Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/11 17:00 Xitoy - Yaponiya
19/11 17:00 Indoneziya - Saudiya Arabistoni
19/11 17:00 KXDR - O‘zbekiston
19/11 19:00 Falastin - Janubiy Koreya
19/11 19:00 Qirg‘iziston - Eron
19/11 21:00 Ummon - Iroq
19/11 21:00 BAA - Qatar
19/11 23:15 Bahrayn - Avstraliya
19/11 23:15 Kuvayt - Iordaniya

Mundial g‘olibligiga da’vogarlar. Top-10

Mundial g‘olibligiga da’vogarlar. Top-10

Baho:
+ | -

Navbatdagi jahon chempionatiga ham tobora kam vaqt qolmoqda. Terma jamoalar yuzaga kelgan FIFA kunlaridan foydalanib, o‘z o‘yinlarini maromiga yetkazishga harakat qilishmoqda. Biz esa Rossiyada o‘tadigan turnirda g‘oliblikka da’vogar jamoalar haqida fikr yuritib ko‘ramiz. Da’vogar terma jamoalarni reyting shaklida e’tiboringizga havola qilamiz. Demak, boshladik.

10-o‘rin. ROSSIYA

Avvalambor, bu reytingni mezbonlar boshlab berishadi. To‘g‘ri, jamoa oxirgi yillarda ishonchsiz o‘yinlar ko‘rsatmoqda. Katta turnirlardagi omadsizliklar girdobiga tushib qolganday, go‘yo. Lekin bu mundial ko‘p narsani o‘zgartirishi mumkin. Chunki ruslar o‘z uyida o‘ynashadi. Aytishadiku: “O‘z uyinda devorlar ham yordam beradi”, — deb. Bu turnirda Rossiya so‘zsiz “Qora tulpor” maqomida ishtirok etsa ajab emas.

9-o‘rin. XORVATIYA


So‘nggi yilarda bu jamoa katta turnirlarda doim kuchli tarkib bilan qatnashmoqda, ammo, lekin, afsus, natija yo‘q. Lekin bu mundial jamoa superyulduzlarining aksariyati uchun oxirgisi bo‘lsa ajabmas (Modrich, Manjukich, Rakitich, Srna, Perishich...). Ular o‘zlariga yaqin bo‘lgan rus maydonlarida uzoqroqqa borishlari kutilmoqda. Xorvatlar ancha jipslashgan futbol namoyish etishmoqda. Saralash bosqichida ham tartibli futbol namoyish etishdi. Bir so‘z bilan aytganda xorvatlarda chempion bo‘lish uchur imkoniyat bor.

8-o‘rin. BELGIYA



Belgiyaliklar o‘zlarining aqlbovar qilmas tarkibi bilan hatto Braziliya bilan ham tenglasha oladilar, desak mubolaga bo‘lmas. Chunki tarkibdagi o‘yinchilar ro‘yxatiga qarasak (Kurtua, De Bryuyne, Mertens, Azar, Lukaku...) hayron qolasiz. Darrov xayolingizga o‘z-o‘zidan bir gap keladi: nahot shu tarkib chempionlikka loyiq bo‘lmasa? Loyiq, lekin Belgiya shu yillar ichida murabbiydan yolchimadi. Ketma-ket turnirlar murabbiylar xatosi bilan boy berildi. Endi esa anchagina tajribaga ega bo‘lgan Roberto Martines bu supertarkibni xaqiqiy superjamoaga aylantrishi kerak. Martinez agar jamoviy o‘yinni yo‘lga qo‘ya olsa, bu jamoani to‘xtatib qolish judayam qiyin bo‘ladi.

