“Atletiko Madrid” Yevropa Superkubogi – 2018 sovrini uchun kechgan bahsda hamshaharlari “Real Madrid”ni 4-2 hisobida dog‘da qoldirdi.
Diyego Simeone shogirdlari o‘yinni startini ajoyib tarzda boshlashdi. Kosta 60 soniya to‘lib ulgurmasidan darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatni yaratdi va nishonga olishda adashmadi. Biroq “qirollik klubi” birinchi bo‘limda Karim Benzemaning goli evaziga muvozanatni yo‘qqa chiqardi.
“Real” ikkinchi bo‘limda Serxio Ramosning penaltidan urgan goli evaziga o‘yinni yutadigan ko‘rinishda edi. Biroq katta sahnaga yana Diyego Kosta chiqdi. O‘yin tugashiga 10 daqiqacha qolganida dublini kiritdi va o‘yin qo‘shimcha taymlar bilan davom etdi.
Qo‘shimcha taymlarda Xulen Lopetegi shogirdlari o‘zlariga o‘xshamadi. “Matroschilar” esa Saul va Kokelarning gollari evaziga hisobni yirik ko‘rinishga olib keldi va o‘z tarixlarida uchinchi bor Yevropa Superkubogi sohibiga aylandi.
Shu bilan birga, yangi bosh murabbiy Lopetegi Zidanning sakkiz o‘yinlik final uchrashuvlaridagi g‘alabali seriyasini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.
Quyida ushbu uchrashuvning natijasi kimga foyda-yu kimga zararligi borasida mulohaza yuritamiz.
Foyda: Diyego Kosta
Ushbu oqshomda Kosta o‘zining sevimli 19-raqamli libosida Yevropa futbolining eng tajovuzkor hujumchilaridan biri bo‘ldi. Uning uchrashuvdagi hisobni ochgan goli jamoadoshlariga katta ishonch bag‘ishladi.
Kosta Yevropa kubogi finallarida kiritilgan eng tezkor gol egasiga aylandi. U 2005-yil Chempionlar Ligasi finalida Paolo Maldini “Liverpul” darvozasiga kiritgan tezkor golni yo‘qqa chiqardi.
O‘yin oxirida ispaniyalik hujumchi Anxel Korreyaning uzatmasini golga aylantirdi va jamoasiga umid uchqunlarini qaytardi.
To‘purarlik mahorati bilan birga asli braziliyalik futbolchi jamoadoshlarining uchinchi va to‘rtinchi gollarida ham faol ishtirok etdi.
Zarar: Serxio Ramos
Ko‘pchilik neytral muxlislar seshanba oqshomida “Real Madrid” va ayniqsa Serxio Ramos omadsizlikka uchrashini umid qilgandi. Uchrashuvgacha ispaniyalik himoyachi “Liverpul” bosh murabbiyi Yurgenn Klopp bilan “aytishib oldi”. Bunga uning Chempionlar Ligasi finalida Muhammad Salohga yetkazgan jiddiy jarohati sabab bo‘ldi.
“Atletiko” tezkor gol urib olganiga qaramay, Ramos tezda o‘ziga kelib oldi. U Kostani jiddiy nazorat ostida tutgani sari “Real”ning o‘yini kuchayib bordi.
Ikkinchi bo‘limda esa Ronalduning yo‘qligi sababli penaltini mohirona ijro etdi. Uning golni nishonlashi xuddi uchrashuvni yutgandek taassurot qoldirdi.
Ammo qo‘shimcha taymlarda Ramos jamoasining himoyasida ojizlik qildi va finalni boy berdi.
Foyda: Saul
Qo‘shimcha taymlarda ko‘pchilik “Real” Superkubokni yutishiga shubha qilmayotgandi. Biroq bu vaziyatda sahnaga endi Saul Niges chiqdi va chiroyli goli bilan jamoasini oldinga boshladi.
U sakkizinchi bor Yevropa maydonlarida jarima maydonchasidan tashqaridan turib gol urdi. O‘shandan uchtasi o‘tgan mavsumda Yevropa Ligasida sodir bo‘ldi. Muhim golga ehtiyoj sezyapsizmi? Yaxshisi Saulni chaqiring.
Zarar: Keylor Navas
“Qaymoqranglilar”ning yangi darvozaboni Tibo Kurtua hali “Real” safida maydonga tushganicha yo‘q. Bu vaqtda Keylor Navas Xulen Lopetegi va boshqa skautlar oldida oxirgi imkoniyatini isbotlashi kerak edi.
Biroq kosta-rikalik posbon o‘yinning 49 daqiqasidayoq o‘z darvozasidan gol olib chiqishga majbur bo‘ldi.
Kostaning yurishida Navasni ayblash noo‘rin bo‘lsada, ko‘p vaziyatlarda “Real” darvozaboni raqib futbolchilari oldida ojiz qoldi.
Navas hech bo‘lmaganda “Atletiko”ning uchinchi va to‘rtinchi gollarida ozgina bo‘lsada ishonchli harakat qilishi kerak edi. Endi La Liganing yangi mavsumida Tibo Kurtuaning asosiy tarkibdan joy olishi imkoniyatlari keskin oshib ketdi.
Erkinjon G‘aybullayev tayyorladi.