O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti va O‘zbekiston futbol Assosiasiyasi 1-vise-prezidenti Umid Ahmadjonov Qo‘qon shahrida mavsumning ochilish marosimida ishtirok etdi.
Marosimning birinchi qismida bundan 105 yil oldin O‘zbekistonga futbol qanday kirib kelgani, uning asoschilari kimlar bo‘lgani tug‘risidagi sahna ko‘rinishi “Markaziy” stadionga yig‘ilgan charm to‘p ixlosmandlariga ko‘rsatib berildi. Bundan tashqari, “Bolalar” guruhi, Ziyoda, Bahrom Nazarov, “Bojalar” guruhi kabi estradamiz yulduzlari o‘z chiqishlari bilan futbol ishqibozlarini xursand qilishdi. Muxlislar uchun teatrlashtirilgan konsert dasturi namoyish etildi.
Shundan so‘ng mavsumni ochib berish uchun O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti va O‘zbekiston futbol assosiasiyasi 1-vise-prezidenti Umid Ahmadjonovga so‘z berildi. Vodiyda muxlislar futbolni juda yaxshi ko‘rishlarini ta’kidlar ekan, MOQ Prezidenti Qo‘qon bu borada alohida o‘rin tutishini ta’kidlab o‘tdi.
“Qo‘qon shahri o‘zbek futboli vatani hisoblanadi. Millatimiz futbolining qaldirg‘och jamoasi bo‘lgan “Muskomanda”ga aynan Qo‘qonda asos solingan. O‘zbek futbolining rivoji aynan shu yerdan boshlanganini barchamiz yaxshi bilamiz. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yaqinda qabul qilingan “Futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda o‘zbek futbolining 105 yilligini keng nishonlash, o‘zbek futbolining tamal toshi qo‘yilgan Qo‘qon shahrida yangi, zamonaviy stadion barpo etish to‘g‘risidagi alohida so‘z yuritilgani barcha futbol ixlosmandlarini quvontirgani bor gap.
O‘z o‘rnida “Qo‘qon-1912” jamoasi ham o‘z zimmasidagi mas’uliyatni yaxshi anglagan holda, milliy chempionatimizda munosib ishtirok etib, qo‘qonlik muxlislarni xursand qilishga intilishi zarur. Bu borada jamoaga omad tilab qolamiz”, - dedi Umid Ahmadjonov.
Shundan so‘ng, Qo‘qon shahar hokimi Rahmatali Jalilov so‘zga chiqib, yurtimizda futbolni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor uchun mamlakatimiz Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyevga butun muxlislar nomidan minnatdorchilik bildirib o‘tdi. Shuningdek, jamoalar uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar va olib borilayotgan islohotlar uchun O‘zbekiston futbol assosiasiyasi rahbariyatiga ham tashakkur izhor qildi.
Tantanali marosim yakunida Umid Ahmadjonov "Qo‘qon-1912" klubi vise-preziyenti Baxtiyor Tolipovni O‘FAning maxsus sovg‘asi bilan taqdirladi.
Shundan so‘ng Superliganing 4-turidan o‘rin olgan “Qo‘qon-1912” – “Navbahor” o‘yiniga start berildi.