7-o‘rin. PORTUGALIYA



Amaldagi Yevropa chempionlari bu o‘nligimizdan joy olishmasa, muxlislar hayron bo‘lishgan bo‘lar edi. Santush shogirdlari YEVROda g‘alaba qozongach, so‘zsiz Mundialda katta yutuqlarga haris bo‘lib turishibdi. Jamoani yetaklab yurish vazifasi aniq Krishtianuning zimmasida. Portugullarning ham hozirda JCH g‘olibligiga imkoniyatlari chakki emas. Faqat o‘z kuchiga ishonish kerak xolos. Ronaldu keyingi mundialgacha qanday axvolda bo‘lishi uning o‘ziga ham ayon emas. Shu sabab u o‘zining so‘nggi mundialida borini berishiga shubhamiz yo‘q. Boz ustiga, 2018 yilgi “Oltin to‘p” sovrini taqdirini, katta ehtimol bilan, mazkur Mundial hal qiladi.

6-o‘rin. ISPANIYA



Yaqindagina futbolda inqilob qilgan Ispaniya yutish mumkin bo‘lgan jamiki turnirda g‘alaba qozonib ulgurdi. So‘ng ularda keskin pasayish kuzatildi. So‘nggi mundialda guruxdan ham chiqa olishmadi. Lekin hozirgi Ispaniya yoshlarga tayangan, tajribali futbolchilar bilan kuchaytirilgan yangi jamoa bilan Mundialda qatnashadi. Bu jamoadan hamma narsa kutsa bo‘ladi. Lopategi yaxshi shakllangan jamoani mundialga tayyorlamoqda. Ularning raqiblariga oson bo‘lmasa kerak.

5-o‘rin. ANGLIYA



To‘p o‘nligimizning ekvatorida Angliya terma jamoasi. Inglizlar hamma qatnashgan turnirlarida doim fovarid bo‘lishgan. Lekin xech ham jiddiy yutuqlarga erisha olishmagan (yaqin 50 yil ichida). Buning sababini kimdir kuchli va tig‘iz ichki chempionat bilan asoslasa, yana kimdir bu jamoaning psixologiyasiga bog‘laydi. Ha, inglizlar endi bu an’anaga chek qo‘yish imkoniga egalar.

Bilasizmi, so‘nggi yillarda bir an’ana kuzatilmoqda: Xosep Gvardiola “Barsa”da ishlaganida ispanlar Mundialda g‘olib chiqishdi, uning o‘yin uslubi ta’siri ko‘rsatgandi o‘shanda. So‘ng Gvardiola “Bavariya”ga kelgach, “nemis mashinasi” uning falsafasi bilan mundialda bosh sovringa ega chiqdi. Endi navbat Angliyaga kelgandir balki?! Bu qiziq ma’lumot xolos. Agar inglizlar “Manchester Siti” o‘yin falsafasidan foydalanishsa, menimcha, uzoq kutilgan natijaga erishish imkoni bor.

4-o‘rin. ARGENTINA



O‘tgan mundial finalchilari bu reytingda kuchli uchlikka ham kira olishmadi. Bunga ularning saralash bosqichidagi ishonchsiz o‘yini sabab. Argentina sal qolsa, mundialni uyida tomosha qilishi mumkin edi. Xayriyatki, Messi bir ammalab, jamoani qulog‘idan tortib bo‘lsa ham mundial poyezdiga chiqarib oldi. Endi buyog‘iga ishlar qanday ketishini hech kim oldindan taxmin ham qila olmaydi. Lekin “Supermen” Messi uchun bu tarixga kirish uchun eng qulay imkoniyat. Chunki keying mundialda u hozirgidek jangovar formada bo‘ladimi, yo‘qmi?

3-o‘rin. GERMANIYA



Ha, “nemis mashinasi” mundialning amaldagi chempionlari hisoblanishadi. Ularda avlodlar almashinuvi kechmoqda. Jamoa yoshartirilmoqda desak to‘g‘riroq bo‘lsa kerak . Yangi avlod o‘yinchilari ham hozircha chakki ko‘rinishmayapti (YUlian Vaygl, Kimmix, Verner, Sane...). Nemislar doim o‘zlari ishtirok etgan turnirlarda qanday tarkibda bo‘lishidan qat’i nazar doim favorit hisoblanishadi. Bunga hamma ko‘nikib qolgan. Bu top o‘nlikda ularning 3-o‘ringa tushib qolishlarining asosiy sababi YEVROdagi biroz bo‘shroq o‘yin desak bo‘ladi. Lekin mundial boshqa turnir. Shu sababdan yangilangan nemis mashinasidan shiddatli futbol kutib qolamiz.

