Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Villian va Koutinyoning Rossiyalik jurnalistlarga bergan interyusi

Villian va Koutinyoning Rossiyalik jurnalistlarga bergan interyusi

Baho:
+ | -

23 mart oqshomi bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvlari orasida Rossiya - Braziliya qarama-qarshiligi ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otgani o‘z-o‘zidan tayin. Boisi, bir tomonda - bo‘lajak JCH mezboni, ikkinchi tarafda - uning asosiy favoriti.

Xabaringiz bor, futbol olamining asosiy musobaqasida «oltin» yutish bobida peshqadamlik qilayotgan «pentakampeonlar» o‘z uylaridagi omadsiz-tushunarsiz mundialdan keyin mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga jiddiy e’tibor qaratishdi.

Mana, qat’iy harakatlar samarasi o‘laroq, Braziliya terma jamoasi FIFA reytingida yana yetakchi bo‘lib oldi. JCH-2018 mezboni esa o‘z muxlislari qarshisida mazmunli o‘yin ko‘rsatishi shart. Ana shu mas’uliyat Rossiya terma jamoasidan o‘ta puxta tayyorgarlik talab etadi.

Xullas, Braziliya termasi delegasiyasi Moskvaga yetib kelishi bilan rossiyalik kasbdoshlarimiz futbolchilarni birin-ketin suhbatga chorlab, ularning ostonada turgan JCH haqidagi fikrlariga qiziqishdi.

- Rossiya termasiga qarshi kechadigan o‘rtoqlik uchrashuvi xususida nima deya olasiz?

- Raqib jamoa tarkibidagi o‘yinchilar xususida ma’lum tasavvurga egaman. Axir «Anji» tarkibida mahalliy chempionatda yarim yil to‘p surgandim. Risoladagidek saviyaga ega, tezkor va professional futbolchilarga qarshi maydonga tushamiz.

Umuman, har bir bellashuvga puxta hozirlik ko‘rishimiz lozim, o‘zimizni ko‘rsatishimiz shart. Lekin asosiy maqsad - JCH. Buni muxlislar ham to‘g‘ri tushunadilar, deb o‘ylayman.

- Asosiy tarkibdan mustahkam joy olishga ulgurdingiz va JCHda ishtirok etishingizga shubha yo‘q. O‘zingiz qanday fikrdasiz?

- Ha, mundialda qatnashish baxti nasib etishidan bag‘oyat baxtiyorman. Bu men uchun hayotiy orzu edi.

- Yaqinda Braziliya terma jamoasi tarkibiga 3 nafar yangi futbolchi qo‘shildi. Ularni qanday kutib oldinglar?

- Jamoa yangi a’zolarni doimo talab darajasida qo‘llab-quvvatlaydi. Deylik, vaqtida meni ham juda iliq kutib olishgandi. Shunday ekan, barcha jamoadoshlarim qatori men ham har bir debyutantga qo‘limdan kelganicha yordam berishga tayyorman.

- Tarjimonga tez-tez qarayapsiz, demak, rus tilini oz-moz bilsangiz kerak...

- Shunday. Axir Ukraina va Rossiyada to‘p surganman. To‘g‘ri, atigi bir necha ibora ma’nosini tushunaman, xolos.

- Ayni payt Neymar safda emas. Uning yo‘qligida qiynalmayapsizlarmi?

- Darhaqiqat, Neymarning yo‘qligi yaqqol sezilib turibdi. Lekin ajoyib tarkibga egamiz. O‘ylaymanki, g‘alaba yo‘lida bor mahoratimizni ishga solib, buni uddalaymiz ham. Qisqasi, tarkibda Neymar o‘rnini bosadigan yigit topilishiga ishonaman.

- Moskva ob-havosiga qanday baho berasiz? Sovuq bo‘lajak uchrashuvga ta’sir etishi mumkinmi?

- Albatta, havo harorati biz ko‘nikib qolgan muhitnikidan ancha past. Qolaversa, hamma yoqda qor... Biroq bu muammo faqat biz emas, raqiblarga ham tegishli. Uning ta’sirini o‘yindan keyin bilib olamiz.

- Ko‘pchilik Ismoilining Braziliya termasiga jalb etilishini kutilmagan hol sifatida qabul qildi. Bunga munosabatingiz...

- Ochig‘i, uni hozircha uncha yaxshi bilmayman. Zero, «Shaxtyor» safiga qo‘shilgan payti Doneskdagi faoliyatimni yakunlagandim. Yana nima derdim, mamlakat terma jamoasidan taklif olgan ekan, demak, u shunga munosib. Biz esa har tomonlama yordam berishga tayyormiz.

