Mourinyo jamoalarida hech qachon yetakchi bo‘lmagan. Agar bo‘lsa, u Jozening o‘zi bo‘lgan edi. “Portu”, “Chelsi”, “Inter”va “Real” jamoalarini boshqargan paytlarda klub yetakchilari bilan bir necha bor nizolar kelib chiqqanidan xabaringiz bor. Hech birida jamoaga rux beruvchi yetakchi bo‘lmagan. Aniqrog‘i, bo‘lishiga yo‘l qo‘ymagan. Jamoaga ruhni faqat va faqat Mourning o‘zi bergan. Istaymizmi, yo‘qmi har bir jamoa bitta yetakchiga bog‘lanadi. Uzoqqa bormaymiz: 2014 — 2015 yilgi mavsumda “Chelsi”ga qaytgan kezlari klubda Eden Azar yetakchi sanalardi. Edenni “sindirdi”, natijada jamoa 16-turga kelib 16-o‘rinda borayotganda Mour istefoga chiqarildi. Keyingi mavsumda Konte deyarli huddi shu tarkibni chempion qildi, Azar yetakchiligida...
“MYU”da kim yetakchi hozir? Faqat o‘z qanotiga javob beruvchi, Joze maqtashdan charchamaydigan Valensiami yo hamisha autsayder klublarga gol kirituvchi Lukakumi? Yoki har turda go‘zal “seyv”lari bilan qahramon bo‘luvchi De Heami yoxud yaqinda “Arsenal”dan tashrif buyurgan Sanchesdir. Kim?..
O‘ylab ko‘ring kim bo‘lishi mumkin? Birgalashib javob beramiz: Pogba!
Shunday. Fransiyalik futbolchining o‘yinlarini o‘zbekistonlik futbol muxlislari “Turkiya – 2013”dagi ishtiroki bilan yaxshi tanishadi. Fransiya va O‘zbekiston yoshlar termalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan o‘yin 4-0 hisobi qayd etilganida bizning “kushanda”miz Pogba yedi. Esingizda bo‘lsa, o‘shanda jamoamiz maydon markazida hech narsa qila olmagandi. E’tibor bering aynan maydon markazida(!)
Fransiyaga qarshi o‘ynagan barcha jamoalar Pogbadan aziyat chekkandi.
U har bir yosh termasida yetakchi bo‘lishga intilib kelgan va bu ishni a’lo darajada uddalay olgan. Zamonaviy fransuz futbolining asosi ham shu yigit atrofida qurilgan desak, mubolag‘a bo‘lmasa kerak.
Ammo Mourinyo bunday qilishni xohlamaydi. Butun boshli bir mamlakat tayanch yarim himoyasida asosiy o‘yinchini xohlasa, zahirada qoldiradi, xohlamasa qaydnomaga ham kiritmaydi. Xohlasa, u bilan urushib ketishing mumkin deb qo‘yaveradi, Yevropa ligasini yutib bergan futbolchiga.
Ha, shuning uchun ham u “Special one”da, lekin kecha... Vinchenso Montella Mourinyo mexanizmining aynan shu joyidan urdi. Ya’ni raqib jamoasidagi nosog‘lom muhit tufayli g‘alabani ilib ketdi.
Bilasizmi, Sevilyadagi o‘yinda nima sababdan Ben Yedder maydonga tushirilmadi? Bordi-yu, maydonga tushib gol urib qo‘yganida nima bo‘lardi? Mourinyo jamoasi katta ehtimol bilan javob qaytarar yoki o‘z maydonida tezkor gol kiritishga intilardi, nazarimda. Italiyalik mutaxassis Vensanni ikkinchi bahsga asradi. O‘yin aynan Montello rejasi bo‘yicha davom etdi. “Old-Trafford”da birinchi bo‘limda durang o‘ynab, ikkinchi bo‘limda gol urib, “MYU” himoyani unutganda yana bitta to‘p kiritish qabilida ish tutdi. Bo‘ldi. Ortiqcha mukammalliksiz, sodda, rejalashtirilgan taktika. Darvoqe, uning “Liverpul” darvozasiga kiritgan “hattrick”i yodingizdan chiqmagandir!
Mourinyo ayyor. Bilasizmi, nega? Har bir murabbiyning “B” rejasi bo‘lgani kabi Jozeda “B” reja yo‘q. “B”, “S”, “D” va hokazo... Boshqalari faqat “A”si uchun ishlaydi. Futbol muxlislaridan tortib mutaxassislarigacha “Liverpul”ning “Old-Trafford”dan g‘alaba bilan qaytishiga ishonib turgan bir paytda u nima qildi? Ser Aleks Fergyussondan futbolchilarga ruhiy dalda va ko‘rsatma berishini so‘radi.
Va futbolchilarga psixologik ta’sir o‘tkazishni yaxshi uddalaydigan sobiq “qirol”ning maslahati ila g‘alaba qozondi. Unda boshqa yo‘l yo‘q edi.
Mavsum boshidagi durrangga qanoat qilmagan Klopp bu safar mag‘lubiyatga rozi bo‘ladigan bo‘ldi. Mourinyoga emas Fergyussonga! Aynan o‘sha baxsdagi charchoq futbolchilarga kechagi o‘yinda ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi.
“Siti”ning “Old-Trafford”dagi g‘alabasi esingizdadir-a?! Gvardiola Mourinyoga bemalol hujum qilish imkonini bergandi. Odatda u hech bir jamoaga bunday erkinlikni taqdim etmagan. Bu esa nazorat Mourinyo qo‘l ostida bo‘lyapti degan tushunchani shakllantirardi kishida.
Biroq 2-goldan keyin hammasi Pepning nazoratida ekanligi ko‘zga tashlanib qolsa, o‘zingizdan achchiqlanib yuraverasiz. Montella huddi shu reja asosida o‘ynadi kecha. Aynan shunday!
E’tibor bergan bo‘lsangiz o‘yin davomida murabbiylar bir kulishib olishdi. Aniqrog‘i, Mourinyo italiyalik hamkasbi ustidan kulgandek edi, go‘yo.
Demak, uning rejalari ish beryapti.. lekin Vinchenso “Ramon Sanches”da qilmagan ishini qildi. Bu Ben Yedderni maydonga tushirilishi edi. 28 yoshli hujumchi jamoasini haqli ravishda keyingi bosqichga olib chiqdi.
Birinchi goldan keyin hujumga tashlangan “MYU” uchun 2-gol ortiqchalik qilishi tabiiy edi. De Hea o‘z darvozasidan ikkinchi to‘pni ham olib chiqdi. Yana “Sevilya”ning goliga zahiradan qo‘shilgan 9-raqamdagi hujumchi Vensan Ben Yedder mualliflik qildi. Lukaku ham bitta to‘p kiritdi. ammo Yevropa Chempionlar ligasida bir gol bilan chorak finalga chiqib bo‘lmasligini sizu biz juda yaxshi bilamiz!
Shu tariqa ispanlar Angliyadan chorak final chiptasini olib ketdi.
Endi, Joze Mourinyo bor e’tiborni APL da 2-o‘rinni mustahkamlashga qaratsa ne ajab?!