Superliga kuchli oltiligi qanday ko‘rinish oladi? Ikkinchi davraga yakun yasab beruvchi 2 tur oldidan bu savol ko‘pchilikni qiziqtirmoqda.
Hozirgi holatda «Nasaf» kuchlilar guruhiga kirish uddasidan chiqadimi? «Qo‘qon-1912» va «Metallurg»ning bu boradagi o‘zaro raqobati qanday xotima topadi? Fikrimizcha, bu masalaga ko‘p jihatdan «Qo‘qon-1912» - «Paxtakor» bahsida oydinlik kiritiladi.
Muxlislar nazdida, har ikki klub hakamlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadiganlar toifasidan. «So‘g‘diyona» va «Metallurg»ning Qo‘qonda «o‘ldirilishi» bilan bog‘liq xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda bejiz tarqalmadi. «Paxtakor»ga nisbatan muxlislar o‘rtasida shakllangan salbiy munosabat haqida-ku gapirishga hojat yo‘q.
«Sherlar»ga «simpatiya» borligi ayon, ammo bu rasmiy matbuotda e’tirof etilmaydigan haqiqat. Shota Arveladzeni hayron qoldirib, «Paxtakor» ishtirokidagi ikki uchrashuvga xorijlik hakamlarning taklif qilinishi ham aslida shu munosabat bilan aloqador. Faqat bu mavzuda hech kim oxirgi xulosani aytmaydi.
Har holda, biz hali bir gapni aytish va mulohazalarimizni dalillar asosida isbotlash darajasiga ko‘tarilmadik. Hozircha hamma videotasvirlarga asoslanib, mulohaza yuritmoqda. Ya’ni hakamlarning xatti-harakatlariga videotasvirlar vositasida baho berilmoqda.
Ular tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolar tasodif yoki tajribasizlik natijasi sifatida baholanib, shu tamoyil asosida jazo belgilanmoqda. Deylik, «Buxoro» - «Paxtakor» uchrashuvidan so‘ng jazoga tortilgan Temur To‘xtasinov tez orada tajribasi oshib, yana o‘yinlarni boshqarmoqda...
Mayli, hech bir hakam xatolardan himoyalanmagan va vaqtida tegishli xulosa chiqarganlar ishni davom ettirishgani ma’qul. Lekin ko‘pchilikning ko‘nglidagi savolga javob yo‘q, ya’ni o‘sha xatolar darhaqiqat, tasodif yoki tajribasizlik natijasimi?
Ochig‘i, «Barcha hakamlar vijdoni top-toza, ular faqat tasodifan yoki tajribasizlik oqibatida xato qilishadi, birovning «buyurtma»sini bajarishmaydi» qabilida mulohaza bildirsangiz, aksariyat muxlislar istehzo bilan kulishadi. Demak, qaysidir bahsda atayin jamoalardan biriga yon bosish kuzatilgan.
Albatta, hech bir referi yoki laynsmen bu ishga o‘z xohishi bilan qo‘l urmaydi. U shunchaki, buyruq yoki va’da evaziga xato uyushtiradi va bunda hattoki, jazolanishdan ham cho‘chimaydi.
Yana takror aytamiz, «Qo‘qon -1912» va «Paxtakor» muxlislar nazarida hakamlar «saxiy»ligidan foydalanadigan jamoalar. Qiziq, ikki klub o‘rtasidagi bahsda hakamlik qanday bo‘ladi? Bu jarayon ham hozir muxlislarning alohida qiziqishi doirasidagi mavzu hisoblanadi.
Mirjalol Qosimov hakamlarga insof tiladi. Qosimovdek ko‘pni ko‘rgan tajribali murabbiy hakamlarga insof tilayaptimi, xulosa qilaveringki, umumiy vaziyat ancha chigal...
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.