- Bosh murabbiy Tite yaqinda futbolchilarga kitob sovg‘a qilibdi. Uni o‘qib chiqdingizmi?

- Bu juda qadrli sovg‘a - kitobda qimmatli maslahatlar yozilgani aniq. To‘g‘ri, o‘qishga hali vaqt ajratolmadim, ammo yaqin orada to‘liq tanishaman, albatta.

- Roman Zobninning aytishicha, Luis Adriano nafaqat Braziliya, balki Rossiya terma jamoasidan ham taklif olishga munosib o‘yinchi ekan. Sizningcha, rossiyalik qaysi futbolchi Braziliya milliy jamoasi tarkibidan joy olishga loyiq?

- Murakkab savol. Ha, rossiyalik ko‘plab yigitlarning o‘yinlarini ko‘rganman. Ammo ular bilan yaqindan tanish emasman. Aniqqi, Rossiyada saviyali futbolchilar ko‘p.

Lekin Braziliyada iqtidorlar shundoq ham yetarli. To‘g‘risi, savolingizga dabdurustdan javob berolmayman, avval o‘ylab ko‘rishim kerak. Qisqasi, bu borada keyinroq gapirishim mumkin.

- Odatda terma jamoada to‘p surish futbolchi hayotini keskin o‘zgartirib yuboradi. Aytingchi, 4 yil avvalgi Villian va hozirgisi o‘rtasida qanday farq bor?

- Bu davr oralig‘ida sezilarli darajada o‘zgardim, deb o‘ylayman. Avvalgi JCHdan keyin mahoratimni maromiga yetkazish yo‘lida tinmay ter to‘kdim.

Shuningdek, odatlarim, yurish-turishimga boshqacha qaray boshladim. Hattoki, ovqatlanish tartibiga ham. Barcha harakatlarim avvalo, Braziliya terma jamoasi rivojlanishiga munosib hissa qo‘shishga qaratilgan.

- Villian, doimo kulib turadigan, ochiq ko‘ngil yigitsiz, jurnalistlar bilan samimiy gaplashasiz. Buning uchun alohida rahmat. Aytingchi, kelajakda terma jamoaning bosh yetakchisi bo‘lishni istarmidingiz?

- Odob-axloq mezonlariga uncha mos kelmaydigan savol. Jamoamizda yuksak saviyali futbolchilar ko‘p. Maqsadimiz esa bitta - JCHda g‘olib chiqish. Demak, hozir kimning yetakchilik qilishi xususida bosh qotiradigan vaqt emas.

- Jamoangiz avvalgi JCHga yopiq tartib asosida tayyorgarlik ko‘rgandi. Hozir esa mashg‘ulotlar hamma uchun ochiq, murabbiy musobaqaga hattoki,  oila a’zolaringizni olib kelishingizga ijozat berishibdi. Xo‘sh, hozirgi tayyorgarlik jarayoni yana qanday jihatlari bilan ajralib turibdi?

- Ochig‘i, avvalgi mundialni eslashni ham istamayman. Bo‘lajak turnirga esa o‘ta yuqori talabchanlik bilan shaylanyapmiz. 4 yil oldin oila a’zolarimiz bizga hamrohlik qilishlarini hattoki, xayolga ham keltirolmasdik. To‘g‘ri, hozir ham ular ancha yiroqdalar. Lekin JCH vaqti yonimizga kelib, bevosita qo‘llab turishlaridan umidvormiz.

- Tite doimo sizni hurmat bilan tilga oladi va o‘z do‘stidek ko‘radi. Murabbiy bilan bunday yaqinlik o‘yiningizga salbiy ta’sir etmasmikan?

- Muhimi - jamoaga sadoqat bilan yondashish. O‘ylaymanki, bu masalada ortiqcha gap-so‘zga hojat yo‘q. Zero, asosiy tarkibdan joy olish bo‘yicha g‘irromliklarga yo‘l qo‘yilmasligi ta-yin. Harqalay, Tite doimo adolat tarafida bo‘lishni xohlaydi.

- Mana, yoningizda Koutinyo o‘tiribdi. Kechagina Angliyada azaliy raqiblar safida to‘p surardinglar. Bugun esa bitta jamoa sharafini himoya qilyapsiz. Hayotdagi o‘zaro munosabatlaringiz qanday?

- To‘g‘ri, Angliyada bir-birimizga qarshi o‘ynaganmiz, lekin hozir jamoadoshmiz - muhimi shu. Munosabatlarimizga kelsak, maydonda ham, uning tashqarisida ham barchasi a’lo darajada.

