Janluiji Buffon angliyalik yosh referi Maykl Oliverdan hamon darg‘azab, «Yuventus» fanatlari esa uning qaltis qarorini o‘ylab, haligacha o‘zlarini qo‘yarga joy topolmayaptilar.
Aytish mumkinki, «Real» - «Yuventus» o‘yini voqealari istiqboli baland sanalayotgan hakamga ikki xil ta’sir qildi. Birinchidan, ancha tanilib qolgan Oliverning mashhurligi yanada oshdi, ikkinchidan esa, u cheksiz nafrat va bosim ostida qoldi.
Aslida Oliver CHL yarim finali taqdirini hal qilgan o‘sha penaltini belgilashdan oldin ham bir qator bahsli qarorlari bilan ko‘zga tashlangan edi.
Misol uchun, aynan u boshqarib borgan o‘yinda jig‘ibiyron bo‘lgan «Chelsi» bosh murabbiyi Antonio Konte raqib jamoa - «MYU» ustozi Joze Mourinyoga tashlangandi.
To‘g‘ri, hakam darhol vaziyatga aralashib, og‘zaki jang mushtlashuvga aylanib ketishiga yo‘l qo‘ymagandi. Ya’ni murabbiylarni «tarbiyaviy suhbat» vositasida tinchlantirgandi.
Umuman, Maykl ko‘plab hamkasblari kabi o‘zi ham to‘p ortidan quvishni xush ko‘radi. Aytishlaricha, u havaskorlar darajasidagi o‘yinlarda chakki emas.
Xo‘sh, angliyalik referi yana qaysi voqealar bilan e’tibor markaziga tushgan?
Kimsan Zlatanni cho‘chitdi...
Har bir futbol muxlisi Ibragimovich nechog‘li mag‘rur ekanligini yaxshi biladi. G‘ururi bo‘yidan ham baland shvedni cho‘chitish har kimning ham qo‘lidan kelmaydi, bunga taniqli hakamlar-da jur’at etolmaydilar. Ammo Oliver o‘ziga xos xarakterga ega va maydonda hech kim bilan alohida hisoblashmaydi.
Xullas, u vaziyatlardan birida sprey ballonchasidan foydalanishga chog‘langanida, Ibra qo‘qqisdan seskanib tushdi. Chunki sprey uning barmog‘iga ham tekkandi. Shunda hujumchi biroz ehtiyotkor bo‘lishni so‘radi, ammo hakam bunga parvo ham qilmadi.
Ayollar o‘rtasidagi o‘yinni boshqardi...
Bir safar Oliver chekiga ayollar jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni boshqarib borish tushdi. Aslida o‘sha bahsni uning turmush o‘rtog‘i bosh hakam sifatida boshlagandi.
Biroq tanaffusda laynsmenlardan biri o‘zini noxush sezgach, Maykl rafiqasiga yordam berishni istab, hushtakni o‘z qo‘liga oldi. «Bu juda g‘alati, ammo yoqimli bo‘ldi...», — deya munosabat bildirdi jamoalardan biri murabbiyi Oliverning ishiga.
Jo Xartni jim qildi...
Oliver - o‘ta jiddiy va qoni qaynoq yosh hakam. Deylik, u o‘yin vaqtida hattoki, Jo Xartni bir nigohi bilan sukut saqlashga majbur etdi. Qisqasi, hakamning o‘ta qat’iy va sovuqqon qiyofasiga qaragan darvozabon darhol unga e’tiroz bildirish fikridan qaytib, jim bo‘lib qolgandi.
Mushuk sabab o‘yinni to‘xtatdi...
Bu voqea yaqinda, joriy CHL 1|8 finalidan o‘rin olgan «Beshiktosh» - «Bavariya» uchrashuvida kuzatildi. O‘yin davom etayotgan pallada maydonga nogahon mushuk yugurib tushdi va Oliver darhol harakatni to‘xtatish kerakligini bildiruvchi hushtakni chaldi. U bu vaziyatda tilsiz jonivor xavfsizligini o‘ylagani aniq. Bu qarori maqtovga loyiq, to‘g‘rimi?
Di Mariyaga bir daqiqada2 marta kartochka ko‘rsatdi...
2015 yil. Angliya kubogi yarim finali yo‘llanmasi taqdirini hal qiluvchi o‘yin: «MYU» - «Arsenal». O‘sha vaqt Anxel di Mariya «qizil iblislar» safida edi. Xullas, uchrashuvni boshqarib borgan Oliver avvaliga argentinalik yarim himoyachini simulyasiya ishlatganlikda ayblab, uni sariq kartochka bilan «siyladi».
Biroq futbolchi bunga e’tiroz bildirgach, o‘sha zahoti sariq tusli «qurol»ini yana bir bora baland ko‘tardi, keyin tabiiyki, qizil kartochkani ham. Ha, Maykl shunday hakam - bahslashishga moyil futbolchilarga aslo toqat qilolmaydi.
JCH-2018dan chetda qoldi...
Oliver bo‘lajak jahon chempionatida ishlamaydi. Afsus, Janluji Buffon ham Rossiya mundiali ishtirokchilari orasida yo‘q. Umuman, 80 yil badaliga JCH ilk marta angliyalik hakamlarsiz o‘tishini alohida eslatish o‘rinli.
Tahdid va xavfsizlik choralari
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.