Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

O‘zgarishni istamaydigan Joze Mourinyo

O‘zgarishni istamaydigan Joze Mourinyo

Baho:
+ | -

«Manchester Yunayted» ayni damda APLda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Garchi peshqadamdan ancha ortda borayotgan bo‘lsa-da, nazariy jihatdan chempionlik poygasidan chiqib ketgani yo‘q. Shuningdek, Angliya Kubogidagi ishtirokini davom ettirmoqda. Aslida, bu holat Ser Aleks Fergyuson ketganidan keyin kuzatilgan inqirozli holatdan yaxshi. Biroq bu Mourinyoga otilayotgan tanqid toshlarini kamaytirgani yo‘q. Xo‘sh, muxlislar va mutaxassislar nega Jozeni tinimsiz tanqid qilishyapti? Quyida shu savolga javob izlab ko‘ramiz.

QAYSARLIKMI YOKI O‘ZBILARMONLIK?

Joze Mourinyo hamon o‘z fikrlari eng yaxshi ekanini ta’kidlashdan charchamayapti. U «Portu» va «Chelsi»da ishlagan davridagina gapirganidan ko‘proq ishlarni amalga oshirgan. Keyinchalik esa portugaliyalik mutaxassisning qotib qolgan taktikasi zamonaviy futbolning yangicha taktikalari qurboni bo‘ldi.

«Inter»da Mourinyo ajoyib ikki mavsum o‘tkazdi, bu yillar uning faoliyatida burilish davri bo‘ldi. Murabbiy bu davrda himoyaviy futbolning dahosiga aylandi, ayni shu davrda hozir ko‘pchilik «Mourinyoning avtobusi» deya baho beradigan taktika to‘liq shakllandi. Qizig‘i, Mourinyoning o‘zi ham buni tan olgan: «Men futbolchilarga hujumkorlikni o‘rgatmayman, buni o‘zlari o‘rganib olishadi, men faqat mustahkam himoyalanish haqida gapiraman».

Vaqt o‘tib borardi, biroq Mourinyo buni tan olishni istamasdi. U «Real» va «Chelsi»ni (London klubini ikkinchi marta) boshqarganida futbol avvalgidan o‘zgargandi. Raqiblar portugaliyalik mutaxassisning taktikasini o‘rganib olishgan va unga qarshi qanday o‘ynashni ham bilishadi. Joze bir joyda imillab yurgan dinozavrni esga soladi, u futbolning hech qanday yangicha ko‘rinishini tan olmaydi, futbolning o‘zgarganini tan olishni istamaydi. «Manchester Yunayted»da himoyaviy taktika tanlash oson. Chunki himoyachilar ko‘p. Ammo Mourinyo jamoani raqibga qarshi taktika jihatdan tayyorlash kerak ekanini o‘ylab ko‘rmaydi. Unda bunday fikr yo‘q. Masalan, «Manchester Yunayted» Yevropa Chempionlar ligasi nimchorak finalida «Sevilya»ga mag‘lub bo‘ldi. Xo‘sh, bu Mourinyoga saboq bo‘ldimi? Yo‘q. Portugaliyalik mutaxassis nimanidir o‘rgandimi? Yo‘q. Xo‘p, mayli, himoyaviy o‘ynadi ham deylik, ammo 2010 yildagi kabi tezkor qarshi hujum va xavfli standartlarni yuzaga keltira oladimi? Hozirgi qarashlari bilan Joze buni uddalay olmaydi. Futbolda hamma narsa o‘zgarib bo‘ldi, faqat Mourinyodan tashqari.

JAMOADAGI NOSOG‘LOM MUHIT

Ayni damda jamoadagi muhit unchalik yaxshi emas. Hammasi Joze Mourinyoning shaxsiyatiga borib taqaladi. Portugaliyaldik mutaxassis doim birinchi raqamli shaxs bo‘lishga intiladi va buni ko‘rsatish uchun hatto tushunarsiz, kutilmagan qarorlar qabul qilishdan ham toymaydi. Bu esa klubdagi yetakchi futbolchilar bilan mojaro chiqib kelishiga sabab bo‘ladi. Bunday vaziyatlarda murosaga borishga o‘rganmagan Mourinyo yetakchi futbolchilarni ham zaxiraga mixlab qo‘yadi va hatto keyinchalik o‘yinlardan chetlatib ham yuboradi. Bunday paytda uning qo‘lga kiritgan yutuqlari ham ko‘zga ko‘rinmay qoladi, salbiy xarakteri yutuqlarini yuvib ketadi. Mourinyo aynan shu tufayli oldin «Real»dan, keyin esa «Chelsi»dan quvildi.

