Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Belgiya terma jamoasi safida o‘ynaydigan pochtachini taniysizmi?

Belgiya terma jamoasi safida o‘ynaydigan pochtachini taniysizmi?

Baho:
+ | -

«PSJ» klubi hamda Belgiya termasining iqtidorli himoyachisi Toma Menyening faoliyat yo‘li kasbdoshlarinikidan deyarli farq qilmaydi.

Ahamiyatli jihati shuki, milliy jamoadan taklif olishidan atigi 3 yil avval u futbolga umuman aloqasi bo‘lmagan kasb - pochtachilik bilan kun ko‘rayotgandi.

Menye JCH-2018 boshlanishidan avval xorijlik hamkasblarimiz bilan suhbatda o‘tmishi qanday kechganini to‘lqinlanib so‘zlab berdi.

«Pochtachining mehnati siz o‘ylaganchalik oson emas. Shu bois, uyingizga yaqinlashayotganiga ko‘zingiz tushsa, unga tabassum hadya qiling. Balki bir piyola choyga taklif etarsiz?! Har holda, u mashaqqatli ish kunini o‘tkazmoqda.

Darvoqe, nega endi bu yigit futbol emas, pochta haqida gapiryapti, deb ajablanmang: terma jamoadagi debyutimdan 3 yil muqaddam men aynan shu kasb vakili edim - futbolchi Menye emas, pochtachi MenYE.

18 yoshga chiqqanimda, faqat futbolning o‘zi bilan kun kechirish qiyin bo‘lib qoldi. Shu sabab pochtaga ishga kirdim. Tong otmasidan ishga otlanardim. Agar London yoki Nyu-Yorkda bo‘lganimda, ehtimol, ish kuni ancha yengil, quvnoq o‘tishi mumkin edi.

Biroq men Belgiyaning ovloq bir qishlog‘ida yashardim, zil-zambil qopni orqalab olgancha, u uydan bunisiga chopishga majbur edim. Har ellik metrda pochtani saralashim, kerakli qutilarga joylab, qo‘shni uyga o‘tishim talab etilardi.

Ko‘pincha bu ishlarni kuchli jala sharoitida bajarishga to‘g‘ri kelardi. Baxtimga, ikki oydan keyin avtomobil detallarini yig‘ish fabrikasidan ish topdim. To‘g‘ri, bunga ancha bo‘ldi, oradan 8 yil o‘tdi. Hozir JCHda maydonga tushishga tayyorlanyapman.

Aksariyat kasbdoshlarim kabi, mening futbolga kelishimga ham otam sababchi bo‘lgan. U havaskorlar darajasida to‘p surar, yakshanba kunlari men, opam va oyim uning o‘yinlarini tomosha qilishga borardik. Xullas, oilamiz futbolni xush ko‘rardi.

Qolaversa, 2000 kishilik qishlog‘imizda futbol bilan gimnastikadan boshqa sport turi yo‘q. Ko‘pchilik qatori, men ham futbol bilan vaqt o‘tkazardim. Lekin otam talabchan inson edi.

U mashg‘ulotlarimni kuzatar, kerakli maslahatlar va tanbehlar berardi. 12 yoshimda ota-onam ajrashishdi, opam ikkimiz onam bilan qoldik. Oilani ta’minlash uchun u soat 12gacha hamshiralik qilar, keyin mehmonxona va restoranda ishlardi. Uning tinimsiz mehnati tufayli ro‘zg‘orimiz but edi.

13ga chiqqanimda, onamning harakati bilan Belgiyaning eng yirik akademiyasi - «Standart» tarbiyalanuvchilari safidan joy oldim. Qishlog‘imiz olisda joylashgani bois, akademiya yonidagi maktab-internatiga ketishimga to‘g‘ri keldi.

Avvaliga oson bo‘lmadi. Lekin yangi do‘stlar bilan tanishgach, hammasi izga tushib ketdi. U yerda o‘tgan 2 yil hayotimda chuqur iz qoldirdi.

Kutilmaganda murabbiy oyim ikkimizni ofisiga taklif etdi va men bilan xayrlashishini ma’lum qildi. Biz bu yangilikni kutmagandik. Hayotim yana eski iziga qaytishini, jonajon maktabimga qaytib, hamqishloqlarim kabi hayot kechirishim haqida o‘ylay boshladim.

Ammo oyim qat’iy qarshilik bildirdi: «Yo‘q, yo‘q va yana yo‘q! Futbol - sening hayoting. Sen o‘ynashing kerak!» U meni kamtarin «Virton» klubiga olib bordi va «Standart»da ik-ki yil tahsil olganimni, talab darajasida to‘p sura olishimni bayon etdi.

Tez orada onamning haq ekanligi isbotlandi: «Virton» yoshlari safida mashg‘ulot bellashuvida maydonga tushib, 10ta gol urdim. Jamoamiz 15:3 hisobida zafar quchdi. Shundan keyin murabbiy menga yaqinlashdi va qaysi raqam ostida o‘ynamoqchi ekanligimni so‘radi.

E’tiborlisi, «Standart» mendan voz kechganidan keyin otam o‘yinlarimga kelmasligini ma’lum qilgandi. Biroq bir kuni «Virton»ning asosiy tarkibida maydonga tushganimda, uning tribunada o‘tirganini ko‘rib qoldim.

«Virton»dagi 400 yevro atrofidagi oylik maosh tirikchilik uchun kamlik qilardi. Shu sababli bir necha oy pochtada, keyin avtomobil zavodida ishladim.