- Murabbiy Koutinyoni serqirra va ko‘p fazilatli futbolchi sifatida maqtadi. Uning aynan qaysi xislatiga ega bo‘lishni xohlardingiz?

- Koutinyoning o‘yinlarini kuzatish doimo maroqli. U - aqlli va kuchli futbolchi. Shunday ekan, o‘rganishga arziydigan xususiyatlari ko‘p.

Filippe Koutinyo: «Lujnikiga qaytish va finalda to‘p surishni istayman!»

Villian bilan muloqot chog‘i 25 daqiqa sukut saqlagan hujumchi nihoyat, qo‘qqisdan suhbatga qo‘shildi:

- Gapni Villianga baho berish bilan boshlayman. Avvalo, aytishim kerak, u juda xushmuomala yigit. O‘yinchi sifatida esa ulkan tajriba, yuksak texnika sohibi. Qisqasi, Villian - hurmatga loyiq professional.

- Xuddi Villian kabi tez-tez qanotlar orqali oldinga intilsangizda, aslida istalgan nuqtada bemalol to‘p surasiz. O‘zingizga qaysi pozisiya ma’qulroq?

- Umuman olganda, maydonning qaysi hududida o‘ynashimning katta ahamiyati yo‘q. Doimo vaziyatdan kelib chiqqan holda, jamoaga ko‘proq naf keltiradigan yechim topishga urinaman. Qolaversa, bu masalani futbolchi emas, murabbiy hal qiladi.

- JCH finaliga mo‘ljallangan stadionda to‘p surish siz uchun qanday ahamiyat kasb etadi?

- Aslida har qanday tayyorgarlik o‘ziga yarasha muhim. Shunday muhtasham stadion bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘layotganimdan mamnunman. Uning ko‘rinishi, nimalar va qanday sharoitlarga egaligini bilib qo‘yish zarar qilmaydi.

Albatta, mundial payti «Lujniki»ga qaytish va finalda ishtirok etishni istayman. Ha, bu oson emas, axir jiddiy, kuchli raqiblar qarshiligini yengib o‘tish talab etiladi.

- «Barselona» safiga qo‘shilganingizdan buyon nimalarni, qanday yangiliklarni o‘rgandingiz?

- Hozircha yangi jamoa uslubiga moslashish jarayonidaman. «Barsa»ning taktik chizmasi avvalgi boshqa klublarnikidan ancha farqli. Umid qilamanki, Kataloniyada o‘rganganlarim terma jamoada samarali to‘p surishimga yordam beradi.

- Sizningcha, Neymarning yo‘qligi jamoa o‘yiniga ta’sir qiladimi?

- Bu savolga Villiandan javob oldingiz-ku. Faqat jamoadoshim fikrini tasdiqlashim mumkin. Neymarning muhim ijrochilardan biri ekanligi barchaga ma’lum. Shunday ekan, uning yo‘qligi sezilib turadi, baribir. Lekin so‘nggi bir yil davomida nafaqat o‘yin, balki boshqa yo‘nalishlarda ham shiddatli taraqqiyotga erishdik.

Deylik, yana ahil jamoaga aylandik. Qudratimizning asosiy negizi shu. Taktikaga kelsak, bu borada jiddiy o‘zgarish bo‘lmasa kerak. Shunchaki, Neymar o‘rnini bosh-qa hujumchi to‘ldiradi.

- Ayrimlar Rossiyada irqchilikka oid mojarolar tez-tez uchrab turishi haqida bong urishdan charchashmayapti. Bundan xavotirda emasmisiz?

- Anchayin yoqimsiz savol... Afsuski, futbolda bunday muammoning  mavjudligi rost. Lekin futbolchilar badanlari rangi emas, o‘yin haqida o‘ylashlari kerak. Ishonamanki, JCHdek katta forumda bunday illatga duch kelmaymiz.

- Avvalgi mundial Braziliya futboli uchun og‘riqli zarba bilan tugagandi. O‘sha muvaffaqiyatsizlik ta’siri yangi turnirda bilinmaydimi?

- O‘tmishni unutib, hozirgi vaziyat haqida bosh qotirsak, bilinmaydi, albatta. Shaxsan men navbatdagi JCH zafar keltirishiga ishonaman.

Bunga asoslarim ham bor - o‘tgan yili yuqori saviyani namoyish qildik. asosiysi, turnirga puxta tayyorlanish uchun vaqtimiz ham, imkoniyatimiz ham yetarli.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 15:37, 04.04.2018.
O'qildi: 3574 marta.
Fikrlar: 7 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.