Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Temur Kapadze: «Astoydil harakat qilmagan, zaxirada qolib ketadi, legioner bo‘lsa ham»

Temur Kapadze: «Astoydil harakat qilmagan, zaxirada qolib ketadi, legioner bo‘lsa ham»

Baho:
+ | -

O‘zbekiston terma jamoasi delegasiyasi Istanbul orqali Toshkentga qaytib keldi.

Temur Kapadze jamoasi 19 may kuni Tehrondagi «Ozodiy» stadionida JCH-2018 ishtirokchisi — Eron termasiga qarshi kechgan «o‘rtoqlik»da chakki taassurot qoldirgani yo‘q.

Biroq asosan olimpiya yoshidagi futbolchilardan tarkib topgan termamiz 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Shu bilan Kapadze boshqaruvidagi bosh jamoamiz joriy yil hisobidan o‘tkazilgan 3ta o‘yindan 2tasida mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi. Marokash (0:2) va Eron termalaridan yengildik, senegalliklar bilan muroosa ko‘chasida to‘xtadik — 1:1. Endi navbat Urugvay safariga! Barcha sparring-raqiblar — JCH-2018 ishtirokchilari.

Albatta, bu o‘yinlar har qanday holatda ham, bizning foydamizga xizmat qiladi. Biz Tehrondagi uchrashuvdan so‘ng Temur Kapadze bilan bog‘lanib, undan eksklyuziv intervyu oldik.

— Garchi mag‘lubiyat qayd etilgan bo‘lsada, yoshlarimiz mazmunli o‘yin namoyish etishdi. Umumiy taassurotlaringiz qanday?

— Menimcha, o‘yin kutganimizdan ham yaxshiroq o‘tdi. Har holda, uchrashuv yoshlarimizga katta tajriba berdi, ularda o‘z salohiyatlariga ishonch hissi yanada ortdi. Yigitlar qiyin parvoz hamda vaqt kamligiga qaramay, darhaqiqat, maydonda cho‘chimay to‘p surishdi.

Eng muhimi shu — nomdor raqiblardan hayiqmay, ishonch bilan o‘ynash. Murabbiy sifatida Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biriga qarshi, boz ustiga, uning maydonida ko‘rsatgan o‘yin sifatidan ko‘nglim to‘ldi.

Tarkib asosan yoshlardan tuzildi, qolaversa, ayrim yigitlar milliy jamoa libosida ilk bora maydonga tushishdi. Muayyan vaziyatlarda nafaqat raqib bilan teng o‘ynadik, balki ustunlik ham qildik. Albatta, bu holat bizni quvontirdi.

— Xo‘sh, nimadan ko‘nglingiz to‘lmadi?

— Faqat natijadan. Axir yutqazish kimga ham yoqardi?

— Eron termasi bosh murabbiyi yoki mamlakat futbol federasiyasi asosiy tarkib bilan bormaganimizga e’tiroz bildirmadimi? Kelishuvda bu borada qandaydir shartlashuv bormidi?

— Ha, Tehron shahriga yetib borganimiz bilan federasiya vakillari va jurnalistlar tomonidan e’tirozlar yangradi. «Nega faqat yoshlarni olib keldinglar»  qabilida yaxshigina ranjishdi ham. Bunga yetarlicha asoslari bor edi.

Zero, Eron termasi JCH-2018 oldidan o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida so‘nggi o‘yini aynan bizga qarshi o‘tkazdi. Ularga javoban vaziyatni tushuntirdik. Birinchidan, FIFA kuni emasligi bois, legionerlar xizmatidan foydanolmaganimizni aytdik.

Qolaversa, futbol assosiasiyamiz kelajakni o‘ylab, asosiy e’tiborni yoshlarga qaratayotganini ta’kidladik. Kuchli raqibga qarshi mehmondagi o‘yin yigitlarimizga katta tajriba maktabi bo‘lishini bilardik.

