar diyori

Yamayka iborasi tilga olinganda ko‘z o‘ngimizda beixtiyor sayyoramizning eng uchqur sprinteri - Useyn Bolt siymosi gavdalanadi.

Yengil atletika yo‘lakchalarida fantastik rekordlarni o‘rnatib ulgurgan sportchi endi o‘zining uchqurligini yashil maydonda namoyish etish harakatida. Uning vatandoshi Leon Beyli esa hozirning o‘zida futbolchilar o‘rtasida birinchi raqamli sprinterga aylangan.

Yarim himoyachi saviya bobida terma jamoadan o‘zib ketdi, Yamaykaning yorqin yulduzi. «U shunday uchqurki, yugurishini ko‘rgan kishi futbolchi ekanligiga ishonmaydi.

Qo‘shimchasiga, texnikani ham «tindirib» qo‘yadi. Chindan ham, aql bovar qilishi qiyin bo‘lgan kombinasiya», - yamaykalik yigitchaning maydondagi harakatlarini ilk marta kuzatgan Frank de Bur hayratini yashirolmagandi.

Yarim himoyachidagi kosmik tezlik Bundesliga bahslarini yoqimli «portlash»lar bilan bezamoqda.

Tutingan ota

 «Leon hozirga qadar o‘zidagi imkoniyatlarning 30 foizini ishga sol­gan, xolos. Yaqin kelajakda dunyoning eng yaxshi futbolchisi unvonini qo‘lga kiritishiga shubha yo‘q», - mazkur e’tirof Kreyg Batlerga tegishli.

Agar siz uni Jerard Batler va Kreyg Devidning hosilasi, deb o‘ylagan bo‘lsangiz, yanglishasiz. U shunchaki Leonning o‘gay otasi. Yosh iqtidor sohibining kamolotga erishuvida Kreyg Batler asosiy rolni bajardi. Voqea quyidagicha: bolaligida Leon intizomi bilan maqtana olmasdi.

Boz ustiga, u Kingstonning eng notinch tumanida o‘sib-ulg‘aydi. Xayriyatki, bolakayning baxtiga, onasining bevaqt vafotidan keyin shu o‘gay otasi o‘z otalig‘iga oldi.

Oqibatda, Kreyg Batler vaziyat taqozosi bilan Phoenix AllStars futbol akademiyasining muassislaridan biriga aylandi. Shundan keyin u 7 yoshli Leonning yonidan bir qadam ham jilmadi.

Beylining Yevropaga yo‘l olishi ham aynan o‘gay otaning tashabbusi bilan yuz berdi. Yaqinda Batler Leverkuzenda Rudi Fyoller va Yonas Boldt bilan uchrashib, o‘g‘lining taqdiri aynan shu yerda -  Germaniyada ishonchli qo‘llarda ekaniga ishonch hosil qildi.

Tilla soat

 «Leon o‘ta aqlli va yuvosh yigit. Undan yaqin kelajakda tengi yo‘q futbolchi yetishib chiqishi mumkin. Beyli yorqin faoliyat bo‘sag‘asida turibdi», - shunday fikrlarni bildirgan Rudi Fyollerga ijtimoiy tarmoqlardagi yangiliklardan ko‘proq xabardor bo‘lib turishni maslahat berardik.

Shunda u Beylining yuvosh bolalikdan ancha yiroqlashib qolganiga amin bo‘ladi. Qimmatbaho bezaklar, mashhur firmalarning kiyim-kechaklari, zamonaviy avtomashinalar - Leon-ning bugungi hayotida muhim o‘rin tutadi.

Aslida buning ajablanadigan yeri yo‘q: qishda «Bayer» uni o‘z safiga qo‘shib olish uchun 13,5 mln. yevro sarfladi. Tabiiyki, futbolchining cho‘ntagi ham birdaniga qappayib qoldi. Yaqinda Kingstonning ovloq hududida shisha idishlar yig‘ib yurgan bolakay bu pullarni tushida ham ko‘rmagandi.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda bugun-erta fantastik o‘yinlar ko‘rsatishi kutilayotgan yarim himoyachi el og‘ziga tushib, juda mashhur bo‘lib ketdi. Hozircha ishonchni oqlab kelmoqda. Lekin bu shon-shuhrat va pinhona pullar istagan paytda uning boshini aylantirib qo‘yishi hech gap emas.

«Bayer» tarkibidagi so‘nggi uchrashuvlarda Beyli 7 marta raqiblar darvozasini ish-g‘ol etdi. Bunday sermahsullik Yevropaning nomdor jamoalari e’tiboridan chetda qolmasligi aniq. «Arsenal», «Liverpul», «Chelsi», «Bavariya» va «PSJ» kabi grand klublar Leverkuzenga umid bilan ko‘z tikib turishibdi.

Biroq «dorishunoslar» bu borada aniq bir to‘xtamga kelib ulgurishgan - yamaykalik noyob «tabletka» 2019 yildan avval hech qayerga ketmaydi.

Aslida Beyli imzo chekkan shartnoma 2022 yilga qadar amalda bo‘ladi. Ammo mutasaddilar yarim himoyachining yangi Usmon Dembelega aylanib qolishidan xavotirdalar. «Agar u hozirgidek tirish­qoqlik bilan ishlashda davom etsa, kim ham uning yo‘lini to‘sa olardi?», - deydi Yonas Boltd.

Ha, Leon «Ba­yer»ning «oltin ohu»si ekanligiga hech kim shubha qilmayapti. Uning transferi 100 mln. yevrodan oshib ketishi taxmin qilinmoqda.

«100 «limon» iborasini ishlatganda ehtiyotkor bo‘lish kerakligini yaxshi tushunib turibman. Lekin oldi-sotdilarning jadal rivojlanishidan kelib chiqadigan bo‘lsak, bu miqdor hyech kimni ajablantirmaydi, deb o‘ylayman», - dedi Bundesliganing taniqli mutaxassislaridan biri Rayner Kalmund.

«Bayer»ning munosabati

«Dorishunoslar» tizimidagi bugungi vaziyat quyidagicha: bundesliga va xalqaro musobaqalarda jamoa Beylidan samarali foydalanishga harakat qiladi va imkoni boricha uzoqroq ushlab turishga intiladi.

Shartnoma muddati oz qolgan pallada esa risoladagidek narx bilan transferga qo‘yadi. Chunki, Leonning jamoadoshi Yulian Brandt Leverkuzenni tark etishga yaqin turibdi.

Muhimi, Beyli sermazmun va samarali faoliyatni davom ettirsa bas!

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 15:04, 03.03.2018.
O'qildi: 2767 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.