Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

O‘zbekistonda Xalqaro Olimpiya kuni: Ommaviy marafon yakunlandi, oldinda bizni katta shou kutmoqda

O‘zbekistonda Xalqaro Olimpiya kuni: Ommaviy marafon yakunlandi, oldinda bizni katta shou kutmoqda

Baho:
+ | -

Har yili 23 iyun kuni dunyo bo‘ylab Xalqaro Olimpiya kuni (International Olympic Day) keng nishonlanadi. Bundan roppa-rosa 70 yil oldin – 1948 yilda Sankt-Morisda bo‘lib o‘tgan Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi (XOQ) ning 42-sessiyasida 23 iyun sanasini Xalqaro Olimpiya kuni sifatida nishonlash qarori qabul qilingan. Avvaliga ushbu sanada asosan marafon o‘tkazilgan. Lekin, bugungi kunga kelib ushbu sana katta bayram sifatida nishonlanmoqda.

O‘zbekistonda Olimpizm g‘oyasini targ‘ib qilish, aholini O‘zbekiston Respublikasi sportchilarining muvaffaqiyatlari bilan tanishtirish va Olimpiya harakatini rivojlantirish yo‘lida poytaxtimiz Toshkent shahrida ham Xalqaro olimpiya kuniga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishi haqida xabar berib o‘tgandik.

Butun erta tongdan boshlab ushbu sport bayrami ko‘tarinki kayfiyatda tashkil qilindi. Bugungi kunga rejalashtirilgan tadbirlarning dastlabkisi ertalab «Milliy» (sobiq «Bunyodkor») stadionida o‘tkazildi.

1600 nafarga yaqin havaskor sportchilarni qamrab olgan yugurish marafoni bayramona ruxda bo‘lib o‘tdi. Tadbirning ochilish marosimida Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov ham ishtirok etdi. U so‘zga chiqib, bugungi sana bilan barchani tabrikladi.

«Olimpiya kuni butun jahon bo‘ylab o‘tkazilmoqda. Bu yil ushbu bayram 70-marotaba nishonlanmoqda. Fursatdan foydalanib, sport ahlini ushbu sana bilan muborakbod etaman. Yugurish marafonlarida ishtirok etadigan barchaga omad tilayman. Bellashuvlarda kuchlilar g‘alaba qozonsin», – dedi Jasur Matchanov.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi va bahslarga start berildi.

Bahslar turli yosh toifalarida, erkaklar va ayollar o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Bir so‘z bilan aytganda marafonda 7 yoshdan 70, hattoki 80 yoshgacha bo‘lgan havaskorlar o‘z omadlarini sinab ko‘rishdi. Bellashuvlarda turli yosh toifalarida F.Sultonboyev, V.Baxorev, G‘.YUsupov, V.Ustyugin, T.Usmonov, YE.Kirshin, A.Garifullina, D.Allayarova, SH.SHaropov, N.Mansurov, M.Buxorev, G‘.Tohirjonov, I.Kirshina, A.Vildanova, L.Sklyar, O.Inomxonova, CH.Rasulova, H.Ahmedova, M.Baratova, Z.Xudoyberdiyeva kabi havaskor sportchilar g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar. Har bir yo‘nalish bo‘yicha kuchli uchlikka kirgan sportchilar Milliy olimpiya qo‘mitasining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Musobaqa ishtirokchilari o‘z xursandchiliklarini yashira olishmadi. Faxriy ayollar o‘rtasidagi marafonda sovrindorlar qatoridan o‘rin olgan Qadriya Latipova yangicha yo‘nalishda tashkil etilgan ushbu musobaqadan katta taassurot olganligini aytib o‘tdi.

«Men 1989 yildan buyon sport bilan shug‘ullanib kelaman. Olimpiya kunida o‘tkaziladigan musobaqalarda muntazam ravishda ishtirok etaman va doimo sovrindorlar qatoridan o‘rin olaman. Menda 1994 yili mamlakatimizda nishonlangan Olimpiya kunidan ham futbolka bor. Bunday tadbirlar, musobaqalar men uchun doimo yoqimlidir. Seni yoshlar qo‘llab-quvvatlab turayotganini his qilish juda ajoyib. Yoshlarga sportda yanada faollikni tilayman. Shaxsan o‘zim sport orqali turli kasalliklardan forig‘ bo‘ldim. Sizga ham yoshi katta faxriy sifatida sport bilan shug‘ullanishni maslahat beraman», – dedi marafon ishtirokchisi bo‘lgan Qadriya opa.

Musobaqaning yosh ishtirokchilari ushbu tadbir tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirib o‘tishdi.

«Engil atletika bilan bir yildan buyon shug‘ullanaman. Bunday marafonda esa ilk marotaba ishtirok etishim. Ushbu sport bayrami menga juda yoqdi. Musobaqada ishtirok etib ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim va esdalik sovg‘asini oldim. Tashkilotchilarga ushbu bayram uchun rahmat demoqchiman. Yengil atletika bilan professional tarzda shug‘ullanib, kelajakda chempion bo‘lishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim», – dedi sovrindorlar qatoridan o‘rin olgan 13 yoshli Madina.

Sport jurnalistlari o‘rtasida tashkil qilingan marafonda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Shaxboz Sharopov esa bellashuv g‘olibi:

«Odatda OAV vakillari bunday tadbirlarga ishlash, musobaqani yoritish uchun kelishardi. Bugun esa yengil atletikachi sifatida o‘zimizni sinab ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik, barchasi ajoyib. Jurnalistlar o‘rtasida o‘tkazilgan bellashuvlarda ishtirok etib, g‘alaba qozonishni tasavvur ham qila olmagandim. Do‘stlarim bilan futbol o‘ynab turamiz. Biroq, futbol boshqa, yengil atletika boshqa. E’tibor uchun, mana shunday tadbir uchun tashkilotchilarga rahmat. Bunday sport bayramlari xech kimning yodidan chiqmaydi», – dedi u.

Shu tariqa Olimpiya kunining kunduzgi qismi yakuniga yetdi. Endi Siz azizlarni kechki payt, 18:00da boshlanadigan katta sport bayrami kutib turibdi. «Milliy» stadionda tashkil qilinadigan futbol shou tantanasida yurtimizning mashhur sportchilari, estradamiz yulduzlari va kino va teatr akterlari ishtirok etishadi. Bir so‘z bilan aytganda yirik tadbirda san’at va sport uyg‘unligiga guvoh bo‘lamiz. Bayramni biz bilan birga qarshi oling.

Manba: www.olympic.uz
Kiritildi: 15:52, 23.06.2018.
O'qildi: 4050 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.