2-o‘rin. FRANSIYA



Fransuzlar bu reytingning birinchi o‘rinida bo‘lish uchun o‘zlaridan oldingi jamoaga faqat bitta jabhada imkoniyatni boy berishdi. Bu haqida biroz keyinroq…
Fransuzlar YEVROdagi kumush medalidan so‘ng hozir anchayin katta g‘alabaga chanqoqlar. Tarkib deyarli jahon terma jamoasi. Bu Mundialda fransuzlarda yo Mbappe, yoki Dembelening porlashi kutilmoqda. Hozirgi tarkibdan tushib qolgan futbolchilar bilan qo‘rqmasdan yana bitta asosiysidan qolishmaydigan tarkib tuzsa bo‘ladi. Endi ko‘p narsa Deshamga bog‘liq. Desham murabbiy sifatida juda ko‘p finalarda o‘ynab, ularni boy bergan. So‘zimiz boshida aytilgan kamchilik ham — shu. Desham o‘zining shu ana’anasiga chek qo‘yishi kerak. Fransuzlar bu mundialga yaqin o‘n yillikdagi eng kuchli tarkib bilan ketishmoqda. Ularda chempionlik uchun yaxshigina imkoniyat bor.

1-o‘rin. BRAZILIYA



Ha, pentakampeonlar bu reytingi boshqarib turushibdi. Bejiz, ular bu o‘ringa ko‘tarilishmadi. Avvaliga Olimpiadada uzoq kutilgan oltin medalar, so‘ng saralashdagi juda ham ishonchli g‘alabalar, eng muhimi esa, Braziliya yana hujumkor o‘yin uslubiga qaytib o‘ynamoqda. Skolari davrida Braziliya bitta hujumchiga (Fred) tayanib o‘ynagandi. Skolarining Braziliyasi biroz hadiksiragan, extiyotkor edi. Titening Braziliyasi haqiqiy tomoshabop, hujumkor futbol namoyish etmoqda. Bu hujumkor jamoaning “maestrosi” — Neymarning mundialdagi o‘yini unga uzoq kutilgan “Oltin to‘p”ga ega chiqish imkonini beradi. Hamma braziliyalik afsonalar mundialda zafar quchishni uddalashgan (Pele, Romario, Ronaldo, Rivaldo). Navbat Neymarga. Pentakampeonlar Rossiyadagi mundialga jarohatlarsiz yetib borib, o‘z o‘yinlarini ko‘rsatishsa, so‘zsiz tarix zarvaraqalarida yangi sahifa ochish uchun qulay imkoniyatga egalar. Braziliya futbolchilari avvalgidak futboldan rohat olish uchun maydonga tushishsa bo‘lgani. Ularni to‘xtatish qiyin bo‘ladi.

“Charm to‘p afsungarlari”ga va boshqa jamoalarga mundialda omad va zafarlar tilab qolamiz.

Xulosa
Yana qaytaramiz, bu bizning taxmin, xolos, kimdir Germaniyaning, yana kimdur Argentinani 1-o‘ringa qo‘ygan bo‘lardi. Bunisi endi ikkinchi masala. Eng muhimi, jamoalar bizga bir oy mobaynida chiroyli, shou darajasidagi o‘yinlarni taqdim etishsa bo‘lgani. Tezroq kelaqol, biz seni sog‘indik, MUNDIAL!

Yahyoxo‘ja ULUG‘XO‘JAYEV

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 07:03, 23.03.2018.
O'qildi: 10112 marta.
Fikrlar: 11 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.