Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Xorxe Sampaoli: «Jamoadagi kamchiliklar Messini «o‘ldirmoqda»

Xorxe Sampaoli: «Jamoadagi kamchiliklar Messini «o‘ldirmoqda»

Baho:
+ | -

Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Xorxe Sampaoli xorvatlardan qabul qilingan xunuk mag‘lubiyat (0:3)da avvalo, o‘zini aybladi.

Boshqa yo‘li ham yo‘q-da. Axir tuppa-tuzuk tarkib va Lionel Messidek megayulduzga ega favorit jamoaning guruh bosqichidan o‘tishi so‘roq ostida turibdi.

- 40 million argentinalikning fikricha, Kabalyero xatosi uchun siz javob berishingiz kerak, negaki, unga ortiqcha ishonch bildirgansiz. Chindan ham, shundaymi?

- Ha, hamma haq - yakuniy qarorni qabul qiladigan insonman. Demak, mag‘lubiyatimiz sababi kasbiy mas’uliyatim bilan chambarchas bog‘liq. Murabbiy sifatida g‘alabani ta’minlaydigan reja ishlab chiqishim shart.

Afsuski, bu safar loyiham ish bermadi. Lekin o‘z o‘rnida Xorvatiya termasining jangovar ruhiyatini ham ta’kidlash joiz. Tushunarliki, ruhiy holat masalasida murakkab vaziyatga tushib qoldik.

Natijada maydonda voqealar rivojini o‘zgartirishga qurbimiz yetmadi. Shuningdek, ayrim yigitlar o‘yin uslubiga to‘la moslasholmadilar.

- Natija sharmandali ekanligini his etyapsizmi? Loyihangiz nihoyasiga yetdimi yoki...?

- Ish bermagan loyiha xususida gapirganimda, muayyan uchrashuvni nazarda tutdim. Boshqa gap yo‘q.

- Taktik o‘zgarishlar futbolchilarni sarosimaga solib qo‘ymadimikan?

- Birinchi bo‘limda raqibni zararsizlantirish vazifasini uddaladik. Lekin keyinchalik to‘pni Leoga yetkazib berish qiyinlashib qoldi. Gol qo‘yib yuborgach esa, jamoa o‘zini yo‘qotib qo‘ydi.

- Shogirdlaringiz bu safar ham to‘pni egallab olishgach, asosan Messini qidirishdi...

- U jamoa sardori va chin yetakchi! Afsuski, Messining uslubiga mos qulay vaziyatlar yaratolmadik. Bu boradagi harakatlarimizni yo‘qqa chiqargan raqibga ham tan berish kerak.

- Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi rolida 13-uchrashuvni o‘tkazdingiz. Biroq biror marta ketma-ket 2ta o‘yinda bir xil boshlang‘ich tarkibga tayanmadingiz. Nima uchun?

- Doimo shogirdlarim uchun mukammalroq pozisiyalar kashf etishga urinaman. Ammo samara keltiradigan ideal bo‘g‘inlarni hali shakllantirolmadim.

- Omadsizlik mas’uliyatini zimmangizga olyapsiz. 3 nafar himoyachi bilan o‘ynash xato bo‘lganini tan olasizmi?

- Himoyachilar uchligi darvozamiz oldidagi keskinlikni kamaytirishiga umid bog‘lagandik. Bunda qanot himoyachilaridan ko‘mak kutgandik. Chunki Xorvatiya termasining pozision o‘yinidan xabardor edik. Tanaffusdan keyin tashabbusni o‘z tomonimizga og‘dirish niyatida sxemani o‘zgartirdik.

Ammo bu ham naf bergani yo‘q. Boz ustiga, kutilmaganda raqibga gol sovg‘a qilingani jamoa uchun kuchli zarba bo‘ldi. Albatta, hali tahlil orqali o‘yindagi kamchiliklarni aniqlab olamiz. Hozir faqat shuni aytishim mumkinki, dastlabki gol bizni halokatga yetakladi. Har holda, ikkinchi bo‘limni islandlarga qarshi o‘yindagi kabi o‘tkazolmadik.

O‘sha uchrashuv to‘liq nazoratimiz ostida kechgandi. Yana bir gap - hozir ham imkonsiz vaziyatda emasmiz. Lekin endi kichik imkoniyatdan unumli foydalanishimiz talab etiladi.

- Ronaldu 2ta uchrashuvda 4ta gol urib, barcha zamonlarning eng buyuk futbolchisi ekanligini bot-bot ta’kidlamoqda. Bunga munosabatingiz qanday? Messi haqida nima deya olasiz?

- Albatta, Ronalduning ajoyib o‘yinchi ekanligini uning shaxsiy natijalari tasdiqlab turibdi. Lekin hozir bu ikki futbolchini taqqoslashdan ma’no yo‘q. Chunki Argentina terma jamoasi Leoning barcha fazilatlarini namoyish etishiga sharoit yaratib berolmayapti.

Boshqacha aytsak, jamoadagi kamchiliklar Messiga to‘sqinlik qilmoqda. Bu haqiqatni ayniqsa, biz - murabbiylar yaxshi his etishimiz lozim. Uyushqoqlikning talab darajasida emasligiga avvalo, men javobgarman. Terma jamoaning shunday omadsizlikka uchraganidan qayg‘udaman.

- Yirik hisobli mag‘lubiyatdan keyin shogirdlaringiz o‘zlarini qanday his etishmoqda? Chunonchi, oz bo‘lsada, hali imkoniyat bor...

- Tabiiyki, o‘yinchilar kayfiyati tushib ketdi. Vaholanki, uchrashuv boshlanishi arafasida ular tetik va xushchaqchaq edilar. Bu yerga guruhda 1-o‘rinni egallash niyatida kelgandik. Biroq...

Ha, og‘ir damlarni boshdan o‘tkazyapmiz. Shogirdlarimni yuksak qadrlayman. Aslida jamoa maqtovlarga loyiq. Ammo afsuski, uyush-qoqlik va ahillikni talab darajasiga ko‘tarolmadik.

- Argentinalik muxlislarga nima deya olasiz?

- Birinchi navbatda, uzrimni qabul qilishlarini so‘rayman. Chunki natija uchun men javob beraman. Yuz bergan omadsizlik avvalo, o‘zimni ranjitdi. Endi butun diqqat-e’tiborimizni Nigeriya termasi bilan bo‘ladigan hal qiluvchi uchrashuvga qaratishdan o‘zga ilojimiz yo‘q.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 18:55, 26.06.2018.
O'qildi: 5025 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.