Vazifam - sexda tayyorlangan mashinaning old oynalarini Xitoy, Fransiya yoki Ruminiyaga qatnaydigan yuk mashinalariga ortish edi. Korxonadagi tanishlarim mening o‘yinlarimni kuzatib borishar, jamoa mag‘lubiyatga uchragan pallalarda miriqib kalaka qilishardi.

Kutilmaganda hujum chizig‘ida o‘ynab, g‘ayritabiiy tarzda gollar ura boshladim. Oyoqlarimdan tashqari bosh bilan o‘ynashda ham chakki emasdim. Men uchun masofaning ortiqcha ahamiyati yo‘q edi.

Muxlislar sekin-asta gollarimni YouTubega joylaydigan bo‘lishdi. Tez orada 3-divizion vakilining fantastik gollari butun Belgiyaga tarqaldi. Tabiiyki, o‘sha payt zavodda ishlashimni ko‘pchilik bilmasdi.

O‘yinimdagi ijobiy o‘zgarishning asosiy sababi shunda ediki, mutlaqo erkin sharoitda to‘p sura boshlagandim, hech qanday majburiyat menga xalal bermasdi. Ko‘p o‘tmay nomdor klublardan «sovchilar» kela boshlashdi. Chunki meni atigi 100 ming yevroga baholashgandi.

Tez orada agentim qo‘ng‘iroq qilib, «Bryugge»dan taklif borligini ma’lum qildi. Mamlakatning eng nomdor jamoasi e’tiboriga tushganligim meni shoshirib qo‘ydi. Albatta, xavotir ham yo‘q emasdi. Lekin shu zahoti o‘zimga-o‘zim dalda berdim: «Ishonchni oqlay olmasliging mumkin, ammo kuching yetganicha o‘ynash o‘zingga bog‘liq-ku».

Shartnomaga imzo chekkach, otamdan tabrik oldim. Bu men uchun muhim sovg‘a edi. Shuningdek, bobomning munosabati ham: u butun umri davomida «Bryugge»ga muxlislik qilardi.

Shu bois, avvalo, u bilan ko‘rishishga oshiqdim: «Bobojon, toping-chi, qaysi klub men bilan shartnoma imzoladi?» U xuddi oldindan bilgandek xotirjam javob qaytardi: «Bryugge».

Jamoaning asosiy tarkibida maydonga tushgach, o‘z o‘rnimni hech kimga bermadim. Dastlabki ikki yil hujumchi pozisiyasida o‘ynadim, keyin o‘ng qanot himoyasiga o‘tdim. 2013 yilda Belgiya termasida debyutimni nishonladim.

Onamning aytishicha, meni TV orqali ko‘rsatishganida, barcha ham-qishloqlar tabriklashibdi. Milliy jamoaning muhim ahamiyatga ega ekanligini yaxshi bilaman. JCH-2002da Mark Vilmots Braziliya darvozasiga gol urib, jamoamizni oldinga olib chiqqandi. Biroq hakam xatolikka yo‘l qo‘yib, golni hisoblamagandi. O‘shanda rosa yig‘lagandim.

Taajjubki, aynan janob Vilmots meni ilk yirik musobaqaga taklif etdi. Yevro-2016 ishtirokchilari efir orqali e’lon qilinayotganda oila a’zolarimiz TV qarshisida jam bo‘lishdi.

Nihoyat, biz kutgan ibora yangradi: «Toma Menye ro‘yxatda!» Bunday lahzalar umrbod xotirada qoladi. To‘g‘ri, biz chorak finalda yengildik. JCH-2018da olisroqqa borishimizdan umidvorman. Chunki bu - oilamiz uchun dastlabki mundial.

2015 yilning dekabrida to‘ng‘ich o‘g‘lim dunyoga keldi, men «Bryugge» safida chempion bo‘ldim. Keyin Yevro-2016da maydonga tushib, «PSJ»dan taklif oldim. Parij ko‘chalarida sayr qilganimizda, o‘g‘lim jamoa logotipini ko‘rsa, «Ana dadam, ana dadam», deya chug‘urlaydi.

Demak, u nima bilan shug‘ullanishimni biladi. Bir-ikki yildan keyin «Mening otam futbolchi», desa ajabmas. Lekin o‘zimdan qay tariqa futbolga kirib kelganimni so‘ramasligiga umid qilaman. Chunki buni o‘g‘limga tushuntirib berolmayman. Erishgan natijalarimni o‘zim ham to‘liq tasavvur eta olmayman.

Ba’zan divanda o‘tirgan holda rafiqamni savolga tutaman: «Debora, «PSJ»da, terma jamoada to‘p sura olishimni hech tasavvur qilganmisan?» Xayolim olislarga olib ketadi. To‘g‘ri, qayerda o‘ynagan bo‘lsam, «Bu yigit, albatta, professional futbolchi bo‘ladi», degan gaplarni eshitganman.

Lekin ushbu voqeaning shunchalik tez yuz berishi xayolimga ham kelmagan. Qolaversa, men bilan yonma-yon to‘p surgan yigitlarning hech biri hozir futbolchi emas. Nega shunday? Nima uchun faqat men? Bu kabi savollar tinchlik bermaydi. O‘ylay-o‘ylay, eng to‘g‘ri javobni topgandek bo‘laman - bu taqdir!»

Nahotki, kecha zavodda yuk tashib yurgan yigit bugun Neymar bilan yonma-yon to‘p sursa? Nahotki, bugungi hayotda ham mo‘’jizalar yuz berishi mumkin bo‘lsa? Ko‘rib turganingizdek, u zamon va makonni tan olmas ekan.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 18:02, 02.07.2018.
O'qildi: 4399 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.