Jennaro Gattuzo ishonchni oqlab, «Milan»ning «A» seriyadagi ahvolini ancha epaqaga keltirdi. «Rossoneri» yarim himoyachisi Suso ayni payt eng faol o‘yinchilar qatorida.
La Gazzetta dello Sport nashri shuni inobatga olib, futbolchini maxsus suhbatga chorladi.
- Unutilmas o‘yinlaring reytingini tuzish zarurati tug‘ilsa, «Milan derbisi» (Suso bu uchrashuvda 2ta gol urdi)ni qaysi o‘ringa qo‘yarding?
- Shubhasiz, 1-o‘ringa. Zero, o‘sha bahs hayotimdagi eng unutilmasi bo‘ldi. «Enfild»da «MYU»ga qarshi kechgan o‘yinda «Liverpul» safida debyut qilganim ham xotiramga muhrlangan. Yana Italiya superkubogi uchun bahsda «Yuventus»ni yengganimiz muhim o‘rin tutishi tayin.
- O‘tgan yilning avgustida «Inter» seni sotib olishga uringani haqida ko‘p yozildi. Shu masalaga ham oydinlik kiritsang...
- Chindan ham, yozda jamoadan taklif oldim. O‘sha vaqt endigina yangi agent bilan ish boshlagandim. «Milan» vakillari va agentimning «neradzurri»ga qanday javob berishganini bilmayman. Muhimi, o‘zim jamoada qolib, shartnoma muddatini uzaytirishga zarracha shubhalanmagandim.
- Xo‘sh, kelajaging haqida nima deya olasan?
- Qaytaraman, shartnomani uzaytirmasdan ketishim mumkin edi, ammo bu yerda hammasi joyida ekanligi sabab qolishni ma’qul ko‘rdim. Ha, zamonaviy futbolda «Umrbod birgamiz» tushunchasi o‘z ahamiyatini yo‘qotib ulgurdi. Hozirgi vazifam aniq - joriy mavsumni yuqori notada tugatishim kerak.
- Seningcha, «Milan derbisi»ning o‘ziga xos tomonlari nima?
- «San Siro»ning to‘lib-toshishi va o‘yindan oldingi xoreografiya. «Enfild» ham chiroyli stadion, ammo unda hech qachon bunday xoreografiyani ko‘rmaganman. Umuman, bu o‘yin butun shahar diqqat markazida turadi.
Deylik, shaxsan men oilamning barcha a’zolaridan tashqari, yana 4 nafar do‘stimga taklifnoma bergandim. Shunga yarasha «dubl»ga erishdim. Demak, endi ular har safar derbini stadionda kuzatishlari shart.
- «Inter» vakili Milan Shkrinyar o‘yindan oldin ochiq gapirdi: «Agar imkon berilsa, «Milan» tarkibidan Susoni olib tashlardim». Qiziq, sen «Inter»dan kimni «yo‘qotish»ni xohlarding?
- Ko‘pchilik Mauro Ikardidan xavfsiraydi. Ammo men Rafinyani tilga olaman. Zero, u bilan birga o‘ynaganman va yaxshi sport formasida bo‘lsa, katta muammolar tug‘dirishini bilaman.
- Suso sermahsul futbolchi - bu aksiomaga aylanib ulgurdi. O‘zi gol urish yoqimlimi yoki hal qiluvchi samarali uzatmani amalga oshirish?
- Albatta, oddiy goldan ko‘ra, muhim uzatma ko‘proq zavq ulashadi.
- «Lasio», «Roma», «Inter». CHL yo‘llanmasi uchun kurashda ulardan qay biriga yetib olish qiyinroq?
- «Lasio»ga. Chunonchi, bu klub yorqin futbol ko‘rsatish barobarida raqibga bo‘sh hudud qoldirmaydi. Juda uyushqoq jamoa.
- Qay biri salmoqli - YELdagi g‘alabami yoki «A» seriyasidagi 4-o‘rin va Italiya kubogi?
- Chempionatning 4-pog‘onasi! Axir YELda g‘olib chiqsang-u, «A» seriyasida 10-o‘rinni band etsang, bu kimga tatiydi?
- Ayni payt qaysi klubdoshing ijrosidagi xatti-harakatlarni «syur-priz» sifatida baholash mumkin?
- Romanyoli hayratga solyapti. Binobarin, u avvalroq salomatlikka bog‘liq muammolarga uchragandi. Shunga qaramay, yuksak saviyada to‘p surmoqda.
- Kutrone-chi?
- Patrik jarima maydonida juda aqlli harakatlanadi. Bu yigitni omadi chopgan futbolchilar sirasiga kiritish mumkin. Axir har doim gol urish imkonini beruvchi pozisiyada hoziru nozir turadi.
Ochig‘i, bunday xususiyatni mashg‘ulotda o‘zlashtirish mushkul. Demoqchimanki, Kutrone - tug‘ma iqtidor. Ana, «Roma» darvozasiga urgan golini oling, hattoki, to‘pga qaramay, betakror zarba yo‘lladi.
- Avvalgi intervyularingdan birida kelajakda hech qachon murabbiylik ishiga qo‘l urmasligingni aytgan eding. Bu fikring o‘zgarmadimi?
- Yo‘q. Jamoada 25 nafar futbolchi bor va har doim kimdir murabbiy qaroriga e’tiroz bildirishi aniq. Men esa bu kabi noroziliklar sababchisiga aylanishni sira istamayman.
- Jennaro Gattuzo «Milan»ni ancha o‘zgartirdi. Uning o‘ziga xos jihatlarini qanday ta’riflaysan?
- Avvalo, butun borlig‘i bilan ishga sho‘ng‘ishini aytishim mumkin. U ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritgan va turli vaziyatlarda nima qilishni yaxshi biladi. Gattuzo boshqaruvidagi «Milan»ning asosiy xarakteri - kuchli e’tibor.
Murabbiyning yana bir xususiyati shuki, u o‘z ustida jiddiy ishlaydigan futbolchini alohida qadrlaydi. Ya’ni mashg‘ulotlarda terga botgan shogirdiga imkoniyat beradi, albatta.
- Gattuzoning o‘zini futbolchilarga juda yaqin olishi to‘g‘rimi?
- Ha, shunday. Umuman, adolatparvar va muloqotga ochiq murabbiy hammaga birdek yoqishi muqarrar.
- O‘yinlar davomida ham bir daqiqa tinmaydi...
- To‘g‘ri, Jennaroga tinmay baqirib turish yarashadi. Xususan, qayerda xato qilganimizni darhol ko‘rsatib beradi. Shaxsan men birinchi bo‘limda maydonning Mister o‘tirgan tomonida to‘p surishni ma’qul ko‘raman.
Ha, u butun 45 daqiqa davomida baqiradi, lekin bu holatda ikkinchi bo‘limda quloqlarim dam oladi (kuladi)...
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.