Juda ko‘plab iqtidorli futbolchilar Mourinyoning e’tiboridan chetda qolgan. Buning sababi bitta — shunchaki Joze e’tibor berishni istamagan, xolos. Har qanday muxlis Kevin de Bryuyne, Muhammad Saloh va Romelu Lukaku kabi futbolchilarning kelajagi porloq ekanini bilardi. Buni Mourinyo ham anglab yetgandi, ammo u gazetalarda o‘zi haqida yangi maqola va fikrlar chop etilishi, diqqat markazda bo‘lish uchun kutilmagan qarorlar qabul qilishni yaxshi ko‘radi. Yuqoridagi futbolchilar esa ana shunday qarorlar tufayli «Chelsi»ni tark etishgan. Yoki Kasilyasning «Real»dan ketishini olaylik. Ikerning ko‘z yoshlari hamon yodimizda. Mourinyoga Kasilyasning «Real»dagi katta hurmatga ega bo‘lgan futbolchilardan ekanligi yoqmagan va uni jamoadan ketkizgandi. Joze Madridda piar qilishni uddaladi, ammo murabbiylik ishini yakuniga yetkaza olmadi.

Qizig‘i, portugaliyalik mutaxassis «Chelsi»dan Xuan Mata va Romelu Lukakuni ketkizgandi. Endi esa ular «Manchester Yunayted»da aynan Mourinyo qo‘l ostida asosiy tarkibda o‘ynashyapti. Joze Lukakuni «Everton»dan yaxshigina mablag‘ evaziga xarid qildi. Bu ikki futbolchi ajoyib o‘yin ko‘rsatyapti. Eng muhimi, ayni damda hech kim Joze Mourinyoning qanday qarorga kelishini oldindan bila olmaydi. «Manchester Yunayted» muxlislari Jozening noodatiy qarorini kutib, portlab ketishga tayyor turgan poroxli bochkaga o‘xshashadi.

SHAXSIY MUNOSABATLAR — KLUB MANFAATIDAN USTUN!

Joze Mourinyoning yana bir eng katta xatosi — shaxsiy munosabatlarni klub manfaatlaridan ustun qo‘yishi. Masalan, Pogba, Marsyal, Errera, Blind, Reshford, Mata — bular ko‘pincha zaxirada ham qolib ketishadi. Mourinyo esa o‘zidan norozi bo‘lgan, o‘zi kelishmay qolgan futbolchini zaxirada qoldiradi, uning jamoa o‘yinidagi ahamiyati qanday, o‘yinga foyda keltira oladimi, o‘yinni kuchaytirish mumkinmi — bu savollar portugaliyalik murabbiyni zarracha qiziqtirmaydi. Futbolchilar bilan esa do‘st kabi emas, yetakchi, aytganini qildirishi kerak bo‘lgan inson kabi muomala qiladi. Natijada futbolchilarda asabiylik kelib chiqadi. Bu asabiylik esa tabiiyki, futbolchilarning sifatli futbol ko‘rsatishiga xalal beradi.

IBRAGIMOVICH — MOURINYONING KATTA XATOSI!

Tashqaridan olib qaraganda, shvesiyalik mashhur hujumchining «Manchester Yunayted»ga olib kelinishi juda yaxshidek ko‘rinadi. Jarohat olgan Zlatan Ibragimovich bilan tuzilgan shartnoma «Manchester Yunayted» uchun chiroyli holat bo‘ldi. Biroq bu o‘z navbatida Mourinyoning transfer olamidagi xatolaridan biriga aylandi. Chunki Ibragimovich keyinchalik ham ko‘p vaqtini jarohat bilan o‘tkazdi va jamoaga aytarli foyda keltirgani yo‘q. Chunki, tan olish kerak, bugungi futbolda katta yutuqlarga erishish uchun Zlatan kabi futbolchilar yordam bera olmaydi.

Yana bir xato, Aleksis Sanches bilan bog‘liq. To‘g‘ri, Sanches tajribali futbolchi va «Manchester Yunayted» yaxshi futbolchiga ega bo‘ldi. Biroq chililik hujumchining maoshi haddan tashqari yuqori edi. Chunki futbolni tushungan odam yaxshi biladi — Sanchesning darajasi Messinikidek emas va maosh ham shunga yarasha bo‘lishi lozim.

 

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 15:28, 30.03.2018.
O'qildi: 4938 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.