Agarda eng bo‘ydor futbolchiga alohida sovrin ta’sis etilsami, Janubiy Koreya milliy jamoasi hujumchisi Kim Shin Vuk Rossiya mundialida bemalol unga da’vogarlik qilardi.
Bo‘yining balandligi 196 santimetrga teng futbolchini Ali Dai, Piter Krauch va Nikola Jigich kabi novcha hujumchilar guruhiga qo‘shish mumkin. Asosiysi, «Chonbuk Motors» vakili stadion «tomiga yetgudek» bo‘yidan tez-tez unumli foydalanadi.
Kim Shin Vuk deyarli 2 metrga teng bo‘yga ega bo‘lish barobarida ancha baquvvat ham. Ya’ni uning tabiiy gavdasi jismoniy quvvatiga muvofiq keladi. Xullas, koreys hujumchisi havodagi to‘p uchun kurash va yakkama-yakka qarshiliklar chog‘i har qanday usta himoyachi uchun haqiqiy dahshat uyg‘otadi.
Kim Shin odatda o‘zi gol urishni xush ko‘radi va bu ishni klubi safida ham, milliy jamoasi libosida ham talab darajasida bajarib kelmoqda. Lekin Boeing CH-47 Chinook samolyoti sharafiga «Chinuk» laqabini olgan devqomat yigitning asosiy xususiyati - bu jamoadosh sheriklarini raqiblar darvozasini o‘qqa tutish uchun yaxshi pozisiyaga olib chiqish.
Eh, shu joyda JCH-2018 doirasida kechgan o‘yinlardan birini alam bilan esga olishga majburmiz. Sobiq bosh murabbiy Samvel Babayan tomonidan tuzilgan terma jamoamiz saralash dovonining hal qiluvchi raundi birinchi davrasida yaxshigina taassurot uyg‘otgan va hattoki, J.Koreyada ham «sensasion» natija qayd etishga yaqin kelgandi.
Eslang, Marat Bikmayevning tanaffusgacha urgan goli ancha vaqtgacha yagona bo‘lib turgan va vakillarimiz juda yaxshi himoyalanishgandi. Biroq o‘yinning yakuniy pallasida koreyslarning sobiq ustozi Uli Shtileke zaxiradan aynan Kim Shinni maydonga tushirish orqali murakkab vaziyatdan chiqib ketgandi.
Ya’ni bo‘ychan hujumchi «ikkinchi qavat»dagi kurashda ustun kelib, to‘pni Ku Ja Chol yo‘liga tashlab bergach, u Aleksandr Lobanov darvozasiga javob golini urgandi. Tan olish kerak, Vukning o‘sha yakkakurashdagi harakati koreyslar uchun nafaqat o‘yin, balki butun saralash dovonining eng muhim lahzasi bo‘ldi.
Birinchidan, hisob tenglashgach, mezbonlar o‘ta muhim sanalgan g‘alaba golini ham urishdi. Ikkinchidan, Janubiy Koreya termasi o‘sha bahsda g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirmaganida, keyinchalik o‘zini o‘nglay olmasmidi?
Har holda, Eron va O‘zbekiston milliy jamoalari ancha ilgarilab ketardi.«Tabiatan aniq maqsadlar sari intiladigan yigitman. Futboldagi asosiy maqsadim esa tayin - raqiblar darvozasini ishg‘ol etish, - dedi 30 yoshli koreys futbolchisi FIFA.com sayti ijodkorlari bilan suhbat davomida.
- Bordiyu, gol urolmasam, hujumchi sifatida hech narsaga arzimayman. Ishga ayni shunday yondashuv va munosabat o‘laroq, maydonga doimo kuchli ishtiyoq bilan tushaman, hattoki, ulkan bosim ostida qolsam ham, gol urish uchun borimni beraman».
To‘g‘ri, Kim Shin Janubiy Koreya milliy jamoasining yetakchi hujumchisi ham, yagona umidi ham sanalmaydi. Qolaversa, u vaqtida hattoki, himoyachi pozisiyasida to‘p surgan. Ya’ni faoliyatining ilk bosqichida asosan orqa chiziqda harakatlanardi. 2009 yili «Ulsan Xyunday» tarkibiga qo‘shilganidan keyin esa asta-sekin hujumga moslasha boshladi.
Vuk o‘sha o‘zgarishni futboldagi hayotida eng muhim burilish nuqtasi sifatida tilga oladi: «Ochig‘i, hujumga o‘tishim tasodif samarasidir. Chunonchi, klubimizning asl hujumchilari birin-ketin jarohatlanib, safdan chiqishgach, bosh murabbiy meni majburlikdan oldinga surgandi.
Tan olishim joiz, boshida o‘zim ham bundan biror naf chiqishiga ishonmagandim, lekin ikkilanayotganimni murabbiyga sezdirmaslikni o‘ylab, gol urish ishqida yonayotganimni aytdim. Mana, endi ishonch bilan aytishim mumkinki, o‘sha qaror futboldagi faoliyatimda katta rol o‘ynadi».
Darhaqiqat, majburiy qadam asli himoyachi sanalgan Kim Shinga boshidanoq ijobiy ta’sir qildi. «Soxta» hujumchi uzun oyoqlari yordamida «qaynoq» nuqtalarga vaqtida yetib borishdan tashqari, bosh bilan zarba yo‘llashni qoyillata boshladi. Natijada ham ichki, ham xalqaro musobaqalarda obro‘si ancha oshdi.
Qisqasi, Kim Shin birin-ketin gollar urib, shaxsiy statistikasini tobora yaxshilab bordi va 7 mavsumdan keyin «Ulsan Xyunday» tarixidagi eng yaxshi goleadorlar ro‘yxatidan joy oldi. Aniqrog‘i...
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.