Shu yo‘l bilan ularga ishonchni mustahkamlashlariga imkoniyat yaratdik. O‘yindan oldin forslarni tinchlantirdik: «Ishoning, yoshlardan iborat hozirgi tarkib ham ko‘p narsalarga qodir, yigitlarimiz o‘zlarini ko‘rsatishadi, ertaga fikringiz butunlay o‘zgaradi». Menimcha, ularning fikrlarini chindan ham, o‘zgartira oldik.

— O‘yindan keyingi matbuot anjumanida bu haqda gap bo‘ldimi?

— Ha, albatta. Axir eronliklar bayramini buzishimizga bir bahya qoldi-ku! Televizorda ko‘rgandirsiz, o‘yin yakunlanishi bilan stadion uzra mushakbozlik boshlanib ketdi.

«Ozodi» arenasiga kelgan ko‘p ming sonli muxlislar futbolchilarni tantana bilan kuzatib qo‘yishdi. Hakam hushtagi yangrashi bilan Karlush Keyrushning o‘zi yonimga kelib, jamoamizni maqtadi. Matbuot anjumanida esa yigitlar yaxshi o‘yin ko‘rsatishgani va eng muhimi, hozirgi jamoamiz JCH-2018 saralashida qatnashgan termadan kuchli ekanligini alohida ta’kidladi.

O‘zi Keyrush o‘yin payti va undan keyin ham rosa asabiylashdi, shogirdlariga jiddiy e’tiroz bildirdi. Matbuot anjumani yakunida esa bizni zaldan ol-qishlar bilan kuzatib qo‘yishdi.

— Urugvay termasiga qarshi bahsga tayyorgarlik qachon boshlanadi? Tarkib qanday ko‘rinish oladi?

— Nasib qilsa, 2 iyun kuni okean ortiga yo‘l olamiz. Tarkib bo‘yicha hozircha hech narsa deyolmayman. Lekin shunisi aniq, Eron termasiga qarshi uchrashuvda maydonga tushgan aksariyat yoshlar Urugvayga ham borishadi.

— Nima, urugvayliklar ham tarkib masalasida qandaydir shart qo‘yishganmi?

— Bilishimcha, yo‘q. Lekin ularning milliy jamoamizni kutishayotgani aniq. O‘xshash tomoni shuki, Urugvay termasi ham xuddi forslar kabi JCH-2018 oldidan o‘z muxlislari qarshisida kuzatuv o‘yinini o‘tkazadi. Katta ehtimolki, legionerlarimiz Amerikaga ham borishmaydi. Ya’ni yana Superliga vakillariga imkon beramiz.

Umuman, hozirgi tarkibga keyinchalik legionerlar — Eldor Shomurodov, Doston Hamdamov, Otabek Shukurov, Temurxo‘ja Abduxoliqov, shuningdek, Ikrom Aliboyev, Sardor Rashidov, Shuhrat Muhammadiyev, Sardor Mirzayev va Sherzod A’zamov singari mahalliy futbolchilar qo‘shilishsa, raqobatbardosh jamoa yuzaga keladi.

— Demak, urugvayliklarga ham tarkib borasida «syurpriz» tayyorlar ekansizda…

— Bilmadim, ko‘ramiz. O‘zi har bir uchrashuv men uchun katta imtihon bo‘lyapti. Bir-biridan kuchli jamoalarga qarshi o‘yinlar… Qisqa fursatda 2ta «o‘rtoqlik»da maydonga tushgan bo‘lsak, ularda uch xil tarkibga tayandik. Tarkib xilma-xil bo‘lgach, taktika ham o‘zgaradi.

Yaxshi tomoni, har bir chiziqda raqobat shakllanmoqda. Legionerlarga munosib raqobatchilar bosh ko‘tarayotganlari xursand qilyapti. Har bir pozisiya uchun 2-3 nafar bir-biriga munosib o‘yinchilar tayyorlasak, bu shubhasiz, milliy jamoa yutug‘iga aylanadi.

Legionerlar ham o‘zlarini bo‘sh qo‘yib yubormaydilar. Ya’ni harakat qilishmasa, zaxirada qolib ketishlari mumkinligini anglashadi.

K.Alimov suhbatlashdi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 14:33, 22.05.2018.
O'qildi: 6325 marta.
Fikrlar: 12 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.