Ushbu haftadan yangicha ko‘rinishdagi Superliga bahslari start berildi. Yangi mavsumda barcha klublar tarkiblarini kuchaytirib, tayyorgarlik ko‘rishdi. “Erudit Sport” quyida barcha klublardagi transferlarni tahlil qilib, eng muhim 10 ta transfer reytingini tuzdi.
SARDOR RASHIDOVSobiq klubi: «Al Jazira» (BAA)
Yangi klubi: «Lokomotiv»
Ikki yil oldin 2,1 million yevro transfer puli evaziga “Bunyodkor”dan “Al Jaish” klubiga o‘tgan Sardor Rashidov Qatar va BAAdagi faoliyatidan keyin yana ortga qaytdi. 26 yoshli futbolchi nafaqat “Temiryo‘lchilar”ning balki Superliganing asosiy transferlaridan biriga aylandi.
AKMAL SHORAHMEDOVSobiq klubi: «Nasaf»
Yangi klubi: «Paxtakor»
O‘tgan mavsumda “Bunyodkor”dan “Nasaf”ga o‘tib, bir yil Qarshi klubida to‘p surgan Akmal Shorahmedov 2018 yildan yana Toshkentda, bu safar “Paxtakor”da to‘p suradigan bo‘ldi. Tajribali himoyachi “Sherlar”ning asosiy xaridlaridan biriga aylandi.
BAHROM ABDURAHIMOVSobiq klubi: «Nasaf»
Yangi klubi: «Paxtakor»
Andijonlik futbolchi bir necha yil davomida “Nasaf”ning asosiy figuralaridan biri bo‘lib kelgandi. Hujumkor yarimhimoyachi bu yil chempionlikni maqsad qilgan “Paxtakor” bilan o‘z orzusi uchun ham kurashadi.
AZIZ IBRAGIMOVSobiq klubi: «Spartak» (Latviya)
Yangi klubi: «Buxoro»
2016 yilgi mavsumda “Buxoro” bilan 4-o‘rinni olgan Aziz Ibragimov 2017 yilda Latviya chempionatida “Spartak” klubi bilan chempionlikka erishgach, yana “Buxoro”ga qaytib keldi. Tajribali futbolchi buxoroliklar bilan endi sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi.
SHERZOD KARIMOVSobiq klubi: «Paxtakor»
Yangi klubi: «Lokomotiv»
“Paxtakor” safidagi 10 yillik faoliyatidan keyin Sherzod Karimov jamoani tark etib, “Lokomotiv”ga o‘tdi. Qanot yarimhimoyachisi “Loko”dan “Paxtakor”ga qaytgan Jaloliddin Masharipovning o‘rnini bilintirmaslikka intiladi.
DAVRON HOSHIMOVSobiq klubi: «Paxtakor»
Yangi klubi: «Navbahor»
Superliganing eng tezkor va qo‘pol himoyachilaridan biri Davron Hoshimov “Paxtakor”ni tark etib, dastlab “Qo‘qon-1912” jamoasi tarkibiga qo‘shilgan bo‘lsa, ko‘p o‘tmay “Navbahor” bilan shartnoma tuzdi. Davron Namangan klubi bilan sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi.
SANJAR RASHIDOVSobiq klubi: «So‘g‘diyona»
Yangi klubi: «Nasaf»
Sardor Rashidovning ukasi ham akasi singari OCHLda ishtirok etish uchun klubini o‘zgartirdi va “Nasaf” safiga o‘tdi. So‘nggi mavsumlarda “So‘g‘diyona” yetakchisi sifatida gavdalangan yarimhimoyachi Qarshi klubi bilan birga chempionlik uchun kurash olib borishni maqsad qilgan.
NIVALDOSobiq klubi: «Dinamo» (Belorussiya)
Yangi klubi: «Lokomotiv»
Braziliyalik futbolchi OCHLning dastlabki turida qanday o‘yinchi ekanligini ko‘rsatgandi. Hujumkor futbolchi “Loko” safida OCHL va Superliga bahslarida muhim figuralardan biriga aylansa, ajabmas.
FILIPP RAYEVASSobiq klubi: «Qo‘qon-1912»
Yangi klubi: «Bunyodkor»
O‘tgan mavsumda “Qo‘qon-1912” klubi safida ajoyib o‘yinlari bilan barchaning e’tiboriga tushgan serbiyalik futbolchi yangi mavsumni “Bunyodkor” safida o‘tkazadi. Mirjalol Qosimovning asosiy xaridiga aylangan futbolchidan “Bunyodkor”ning umidi katta.
SHAVKAT SALOMOVSobiq klubi: «Atirau»
Yangi klubi: «Buxoro»
Qozog‘istondan yana jonajon klubi “Buxoro”ga qaytgan Shavkat Salomov ikki yil oldingidek buxoroliklarning maydon markazidagi muhim o‘yinchilaridan biriga aylanishi muqarrar. Salomov ancha kuchli tarkibni o‘zida jamlay olgan “Buxoro”ni sovrinli o‘rinlar sari boshlashi kerak.
Shuningdek, ushbu ro‘yxatning davomiga Farrux Sayfiyev (“Paxtakor”), Shahboz Erkinov (“Buxoro”), Bahodir Nasimov (“Buxoro”), Shoxruz Norxonov (“So‘g‘diyona”), Shukurali Po‘latov (“Neftchi”), Nemanya Yovanovich (“Qizilqum”), Bahodir Pardayev (“Qo‘qon-1912”), Igor Yelich (“Lokomotiv”)larni ham qo‘shish mumkin.
Usmon IBODOV