O‘tgan hafta «Augsburg»ni 4:1 hisobida mag‘lub etgan «Bavariya» qatorasiga 6-marta Germaniya chempionligini qo‘lga kiritdi. Umuman olganda, jamoa 28-bor mamlakat chempioni bo‘ldi.
E’tiborli tomoni, myunxenliklar Bundesliga bahslari yakunlanishiga besh tur qolganida birinchi o‘rin masalasini hal qilishdi.
Quyida «Bavariya»ning chempion bo‘lishida muhim omil bo‘lgan beshta element haqida so‘z yuritamiz.
Gol mashinasi
Hozirda Robert Levandovski sayyoradagi eng yaxshi hujumchi bo‘lsa kerak. Aynan klassik markaziy hujumchi haqida so‘z yurityapmiz. Messiga o‘xshash afsungar yoki Krishtianu Ronaldudek qanotlardan hujum qilishni yaxshi ko‘radigan futbolchi haqida emas. «PSJ» vakili Edinson Kavani ham polshalik futbolchi singari harakat qiladi.
Lekin Fransiya chempionatining saviyasi va «PSJ»ning yevrokuboklardagi kamtarligi tufayli urugvaylik futbolchini Robertga tenglab bo‘lmaydi. LevanGOLski Bundesligada qatorasiga ikki mavsumda 30tadan gol urishga erishdi. Ayni payt uning hisobida 26ta gol bor. Oldinda esa beshta tur.
Shuningdek, Yupp Xaynkes yevrokuboklardagi muhim o‘yinlarga asrash uchun futbolchiga dam beryapti yoki zaxirada ushlab turibdi. Robertning hech qanday «Real»ga ketmasligiga murabbiyning ishonchi komil.
Shuningdek, Germaniya chempionati to‘purarlari bahsida uning natijasini takrorlashiga ishonmoqda. Hozirda Xaynkes bu borada uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Levandovski murabbiyining natijasini takrorlashi uchun yana 46ta to‘p kiritsa bas.
O‘yin konstruktori
Pulni aql bilan sarflash haqiqiy nemischa odat. «Bavariya» nafaqat ishlab topishni, balki sarflashni ham qoyillatadi. Transfer bozori aqldan ozayotgan bir paytda myunxenliklar ajoyib qarorlari bilan odamni hayron qoldirishadi. Misol uchun, Xames Rodrigesni «Real»dan ikki yilga ijaraga olishdi va buning uchun 15 million yevro to‘lashdi. Hayron bo‘lmang, summaning oxirida yana bitta nol yo‘q. Hattoki, «o‘n besh» deb yozishimiz ham mumkin. Hozirgi bozor bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, bu deyarli tekin.
Zayniddin Zidanning ishonchini oqlay olmagan kolumbiyalik futbolchi janubiy amerikaliklar uchun unchalik ma’qul bo‘lmagan Bundesligaga osonlik bilan moslashib oldi.
Uning to‘p uzatishlari aniqligi 90 foizga teng. Bu esa daraja. Shuningdek, chiroyli gollar ham urmoqda, golli paslarni beryapti. Ayni paytda samarali uzatmalar borasida Xames Germaniya chempionatida yetakchilik qilmoqda.
Shartnomaga ko‘ra, «Bavariya» futbolchining transferini 42 million yevro evaziga sotib olish imkoniyatiga ega. Bunday darajadagi futbolchi uchun sariq chaqa desa ham bo‘laveradi.
Lamning merosxo‘ri
Lamsiz hayot bormi? Bavariyalik sardor o‘tgan mavsum faoliyatini yakunlaganidan so‘ng Germaniyada shunday savollarni bera boshlashdi.
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.